buz
bilan ulashing
1. Parchalab yoki qoʻporib, agʻdarib yoʻq qilmoq; ishdan chiqarmoq, yaroqsiz holga keltirmoq; vayron qilmoq, yemirmoq.
-
Devorni buzmoq. Uyni buzmoq. Oʻyinchoqni buzmoq. Uy buzganning uyi buzilar. Maqol
-
Otning yomoni oxur buzar. Maqol
-
ilonning oʻrdasini buzganingiz chakki boʻpti-da, oʻgʻlim. M. Mansurov, Yombi
-
[Dadavoy Xadichaga:] Soat meniki. Buzadigan ham oʻzim, tuzatadigan ham oʻzim. Uygʻun, Navbahor
-
Jaynoq, qulfni buzma, yaxshilik koʻrmaysan. N. Safarov, Sharq tongi
2. Oʻzgartirib, boshqa maqsadda foydalanish uchun moslamoq.
-
Bedani buzib, paxta ekmoq. Paltoni buzib, kostyum qilmoq.
-
Mana, kanal bitdi, mana bu toʻqaylarni buzib, yangi yer ochayotibmiz. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Uyda bir eski gilamcha bor edi, uni buzib, yana bir xurjun qilib olar edim. Mirtemir.
3. Insonning biron-bir ruhiy holatiga, osoyishtaligiga ziyon keltirmoq, zarba bermoq.
-
Ikromjon xotinining quvonchini buzgisi kelmadi. S. Ahmad, Ufq
-
Eski turmush quzgʻunlari, bir yangi turmush qurgan oilaning turmushini buzmoq uchun qanday hiylalar qilgansiz. Hamza, Tuhmatchilar jazosi
4. Jamoaviy qoidalarga, turmush tarziga xilof ish qilmoq, unga rioya (amal) qilmaslik.
-
Qonunni buzmoq. Intizomni buzmoq.
-
Sen, rais, umumiy yigʻilish qarorini buzma, oʻzboshimchalik qilma, ha, yomon oqibatlarga olib keladi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Uz ahdingni buzib, inkor aylama. Habibiy, Devon
5. Zararli taʼsir koʻrsatib, ishini, faoliyatini yomonlashtirmoq.
-
Yogʻli ovqat meʼdani buzadi.
6. Mavjud vaziyatni, holatni oʻzgartirmoq, unga xalal bermoq.
-
Tinchlikni buzmoq. Suhbatni buzmoq.
-
Bu jimlikni oxiri Jannat buzdi. S. Ahmad, Ufq
-
Begʻam, betashvish doʻstlar shirin uyquda edilar. Elmurod ularning uyqusini buzmaslik uchun asta karavoti yoniga bordi. P. Tursun, Oʻqituvchi
7. Haqiqatdagidan, aslidagidan boshqacha qilib yubormoq.
-
Haqiqatni buzib koʻrsatmoq. Soʻzni buzib yozmoq. Fikrni buzib talqin qilmoq.
-
— Mezbon qani, Teshabay? — dedi u, rus tilini nemislarga xos bir talaffuz bilan buzib. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
8. Uddasidan chiqa olmay, yomon yoki yaroqsiz qilib qoʻymoq.
-
Oshni buzib qoʻyibsiz. Suratni buzib qoʻyibsiz.
9. Inson axloqi, feʼl-atvorini yomon tomonga oʻzgartirmoq.
-
Kishining zari kishini buzar, zarni koʻrgan — zanjirni uzar. Maqol
-
Hali erimniyam buzyapman deng? Hamza, Tuhmatchilar jazosi
10. Oʻzaro munosabatlarni yomonlashtirmoq, chatoqlashtirmoq.
-
Yaxshi oʻgʻil yurt tuzar, yomon oʻgʻil yurt buzar. Maqol
-
Jahl ustida urishib qolgan boʻlsangiz, ehtimol, yarashib qolarsiz. Oilangizni buzmang! Mirmuhsin, Umid
-
Kimki odamlar oʻrtasini buzib yuruvchi boʻlsa, u ham moʻmin emasdir. Fan va turmush
11. Bokiralikdan judo qilmoq, nomusiga tegmoq.
-
Ahmoq yigit nodonlik qilib, qizni buzib qoʻyibdi.
12. Biror harakatni, marosimni toʻxtatmoq.
-
Sen buzding Nodirshohning toʻyini Yusuf va Ahmad
13. Foydalana boshlamoq (yaxlit yoki yangi narsalardan).
-
Pulni buzmoq. Bochkadagi yogʻni buzmoq.
buz soʻzi qatnashgan jumlalar:
Goʻshtni buzmoq
Koʻngilni buzmoq
-
Dildor ana shunday koʻngilni buzadigan oʻylar bilan band edi. S. Ahmad, Ufq
-
Umidingni uzma, koʻnglingni buzma. Maqol
Olamni (yoki dunyoni) buzmoq
-
Ichkarida xotinlar majlisi: birov yor-yor oʻqib, tagʻin bittasining quvonchi ichiga sigʻmay xoxolab, dunyoni buzadi A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Baʼzilar borki, qilar ishining tayini yoʻq, daʼvosi olamni buzadi. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
Taxini buzmoq
Xayolni buzmoq
-
Faqat oshxonadan chiqib kelayotgan kelinning salomigina uning xayolini buzdi. Oydin, Doʻndiqdan ham yosh ekan
Husn buzmoq
-
Endi uning xayolini band qilgan narsa qishloqning husnini buzib turgan eski goʻristonni koʻchirish muammosi edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Mahallada, shoir Shukrullo taxta imorat qurib, koʻchamizning husnini buzdi, unda did yoʻq ekan-ku, degan gap tarqalibdi. Shukrullo, Saylanma
BUZ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БУЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
buz so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar