bil
bilan ulashing
1. Biror narsa, hodisa yoki fikrning mohiyatiga yetmoq, biror sohada maʼlumotga ega boʻlmoq.
-
U biladigan odam. Siz matematikani bilasizmi?
-
Koshki til bilsa-yu, u bilan suhbatlasha qolsa! Oybek, Tanlangan asarlar
-
Tirik boʻlganda, oʻnta oʻgʻilning oʻrnini bosadigan qizi borligini bilardi. S. Ahmad, Ufq
-
Siz yaramasning qilib yurgan ishlaringizni bilaman. S. Ahmad, Ufq
2. Biror soha yoki ishda maʼlum oʻquv yoki malakaga ega boʻlmoq.
-
Shaxmat oʻynashni bilasizmi? U doʻppi tikishni yaxshi biladi.
-
Yangi ot, yangi faytun. Ha, qoʻshishni, haydashni bilasizmi? Oybek, Tanlangan asarlar
3. Turmush tajribasi tufayli xabardor, oshno, tanish boʻlmoq.
-
Koʻp yashagan bilmas, koʻpni koʻrgan bilar. Maqol
-
Qari bilganni pari bilmas. Maqol
-
Aql yoshda emas, boshda degan odam, bilib aytgan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
4. Xabardor, voqif boʻlmoq.
-
Siz uyda ekansiz, bilsam, daftarimni olib kelar ekanman esizgina. A. Qahhor, Adabiyot muallimi
-
Koʻp gaplarni bilib qaytdi. S. Ahmad, Ufq
5. His etmoq, sezmoq; idrok etmoq, anglamoq, fahmlamoq, tushunib yetmoq, uqmoq, payqamoq.
-
Har kim oʻz aybini bilmas. Maqol.
-
Ahmoq horiganin bilmas. Maqol
-
Sen bilgan boʻlsam, vaqt qanday oʻtganini bilmayman. Oybek, Nur qidirib
-
Gapni aylantirib oʻtirishdan foyda yoʻqligini bilib, koʻnglidagi bor gapni aytdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Biz endi oʻz haq-huquqimizni bilamiz. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
-
Men senga munosib emasligimni bugun bildim. S. Ahmad, Ufq
6. Tan olmoq, qadriga yetmoq, taqdirlamoq.
-
Er yigitning qadrini ogʻasi emas, el bilur. Maqol
-
Shoshmay tur, hali u izzatini bilmagan itvachchani tutib, adabini berdirmasam, Madumar otimni boshqa qoʻyib yuboraman. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
7. Tanimoq, tanish boʻlmoq.
-
Bu yerda meni hech kim bilmaydi.
-
Normatovni sizlar qancha bilsalaring, men ham shuncha bilaman-da. A. Qahhor, Munofiq
-
Men siz bilgan Shokirbek emas, toshkentlik Yusufbek hojining oʻgʻli va margʻilonlik Mirzakarim akaning kuyovi — Otabek. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
8. Deb hisoblamoq, deb sanamoq, deb bilmoq.
-
Oʻzingni er bilsang, oʻzgani sher bil. Maqol
-
Haligi gapimni sir deb bil. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bola oʻz qaygʻusini butun bir dunyoning qaygʻusidek bilar edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Chunki u oddiy haqiqat bir ming boʻyoqdan soz, deb biladi. S. Zunnunova, Olov
9. Uddasidan chiqmoq, eplay olmoq.
-
Hali siz yolgʻon gapirishni ham bilasizmi? A. Qahhor, Ayb kimda?
-
Siz ikki kelin ushlashni bilmabsiz, Zaynabga jabr qilgan koʻrinasiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
10. Ixtiyori, izmida boʻlmoq.
-
Siz tushunmayapsiz, oyi hali tagʻin dadasi biladilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
bil soʻzi qatnashgan jumlalar:
Xat bilmoq
-
Usta Moʻmin, rahmatlik, xat bilar edi, kitob koʻrib, bolaning otini Yodgor qoʻydi. A. Qahhor, Asror bobo
Bilaman, bilasan, bilasiz yoki bilasizki
-
Bilamiz, Bobomurod polvon, sizning qoʻrangiz markazdan olisda. S. Anorboyev, Toʻrtkoʻzning boshidan kechirganlari
-
Bilaman, tillarning yomoni yoʻqdir, Har tilning oʻz koʻrki, ulugʻligi bor. Shuhrat, Yoshligimning davomi
Bilasanmi, bilasizmi
-
— Bilasanmi, bu yerda faqat 95 damlaydi, — dedi u Murodga piyola tutib. T. Ashurov, Oq ot
-
Bilasanmi, melisadan dadamning eshagini haydab ketayotganimni hamma koʻrdi. S. Ahmad, Ufq
-
Bilasizmi, Mansur aka, maktabni bitirib, institutga kirmoqchiman. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Bilmadim
-
Bilmadim, bugun nima vaj qildi ekan. A . Qahhor, Asror bobo
-
Bilmadim, qaysi bir ishimiz xudoga xush kelmagan ekan. K. Yashin, Hamza
-
Bu dabdaba-yu bu hurmat-u eʼzozni koʻrib, bilmadim, qay ahvolga tushar ekan. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Bilmadim, bu xayol chol boʻlib bukchayib qolganimda ham oʻzgarmasa kerak. Sh. Xolmirzayev, Yoʻllar, yoʻldoshlar
Bilmay yoki bilmasdan
-
— Ehtimol, juda ham katta gunoh emasdir, chunki bilmasdan, tushunmasdan qilingan ish, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Kechirasiz, bilmasdan kelibman.
Bilmasam
Bilsang, bilsangiz
-
Imon, Avaz, bilsang, suvday gap. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Kim bilsin yoki kim biladi
-
Hay, men nega uni bevaqt uygʻotyapman, kim bilsin, bu xil uyqu kenjamga yana qachon nasib qiladi, bir oz orom olsin. I. Rahim, Chin muhabbat
Kishi bilmas
Xudo bilsin (yoki biladi)
-
Qorongʻida yaxshi ajrata olmadim, tusini gʻira-shira anovi qora Homidga oʻxshatdim. Tagʻin umi, boshqami, xudo bilsin. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻzing bilasan
-
Oʻzing bilasan, Rabbim aka bitta chivin chaqsa, Afrikagacha borib tutib, ezgʻilamaguncha qoʻymaydi. S. Ahmad, Ufq
Oʻzingiz bilasiz
-
Oʻzingiz bilasiz, men gapirmasdan turolmayman. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Oftob oyim tilar-tilamas oʻzingiz bilasiz javobini berdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
bir kor-hol boʻlmasin deyman. Tagʻin oʻzingiz bilasiz. K. Yashin, Hamza
Bilganing bilgan
-
Koʻpchilik bir nafas jim oʻtirishdi. Soʻngra ora-oradan: — Sizning bilganingiz bilgan, mulla, — degan maʼqullovchi tovushlar eshitildi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Bilganingdan qolma
Bilganini qilsin
-
— Shunchaligi ham bor, — dedi Zokir ota ketgani qoʻzgʻalib, — mayli, bilganini qilsin. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Tilini bilmoq
-
U paxta terish mashinasining tilini yaxshi biladi.
Qush tilini qush biladi
BIL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БИЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bil so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar