ko‘r
bilan ulashing
1. Koʻrish qobiliyatiga ega boʻlmoq, kishi va narsalarning, borliqning koʻrinishi qandayligini farqlay bilmoq.
-
Ikromning dadasi Toʻymat akani, koʻzingiz yaxshi koʻrmas ekan, deb olishmadi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Otamning bir koʻzi koʻrmay qoldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
2. Koʻz bilan ilgʻamoq, koʻz vositasida aniq farqlamoq, sezmoq, bilmoq.
-
Lekin rashk qitiqlagan kezlarda chehrang oʻzgaradi. Men buni oʻz koʻzim bilan koʻrganman. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Fotimani ustanikidan chiqib kelayotganini koʻrganlar avval hayron boʻlishdi. T. Ashurov, Oq ot
3. Tanishish, bilish, aniqlash va shu kabilar maqsadda koʻzdan, nazardan kechirmoq; nazar solib tekshirmoq; qaramoq.
-
Vrach kasalni koʻrdi. Kitobni koʻrmoq.
-
Mallavoy aka chorigʻini chiroqqa solib koʻrdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Vakilning oʻgʻil bolasi rais bilan suhbatlashib, planni koʻrib, palov toʻrani yeb, yoʻliga ravona boʻladi. Guldasta
-
Aka, tezroq koʻrib bering, shoshib turibman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. Biror toʻxtamga kelish, chora belgilash uchun muhokama qilmoq.
-
Birovning arizasini koʻrmoq. Bu masalani majlisda koʻramiz.
5. Duch keltirmoq, uchratmoq.
-
Sal kech qolganingda, koʻrolmay, armonda ketardim. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Voy, haromi noinsof! Men bunday moʻltonini sira koʻrganim yoʻq edi. Oybek, Tanlangan asarlar
6. Hol-ahvol soʻrab yoʻqlamoq.
-
Bemorni koʻrmoq.
-
[Unsin:] Gulnor opani unutmayman sira, uni koʻrgani tez-tez kelib turaman. Oybek, Tanlangan asarlar
-
[Kurbon ota:] MTSga kelganida, [Oʻrmonjon] meni koʻrmasdan ketmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
7. Boshdan kechirmoq; tajribadan oʻtkazmoq.
-
U koʻp qiyinchiliklarni koʻrgan kishi
-
— Har qancha darbadarlik boʻlsa, men koʻrganman, oʻgʻlimga qolgani yoʻq, — dedi Sidiqjon. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Yigitlikda bizning boshimizdan oʻtgan sarguzasht shundoq boʻlgan, oʻgʻillarim. Bizning koʻrganlarimiz qursin. P. Tursun, Oʻqituvchi
8. Biror kimsa yoki narsaga ega boʻlmoq, erishmoq, yetishmoq.
-
Davlat koʻrmoq.
-
Yaqin toʻrt oycha umr qildik. Umrimda xotin koʻrganim ham shu. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Kampir eshikka qaradi: — Voy, ogʻzingizga yogʻ, oʻgʻlim! Kelin koʻradigan kunim ham bormikin! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Men-ku yilda besh gaz chit koʻrmayman, kelishingizda shu bechoraga bir narsa olib kelsangiz-chi siz ham odam boʻlib! A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
-
Men ham orzu-havas koʻraman, deb siz bilan bir yostiqqa bosh qoʻyganman. S. Nurov, Narvon
-
Bosh boʻling, suv chiqaraylik, ekin qilaylik, oz boʻlsayam, ogʻzimiz osh koʻrsin. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
9. Tomosha qilmoq, tomoshabin sifatida kuzatmoq.
-
Bolalar televizor koʻrmoqda. Kecha yangi kino koʻrdik.
-
Esingda bormi, rayondan teatr koʻrib kelayotgan kechamiz aravada Sotiboldi, ashula aytamiz, deb Kanizakni qistadi, koʻnmagandan keyin, sochidan tortdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
10. Yuz bergan voqeaga boshqa kishi yoki narsani sabab qilib koʻrsatmoq.
-
Kitobni oʻzi yoʻqotib, mendan koʻrayotir. Oʻzing qilib, birovdan koʻrma!
-
Charosni tinch qoʻyasiz. Boʻlmasa, oʻzingizdan koʻring. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
11. Tajribada sinamoq, sinab bilmoq.
-
Yer sotganlarning koʻpini koʻrdik, oxiri gadoy boʻladi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Veksel degan soʻz chiqdi. Uni ham koʻrdik, benihoyat zarur narsa. Oybek, Tanlangan asarlar.
12. Payqab olmoq, ilgʻamoq, tuymoq.
-
Katta koʻrmaganni kichik koʻradi, kichik koʻrmaganni katta koʻradi, ikkalasi birgalashib qarasa, hech narsa koʻzdan qochmaydi, deydi xalq. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Dafʼatan qulogʻiga chalinib qoladigan gap-soʻzlarda, bayt-u gʻazallarda endi butunlay oʻzgacha maʼno koʻradi. X. Sultonov, Onamning yurti
-
Omon mustaqil fikrli, choʻrtkesar, uzoqni koʻra oladigan, tadbirkor, yaxshi doʻst edi. S. Karomatov, Oltin qum
13. Biror narsani taʼkidlash va unga diqqat-eʼtiborni jalb etish uchun qoʻllanadi.
-
Shirinligini koʻr!
-
[Nabigulning akasi:] — Didni koʻring-a, trafaretning rangiga mos abajur! A. Qahhor, Qanotsiz chittak
-
Boltaboy koʻrdingmi, yashirmaydi degan mazmunda Sidiqjonning tizzasini bosib qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Zamonning teskariligini koʻring! Shohimardonga ochiq kelolmasam! K. Yashin, Hamza
14. Ayrim soʻzlar bilan birikib, shu soʻz bildirgan ish-harakatni amalga oshirmoq maʼnosini bildiradi.
-
Chora koʻrmoq. Hozirlik koʻrmoq.
-
Brigada aʼzolari ayni vaqtda paxta yigʻim-terimiga har taraflama qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqdalar. Gazetadan
15. 15 deb hisoblamoq, bilmoq; deb qaramoq, tushunmoq.
-
Loyiq koʻrmoq. Muvofiq koʻrmoq. Ravo koʻrmoq. Oz boʻlsa ham, koʻp oʻrnida koʻring. U yigitni oʻziga teng koʻrmadi. Barchani baravar koʻrmoq. Men seni oʻz ukamday koʻraman.
-
[Yoʻlchi:] Singlim, oʻz uyingday koʻr, tortinma. Kampirning yumushlariga qarash. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Kamol qozi ham Safoxon toʻraning gaplariga eʼtiroz bildirmaslikni maʼqul koʻrdi, shekilli, tek quloq solib turardi. K. Yashin, Hamza
16. koʻm. fl. vzf. Harakatning sinash uchun bajarilishini, bajarmaslik haqida ogohlantirishni bildiradi.
-
Sinab koʻr. Oʻylab koʻr. Soʻrab koʻraman. Ayta koʻrma. Bora koʻrmasin.
ko‘r soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yelkamning chuquri koʻrsin
Ish koʻrgan
Ish koʻrmoq
-
Bundoq kallani ishlating, tulkidek ayyor, mushukdek mugʻambir boʻling, zimdan ish koʻring. K. Yashin, Hamza
Kun koʻrmoq
-
Uning kasbi yamoqchi boʻlib, zoʻrgʻa kun koʻrar ekan. Guldasta
Koʻpni koʻrgan
Koʻrarga koʻzi, otarga oʻqi yoʻq
-
— Oʻzimning ham toʻrani koʻrarga koʻzim, otarga oʻqim yoʻq, — dedi chilim tortib turib Rustam aka. J. Sharipov, Xorazm
Koʻrgani (yoki koʻrishga) koʻzi yoʻq
-
Sherali bunday loqayd odamlarni koʻrarga koʻzi boʻlmasa-da, hozir oʻzini mumkin qadar bosdi. S. Karomatov, Oltin qum.
Tuya koʻrdingmi — yoʻq
-
[Baqqol:] Iloji boʻlsa, yamatganingizni aytmang, koyib-netib yurmasin tagʻin. Tuya koʻrdingmi — yoʻq, vassalom. Oybek, Tanlangan asarlar
Uzoqni koʻrmoq
Xoʻja koʻrsinga
Yuz koʻrmas boʻlib ketmoq
KO‘R so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЎР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ko‘r so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar