jon
bilan ulashing
1. Diniy-ibtidoiy tasavvurlarga koʻra, inson va hayvon tanasida boʻladigan, uyqu chogʻida (vaqtincha) yoki oʻlgan vaqtda tanadan chiqib ketadigan alohida koʻzga koʻrinmas ilohiy kuch, quvvat; ruh.
-
Jon bor joyda qazo bor. Maqol
-
Odamning loydan yasalishini, unga jon bagʻishlanishini shunday qiziq qilib oʻqib berdiki A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Sezuvchi, his etuvchi tan, badan.
-
Butun jonim qaqshab ogʻriyapti. Tish ogʻrigʻim bosilib, jonim orom oldi. Betimning qalini —
-
jonimning huzuri. Maqol
-
Tim qorongʻi, izgʻirinli kecha. Yomgʻir xuddi jonga igna sanchganday, ezib, muttasil savalardi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Gʻulomjon ayvonda otasi bilan turar, stollarning qarsillatib sindirilayotganini eshitib, xuddi oʻz qovurgʻalari sindirilayotgandek, joni ogʻrir edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
3. Hayot; hayot-mamot; tiriklik.
-
Kemaga tushganning joni bir. Maqol
-
Echkiga jon qaygʻu, qassobga yogʻ qaygʻu. Maqol
-
Jondan kechmasang, ish bitmas. Maqol
-
Chechak Jambul, sen Vatanni sevasan, Kerak boʻlsa, joningni ham berasan. Fozil shoir.
-
Otam meni jonidan ortiq koʻrar edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
4. Kishi, odam.
-
Jon boshiga. Biz toʻqqiz jon edik.
-
Qorabuloq qishlogʻida birorta uygʻoq jon qolmagan edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Hech bir jon yoʻqki, oni boʻlmasa jononasi. Hamza
-
Hamma ishni toʻxtatib, qimirlagan jonni terimga solar ekanmiz. N. Safarov, Hayot maktabi
5. Bir qator aniqlovchilar bilan qoʻllanib, bosh, jussa maʼnolarini ifodalaydi.
-
Qiz joning bilan qayergacha borolarding? I. Rahim, Chin muhabbat
-
— Yosh joning bor, qizim, — dedi [Oftob oyim], — birovga yomonlik sogʻinma. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar.|| — Voy shoʻrim, — dedi Mastura. —
-
Jindakkina joningizga-ya? Shu jussangizga uchta dard sigʻadimi? A. Qahhor, Ming bir jon
6. Kuch, quvvat, mador.
-
Joni boricha harakat qilmoq. Tezroq qimirlasang-chi, joning bormi?
-
Hoji sekingina qoʻlini uzatib, qulogʻini ushladi va uch buklab turib qattiq qisdi, joni boricha qisdi. A. Qahhor, Yillar
-
Joni boricha ikki qoʻlidagi etik bilan eshikni qamchiladi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
7. Yaxshi koʻradigan, sevimli, yoqimli kishi yoki narsa haqida.
-
Olma —uning joni. Jon doʻsting jonidan kechsa ham, mol doʻsting molidan kechmas. Maqol
-
Ammo lekin Muxtorxon domla nafsambiriga odamning joni edi. A. Qahhor, Toʻyda aza
8. Eng yaqin, sevikli kishilarga murojaatda soʻzlovchining ularga yaqin munosabatini ifodalaydi, begonalarga nisbatan esa hurmat yoki xushomadni bildiradi.
-
Jonim, dedim qulogʻiga, ohista, jon, dedi. Qoʻshiqlar
-
Gulnorning koʻzlari ochilib ketdi Yoʻlchiga tikildi. — Nima qildi, jonim, — soʻradi Yoʻlchi, lekin betobmisiz deyishga tili bormadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
[Jamila Gʻofirga:] Agar oʻtirgan joyingizga xas-xashaklar toʻkilsa, sochlarim bilan supuray jonginam. Hamza, Boy ila xizmatchi.
9. “Opasi”, “akasi”, otasi va shu kabilar soʻzlar bilan, baʼzan yolgʻiz jonidan shaklida soʻzlovchining tinglovchiga yaqin munosabatini, erkalash yoki xushomad maʼnolarini ifodalaydi.
-
— Opasi jonidan, dutoringizni chaling tuzukroq, — dedi u [Malikaxon] Adolatga qarab,— oʻyin-kulgiga tashna boʻlib yotganmiz. S. Zunnunova, Gulxan
10. Hayot manbai, hayot bagʻishlovchi narsa haqida.
-
Yomgʻir — ekinning joni.
-
Issiq — paxtaning joni degan maqol ham bejiz aytilmagan. Sh. Rashidov, Gʻoliblar
11. Biror ish, soha yoki doirada asosiy, muhim oʻrin egallovchi, ilhomlantiruvchi, tashkilotchi shaxs.
-
Joʻralarining joni. Davraning joni. Maktabning joni.
12. Murojaat qilinayotgan shaxsni bildiruvchi soʻzdan oldin kelib, murojaatdagi iltimos, iltijo maʼnosini kuchaytiradi, baʼzan erkalash maʼnosini bildiradi.
-
Niyoz men bilan xayrlashar chogʻida: — Jon Hoji aka! Endi gap shu yerda qolsin — dedi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
— Urmang otamni! Jon amaki, urmang! — deb zor yigʻlay boshladi bolalar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
13. Shaxs bildiruvchi soʻzlarga, kishilar otiga qoʻshilib, ularga kichraytish-erkalash, hurmat maʼnosini beradi, masalan,
-
onajon, buvijon, xolajon, akajon, domlajon; Salimjon, Qodirjon
14. kesim vzf. Shukur.
-
Ofitserning shu ketishi boʻlsa, shtabga yetib borsa ham jon. A. Qahhor, Oltin yulduz
jon soʻzi qatnashgan jumlalar:
Jon bermoq
-
Vafot qildi jonkashim, dardkashim. Hozir qoʻlimda jon berdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Yoʻq, Xoʻjabekovga oʻxshaganlar osonlikcha jon bermaydi. Yotib qolguncha otib qoladi. S. Anorboyev, Oqsoy
-
Musulmonlar! Yaxshi deb yoʻlida jon berganing Azizbek bu kun sizlarga yaxshiligingizni oʻttiz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi boʻldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Jon kirmoq
-
Baliqqa jon kirdi;
-
Qutidor qaytib yoʻlakka kirishi bilan Oftob oyim ila Kumushga qaytib jon kirgan kabi boʻldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Tabiatga jon kirdi, tollar barg chiqardi. J. Sharipov, Xorazm
Jon olmoq
-
Men oʻzimning ashaddiy dushmanim bilan tanho kurashib, yo jon bermoqqa va yo jon olmoqqa qaror bergan edim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Yamoqchini boʻlsa Ismathoji har kuni masjidga chaqirib, odamlar oʻrtasida haqorat qila berib jonini oldi. Oydin, Yamoqchi koʻchdi
Joni bor
-
Joni borning umidi bor.
-
Tanimda jonim bor ekan,paxta berishga tirishaman. Sh. Rashidov, Gʻoliblar
-
Gapingizning joni bor.
Joni uzilmoq
Joni chiqmoq
-
Joning chiqqur! (qargʻ.). Ter chiqqandan jon chiqmas. Maqol
-
Ibn Sinoga kasalning joni chiqmagan boʻlsa, bas ekan, tuzatar ekan. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Tuf-e, qurib ketsin, jonim chiqib ketdi-ya. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim. Maqol
-
Polvon kelganda, temirchi shunday qilgan edi, uning joni chiqib, tishini gʻijirlatdi. A. Qahhor, Sarob
Joni halqumiga (yoki boʻgʻziga, hiqildogʻiga) kelmoq
-
Dushmanlar joni halqumiga kelganda mana bunday quturadilar. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Boya nimalarni soʻzladingiz, sir ochiladimi, deb jonim boʻgʻzimga keldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Hamma yerda ham odamlarning joni boʻgʻziga kelib qoldi, qizim! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Jon(i) achimoq
-
Unga jonim achidi.
Jondan oʻtmoq
-
Ogʻriq jondan oʻtdi;
-
Ayniqsa, bugungi soʻzlar jon-jonimdan oʻtib ketdi. Sh. Rashidov, Gʻoliblar
-
Eshonning dakkisi jonimdan oʻtgandan keyin qochdim. P. Tursun, Oʻqituvchi
Jonini koyitmoq
-
Qoʻshchinorliklar yoki qoʻgʻazorliklar u yoqda tursin, suvning boshida boʻladigan baqaqurulloqliklar ham oʻzi yoki ulovining jonini koyitgisi kelmas edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Jon saqlamoq
-
Oftobdan daraxtlarning tagida jon saqlamoq.
-
U hamon kovakda jon saqlab kelmoqda. Befarosat, laqma odamni koʻrsa, kovakdan sekin chiqadi, allakimdan eshitgan yangiliklarni aytadi, yana kirib ketadi. A. Qahhor, Hi-hi
Jon hovuchlamoq
-
Mirzo Yodgorning boshi kesildi. Uning tarafdorlari jonlarini hovuchlab, in-iniga kirdi. Oybek, Navoiy
Jon(i)ga ora kirmoq
-
Bular jonlarini fido qilib, minglarcha kishilarning joniga ora kirdilar. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Shunday doʻppi tor kelgan paytda Azim boyvachcha Xol-xoʻjaning joniga ora kirdi. S. Ahmad, Hukm
Jondan bezor qilmoq (yoki toʻydirmoq)
-
[Oqila:] Oʻzingiz qachon borasiz? Bolalar dada deb jonimdan bezor qilishyapti. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
Jondan bezor boʻlmoq (yoki toʻymoq)
-
Qullar ochlikdan oʻlsin, qarollar charchab, jonidan bezor boʻlsin, har nima boʻlsa-boʻlsin, senga foyda boʻlsin. S. Ayniy, Qullar
-
Ovozingni chiqarma, juvonmarg. Eshon pochchang eshitmasinlar. Nima, joningdan toʻydingmi? P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bas, pichoq borib suyakka yetdi. Boshimni egib, indamay yurganim yetar, jonimdan toʻyib ketdim. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Jonini tikmoq
-
Men jonimni yaxshilik yoʻliga tikkanman, Zokirjon. P. Qodirov, Uch ildiz
Joni yoʻq
-
Soyga qarasak, uchta baliq yotibdi: ikkitasi oʻlik, bittasining joni yoʻq. Ertaklar
-
Bir qoʻlimning joni yoʻqroq. Sening mushtingni yeya berib, jonimda jon qolgan emas. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Joni yoʻq ip. Joni yoʻq mato.
Jon olib, jon bermoq
-
Boʻtaboy kechani kecha, kunduzni kunduz demay, kolxoz uchun jon olib, jon berdi. S. Ahmad, Hukm
Bir jon, bir tan boʻlmoq
Jon achchigʻida (yoki holatda)
-
Ofitserning oʻzi ham talvasada holdan toygan edi, buning ustiga xotini polda yumalab, jon achchigʻida xirillardi. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Chekkasini zax yerga berib yiqilgan va kesak kabi hissiz qizini [qutidor] jon holatda quchogʻiga oldi: Qizim Kumush Koʻzingni och! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Jon deb
-
Agar lozim kelsa, toshkoʻmir koniga borib, koʻmir qazib keltirishga ham jon-jon deb ketar edim. A. Qahhor, Sarob
Jon koshki
Jon kuydirmoq
-
Butun jamoa bayramni munosib kutib olish uchun jon kuydirib ishlamoqda;
-
Besh bolali bir ayolning Elmurodga jon kuydirib, uni oʻz panohiga olmoqchi boʻlgani toʻgʻrisidagi gaplar Buvinisoga juda xush keldi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Jon talvasasi
Joni kirmoq
-
Uyiga suv, gaz oʻtkazib, joni kirdi. Tish oldirib, joni kirdi;
-
Kino desa, joni kiradi.
-
Ayollar: — Boʻlmasa-chi! Hammaning joni kirdi. Qamishkapada hech bunaqa tomosha boʻlgan emas, — deyishdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Jon(i)ga tegmoq
-
Musofirchilik jonga tegadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bir ish buyursang, soʻray berib jonga tegadi. Oydin, Uyaldi shekilli, yerga qaradi.
Jonim bilan
-
Agar shaharda zarur ishlaringiz boʻlmasa, men bilan bir yerga borib kelsangiz. —Jonim bilan. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Askarlikka jonim bilan boraman P. Tursun, Oʻqituvchi
Jonim tasadduq
Joʻjabirday jon
Oʻlmagan mening jonim
JON so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЖОН so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
jon so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar