bo‘sh
bilan ulashing
1. Ichida hech narsasi boʻlmagan; quruq.
-
Boʻsh idish. Boʻsh qop tik turmas. Maqol
-
Kelinni olib kelishga ketgan aravalar boʻsh qaytibdi. S. Ahmad, Ufq
-
U boʻsh savat, xurjun koʻtarib olgan edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Soy boʻyida turgan boʻsh koʻzani yom-gʻir chertib-chertib qoʻyadi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
2. Kimsadan yoki narsadan xoli, hech kim yoki hech narsa yoʻq.
-
Gʻijduvonning bozor kuni boʻlganiga qaramay, bozor joyi butunlay boʻsh edi. S. Ayniy, Qullar
3. Band boʻlmagan, ishgʻol etilmagan, bekor.
-
Boʻsh oʻrin. Boʻsh yer.
-
Bashirjon olazarak boʻlib, joy qidirdi. Xayriyat, chekkaroqda bitta stul boʻsh ekan. N. Aminov, Qahqaha
-
Hashamatli binoda bironta boʻsh joy qolmagan. Sharq yulduzi
-
Boʻsh oʻrin axtarib, oʻrtada turib qoldi. E. Samandarov, Daryo-sini yoʻqotgan qirgʻoq
-
Daraxt soyasidagi boʻsh oʻrindiq tomon yurishdi. Yoshlik
4. Ish bilan band boʻlmagan, ishdan xoli; bekor, beish, ishsiz.
-
Boʻsh kun. Boʻsh vaqt.
-
Jindak tinch, boʻsh vaqt boʻp qolsa, bas, u darhol kitobga yopishardi. T. Rustamov, Mangu jasorat
-
Boʻsh boʻlsangiz, Mingoʻrikka qimizga borar edik. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Otinoyi birdan-bir hunari va boʻsh qolgandagi ovunchogʻi — charxni gʻarillatishga kirishadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
bo‘sh soʻzi qatnashgan jumlalar:
Boshi boʻsh
-
Hur-u gʻilmon sifat oʻltirishingdan Boshing boʻshmi, sevar yorga yetishdim. Bahrom va Gulandom
-
Uka, aytay desam, koʻngling xush emas, Olib ketay desam, boshing boʻsh emas. Oq olma, qizil olma.
1. Salga uzilib, yulinib yoki yirtilib ketadigan, pishiq-puxta emas, jonsiz.
-
Boʻsh ip. Boʻsh arqon. Boʻsh latta.
-
Suxsur degan qush boʻlar, Tortsam, pati boʻsh boʻlar. Oq olma, qizil olma.
2. Salga sinib, uvalanib, ezilib ketadigan, yumshoq.
-
Boʻsh kesak. Boʻsh yer. Boʻsh yongʻoq. Boʻsh yogʻochni qurt yer. Maqol
-
Bu yoqning toshi u yoqniki singari qattiq, yaxlit emas, juda boʻsh, gʻoʻrasha edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
3. Kuchsiz, zaif; ohista.
-
Boʻsh ovoz.
-
Anvar yuzini tutib berdi. Raʼno uning yuziga boʻshgina urib qoʻydi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Gʻoyaviy boʻsh, badiiy oqsoq asarlar oʻz bahosini olayotir. Gazetadan
-
Sen, bolam, hali koʻp yoshsan, Urush qilmoqqa sen boʻshsan. Malikayi ayyor
4. Qattiq siqilmagan, tarang tortilmagan, pishiq-puxta bogʻlanmagan; erkin.
-
Dutorning torlari hali boʻsh. Mashinaning tormozlari boʻsh ekan.
-
Qamishni boʻsh ushlasang, qoʻlingni qiyadi [dedi Allonbiy]. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Sendan battar qilib meni bogʻlagan. Boʻsh boʻlganda soʻrar edim holingni. Shirin bilan Shakar
5. koʻchma Gapni, ishni eplay olmaydigan; qattiqqoʻllik, talabchanlik qila olmaydigan; oʻz haq-huquqini talab qila olmaydigan, boʻshang, landavur.
-
Boʻsh rahbar.
-
— Boʻshsiz, laqmasiz! — ogʻzini koʻpirtirdi Mastura. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Sen boʻshsan, lattasan, urgʻochisan! Pul sanashdan boshqasiga yaramaysan. X. Toʻxtaboyev, Yillar va yoʻllar
6. Boʻsh qaramoq Qattiqqoʻllik, talabchanlik koʻrsatmay ish tutmoq.
-
Uning bir qism gʻoʻzasi suvdan qolib, qatqaloq bosgan ekan, yuziga solib: — Oʻzingiz xoʻb pishiq dehqonsiz-ku, odamlarga boʻsh qarabsiz-da — deb yomon izza qildi. H. Nazir, Mayoq sari
7. Puxta, bilimdon, omilkor boʻlmagan; zaif.
-
Matematikadan juda boʻshman. Arab-boy oʻqishda juda boʻsh.
-
U
-
oʻqishda juda boʻsh, ammo gʻirromlik va shumlikka abjir. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Rohat xola ayvonda sabzi artib, kelinini koyirdi: — Boʻshsiz, bolam, boʻshsiz! Guldasta
8. Yetarli asosga ega boʻlmagan; puch, xom.
-
Boʻsh xayollar.
-
Endi uning xayolida hamma narsa boʻsh va maʼnosiz edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
San boʻsh xayol qilma, Man hech bir vaqt sandan ajralmam. Hamza
9. Boʻsh kelmoq Yutqizmoq, yengilmoq, yon bermoq (bahs, kurash, jang va shu kabilarda).
-
Kurashda qaytadi deb oʻylaysanmi, axir biz hali boʻsh keladigan yigitlardan emasmiz. M. Qoriyev, Oydin kechalar
-
Lekin endi Toʻrt-koʻz ham boʻsh kelmadi. S. Anorboyev, Ham-suhbatlar
-
Odatda oftob bilan oshno kishi uncha-muncha kasalliklarga boʻsh kelmaydi. Gazetadan
bo‘sh soʻzi qatnashgan jumlalar:
Boʻsh quymoq (yoki tutmoq)
-
Seni hozir boʻsh qoʻyaman, lekin tovush qilmaysan. Hamza, Paranji sirlari
-
Pul asov qushga oʻxshaydi, sal boʻsh tutdingmi, qoʻlingdan uchadi-ketadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
U otining boshini boʻsh qoʻyib, ikkala qoʻlini ogʻziga karnay qilib baqirardi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Boʻsh(ga) ketmoq
-
Shuncha harakat boʻsh(ga) ketdi. Boʻsh(ga) chiqmoq Asossiz, puch boʻlib chiqmoq
-
Hasanalining shubhasi boʻshga chiqdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Baxtga qarshi, bu umid ham boʻsh chiqdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Tagi boʻsh
-
Tagi boʻsh gap;
-
Sizning tagingiz boʻsh, tarafingizni oladigan odam boʻlmaydi. A. Muxtor, Tugʻilish
Joni boʻsh
-
Joni boʻsh maxluq. Joni boʻsh oʻsimlik.
-
Buk-u mol, terisi qalin; joni boʻsh qoʻy, echkilarimiz ham choʻp tishlab, tuproq yalab, qishni havoda oʻtkazishdi. Mushtum
-
Bu orada Viktorga oʻxshagan joni boʻshlar esa quyon boʻlishdi. Sh. Gʻulomov, Choʻl belida. Koʻngli boʻsh Koʻngilchan, muloyim, rahmdil.
-
Xotin kishining koʻngli boʻsh boʻladi, ichida sir yotmaydi, deb qoʻrqqan edi. S. Ahmad, Ufq
-
U ancha ishonuvchan, itoatgoʻy, koʻngli boʻsh qizga oʻxshaydi. Yoshlik
Ogʻzi (yoki tili) boʻsh
-
Uning ogʻzi boʻsh, sir aytib boʻlmaydi unga;
-
\Abduxoliq:] Kattalarning koʻzi mening chumchuqday oʻgʻlimga, yana bir qancha ogʻzi boʻsh kambagʻallarga tikilibdi. Oybek, Tanlangan asarlar
BO‘SH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БЎШ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bo‘sh so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar