bog‘
bilan ulashing
1. Mevali daraxt, tok va gul bilan band yer maydoni; mevazor.
-
Olma bot. Baxilning bogʻi koʻkarmas. Maqol.
-
Qiz hamon qoʻngʻiroqdek kular, sokin bogʻ uning shodon qahqahasi bilan toʻlgan edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bizning yurtda shu pallada tokda uzum, polizda qovun, bogʻda anor. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Zarqishloq koʻchalarida, adir va soylarida, serdaraxt bogʻlarida koʻklam namoyishi kezadi. S. Ahmad, Ufq
2. koʻchma Gullab-yashnab turgan obod joy; gulshan.
-
Yurgan yerlaringiz bogʻ bilan boʻston, Jonimni joningga aylayin qurbon. Oy-suluv
-
Maktab bogʻ boʻlsa, bola nihol boʻlsa, bu bogʻning bogʻboni, ilm charogʻboni oʻqituvchidir. Gazetadan
3. koʻchma Suyanchiq, tayanch, umid.
-
Fotimaning suyangan togʻi, ishongan bogʻi shu bogʻ, Turgʻunboy. T. Ashurov, Oq ot
-
Keyin u, yagona oʻgʻli, ishongan bogʻi, suyangan togʻi Razzoqning ayriliq dardini tortdi. H. Gʻulom, Mashʼal
4. koʻchma Hayot, turmush; oila.
-
Tinch elning bogʻi gullar. Maqol
-
Bu qiz [Badia] amirzodalardan birining bogʻini obod qilgʻusi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Sevdim seni, bogʻim guli Toza ochilgan chogʻida. U. Ismoilov, Saylanma
5. koʻchma Ogʻush, olam; oʻchoq, maskan.
-
Shunda uning xayol bogʻida yana Adolatning chehrasi koʻrindi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Erka koʻnglim erk bogʻida yayrasin. Gʻayratiy
-
Husn bogʻining bu yangi erkasi [Kumush]. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Hammamizga maʼlumki, maktab bilim-fanning, odob-axloqning asosiy maskanidir, bogʻidir. Gazetadan
6. koʻchma Narigi dunyo; jannat.
-
Endi qolar togʻni emas, borar bogʻni ham oʻylash kerak. S. Siyoyev, Yorugʻlik
bog‘ soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bogʻi eram
-
Sevganim qoshimda boʻlsa, menga choʻl — bogʻi eram. Hamza. Bogʻ koʻcha Shahardan tashqaridagi qoʻrgʻonlar, bogʻlar orasidan oʻtgan koʻcha.
-
Sherbek bogʻ koʻchaga yetganda, toʻp-toʻp, yakka-yakka boʻlib, klubga ketayotgan tanish hamqishloqlariga duch keldi. S. Anorboyev, Oqsoy
Bogʻ qilmoq
-
Safar bobo Yangiobod xoʻjaligiga joylashib olgach, turli koʻchatlar ekib, bogʻ qildi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
-
Toʻgʻri, keng koʻchalar soldiramiz, hamma yoqni bogʻ qilamiz. Mushtum
Istirohat bogʻi yoki tomosha bogʻ
-
Qishloqning oʻrtasida madaniyat va istirohat bogi boʻlib, bugun ochilgan kanal uning oʻrtasidan kesib oʻtar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Salim bilan Fazliddin tomosha bogʻda kezgan singari, sekin-sekin yurib, bogʻning har jihatini koʻzdan kechira boshladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Orom bogʻi
-
Shahri Tilsimning qirq darvozasi bor. Qirq orom bogʻi bor. Malikayi ayyor
Hayvonot bogʻi
-
Hayvonot bogʻidagi hayvonlarning turi ham, soni ham koʻp. Mushtum
-
Yaqinda Termiz hayvonot bogʻida tugʻilgan sher bolasining hayoti oʻngidan kelmadi. Gazetadan
Biri bogʻdan (kelsa), biri togʻdan (keladi)
-
Salkam bir soatdan beri dala shiyponida duv-duv gap borib, biri bogʻdan kelsa, ikkinchisi togʻdan kelib Xosiyat xola haqida bahslashar edilar. M. Muhamedov, Hikoya va sheʼrlar
Bogʻdan gapirsa, togʻdan kelmoq
-
man bogʻdan gapirsam, sen togʻdan kelasan. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bogʻdan gapirsang, togʻdan keladurlar! A. Qodiriy, Kichik asarlar
Uzumini ye, bogʻini surishtirma
-
Ioʻli shunaqa, uzumini yeng-u, bogʻini surishtirmang. Mushtum
1. Bogʻlash uchun xizmat qiladigan narsa va uning bogʻlangan joyi, tuguni; bogʻich.
-
Chimildiqning bogʻidan Sichqon qochdi, yor-yor. Qoʻshiqlar
-
Amin noʻxta bogʻining qoziqda bogʻliq boʻlganini koʻrdi-da, qilichini sugʻurib, u bilan ipni kesdi. S. Ayniy, Qullar
-
Atlas kiydim, bogʻin boylayman, Sizga vaʼda berdim, soʻngin oʻylayman. Qoʻshiqlar
-
Bu koʻringan togʻlar Asqar togʻidir, Oyogʻimda tilla kishan bogʻidir. Oq olma, qizil olma.
2. Toʻplab, dastalab, belidan bogʻlangan pichan, beda, poxol, koʻkat va shu kabilar
-
Bir bogʻ bugʻdoy. Bir bogʻ sabzi.
-
Qiz kimsan — Sultonovga katta bir bogʻ oʻtinni orqalatib, oldiga solib kelardi. M. Mansurov, Yombi
-
Gʻoʻza oʻtogʻiga chiqqan Oyshaxon kechki payt boshiga bir bogʻ oʻt qoʻyib, uylariga qaytdi. P. Qodirov, Erk
-
Turgʻunoy gapga aralasholmay, bedalar ichida bir bogʻ bedaday silkinib borar edi. A. Qahhor, Asarlar
bog‘ soʻzi qatnashgan jumlalar:
Oyoqning bogʻi boʻlmoq
-
— Akam Qurbon bir oz esliroq boʻlgani uchun, koʻpincha oʻz oʻrtoqlari bilan koʻchadan beri kelmas, men boʻlsam onam oyogʻining bogʻi, yuragining dogʻi boʻlib, xarxashadan boshim chiqmas edi, — dedi Poʻlat. Gʻayratiy, Yoshligimiz
Ogʻzining bogʻi qochmoq
-
Ogʻzining bogʻini qochirgan Marahim yana koʻp yolgʻon-yashiqlarni aytib charchadi. Sh. Rizo, Qor yogʻdi, izlar bosildi
BOG‘ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОҒ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bog‘ so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar