butun
bilan ulashing
1. Sinmagan; sindirilmagan; shikastlanmagan; siniq-mertik joyi yoʻq.
-
Butun non. Butun kosa. Butun gʻisht.
-
Murabbiya haligi qoʻli singan qoʻgʻirchoqni olib, oʻrniga butun qoʻgʻirchoqni yotqizib qoʻyayotgan ekan. Oydin, Bolalik uyda gʻiybat yoʻq
-
Ular siniq jomashovni hamon butun jomashov demoqdalar. Mushtum
-
Koʻprik butunmi yoki majaqlab tashlandimi — bu unga qorongʻi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Sirtim butun boʻlsa ham, ichim tutun. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
2. Yirtilmagan, teshilmagan, yirtiq joyi, teshigi yoʻq.
-
Butun kalish. Butun qop.
-
Arslonning oʻsha toʻni hali butun, eskirmagan. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
-
Quda-andani oʻylagan oyim senga butungina mahsi ham kiygizib yubormabdi. Oybek, Tanlangan asarlar
3. Buzilmagan, ochilmagan; yaxlit.
-
Butun konserva.
-
Boy aytadi: — Butun bergin pulimni, Koʻp soʻylatib qichitmagin tilimni. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli
4. Raso, toʻliq.
-
Esi butun odam. Xayr qilsang, butun qil. Maqol
-
Orziqul opamning onasi: Nasibang butun boʻlsin, bolam deb, dadamga non tishlatdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
5. mat. Kasr qismi boʻlmagan.
-
Butun sonlar. Ikki butun oʻndan besh. Besh butun bir taqsim ikki.
6. Bor(i), borliq, barcha, hamma.
-
Butun imkoniyatlardan foydalanmoq. Voqeani butun tafsiloti bilan aytib bermoq. Butun kuch, butun gʻayrat ulugʻ vazifalarni bajarishga qaratilgan.
-
Uning butun vujudidan yoshlik, navqironlik, balogʻat tantanasi aks etib turardi. S. Ahmad, Ufq
-
Butun borligʻidan gupullab xushboʻy atirning hidi ham kelib turibdi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
7. Oʻrin, joy, makon bildiruvchi soʻzlar bilan kelganda, ularni taʼkidlab yoki butunisicha, yaxlit koʻrsatish uchun xizmat qiladi.
-
Butun bir institutda undan chiroyli qiz yoʻq edi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Oshning hidi butun uyni toʻldirdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Tosh fonuslar parpirab yonib, butun bogʻni charogʻon qilib turibdi. X. Toʻxtaboyev, Yillar va yoʻllar
-
Sobir butun dunyoni unutgandi, uning atrofida qogʻoz, qalam va aytmoqchi boʻlgan soʻzlardan boʻlak hech narsa yoʻq edi. O. Moʻminov, Xiyobondagi uch uchrashuv
-
Bu koʻzlar uchun butun olamni hadya etsa arzirdi. J. Abdullaxonov, Oriyat
-
Butun Fargʻona vodiysida Chorterakdan oldin oʻrik pishmaydi. S. Ahmad, Ufq
8. Oʻrin, joy, makon yoki kishilar jamoasidagi barcha kishilarni bildiradi.
-
Azon pallada butun Qorabuloq toqqa joʻnadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Butun Yakkatut, balki butun olam uyquga choʻmgandi. N. Fozilov, Diydor
-
Bugun Chimyon qishlogʻini butun mamlakatimiz biladi. Gazetadan
-
Yerdan qor ketishi bilan koʻchib kelib, butun oila chumoliday ishlar edik. Oybek, Tanlangan asarlar
9. Vaqt, muddat bildiruvchi soʻzlar bilan kelib, shu soʻz orqali ifodalangan vaqt, muddatning boshidan oxirigacha boʻlgan chegarasini, oraligʻini ifodalaydi.
-
Butun yil.
-
Qutidor esa butun kun mehmonxonasiga kelib-ketib turgan koʻngil soʻrovchi oshna, yor-doʻstlari bilan ovora boʻldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ertalab dalaga joʻnaydi. Butun kun yer haydaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Butun umr yelkalaridan obkash tushmagan. S. Ahmad, Ufq
butun soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bagʻri butun
-
Dunyoda bir bagʻri butun kishi yoʻq ekan-da, Har kimning yuragida bir anduh. Mirmuhsin, Meʼmor
-
— Bolalaringizning diydoriga toʻydingizmi? — deb soʻradi. Eʼtibor opa. — Rahmat, aylanay Eʼtiborxon, bagʻrim butun boʻlib qoldi, — dedi Rohatbibi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Bechora dadasi, toʻy qilsam, ichkuyov boʻlsa, bagʻrim butun, uyim obod boʻlib qolardi, deb niyat qilardi. S. Ahmad. Ufq,
Bir butun
-
Bir butun qilib yasalgan detal.
-
Tiktepa yerlarini biriktirish, oradagi chegaralarni buzib, bir butun qilish qiyin gap emas. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
Butun boshli
-
Buri uvlab, tikan chatnab yotgan tashlandiq jar-jilgʻalar oʻrnida butun boshli yangi shahar barpo etildi. J. Xolqosimov, Yangi uylar muborak
-
Yangi yerlar ochilib, butun boshli yangi xoʻjaliklar tashkil topdi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
-
Men sendayligimda butun boshli oilani tebratganman. E. Raimov, Ajab qishloq
Noni butun
-
— Xudoning oʻzi azaldan shayxlarning nonini butun qilgan,— dedi Fozil aka. N. Safarov, Olovli izlar
-
Sartarosh u dunyo, bu dunyo xor boʻlmaydi. Hamma vaqt noni butun. E. Raimov, Ajab qishloq
Esi (yoki aqli) butun
-
Har holda, esing butun-da, qurgʻur. H. Nazir, Yonar daryo
-
Oʻqimagan boʻlsang ham, aqling butun yigit ekansan. P. Tursun, Oʻqituvchi
Tegirmondan (yoki tegirmonga tushsa) butun chiqadi
-
Yigitmisan yigit! Kuchli, tegirmondan butun chiqadi. A. Muxtor, Tugʻilish
-
Hakimovni Sariosiyoda tegirmonga tushsa, butun chiqadi, deyishadi. Mushtum
BUTUN so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БУТУН so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
butun so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar