kir
bilan ulashing
1. asosan j. k. bilan Yurib yoki siljib, biror narsaning ichiga, ichki qismiga oʻtmoq, oʻzini ichkari qismga olmoq.
-
Uyga kirmoq. Gʻorga kirmoq.
-
Ahmadjon boʻsh laganni dasturxoni bilan koʻtarib, qushbegi kirgan eshikdan chiqdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Bektemir tezdan oʻzini pastlikka tashladi, yugura-yugura, oʻrmonga kirdi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Yoʻl ustidan chiqib qolgan chaqqon kaltakesaklar oʻqday otilib, kavaklarga, tosh oralariga kirib ketadi. A. Qahhor, Maston
2. Narsaning orasiga, ichki qismiga yorib, teshib oʻtmoq, suqilmoq; sanchilmoq.
-
Kuliga tikan kirdi. Yer shunday qattiqki, qoziq qoqsang ham kirmaydi.
-
Tosh uchlangan qirrasi bilan bekning boshiga tushib, yarmigacha oʻyib kirib ketdi. A. Qahhor, Koʻr koʻzning ochilishi
-
Ayamay nayzani uradi Ikki emchak oʻrtasiga, Gʻarchillab nayza kiradi. Gulshanbogʻ
3. Ich tomonga botmoq.
-
Ertalabdan beri hech narsa yemagan mollarning qorinlari ich-ichiga kirgan.
-
Novcha, ikki lunji ichiga kirib ketgan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. Orasidan, qatoridan joy olmoq; qoʻshilmoq.
-
Bu maqola toʻplamning ikkinchi jildiga kirgan.
-
Ikkitasida Azimboyvachchaning oti yozilib, keyin oʻchirilgan, oxirgisida mutlaqo roʻyxatga kirmagan. S. Ahmad, Hukm
-
Bu kasbni qoʻy, uka, sartaroshlik qil devdim, mana u ham odam qatoriga kirib oldi. Guldasta
5. Ish, xizmat, oʻqish, jamiyat va shu kabilarga qabul qilinmoq; joylashmoq.
-
U dastavval institutga laborant boʻlib kirdi. Partiyaga kirmoq. Zavodga slesar boʻlib kirmoq.
-
Ammo biz ishga kirgan odamlarni joylarga ularning istagi bilan emas, idora ehtiyoji bilan yuboramiz. S. Karomatov, Oltin qum
6. Sanoq son yoki baʼzan yosh soʻzi bilan birga qoʻllanib, shu son bildirgan yilcha umr koʻrganlikni bildiradi.
-
Otam oltmishga kirdi. Qiz oʻn yetti yoshga kirdi.
-
Rahmat, yuzga kir, uvali-juvali boʻl, oʻgʻlim. Oybek, Tanlangan asarlar
7. Payt, oy, fasl bildiruvchi soʻz, soʻz birikmasi bilan qoʻllanib, shu payt yoki faslning boshlanishini bildiradi.
-
Yodgor, umri bino boʻlib, bahorning kirib kelishini shu qadar diqqat bilan kuzatmagan ekan. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Kechikib kirgan qish endi kun sayin sovugʻini kuchaytira boshlagan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Kech kirdi. Tovuqlar gʻira-shira qorongʻida pir-pir uchib, bostirma shipidagi qoʻnoqqa chiqa boshladi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Mart oʻtdi, aprel kirdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
8. Ayrim otlar bilan birikib, shu ot ifodalagan narsaning paydo boʻlishi yoki vujudga kela boshlaganligini bildiradi.
-
Koʻchatlar mevaga kirdi. Tok hosilga kirdi. Tovuq tuxumga kirdi. Yuziga rang kirmoq.
-
Iyun oyining oxiri. Gʻoʻzalar ayni gulga kirgan vaqt. N. Safarov, Uzoqni koʻzlagan qiz
-
Ishtahaga kirdi-yu, kulcha yuziga rang yugurdi. K. Yashin, Hamza
9. Oʻzi birikib kelgan soʻz ifodalagan holat, xususiyat va shu kabilarni kasb etish, shunga ega boʻlishni bildiradi.
-
Kasal uyquga kirdi. Koʻm-koʻk osmon birpasda kulrang tusga kirdi.
-
Siz kelsangiz, hovlimizga oftob chiqqanday fayz kiradi. K. Yashin, Hamza
-
Uy bekasi oʻzining asl ruhiga kirdi, jangchilarni qiyom va pechenye bilan mehmon qildi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Sevgilimni chiroyli yigit qiyofasiga kirib olgan sehrgar iblis qoʻltiqlab kelayotganidan yonib ketdim. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Uning [Beruniyning] tartibsiz, joʻshqin fikrlari muntazam bir shaklga kirib, voyaga yetdi. M. Osim, Jayxun ustida bulutlar
10. Oʻtmoq, oʻtib oʻzlashmoq.
-
Bu odatlar qardosh xalqlardan kirgan. Sut bilan kirgan jon bilan chiqar. Maqol
-
Ruscha “kandidat”, kandidatura soʻzlarining ekvivalentlari sifatida esa tojik tilidan kirgan nomzod (hozirgi maʼnosida) soʻzi qoʻllanadi. OʻTA
11. Ayrim soʻzlar (masalan, sezgi aʼzolarini bildiruvchi quloq, burun kabi soʻzlar) bilan qoʻllanganda, narsaning shu aʼzoga taʼsir etib, sezgi uygʻotishini bildiradi.
-
Gulning hidi burniga kirmoq.
-
Oʻylayman-u, miyaga hech narsa kirmaydi. Guldasta
-
Avazning qulogʻiga uning gapi kirmas, u tarsaki yegandek, shayx Saʼdiyning shoh satriga tikilib oʻtirardi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
kir soʻzi qatnashgan jumlalar:
Shu yoshga kirib
-
Men shu yoshga kirib, koʻpchilik ichida samovarchi, choy deyolgan odam emasman. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Aql (yoki aqli) kirmoq
-
Boʻyim choʻzilib, aqlim kirgan sayin koʻproq oʻylaydigan boʻlib qoldim. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Gapga (yoki soʻzga) kirmoq
-
Hazratqul yuvosh, nima desa gapga kiradigan boladan bunaqa gap chiqishini sira oʻylamagan edi, gangib qoldi. S. Ahmad, Yulduz
-
Yaxshiyam, otasining soʻziga kirgani, aks holda, Tabibiydek dono, zukko bir ustoz, oqil doʻstdan ayrilib qolish hech gap emas ekan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Goʻrga kirmoq
Yerga kirmoq
-
Sizday odamga bunday boʻhton qilgandan koʻra yerga kirganim yaxshi emasmi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Men chaqirsam, battar uyaladi, yerga kiradi, ham uning koʻziga qanday qarayman! Oybek, Tanlangan asarlar
-
Domla yer yorilib, yerga kirib ketgudek boʻlib turardi. M. Mansurov, Yombi
Yoniga (yoki qoʻltigʻiga) kirmoq
-
Qurbon ota shu ishni boshlagan vaqtda uning yoniga kiradigan odamlar paydo boʻldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Joniga ora kirmoq
-
Oʻz tanki bilan dushman zotini abjaq qilgan, nemis mudofaasini yorib oʻtib, necha yuzlab jangchilarimiz joniga ora kirgan N. Safarov, Olovli izlar
-
Bir necha oy otasi betob boʻlib qolganda, tabibi hoziq uni davolab, joniga ora kirgan edi. M. Osim, Ibn Sino qissasi
Jon kirmoq
-
Shu orada xati borib qoldi-yu, bizga qayta jon kirdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Nonni yeb, suvni ichgan bolalarga jon kirdi. J. Sharipov, Xorazm
Joni kirmoq
-
Ha-ha Pirxonada joning kiribdi-da Mazaxoʻrak boʻlib qopsan-da K. Yashin, Hamza
Yoʻlga kirmoq
-
Qoniga belangan dadangni koʻtarib kirganlarida, sen endi yoʻlga kirgan eding. Y. Shamsharov, Toshqin
-
Adolat yoʻlga kirdi degandan boshlab, topganini sandiqqa tashladi. S. Zunnunova, Olov
Tilga kirmoq
-
Sharif darrov uh tortib, tilga kirdi: — Xonim, bu osiy bandangizni afv etgaysiz S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Umar polvon oʻylanib qoldi, anchadan keyin tilga kirdi. K. Yashin, Hamza
Tushiga kirmoq
-
Tovuqning tushiga don kiradi. Nafaqa kerak boʻlsa, daromadimning yarmini oling. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
U qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqdi
-
Bu gaplar uning u qulogʻidan kirib, bu qulogʻidan chiqib ketaverdi.
Qoʻlga kirmoq
-
Yoni-veri bilan qoʻshilib, bir tanobdan moʻl yer qoʻlga kiradi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Qoʻlga kirganda, bulbulim uchdi Bahrom va Gulandom
KIR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КИР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
kir so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar