qara
bilan ulashing
1. Koʻrish uchun koʻzni biror tomonga, narsa yoki kimsaga yoʻnaltirmoq, koʻz tashlamoq, nazar solmoq; boqmoq.
-
Atrofga qaramoq. Soatga qaramoq. Bulutlarga qaramoq. Tikilib qaramoq. Kulib qaramoq. Xoʻmrayib qaramoq.
-
Hakimboyvachcha yalt etib ukasiga qaradi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Hamdam dadasiga qaraganicha, uzoq turib qoldi. A. Qahhor, Ayb kimda?
-
— Menga qara, xotin! — dedi hoji jiddiy tusda. Oʻzbek oyim qaradi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Fikran nazar tashlamoq, koʻz tikmoq, boqmoq, koʻz oldiga keltirmoq.
-
Oʻtmishga bir qarang. Kelajakka ishonch bilan qaramoq.
3. Koʻzdan kechirmoq, nazar solmoq, tekshirmoq.
-
Xatni qarab chiqdim, aytilgan gaplarda jon bor. Sharq yulduzi
-
[Homid:] Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat ona. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ular bir necha koʻchani qunt bilan qarab chiqib, choyxona topolmadilar. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Qizing qani, dedim. Uyda edi, qayoqqa borardi, dedi. U yoqni qaradik, bu yoqni qaradik, yoʻq. Shu qorongʻida qayoqqa boradi? Oybek, Tanlangan asarlar
4. Yuzlanmoq, yuzini (betini) bir tomonga qaratmoq.
-
Uyalib, yerga qaradi
-
Dodam indamay, teskari qarab oldilar. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Nuri derazaga qarab, hovlida Yormatning qorasi oʻchar-oʻchmas, Gulnorga dedi Oybek, Tanlangan asarlar
-
Yigit koʻkka qarab, tinch uxlar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
5. Eʼtiborda, munosabatda boʻlmoq, yondashmoq.
-
Ammo eng katta nuqsoni shunda ediki oʻqiganlariga tanqidiy yondashib, oʻz nuqtayi nazaridan qaramasdi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Siz bu ehtimolga qanday qaraysizlar? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Nima uchun bola tarbiyasiga sovuqqonlik bilan qaragan oʻqituvchiga qonun yoʻq, chaqir bu yoqqa Hamdamni! A. Qahhor, Asarlar
6. Ish-mashgʻulot, kimsa yoki narsaning tarbiyasi va shu kabilar bilan mashgʻul boʻlmoq; shugʻullanmoq; koʻz-quloq boʻlmoq; davolamoq, parvarish qilmoq.
-
Otga qaramoq. Ekinga qaramoq. Bolaga qarab turmoq.
-
Mana, siz, bitta oʻzingiz oʻttiz ikkita mashinaga qarar ekansiz. A. Qahhor, Yillar
-
Endi ishingga qara, bolam S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Saidmurod aka uch kun ham xotinining tepasidan jilmadi, hoʻl-qurugʻiga oʻzi qaradi. N. Qobil, Bemorlar
-
— Endi mening holim yoʻq senlarga qaraydigan, — deb buvim yigʻlab yubordilar. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Hamma qoʻli boʻshaganda yigʻlaydi, sen yigʻidan boʻshamaysan. Na oʻzingga qaraysan, na uyga. A. Qahhor, Asror bobo
7. Eʼtibor bermoq, nazarda tutmoq, hisobga olmoq.
-
Birovning raʼyiga qaramoq. Qosh-qovogʻiga qaramoq.
-
Uy qiladigan boʻlsangiz, mening ham ixtiyorimga qarang-da. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Oʻzing nega onamizning roziliklariga qaramagan eding? A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
-
Eri unga [Zaynabga] oylab, yillab qaramay qoʻyganida ham, u ix deb tovush chiqarmadi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
8. so‘zlashuv tili Yeb-ichmoq, olmoq.
-
Mehmonlar, ovqatga qarab oʻtiringlar
-
Qani, non ol, uzumga qara. Oybek, Tanlangan asarlar
9. Bogʻliq boʻlmoq, ahamiyati boʻlmoq.
-
Aql yoshga qaramaydi.
-
— Ha, uch yarim mehnat ishlaydigan odamga oʻxshamaydimi? — Jussaga qaramas ekan-da. — Nega, jussaga ham qaraydi. Jussasi yomonmi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Yaxshi er-xotin boʻlish qoʻlning qattiq-yumshoqligiga ham qaramas ekan-ku! A. Qahhor, Maston
10. Kimsaga ergashmoq, taqlid qilmoq, unga boqib, uning belgi-xususiyatlari boʻyicha ish tutmoq.
-
Sizga qarab oʻzini sipoh tutyapti. Odamning husniga qarama, aqliga qara.
-
Boshqalarga qarash kerakmas, boshqalar bizga qarasin, koʻrsin, oʻylasin. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
11. Yuzi, betkay tomoni bilan biror narsaga yoki tomonga roʻbaroʻ turmoq.
-
Derazalari janubga qaragan uy. Toqqa qaragan shiypon.
12. Ixtiyorida boʻlmoq (tasarrufi, boqimi va shu kabilar jihatdan).
-
Bu bogʻlar qoʻshni tumanga qaraydi.
-
Bedapoyaning naryogʻi uchinchi brigadaga qaraydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Yetti bolam bor. Onam bor, xotinim — hammasi boʻlib oʻn kishi menga qaraydi. J. Sharipov, Xorazm
13. Muhokamasini tashkil etmoq, muhokamasini oʻtkazmoq; koʻrmoq.
-
Sud sizning ishingizni ertaga qaraydi.
14. Kutmoq, poylamoq, koʻz tutmoq.
-
Biz sizga ikki soatcha qaradik.
-
Sening chiqarishingga qarab, qoʻsh mahalini oʻtkazib yuboraymi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
15. (deb soʻzi bilan qoʻllanadi) deb tushunmoq, bilmoq, hisoblamoq, oʻylamoq.
-
Hammani oʻziga doʻst deb qaramoq.
-
Hozi ham, Asad qori ham jadid maktablariga qarshi edi, ular bu xil maktablarga diniy maktablarning goʻrkovi deb qarar edilar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Bu xotinlardan hech biri qilayotgan ishiga, kasb-koriga sababi tirikchilik deb qaramaydi. A. Qahhor, Xotinlar
16. (2-sh. buyr. m. shaklida — qarang, qara) Ajablanish, oʻylamaganlik, kutmaganlik maʼnosini (eʼtiroz, norozilik yoki mamnunlik maʼnosi bilan) bildiradi.
-
Aksiga bugun yomgʻir yoqqanini qarang.
-
Xoinlik qilib qoʻyib, yana munofiqlik qilganini qarang-a! B. Rahmonov, Bahor arafasi
-
Xayolni qarang, axir sizga parafin olib kelgan edim-ku! S. Karomatov, Oltin qum
-
Baraka topkurni qarang, taqsir A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Nayrangbozlikni qara, evi bilan boʻladi-da! Oybek, Tanlangan asarlar
17. (1-va 3-sh. shart mayli shaklida — qarasam, qarasa) Eʼtibor bersam, diqqat qilsam maʼnosini bildiradi.
-
Bir mahal qarasam, temir yoʻlda ketayapman. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Shunaqa qilib, qarasak, ellikboshi qoʻymaydigan A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Jonfigʻon uning oʻqishiga notavon koʻngil orzuga ayb yoʻq degan nazar bilan qarab yurar ekan, bir vaqt qarasaki, Malohat kursni bitirib, gruzovoy [yuk mashinasi] minib yuribdi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
18. koʻm. fl. vzf. Yetakchi feʼldagi harakatning sinab koʻrish, bilish, tajriba, sinovdan oʻtkazish harakati ekanini bildiradi.
-
Tabib tovoqdagi qusuqni hidlab qaradi A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Oʻrmonjon bu yillarni surishtirib qarasa, toshqin taxminan har oʻn-oʻn ikki yilda bir martaba boʻlar ekan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Hushyor paytlarida u oʻzining ahvolini oʻylab qarar, nazarida, dahshatli tush koʻrayotganga oʻxshab ketar edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
qara soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yer ostidan (yoki tagidan) qaramoq
-
Uning oldidagi hammol, yomon nazar bilan yer ostidan qarab, yuzini teskari burdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Yerga qaramoq
-
bitta-yarimta eshitgudek boʻlsa, biz yerga qararlik boʻl-maylik, oʻltirishning katta iltimosi sizdan — shu! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Koʻzingga qara
Ola qaramoq
Ogʻziga qaramoq
Tik qaramoq
-
Dilfuza salom ham bermay, uning koʻziga tik qaradi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
.umrida birinchi marta eriga tik qarab: — Kim sizni tushungan odam deydi! — dedi. Mirmuhsin, Topilgan husn
Qarab tur
-
Qarab tur, dadang kelsin! Shunday tanobingni torttirayki. N. Safarov, Olovli izlar
-
Mahalladagilardan biriga: — Hali qarab tursin! — dedi. Shukrullo, Javohirlar sandigʻi
Qarab turmoq
-
Men bozorga borib kelguncha, bolalarimga qarab turing, qoʻshni;
-
Pulingiz yoʻq boʻlsa, nega nevarangizni pul topguncha koʻmmay, qarab turmadingiz. B. Rahmonov, Bahor arafasi
-
Ona shoʻrlik bolasi uchun oʻzini oʻtga tashlaydi. Men ham qarab turmayman, — dedi Gʻulomjon. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Olimjon aka, siz chora koʻravering, qarab turmang. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Podshoh bizning doʻstlarimizni oʻqqa tutsa ham, qarab tura beramizmi? Yoshlik
QARA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚАРА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qara so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar