bor
bilan ulashing
1. Soʻzlovchining turgan joyidan uzoqlashmoq, nari ketmoq; biror joy (manzil)dan ikkinchi joy (manzil) tomon harakat qilmoq, yoʻl olmoq; naridagi biror manzilga yetmoq.
-
Hozir institutga boraman.
-
— Nima boʻldi sizga, qayoqqa borasiz? — Margʻilonga A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Boring, Nasibani maktabdan aytib keling, issigʻida bora qolaylik. A. Qahhor, Asarlar
-
Sidiqjonning nazarida, agar [Sharofat] shu kayfiyatida ketsa, shu yerdan boriboq, joʻrttaga bir boʻyni yoʻgʻonga tegadigan. A. Qahhor, Asarlar
-
Shu yerdan Shayxontohurgacha qanchada borasiz? — Koʻz ochib yumguncha. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ertasiga u maktabga bormadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
2. Umuman, biror yoʻnalishda, yoʻlda nari tomon harakat qilmoq, ilgarilamoq, uzoqlashmoq.
-
Poyezd., bepoyon sahrodan borar edi, ertasiga ertalab biror soatga yaqin toʻxtab qoldi. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Qizni izlab, uzoq borgach, uning koʻchasida toʻxtadi. Oybek, Nur qidirib
-
Biz olgʻa boraveramiz A. Qahhor, Asarlar
3. Joʻnatilgan, tarqatilgan joyidan, manbaidan naridagi, moʻljaldagi joyga yetmoq (ovoza, gap, xat-xabar haqida).
-
Sizdan bir marta ham xat bormadi.
-
Bu gaplar amirzoda qulogʻiga borib yetganiga aslo shubha qilmasa ham boʻladi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Boʻtaboy oʻylab turib: — Bizning qishloqdan ham maʼlumot borgan ekan-da, a? — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
4. Biror transport vositasi bilan nari tomon yurmoq, siljimoq, uzoqlashmoq.
-
Avtobusda bormoq. Samolyotda bormoq.
-
[Qurbon ota:] — Namangangacha mashinada borsangiz, u yogʻi yaqin, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
5. Biror joy, obyekt yoki shaxs tomon yoʻnalmoq, oʻsha joyda yoki shaxs huzurida boʻlmoq; tashrif buyurmoq.
-
Toʻyga borsang, toʻyib bor. Maqol
-
Tagʻin bir marta Talʼatning oldiga borishiga toʻgʻri keladi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Yusufjon Gʻiyosov oʻrnidan turib, deraza yoniga bordi. X. Yodgorov, Hayot toʻlqinlari
-
Amallab yaqin borganida, baxt degan oʻsha nur yana bir olam nariga ketib qoldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Gʻulomjon hokimni kutgani bormadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Birdan uyiga, bolalarining oldiga borgisi keldi. S. Ahmad, Ufq
6. Doimo bir yoʻnalishda yurmoq, qatna-moq.
-
Ishga bormoq.
-
Gʻijim roʻmol toʻqiyman, Maktab borib oʻqiyman. Qoʻshiqlar
7. Oʻz ishi, faoliyatida yoki taraqqiyot jarayonida biror yoʻldan ketmoq, biror yoʻnalishda harakat qilmoq.
-
Oʻzbekiston demokratik jamiyat qurish yoʻlidan bormoqda.
-
Chin inson, yomonlar boʻhton qilganda ham, toʻgʻri yoʻldan adashmay boraveradi. Gazetadan
-
Ular oʻzlariga, oʻz yerlariga, oʻz uylariga hayot, suv keltirish uchun kurashga boradilar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
8. Qoʻyilmoq, koʻrsatilmoq (spektakl, tomosha va shu kabilar haqida).
-
Kinoteatrda yangi film borayotir.
9. Davom etmoq, boʻlmoq, ketmoq, oʻtmoq, kechmoq (ish, suhbat, vaqt va shu kabilar haqida).
-
Qizgʻin bahs bormoqda. Gan yosh mutaxassislar haqida bordi. Kunlar ketidan kunlar borar edi.
10. so‘zlashuv tili Sigʻmoq, bemalol kirmoq.
-
Taxta qattiq ekan, mix bormayapti. Etik oyogʻimga bormayapti.
11. Soni, miqdori, kattaligi jihatidan maʼlum yuqori chegaraga, darajaga yetmoq, erishmoq.
-
Qoʻylar soni besh yuzga bordi. Xonaning uzunligi toʻrt metrga ham bormaydi.
-
Odamda miya poʻstlogʻining sathi, oʻrtacha olganda, 1250 kv. sm. boʻlib, otda 350 kv. sm. ga ham bormaydi. Anatomiya
12. Davom etib, rivojlanib, biror darajaga yetmoq, biror oqibatga kelmoq.
-
Ahvol shungacha bordi.
-
Otabek yorilish darajasiga borib qaytdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Bir oʻzingiz kuchanganingiz bilan uzoqqa bora olmaysiz. S. Siyoyev, Yorugʻlik
13. Oʻtib, kechib, muayyan pallaga, vaqtga yetmoq (vaqt haqida).
-
Tong otarga borib, koʻzi yoridi.
-
Koʻchalarda nayzabozlik jangi boshlanib ketdi yarim kechaga borganda, ikki tomon aralashib ketdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Bemor yana koʻzini yumdi, shu yumganicha ochmadi — saharga borib uzildi. A. Qahhor, Asarlar
14. Maʼlum yoshga kirmoq, yetmoq.
-
Solih Maxdum oʻttizga borganda, maktabdorligi ham yaxshigina shuhrat topadi A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Doʻppifurush — ellikka borib qolgan odam. A. Qahhor, Asarlar
-
Katta — oʻgay qaynona, yoshi oltmishlarga borgan, semiz, zabardast, dimogʻdor kampir edi. Oybek, Tanlangan asarlar
15. Yetakchi feʼl ifodalagan ish-harakatning:
16. 1) darajama-daraja rivojlanishini, kuchayib ortishini bildiradi.
-
Qor va shamol kuchaya bordi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Hozir kosib bilan dehqonning sabr kosasi toʻlib boryapti. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Gʻazal intihosiga yetgan sari Avazning chehrasi yorishib borardi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Serquyosh oʻlkamiz xalqimizning bunyodkorlik mehnati tufayli tobora goʻzallashib bormoqda. Gazetadan
-
Dushman tang ahvolda qolgan, qurshov halqasi tobora torayib borardi. Gazetadan
17. 2) davomiyligini bildiradi.
-
Nima boʻlsa ham, tevaragidagi koʻklam bezaklarini koʻzdan kechira boradir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Maston uni orqasidan suyab bordi. A. Qahhor, Asarlar
-
Matqovul aka odamlar orasidan asta oʻtib bordi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
18. 3) tugallanganligini bildiradi.
-
Zaynab juda ishongan holda oʻz uyiga yetib bordi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Yon-boshdagi xonani taqillatmasdan kirib bordi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Uch kun deganda shaharga kirib bordim. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
19. Joʻnalish kelishigi shaklidagi ayrim mavhum otlar bilan ishlatiladi va maʼnosiga koʻra bosh kelishik shaklidagi ayni shunday otlar bilan kelgan qilmoq soʻziga toʻgʻri keladi.
-
Andishaga bormoq —andisha qilmoq.
-
Tohirjon bolaligiga borib, tixirligini qoʻymadi. N. Maqsudiy, Umidli bola
-
Juvon bu gapni hazil aralash aytdimi, chin aytdimi — Sidiqjon farqiga borolmadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Boʻtaboy hovlidagi supada chalqancha yotib, ming xil xayollarga boradi. S. Ahmad, Hukm
-
Kelganim unga yoqmadi shekilli, degan andishaga ham bordi. Oybek, Tanlangan asarlar
20. Qoʻshma feʼl tarkibiga kiradi.
-
Borib yetmoq, bora kelmoq.
-
Oʻzbek oyim oʻrta eshikka borib yetmagan ham edi, narigi yoqdan qoʻshnining bolasi yugurib kirib qoldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
bor soʻzi qatnashgan jumlalar:
Olib bormoq
-
Joʻnar oldida Oʻrmonjon Sidiqjonning qulogʻiga: — Mehmonlarni biznikiga olib bor, men orqalaringdan yetib bora-man, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Bu narsalarni uyga olib bor.
-
[ Yoʻlchi] Ancha yergacha kuzatib, uni [Yormatni] turmaga olib borishlarini anglagach, noiloj orqaga qaytdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
[Otabek] Eshik zanjiriga qoʻlini olib borgani holda, oʻylanib toʻxtadi va eshikni ochmay, orqasiga qaytdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Birinchi kvartal rejasini 150 foizga olib bordik;
-
Ergash Hamro-qulov raislik qilib, majlisni olib bormoqda. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Ish olib bormoq. Tajriba olib bormoq.
-
Odamlarning oʻt kechib, suv kechib olib borgan kurashlari natijasida turmushlari qanday oʻzgarganligini koʻrsatmoqchi, xolos. A. Qahhor, Yillar
Borib turgan
-
Borib turgan yolgʻonchi.
-
Men boʻlsam, otam borib turgan kambagʻal boʻlgani uchun, u oʻrtogʻimga uzil-kesil javob qila olmasdim. M. Muhammadjonov, Turmush urinishlari
Borsa kelmas
-
Endi uning zoʻravonlik qiladigan zameni borsa kelmasga ketdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Uch kun ichida usta Yunusning avzoyi oʻzgarib tabibning bergan dorisi ham kor qilmadi shekilli, borsa kelmas safarga otlangani rostga oʻxshab qoldi. S. Abdulla, Soyalar
-
allaqaysi goʻrga, borsa kelmasga uzatilgan ekan. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Nari borsa
Oy borib, omon kel
Pichoq borib suyakka taqaldi
Til bormaydi
Ogʻiz bormaydi
-
Kumushning “yoʻq“ deyishga ogʻzi bormay, maylingiz, ogʻir boʻshasa, deb javob berdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Gʻozi oʻzi gapirishga ogʻzi bormay, sen gapir degandek, Umaraliga qaradi. I. Rahim, Ixlos
Yurak bormaydi
Qayga boray?
-
Oʻzimdan chiqqan baloga, qayga boray davoga? Maqol
Qoʻl bormaydi
BOR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bor so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar