qayna
bilan ulashing
1. Kuchli issiqsan koʻpirib, bugʻlanib vaqirlab turmoq.
-
Yuz gradus issiqlikda suv qaynaydi. Qozonda shoʻrva qaynamoqda.
-
Baqirlab qaynayotgan dorini birov qoshiq bilan shopirib turdi. A. Qahhor, Koʻr koʻzning ochilishi
2. koʻchma Qaynagan holatni bildiruvchi tovush chiqarmoq (ichida suv, suyuqlik boʻlgan idish haqida).
-
Samovar qaynadi. Tikilgan qozon qaynamas. Maqol.
-
Pechka ustida uchta kotelok [qozoncha] bugʻ buriqtirib, shaqirlab qaynardi. Oybek, Quyosh qoraymas
3. koʻchma Xuddi qaynagan koʻrinishli holatda boʻlmoq; otilib chiqmoq (buloq, daryo kabilar haqida).
-
Ammo daryo qaynar, koʻpirar — Toʻnka ostin yalab oʻpirar. Mushtum
-
Qadimiy chinor tagida choyxona, uning hovlisida billurdek tiniq chashmalar qaynab yotadi. Gazetadan
-
Qaynab toshsin neft buloqlari. Yo, Mirzo
-
ularning hozirgi hollarini sezib yotgan Kumushning-da qaynab chiqqan koʻz yoshlari ikki chekkasidan yostiqqa oqib tusha boshladi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Pishmoq, pishib yeyishli holga kelmoq.
-
Ikki qoʻchqorning boshi bir qozonda qaynamas. Maqol
-
Dekchada sabzi-piyoz ham miriqib qaynadi. H. Gʻulom, Mashʼal.
-
[Puldorlarning] Qorinlari toʻq. Bolachaqalari rohatda, uylarida qazi-qarta qaynaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
5. koʻchma Achimoq, bijgʻimoq, achib-bijgʻib bijirlamoq; shu tariqa yetilmoq.
-
Bochkaga bosilgan uzum qaynay boshladi.
-
Kun kishilarning uylarida musallas bilan boʻzalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda ichkilik sotish bilan tiriklik qiluvchilar ham yoʻq emas edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
6. koʻchma Kuchli xatti-harakatli, qoʻzgʻalgan, toʻlqinlangan holatda boʻlmoq (koʻpchilik odamlar haqida).
-
Sultonmurod qaynagan olomon ichida turtki yeb, bosilib, ezilib, uzoq yurdi. Oybek, Navoiy
-
Kun sovuq, lekin bozor qaynardi. Oybek, Ulugʻ yoʻl
7. koʻchma Kuchli, qizgʻin tus olmoq.
-
Dalalarda ish qaynaydi: kimlar paxta teradi, kimlar beda oʻradi, kimlar shudgor qiladi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha.
-
Usta Hazratqulning qurilish maydonchasida ham mehnat qaynaydi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
8. koʻchma Jahli, asabi kuchli qoʻzgʻalmoq.
-
Telefon dastasini qoʻpol harakat bilan, peshonasidan ter chiqquncha aylantiradi-da, javob ololmay qaynab ketadi. A. Muxtor, Opa-singillar
9. koʻchma Ayrim soʻzlar bilan birikib, shu soʻzlar anglatgan narsaning kuchli, ortiq darajada boʻlishini bildiradi.
-
Ichida qaynagan hislar bulogʻi qoʻliga qalam oldirdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Men uncha-munchaga beparvo qizlardan, deb yursam, ichida shunaqa fikrlar qaynab yotgan ekan. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Japaqning miyasida savollar qaynab toshdi. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Rostini aytsam, shu zamonda gap-soʻz qaynab ketgan, lekin birovining ham maʼnosi yoʻq. Oybek, Tanlangan asarlar
10. koʻchma Nihoyatda isimoq; yonmoq.
-
Kun qaynab ketgan. Toʻrt tomonni yondirib yotgan saraton olovining tafti chayla ichkarisiga dam-badam uriladi. Yoshlik
11. koʻchma Koʻp miqdorda tiqilib ketmoq.
-
Buloqda baliq qaynab yotibdi.
-
Bu koridorda tanaffus vaqtida odam qaynaydi. P. Qodirov, Uch ildiz
-
Hovliga chiqqanda, katta hovli xotinlar bilan qaynar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
qayna soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ichi qaynamoq
-
Qarshiboy ota salomatligini yoʻqotgan oshnasiga ozor berishni istamasa ham, ichi qaynab ketdi. H. Nazir, Suv gado-si — oqpadar
-
Uning ishiga razm solarkan, ichi qaynab ketguday boʻlardi-da, jahli chiqib: — Yo haydab yuboraman, yo chaqqon ishlashni oʻrgatib qoʻyaman, — derdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Shoʻri qaynadi
-
— Yana kambagʻallarning shoʻri qaynaydi deng — dedi Yoʻlchi gʻazablanib. Oybek, Tanlangan asarlar
Qoni qaynamoq
-
Tomirlarda qoni qaynab, koʻzlaridan oʻt chaqnardi, mushak goʻshtlari poʻlatday qotib ketgan edi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Samandarovning qoni qaynab ketdi: — Munday gapirsangiz-chi. Zabon bormi!? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
QAYNA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚАЙНА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qayna so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar