oyoq
bilan ulashing
1. 1 Odam, hayvon, qush va umuman jonli organizmlar gavdasining tayanib turishi va yurishi yoki oʻrmalashi uchun xizmat qiladigan aʼzo.
-
Oʻng oyoq. Chap oyoq. Ipak qurtining oyoqlari. Otning orqa va oldingi oyoqlari.
-
Doʻst —
-
boshga, dushman oyoqqa boqadi. Maqol
-
Oʻng oyogʻimni koʻtarsam, chap oyogʻim yerga kirib ketayotgandek boʻlaveradi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
U [farishta] atlas koʻylak, lozim kiygan, bosh yalang, oyoq yalang, yoshgina bir yigit edi. A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
-
Sharofat oʻziga keldi-yu, oyoq uchida borib, darchaning yoniga choʻnqaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Stol, stul, soʻri, karavot kabi buyumlarning yerga tayanib turadigan qismi, poyasi.
-
Dadam suvogʻi koʻchgan devorlarga, eski shkaf, oyogʻi maymoq stullarga bir qarab qoʻydi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
3. Oxir, odoq.
-
Koʻchaning boshidan oyogʻigacha tosh terilgan.
-
Podachi podaning oyoq tomonidan chang yutib, elan-qaran yurib kelayotgan sigirni tayogʻi bilan koʻrsatib: Anavi seniki, dedi. S. Anorboyev, Hamsuhbatlar
-
Otabek kishi orqasidan ketdi, oldinma-ketin, soʻzlashmasdangina koʻchaning oyogʻiga qarab borar edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Fasl, davr va shu kabilarning oxiri, tugayotgan vaqti.
-
Kuz kunlarining oyogʻi va qish kunlarining boshi edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
5. Chet, chekka; quyi tomon; etak.
-
Ekinzorning oyogʻi. Yerning oyogʻi.
6. Uyning, xonaning eshikka yaqin oʻrni; poygak; zid. toʻr II.
-
Asalxon bir toʻda qizlar bilan oyoqroqda gʻuj boʻlib turganini koʻrgan Soraxon oʻrtaga tushib, yigitlarni chaqib oldi. H. Gʻulom, Senga intilaman
oyoq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Oyoq bosmoq
-
Bemor endi-endi oyoq bosyapti. U oʻng oyogʻini bosolmaydi.
-
Saqlab sukut oyoq bosdi, Hamma jimjit, boshlar quyi. Gʻ. Gʻulom, Koʻkan
-
Oyogʻingni bilib bos!;
-
Odam oyoq bosmagan sahro. Siznikiga oyoq bosmaganim boʻlsin!
Oyoq osti (yoki oyogʻosti) boʻlmoq
Oyoq osti (yoki oyogʻosti) qilmoq
-
U oʻz haqini tanigan, endi oʻzini birovga oyoq osti qildirib qoʻymaydi. S. Ahmad, Ufq
Oyoq ostida
-
Bolalar, oyoq ostida oʻralashmanglar!;
-
Falokat oyoq ostida. Maqol
-
Bu zamonda haqiqat oyoq ostida qolib ketmaydi. S. Ahmad, Hukm
Oyoq ustida
-
Mana, oʻrtoqlar, oyoq ustida, ish boshida umumiy yigʻilish ham oʻtkazib oldik. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Oyoqda (yoki oyoq ustida, oyoq uzra) turmoq
-
Oyoqda turgan holda yana bir oz gaplashib, soʻng Eshvoy joʻnab qoldi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Otabek holsizlanib, oyoq uzra turar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
U yoʻldan charchab kelganidan, oyoq ustida zoʻrgʻa turar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Oyoqdan yiqitmoq (yoki yiqmoq)
-
Bu yolgʻiz Boʻtani beobroʻ qilish uchun emas, kolxozni oyoqdan yiqitish uchun qilingan igʻvo. S. Ahmad, Hukm
Oyoqdan qolmoq
-
— Boshimga bir mushkul tushdi, — deb gap boshladi Bozor, — bugun ukam birdan kasal boʻlib, ham tildan, ham oyoqdan qoldi. S. Ayniy, Doxunda
Oyoqqa bosmoq
-
Kolxozimiz sal oyoqqa bosgandan keyin, oʻzim borib, sizni olib kelaman. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Oyoqqa bostirmoq
-
Toʻgʻonni qurib, kolxozimizni oyoqqa bostirib olaylik, uylaringga radio tushirib beramiz. S. Ahmad, Hukm
Oyoqqa turmoq
-
Devonbegi mehmonxonaga kirganda butun mehmonxonadagilar oyoqqa turdilar. S. Ayniy, Qullar
-
Oʻsha kuni butun shahar oyoqqa turdi. J. Sharipov, Xorazm
-
— Yaxshiligingizni aslo unutmayman, — dedi vrachga bemor, — oyoqqa turib ketay, sizni xursand qilaman. Gazetadan
-
Qani endi oyoqqa turib ketsa-yu, butun umrini ana shu odamni asrab-avaylash uchun bagʻishlasa. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
-
Kolxozimiz qancha oyoqqa tursa, shu bizning dushmanga zarbamiz boʻladi. S. Ahmad, Hukm
Oyoqqa turgʻizmoq (yoki qoʻymoq)
-
Kolxozni kolxoz qilib, oyoqqa turgʻizguncha, eha, qancha qurbon bermadik! H. Nazir, Uzr, otaxon.
-
Abdulla uka, butun xalqni qanday qilib oyoqqa turgʻizish mumkin? Sh. Xolmirzayev, Qahramonning soʻngi kunlari
Oyoqda qoldirmoq
-
Men bularga oʻrgatarmishman Meni oyoqda qoldirib ketishadi bu shumtakalar. H. Nazir, Olmos
Bir oyogʻi toʻrda, bir oyogʻi goʻrda
-
Otamning qilayotgan ishiga qarab, yoshini surishtirib: Toʻqsondan oshibsiz, bir oyogʻingiz toʻrda, bir oyogʻingiz goʻrda, tinib oʻtirmaysizmi, —debdi. Shukrullo, Saylanma
Yengil (yoki suyuq) oyoq
Yolgʻiz oyoq yoʻl
Ikki oyogʻini bir etikka tiqmoq (yoki suqmoq)
-
Otam uylantiraman deb, ikki oyogʻini bir etikka suqib olgan, hol-jonimga qoʻymaydi. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
Oyoq olish
-
Ummatali xotinining oyoq olishiga qarab yuradigan boʻlsa, otliq kelayotgan Akbarali undan oldin Azizxonni topadi, unga biror shikast yetkazadiganday boʻlib tuyuladi. S. Ahmad, Ufq
-
Uning oyoq olishi bejo.
Oyoq ostidan chiqmoq
-
Dushman uchun kutilmagan bu falokat xuddi oyoq ostidan chiqqandek boʻldi. N. Safarov, Jangchi Shokir
-
Oʻsha katta ish kecha oyoqning ostidan chiqib qoldi. S. Ahmad, Ufq
Oyoq tiramoq
-
Bolalarning boʻyi yetib, toʻy boshlaymiz deganda, qizi qurmagur birdan oyogʻini tirab oldi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
U uylansam, Mahbubaga uylanaman, boʻlmasa, frontga ariza berib ketaman, deb ikki oyoq tirab turib oldi. S. Ahmad, Ufq
Oyoq uzatmoq (yoki choʻzmoq)
-
Oftob oyim hamon oyoq uzatmadi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oyoq uzmoq
-
Boʻri Paygʻamov, Nusratbekning bu yerdan oyogʻi uzilib, gaplar bosti-bosti boʻlguncha, panaroqda turdi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
Oyoq uchi bilan (yoki uchida) koʻrsatmoq
-
Choʻri qiz boshimizga chiqib, bizlarni oyoq uchi bilan koʻrsatadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Odamni oyoq uchida koʻrsatib, kalaka qiladi. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
Oyoq uchida
-
Sherali oyoq uchida kelib, devor tagida bir yonboshda uxlashgagina yetadigan joyga oʻtirdi. S. Karomatov, Oltin qum
Oyoq chiqarmoq
-
Bizning xotin til chiqargan desam, oyoq ham chiqaripti. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
Oyoq qoʻymoq
-
Uning roziligini olmasdan turib, bu ishga oyoq qoʻyish mumkin emas. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oyogʻi kuygan tovuqdek
-
Odamlar oyogʻi kuygan tovuqdek pishillab yugurdilar. Oydin, Oʻzidan koʻrsin
Oyogʻi olti, qoʻli yetti
-
Zaynab oyogʻi olti, qoʻli yetti boʻlgani holda, erini toʻrt qavat koʻrpacha ustiga oʻtqazib, yoniga uchta par yostiqni qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oyogʻi osmonda
-
Lashkarboshi usta boʻlsa, dushman oyogʻi osmonda. Maqol
Oyogʻi osmondan boʻldi (yoki keldi)
-
Chekinadigan joy yoʻq, orqada jahannam, bir qadam chekinsak, oyogʻimiz osmondan keladi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Oyogʻi tortmaslik
Oyogʻiga bolta urmoq
Oyogʻiga bosh urmoq (yoki qoʻymoq) yoki oyogʻiga yiqilmoq
Oyogʻidan tortmoq
Oyogʻini osmondan keltirmoq
Oyogʻini qoʻlga olib
-
Shartta oʻrnimdan turib, qalpoqchamni oldimda, oyogʻimni qoʻlga olib, uy tomon yugurdim. Yoshlik
Osmonga chiqsang, oyogʻingdan tortaman, yerga kirsang — qulogʻingdan
-
[Solihboy:] Mening oltinlarim shunday ziyrak josus shunday ulugʻ hokimki, yerga kirsang — qulogʻingdan, osmonga chiqsang, oyogʻingdan tortib, mening qoʻynimga olmaday qilib solib qoʻyadi! Hamza, Boy ila xizmatchi
Ogʻir oyoq
Sovuq oyoq
-
Keng sohilingda kezdi shum oyoq, Sindirdi nechaning boshida tayoq. Gʻayratiy
Yuziga oyoq qoʻymoq (yoki tiramoq)
-
Turgʻun akam bilan raisning yuzlariga qanday qilib oyoq qoʻya olaman. N. Safarov, Hayot maktabi
-
Sen yuzingga oyoq tirab ketgan oʻsha beti qattiq xotiningnikiga bordingmi? S. Ahmad, Ufq
Uz oyogʻi bilan
-
Dard arigisi kelsa, tabib oʻz oyogʻi bilan keladi. Maqol
Oʻz oyogʻidan yitmoq
1. 1 Kosa, idish.
2. aynan Qadah.
-
Achchigʻlanma, bek yigit shiringina taom qilib beraman, bir-ikki oyoq boʻza ham keltiraman. Oybek, Navoiy
-
Novcha yigit suzgan boʻzadan ozgina tatib koʻrib, birinchi oyoqni Sultonga uzatdi. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
OYOQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОЁҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
oyoq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar