bir
bilan ulashing
1. 1 raqami va shu raqam bilan ifodalangan eng kichik son, miqdor.
-
Bir kam qirq. Oʻndan bir. Bir-u bir — ikki. Yaxshi otga — bir qamchi, yomon otga — ming qamchi. Maqol
-
Yetti qiz bir onaning bolasiday ahil turishardi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
2. Hisob, miqdor, oʻlcham, chama maʼnolarini anglatuvchi soʻzlar bilan kelib, predmetlarning miqdori, oʻlchamini anglatadi.
-
Bir juft. Bir metr. Bir hafta. Bir tanob. Bir yil. Bir minut. Bir oʻram. Bir toʻda. Bir soat. Bir asr. Bir burda. Bir dasta.
-
Bir oydan beri tutolmaymiz. S. Ahmad, Yulduz
-
Bir zum ikkilanib turdi. T. Ashurov, Oq ot
-
Qoraboy bir hafta ishga chiqmadi. T. Ashurov, Oq ot
-
Unga bir dasta gul uzatib, oʻtib ketdi. S. Ahmad, Ufq
-
Bir hafta deganda koʻzini ochdi. T. Ashurov, Oq ot
-
Tiniq osmonda bir juft laylak beozor suzadi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
-
Odam dunyoga bir marta keladi. T. Ashurov, Oq ot
3. Baʼzi otlardan oldin kelib, noaniqlik tushunchasini ifodalaydi va “qandaydir“, “allaqanday“, allaqaysi kabi maʼnolarni bildirib keladi.
-
Sizni bir odam soʻrab kelgan edi.
-
Uning koʻkragini bir nima chuqur ezdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shu chogʻ bir xotin bir boʻlak non olib kirdi. Gʻayratiy, Unutilmas kunlar
-
Hidoyatxonni bir narsa chaqqan ekan, shoshilib keldilar-da, eshikni berklab oldilar. Hamza
-
Mahvash oʻshanda oʻrtoqlari bilan bir toʻyga borgandi. T. Ashurov, Oq ot
-
Yoʻq, hovliqmangiz, bunda foydali bir sir bor! A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
-
oʻq tekkan oyogʻini bir xotin oq doka bilan bogʻlamoqda edi. Gʻayratiy, Unutilmas kunlar
4. Feʼllar oldidan kelib, feʼldan anglashiluvchi ish-harakatning bir marta bajarilishi yoki yuz berishini ifodalaydi.
-
Odam dunyoga bir keladi. Yetti oʻlchab, bir kes. Maqol
-
Bir sinalgan yomonni qayta-qayta sinama. Maqol
-
Unga mahliyo boʻlib tikilib turgan xotinning kipriklari bir silkindi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
-
— Biz endi seni turli-turli balolarga solamiz, buni bir bil! — deb musht doʻlaydilar. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
-
Toʻmtoq qoshlari, chaqnagan koʻzlari bir koʻrganni dovdiratib qoʻyardi. S. Ahmad, Yulduz
5. Belgi-xususiyat ifodalovchi soʻzlar oldidan kelib, oʻsha soʻz maʼnosining kuchayishiga xizmat qiladi.
-
Oʻgʻli bir yaxshi yigit ekan, bir kelishgan, chiroyliki
-
Boya Mahvash bir ajoyib gap aytdi. T. Ashurov, Oq ot
-
Shahnoza degan bir qaqajon qiz gazetami yulib olib oʻqidi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
6. Ajratish, taʼkidlab koʻrsatish uchun xizmat qiladi.
-
Hamma rozi boʻldi, bir men rozi boʻlmadim. Bu ishni bir oʻzi bajardi. Uyda bir oʻzim qoldim. Kamtarlik ham bir xislat. Maqol
-
Bu bir ibrat. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Vali aka oʻgʻliga bir otagina boʻlib qolmay, uning eng yaqin hamdardi ham edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Shuni bir bilib qoʻyginki, Xonzoda tirik ekan, kelinlarga kun yoʻq. Hamza, Boy ila xizmatchi
7. Kesim vazifasida kelganda, bir-damlik, umumiylik yoki bir xillik, oʻxshashlik maʼnolarini ifodalaydi.
-
Ularning hammasi bir. Bizning yoshimiz bir. Bizning soʻzimiz bilan ishimiz bir. Kemaga tushganning joni bir. Maqol
8. Baʼzi otlar bilan qoʻllanganda, “shunday“, shunaqa soʻzlariga teng kelib, boʻrt-tirish maʼnosini anglatadi.
-
Bir imorat qurayki, barchaning ogʻzi ochilib qolsin. Bir oʻynab berayki, hamma qoyil qolsin.
-
Bir oʻlkaki, tuprogʻida oltin gullaydi. H. Olimjon, Oʻlka
9. Qoʻshma soʻzlar tarkibida kelib, turli xil maʼnolarni ifodalaydi.
-
Bir vaqt, bir mahal, bir muncha, bir oz, bir qancha, baʼzi bir, har bir, hech bir, bir asosli, bir jinsli.
-
Abdujalilboynikidagi ziyofatni Mulla Obid bir muncha taajjub ichida oʻtkazdi. A. Qodiriy, Obid ketmon
-
Bir ozdan keyin u kiyinib olib, yoʻlga otlandi. A. Obidjon, Akang qaragʻay Gulmat
10. Ayiruvchi bogʻlovchi vazifasida kelib, gapning uyushgan boʻlaklarini yoki qoʻshma gap qismlarini bogʻlashga xizmat qiladi.
-
Bir unday boʻladi, bir munday boʻladi. Bir kat-taning gapiga kir, bir — kichikning. Maqol
-
Umri bir oqardi, bir qizardi-yu, meni quchoqlab yigʻladi. A. Qahhor, Xotinlar
-
Bu gapga chindan ishongan Nilufar taajjublanib, bir akasiga, bir mushukka qaradi. S. Ahmad, Yulduz
bir soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bir pul
-
Mana endi arzimagan koʻngilochar ov deb ekspeditsiyaning bir oylik toat-ibodati bir pul boʻldi. M. Mansurov, Yombi
Bir kun
-
Uyni ozoda qilishga rosa bir kun ketdi. Bir kun bir yilni boqadi. Maqol
-
Bir kun(i) biz bogʻga chiqqan edik.
-
Bir kun ahvolini bilay, deb uyiga telefon qildim. Shukrullo, Saylanma
-
Bir kuni Arslon xotini ishdan qaytguncha oʻtin yorib qoʻymoqchi boʻldi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
Kunlardan bir kun
-
Kunlardan bir kun koʻpni koʻrgan, jahon kezgan ogʻaynilarimdan biri uyimga kelib qoldi. Shukrullo, Saylanma
Bari bir
-
Bari bir yotib yotolmadi, oʻtirib oʻtirolmadi. S. Ahmad, Yulduz
-
— Bari bir yetishmaydi, — deydi Mulla Obid.
Bir boʻlmoq
-
Koʻp ogʻiz bir boʻlsa, bir ogʻiz yengilar. Maqol
-
Odamning dili bilan tili bir boʻlsin. Maqol
Bir qilmoq
Gapni bir qilmoq
Bir bor ekan, bir yoʻq ekan
Bir boʻlsa
-
Hojiya, bir boʻlsa, doktorga ketdi. A. Muxtor, Opa-singillar
Biri ikki boʻlmaydi
-
Qudratli qanotingiz ostida birim ikki boʻlishini umid qilib keldim. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Birini olib, biriga uradigan
Birini ikkiga olmoq
Bir kun emas bir kun
Bir soʻzni ikki qilmoq
-
Oʻrinboy bir soʻzni ikki qilmay, xayol surib chiqib ketdi, rais uning ortidan iljayib qoldi. Oydin, Oʻzi monand
BIR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БИР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bir so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar