boq
bilan ulashing
1. Nazar tashlamoq, nazar solmoq, qaramoq.
-
Koʻzguga boqmoq. Laylakning ketishiga boqma, kelishiga boq. Maqol
-
Dengiz suvidek tiniq koʻzlari muloyim va mehr bilan boqardi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Qora koʻzlari juda shoʻx boqib, jaz etib, bagʻringga botadi. I. Rahim, Ixlos
-
Qizning atrofga jovdirab turgan koʻzlari xomush yerga boqdi. S. Ahmad, Mehribon
2. koʻchma Moʻralamoq; koʻrinmoq, namoyon boʻlmoq.
-
Yoʻlchi Shokir otaning doʻkonxonasi eshigini astagina ochib boqdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Qorli togʻlar choʻqqisidan boqadi quyosh. Gʻayratiy
-
Zangori dengizning tiniq qoʻynidan kumush oy koʻrinib, kulib boqadi. Uygʻun
3. Fikran nazar tashlamoq, koʻz oldiga keltirmoq, koʻzdan kechirmoq.
-
Oʻziga boqma, soʻziga boq. Maqol
-
Tarixga boqing, ming yil ilgari Xorazmda Beruniy oʻtgan, u juda koʻp kitoblar yozib qoldirgan. J. Sharipov, Xorazm
-
Siz bilan zamonning zayliga boqmasak, qiyomat qoyim boʻlajak. S. Siyoyev, Avaz
-
Oʻylab boqsam: qalbim mushtdek! Vatan juda keng! Oʻylab boqsam: Vatan va dil bir-biriga teng. Yo. Mirzo, Oʻgʻil mehri
-
Boqsam, yoʻling oydin ekan, Kel, poyingni oʻpay, oʻgʻlon. B. Boyqobilov, Sharora
4. Iltifot qilmoq, qoʻllab-quvvatlamoq, hurmat qilmoq.
-
Yaxshi yaxshiga boqar, Yomon daryoga oqar. R. Jumaniyozov, Soʻz koʻrki — maqol.
-
El boqsa, baxting kular, El boqmasa, taxting qular. Maqol
-
Boy boyga boqar, suv soyga oqar. Boʻlmaydi. Siz bilan ittifoq boʻlolmaymiz. N. Safarov, Tanlangan asarlar
5. Tarbiyalab voyaga yetkazmoq, parvarish qilmoq; qarab turmoq.
-
Bola boqmoq.
-
Bitta-yu bitta oʻgʻlim! Margʻilon degan joyda, allakimlarning qoʻlida, asli nomaʼlum kishilarning qiziga uylansin-da oʻgʻil boqib katta qilgan ona — Oʻzbek oyim ikki qoʻlini burniga tiqib qarab qola bersin. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Xudoyqul mening oʻz jigarim, ammadan qolgan sagʻir. Yetti yoshidan boqib, odam qildim. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
— Ukalarimni boqsa, tegaman, — dedim kampirga. Oybek, Tanlangan asarlar
6. Oʻz qaramogʻida boʻlganlarni moddiy jihatdan taʼminlamoq; tirikchilik ehtiyojlarini va shu kabilarni qondirib, taʼmin etmoq.
-
Oila boqmoq.
-
Yetim nabiralarni ogʻir mehnat bilan ham boqa olmagan bu jafokash chol hovlisining qolgan qismini sotishga majbur boʻlgan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bahorning bir kuni qishni boqar. Gazetadan
-
Otadan qolgan shu qoʻl dastgoh chol-kampirni umr boʻyi boqdi. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Sizning ketmonlaringiz oʻzingizni ham boqadi, dehqonni ham. S. Siyoyev, Yorugʻlik
7. Parvarishlab yetishtirmoq, asramoq (uy hayvonlari va parranda haqida).
-
Tovuq boqmoq. Kurt boqmoq.
-
Bir xoʻroz boqib oʻtiribman, tepsa, xonni oʻldiradi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Sharoit yomon, joʻja boqadigan joyimiz yoʻq, kataklar juda tor. Gazetadan
8. Qidirib topib oʻldirmoq (bitni, burgani).
9. so‘zlashuv tili Davolamoq, shifolamoq.
-
Uning kasalini boqmagan vrach qolmadi. Kasalni boqib tuzatmoq.
-
Oʻjar ekan bu soldat, deb tashlab qoʻymadilar. Koʻp qatori yaramni boqdilar. N. Safarov, Olovli izlar
10. Koʻmakchi feʼl vazifasida kelib, yetakchi feʼldan anglashilgan ish-harakatni bajarishga urinish, sinash maʼnosini bildiradi.
-
Mingboshi Zebi kirguncha, dutor olib chertib boqdi. Choʻlpon, Kecha va kunduz
-
Kambagʻal boʻlsang, koʻchib boq, boyvachcha boʻlsang, oʻlib boq, degan gapda hikmat koʻp ekan. S. Ahmad, Saylanma
boq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Mol (yoki sigir, qoʻy va shu kabilar) boqmoq
-
Mol boqsang, ogʻzi-burning moy, Boʻri boqsang, ogʻzi-burning loy. Maqol
-
Begimjon bu yil kuzda erimning kelishiga soʻyaman, deb qoʻy boqib yurgan edi, urush boshlanib qoldi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Men yoshlikdan otamga qarashdim, poda boqdim, mashoq terdim. Oybek, Tanlangan asarlar
Bosh (yoki soch) boqmoq
-
Oygul kampirning boshini boqishga oʻtiribdi. Oltin olma
-
Qoʻshnilar savob uchun malakning sochini boqib, yuvib-tarab qoʻyardi. Mirmuhsin, Yoʻqolgan javohir
Fol boqmoq
BOQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
boq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingFoydalanuvchilar tomonidan BOQ so‘ziga berilgan ma’nolar
boq so‘ziga yangi izoh qo‘shing
Siz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar