ish
bilan ulashing
1. 1 Inson faoliyati bilan bogʻliq, uning mehnati bilan amalga oshadigan, bajariladigan narsa.
-
Dalada ish koʻp. Bor-yoʻgʻi bir kunlik ish qoldi. Ishlayman deganga ish topiladi. Xayrli ish. Mashaqqatli ish.
-
Ishlay desam — ish boʻlmasa, dehqonchilik qilay desam — yer boʻlmasa. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Yoʻlchi ishga razm solib, qaydan boshlash kerakligini oʻyladi. Oybek,Tanlangan asarlar
-
— Hay Adol, qiz bolalarni frontga olmas emish. — Qizlarni ham olaversa, daladagi ish kimga qoladi. I. Rahim, Chin muhabbat
2. Ishning ijrosi, ish ustidagi faoliyat, mehnat.
-
Ishdan qoldirmoq. Ishga kirishmoq. Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar. Maqol
-
Qari kelsa — oshga, yosh kelsa — ishga. Maqol
-
Ular meʼmorga koʻzlari tushishi bilan, bir daqiqa ishni toʻxtatib, bosh irgʻab salom berishdi. Mirmuhsin,Meʼmor
-
Ustaxona darvozasidan kirishimiz bilanoq sexlarda ish qaynayotganligining guvohi boʻlamiz. Gazetadan
-
Qurbon ota hech kimning esiga kelmagan bir yaxshi ishni boshladilar. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Ish-faoliyatning mahsuli, undan yuzaga kelgan (yaratilgan) narsa.
-
Rassomning koʻrgazmaga qoʻygan ishlari. U yaratgan ishlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
-
Yoʻlchining bajargan ishiga koʻz yugurtirib, oʻzicha oʻyladi: Devkor yigit ekan. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Bu ishing biror olimning qoʻliga tushib qolsa bormi, dissertatsiya yoqlardi. T. Ashurov, Oq ot
4. Maʼlum haq, evaz hisobiga qilinadigan ish-faoliyat, mehnat.
-
Bechora ish qidirib, boshi oqqan tomonga borar ekan. Oybek,Nur qidirib
-
Toshkentda ish topsam, balki qolarman. Oybek,Tanlangan asarlar
5. Xizmat vazifasi; lavozim.
-
Ishga kirmoq. Shu ishda ishlab kelyapti.
-
Sizni boʻshatishadimi, yoʻqmi — sizni bu ishga kim tayinlagan boʻlsa, oʻshandan soʻrang. Y. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Bu gap korxonaga ovoza boʻlib, Jonfigʻonni oʻsha zamoniyoq ishdan haydashibdi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
-
Dadamni ilgari katta-katta ishlarda ishlagan deyishadi. E. Raimov, Ajab qishloq
6. so‘zlashuv tili Boʻsh ish oʻrni.
-
Koʻp joyga uchradim, lekin ish yoʻq degan javob oldim.
7. Mehnat-faoliyatning muayyan sohasi, turi; kasb.
-
Hayotda shunday odamlar boʻladiki, ular butun umrlarini faqat bir ishga, biron kasbga bagʻishlagan boʻladilar. X. Yodgorov, Hayot toʻlqinlari
-
Xudo koʻnglingizga solib, shu ishni [sartaroshlikni] ixtiyor qilibsiz — kam boʻlmaysiz. E. Raimov, Ajab qishloq
8. Burch.
-
Ozodalikka doimiy eʼtiborda boʻlish — barchaning ishi.
-
[Ellikboshi:] Mahalladagi yigitlarning bari manga maʼlum. Bilish mening ishim-da. Oybek, Tanlangan asarlar
9. Hal etilishi lozim boʻlgan narsa; masala, muammo.
-
Ishning yengil koʻchishiga sevingan ona Otabekning bu shartiga lom demasdan koʻndi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Yasovulboshi xon ikkalasigina tushunadigan tilda ishni pishirib qoʻygan edi, shuning uchunmi, murtini silab kuldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
ayniqsa, kundalik ishi qiyin, kosa kosaga tegganda, gʻidi-bidi gaplar koʻpaysa oʻgʻlingga ham tatimay qoladir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
10. Oʻzgaga, oʻzga manfaatiga qarashli yumush; hojat.
-
Kel, qoʻzim, nima ishing bor? Oybek,Tanlangan asarlar
-
Yurt ishiga yaramagan bola qay ishga yaraydi? S. Ahmad, Ufq
11. Xos ish, xatti-harakat.
-
Oldiga qoʻyganni yemak — hayvonning ishi, ogʻziga kelganni demak — nodonning ishi. Vaʼdaga vafo — mardning ishi.
-
Avaz, yigitning ishi tavakkal, deb chap tomonga burildi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
12. Voqea, hodisa.
-
Oʻz uyida oʻtirgan qiz bir kechada gʻoyib boʻlsin, tavba! Juda xunuk ish, Olimxon aka? Oybek,Tanlangan asarlar
-
Nizomjon uning avzoyidan juda xunuk ish boʻlganini fahmladi-da, yoniga oʻtirdi. S. Ahmad, Ufq
-
Boshing sogʻ boʻlsa, hali Toshkentda koʻp ajoyib ishlarni koʻrasan, yigitcha! Oybek,Tanlangan asarlar
13. Ahvol, holat.
-
Hozir ish boshqa: Yoʻlchi qamoqda. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Xoʻsh, Sodiq polvon, ishlar qanaqa, Toshkentda nima gaplar bor? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Har yerda dehqonning ishi chatoq. Yeri boʻlsa, ulovi yoʻq, ulovi boʻlsa, yeri yoʻq, koʻpida ikkisi ham yoʻq. Oybek,Tanlangan asarlar
14. Gap-soʻz, gap-soʻz boʻlgan narsa(lar).
-
Nega desang, mazmunidan ham koʻrinib turibdiki, bu ikkinchi uylanishga Otabek butunlay qarshi boʻlib, faqat bu gap qudalarninggina ishlaridir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
15. huquq Sud yoki maʼmuriy organlarda koʻriladigan narsa, jarayon.
-
Fotima ustidan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. T. Ashurov, Oq ot
-
Shu telefon sabab boʻldimi bir-ikki kundan keyin ishim boshqa tergovchiga oʻtib, tezlashib ketdi. O. Yoqubov, Izlayman
-
Yer toʻgʻrisida bir chatoq odam bilan sudlashib yurgan edi, sud ishni buning zarariga hukm qilganmikan, deb oʻyladi. Oybek,Tanlangan asarlar
ish soʻzi qatnashgan jumlalar:
Boshiga ish tushmoq
-
Boshimga ish tushdi. Farzandim Nizomiddin qatl etildi. Mirmuhsin, Meʼmor
Boʻlar ish boʻldi
-
Nimani gaplashaman! Boʻlar ish boʻlgan-ku! Men uning yuziga qarolmayman endi. K. Yashin, Hamza
Dunyoning ish(lar)i
-
Dunyoning ishlari shunaqa teskari ekan, boshi-oxiri yoʻq.
Ish bermoq
-
Uni mashinalar bilan kovlab boʻlmaydi, faqat ketmon, belkuraklargina ish berishi mumkin. J. Abdullaxonov, Toʻfon
-
Ammo toqqa chiqishda Boburning oʻsmirligi juda ish berdi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Yormatgami yo boshqa bir sobiq qarolga uzoq ish berib iyigʻi chiqqan, peshonasi qiyshiq etikni kiydi. Oybek, Tanlangan asarlar
Ish bitmaydi
-
Ha, kolxozga kirgandan keyin uncha-muncha vaʼz aytishni ham bilish kerak boʻladi, busiz ish bitmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Urushning oti oʻchsin, urush boʻlmasin, deyish bilan ish bitmaydi. Gazetadan
Ish katta
-
Ishlar katta-ku, usta! Doʻkonlarni ham qurib yuboribsiz! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ehhe, ish katta-ku. Omad tilayman Oybek,Tanlangan asarlar
Ishkoʻrgan
-
Qoʻshin ichida eng ish koʻrgan, qilich chopgan bahodirlarni saralab, qorovul tuzib, buni Shayx Temurga, Zunnun Argʻunbekka topshirdi. Oybek, Navoiy
-
Mirzo saroyidan bizga yetib kelgan maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, fargʻonaliklar bizdan kam, ish koʻrgan sarbozlari oz, kishilari qoʻrquvda. Mirmuhsin,Meʼmor
Ish koʻrmoq
-
Uning yor-doʻstlari behisob, oʻylab ish koʻrish lozim, hazratim. K. Yashin, Hamza
-
Muxbirlikda ham oshnachilik, qoʻshnichilik bilan ish koʻriladimi? Guldasta
-
Man shu yerdan qochirishda sir ochilib qoladimi, deb juda qoʻrqqan edim. Lekin juda qulay fursatda ish koʻrdik. Oybek,Tanlangan asarlar
Ish koʻrsatmoq
-
uchala xatimga ham Seni mudofaa qilishda ayrim ish koʻrsatganim uchun orden oldim, deb javob qaytardilar. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Duchor kelganini koʻkka otarman, Ish koʻrsatib, yorim olib ketarman. Alpomish
-
Kecha toʻyda kayfi oshib, rosa ish koʻrsatibdi. Ish tashlamoq Ommaviy suratda ishni toʻxtatmoq.
-
Bundan uch yil burun Simxoyev zavodidagi yerlik ishchilar ish tashladilar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Ish tutmoq
-
Azizim, siz otdan tushsangiz ham, egardan tushmaysiz. Orqa-oldiga qarab ish tutmoq kerak. J. Sharipov, Xorazm
-
Sizga jon kerak boʻlsa, shundoq ish tutasiz, rozimisiz? K. Yashin, Hamza
-
Insof yuzasidan ish tuting, boyvachcha aka. K. Yashin, Hamza
Ish chiqarmoq
-
Bu borishdan biror ish chiqara oldimi, yoʻqmi — bu toʻgʻrida biz kelasi fasllarning birida oʻrganarmiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Besh marta qarshi ataka qilib, hech ish chiqara olmagandan keyin quturgan, endi qurshovda qolib, jon talvasasiga tushgan dushman A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Sherigingga ehtiyot boʻl, yonidan jilma. Yana biron ish chiqarib oʻtirmasin.
Ish yuritmoq (yoki yurgizmoq)
-
El, yurt ulugʻlari! Xudo yoʻliga koʻzingizni oching! haqiqatga qarab ish yuritinglar! K. Yashin, Hamza
-
— Hovliqma, zimdan ish yurgiz! — sekingina soʻzlab hovlida qoldi Qoratoy. Oybek, Tanlangan asarlar
Ishga solmoq
-
Oʻrmonjon akam shuni ham ishga soldilar, odam qildilar. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Ammo Asrora [Dildorani] noz-firoqlariga qaramay, turtkilab-turtkilab ishga solardi. S. Ahmad, Ufq
-
Elchi hozir oʻz podshohining topshirigʻini bajarish uchun butun ayyorligini ishga solar, tilyogʻlamalik qilib, Toʻmarisni koʻklarga koʻtarar edi. M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
-
Chol butun quvvayi nutqini ishga solib, yana yalindi. Oybek,Tanlangan asarlar
Ishdan chiqmoq
-
Rahmatli erim mardikor edi kasalga chalinib, ertaroq ishdan chiqib qoldi. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Nekqadam qarigan, ishdan chiqqan edi. S. Ayniy, Qullar
-
To adirning etagiga yetguncha, Turgʻunoyning kavushi ishdan chiqdi, adirga mahsichan chiqishga toʻgʻri keldi. A. Qahhor, Maston
-
Lekin u oʻylagancha boʻlmadi, ikki kishi zang bosib ketgan ishdan chiqqan beshotarni olib kelib berdi. J. Sharipov, Xorazm
Ishdan qolmoq
-
Mariyaning baxtiga qarshi, amaki sil kasalligiga uchrab, ishdan qoldi. Oybek, Tanlangan asarlar;
-
Tan bilan boʻlib, ancha ishidan qoldi.
Ishdan qoʻymoq (yoki qoldirmoq)
-
Yoʻlchi Shoqosimni ishdan qoʻymaslik uchun, ikki-uch minutda voqeani soʻzlab berdi. Oybek,Tanlangan asarlar
Ishi boʻlmaslik
-
— Sening ishing boʻlmasin, — deb gʻazab bilan javob berdi amakisi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
mehmonlar kimlar va nima uchun kelganliklari bilan ishi boʻlmay soʻzlab ketdi. A. Qahhor, Asarlar
Ishi yoʻq
-
Uning atrofidagilar bilan ishi yoʻq, oʻz ishi bilan mashgʻul.
-
Xonning oʻlik-tirik bilan ishi yoʻq emish. Joni halak, deydilar. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Ishi nima
-
Sizlarni koʻrolmas ekan. Boʻlmasa, bularning ishi nima? P. Tursun, Oʻqituvchi
Ishi tushmoq
-
Bir joydagi odammiz, yana bir-birimizga ishimiz tushadi, otaxon! Oybek, Tanlangan asarlar
-
Anvarga ishi tushib, uning shafqatini koʻrgan Safar boʻzchi kabilar bu xabardan juda ham xursand. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Ishning beliga tepmoq
-
Hech narsa topilmagach, uyini tintish uchun hovliga kirishgan edi, burchakda tinimsiz vakillab turgan it ishning beliga tepdi. Mushtum
-
Qochib qayerga ham borardi Shunchaki ishning beliga tepganiga achinasan kishi. S. Anorboyev, Oqsoy
Ishning koʻzini bilmoq
-
Qaynatam ishning koʻzini biladigan odam. Xizmatkorlari bari yaxshi ishlaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ishchan, juda-juda ishchan odam. Ishning koʻzini biladi butun hisob-kitob ishlarini shu eplab turipti. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻngil ishi
-
Asrora oʻylab qarasa, koʻngil ishi nozik narsa ekan. S. Ahmad, Ufq
Nima ishi bor
-
Qayerdadir qamishzorda bir nomaʼlum devonani it gʻajib ketgan boʻlsa, bunda kimning nima ishi bor? A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Sening koʻngling, sening umiding bilan kimning nima ishi bor! P. Tursun, Oʻqituvchi.
-
— Mening nima ishim bor. —Albatta, ishing boʻlmasin. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Olloning (yoki xudoning, taqdirning, falakning) ishi
-
Chirqillang, togʻning qushlari, Bu ish olloning ishlari. Yusuf va Ahmad
-
Bu ishlar falakning ishi Yusuf va Ahmad
-
Hammasi ham taqdirning ishi, amaki, bu yerda siz bilan mening hech bir ixtiyorimiz yoʻq. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻz ishini qilmoq (yoki koʻrsatmoq)
-
oradan oʻtgan oʻn yil oʻz ishini qilgan — eshon anchayin keksaygan, hatto yuz terisi ham olachipor boʻlib ketgan edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Uning ham, buning ham ayrilgisi kelmas edi. Lekin vaqt oʻz ishini qildi — oyni gʻarb ufqidan tortib kirib ketdi. Demak, tong otdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Itning instinkt va reflekslari oʻz ishini koʻrsatgan edi. O. Moʻminov, Xiyobondagi uch uchrashuv
Oʻtgan ishga salavot
-
Xoʻsh, oʻtgan ishga salavot. Qalay, ekinlarimiz durustmi? Oybek,Tanlangan asarlar
Qoʻlidan ish kelmoq
-
Durust, sen samolyot yasolmaysan, ketmon chopolmaysan lekin qilaman desang, qoʻlingdan ish keladi. A. Qahhor, Asror bobo
maxs. Bir juft poyabzalga yetarli teri boʻlagi yoki muayyan kiyimga yetarli gazlama.
-
Bu teridan toʻrtta ish chiqarish mumkin. Ish bichmoq. Ish tikmoq.
ISH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ИШ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ish so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar