ko‘ngil
bilan ulashing
1. Kishining his-tuygʻu va kechinmalari manbai; yurak, qalb, dil.
-
Koʻnglida yaxshi niyatlari koʻp.
-
Koʻnglim quvonchlarga toʻldi.
-
Baxt, iqbol, farovonlik orzulari koʻngilda toʻla, ammo bu damda bir parcha chapatiga zorlik qanday musibat. Oybek, Nur qidirib
-
[Zaynab:] — Koʻnglimda tariqdek yomonlik boʻlsa, ertagacha yetmayin. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Nigoraning koʻnglini qandaydir gʻamgin his-tuygʻular egallab oldi. S. Anorboyev, Oqsoy
-
Aslida esa hozir uning koʻnglida bir-biriga zid, asov tuygʻular junbishga kelib, jism-u jonini goh bezovta qilsa, goh halovatli kechinmalarga gʻarq etayotgan edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
2. Feʼl-atvor, xarakter, xulq.
-
Jahldan tushgandan keyin yana yumshab qolasiz, rais, koʻnglingiz boʻsh. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
ko‘ngil soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bir koʻngli
-
Bir koʻngli, bu gapni qozi topib kelgandir, deb oʻyladi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Borgan yerigacha kuydirib bordi. Bir koʻnglim, Zahar berib qoʻydimi? deb qoʻrqdim. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngil bermoq
-
Yaxshilik koʻr, yomonlikni koʻrmagin, Bevafo dunyoga koʻngil bermagin. Oysuluv ;
-
Men tunukasoz ustamning qiziga koʻngil bergan edim K. Yashin, Hamza
-
Bir nechuk nomardga koʻngil bermagin Alpomish
Koʻngil yozmoq (yoki ochmoq)
-
Bamaʼni odam bilan gaplashib, koʻngilni yozmoq.
-
Malika koʻngil yozish uchun tez-tez ovga chiqar ekan. Bulbuligoʻyo
-
Qoʻshiq kishining koʻnglini ochadi. N. Safarov, Sharq tongi
Koʻngil yormoq
-
Shuning uchunmi dardini kimga aytishni bilmay qolgan kezlarda Avaz Mutribni sogʻinadi, unga koʻngil yoradi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Koʻngil ovlamoq
-
Koʻzingni suzib, ovloqda Poʻlatjonning koʻnglini ovlab yurgan emishsan. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
-
Toʻraxoʻja oʻrtoqlarining koʻnglini ovlashni biladigan, oʻta madaniyatli bola edi. D. Nuriy, Osmon ustuni
Koʻngil soʻramoq
-
Ali meshkobchi keyinchalik Nizomiddinning hibs etilib, Ixtiyoriddinga tashlanganini eshitib, erta bilan kelib, Meʼmorning koʻnglini soʻradi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Yodgorboyning nobud boʻlganidan bular bexabar ekan, toʻgʻri kelib, kampirdan koʻngil soʻrabman. A. Qahhor, Asror bobo
Koʻngil uzmoq
-
Bir yogʻi bular, qolaversa, volidamizning qabrlaridan koʻngil uzolmay, Kapsanchilarda qolib ketdim. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻngil uchun
-
Shahidbek goʻyo koʻngil uchun yana: — Koʻp yaxshi ekan! — deb qoʻydi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Koʻngil xushi
-
Qiz boʻlsa ham, koʻngil xushi, farzand kerakdur yigitga. Qoʻshiqlar
Koʻngil qoʻymoq (yoki bermoq)
-
Yigit shu qizga koʻngil qoʻydi.
-
— Koʻngil berganimni, yaxshi koʻrganimni oʻlganidan keyin yana ham aniq bildim. Hech kimdan uyalmay, bagʻrimga bosib yigʻladim, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngilga tugmoq
Koʻngli aynimoq
-
Yoqimsiz hiddan koʻngli aynidi.
Koʻngli bor
-
Shu yerda qolib ishlashga koʻngli borligini birdan aytishga boʻyni yor bermay oʻylandi. H. Nazir, Odamning qadri
-
Unday desa, Soliyaning pichingida ham jon bor. Axir ilgarilari aka demas ediku? Koʻngli bormikin-a? S. Anorboyev, Sherali sevib qoldi
Koʻngli buzilmoq
-
Dutor chalib oʻtirsam, Ipi uzilib ketdi, Yor seni oʻylab tursam, Koʻnglim buzilib ketdi. Qoʻshiqlar
-
Akasining bu harakatidan Raʼnoning koʻngli buzilib, qovogʻini soldi-yu, arazlagancha hovliga tushib ketdi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
-
Xondan boshqacha muomala kutgan Zuhra begim toʻsatdan koʻngli buzilib, koʻziga yosh oldi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
Koʻngli buzuq
-
Koʻngli buzuq boʻlsa, bolam, shod ayla, Yiqilganni, bolam, sen bosib oʻtma. Ravshan
Koʻngli boʻlmaslik
-
Ibn Yamin ustozining vafotidan soʻng, uning oilasini tashlab ketishga koʻngli boʻlmadi. K. Yashin, Hamza
Koʻngli boʻshamoq
-
Yigʻlab-yigʻlab, koʻngillari ancha boʻshagandan keyin: — Hasanjon bularni qayerdan topdinglar [dedi]. E. Raimov, Ajab qishloq
Koʻngli joyiga (yoki oʻrniga) tushmoq
-
Gʻulomjon hali qoʻshnisi terim boshlamaganini koʻrib, koʻngli ancha joyiga tushdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngli yoʻq
-
Aslida Shodmon otaning beshikka koʻngli yoʻq edi. H. Nazir, Koʻrmana
Koʻngli keng
-
U koʻngli keng, vazmin boʻlishni, ancha-muncha narsani ichiga bemalol sigʻdirib, hech narsa koʻrmagandek boʻlib yurishni havas qiladi. P. Qodirov, Uch ildiz
Koʻngli koʻtarilmoq (yoki oʻsmoq)
-
Sidiqjon isitmasi tushganidanmi yoki kampirning mehribonchiligidanmi, koʻngli koʻtarilib, taʼbi ochilganidanmi, juda yengil tortdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻngli koʻtarmaydi
-
Qarindoshlar, qoʻshnilar — hech kim yoqmas, hech narsani koʻngli koʻtarmas, hech narsani istamas edi. Oybek, Nur qidirib
-
Yogʻli ovqatni koʻnglim koʻtarmay qoldi.
Koʻngli ochiq yoki ochiq koʻngil
-
Yoʻlchining koʻngli ochiq, sodda yigit ekanini bilib, bolalar birin-sirin yaqinlasha boshlaydilar. Oybek, Tanlangan asarlar ;
-
odamlarga juda mehribon, koʻngli ochiq, qotmagina chol edi. S. Karomatov, Oltin qum
Koʻngli oq yoki oq koʻngil
-
Oq koʻngil odam.
-
— Salimboyvachchadan qilcha shubhalanmang, — qatʼiy dedi Tantiboyvachcha, — uning koʻngli oq. Oybek, Tanlangan asarlar
Koʻngli ogʻrimoq
Koʻngli sovimoq (yoki qolmoq, qaytmoq)
-
Doʻstidan koʻngli sovidi.
-
[Abdishukurning] Keyin Madrasa ilmlaridan koʻngli soviy boshladi, chunki imom boʻlish uni sira qiziqtirmadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Koʻngli sof (yoki toza)
-
[Gulnor:] Oʻzimdan ortiq sizga ishonaman. Siz koʻngli toza yigit, bilaman. Oybek, Tanlangan asarlar
Koʻngli sust ketdi
-
Anorga koʻnglim sust ketdi.
Koʻngli tinchidi
Koʻngli tor
Koʻngli tosh yoki tosh koʻngil
-
[Fotima:] Zolim, rahmsiz, tosh koʻngil! S. Ayniy, Qullar
Koʻngli toʻlmoq
-
Muhiddin aka allanimadan xursand boʻlib, koʻngli toʻlib chiqib ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻngli toʻq
-
Elga qoʻshilganning koʻngli toʻq, eldan ajralganning beti yoʻq. Maqol
-
— Bektemirdan koʻnglim toʻq, — dedi Ali tajang, — kallasi ishlaydi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Ishonchlaringizni oqlayman, koʻngillaringiz toʻq boʻlsin. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngli xira
-
U smena oxirida bir oz yengil tortdi-yu, lekin koʻngli hamonxira edi. A. Muxtor, Tugʻilish
Koʻngli chopmoq
-
[Gulsumbibi:] Duradgor yigitning onasi qatnay-qatnay, tinka-madori quridi. Ayniqsa, oʻshanga koʻnglim chopgan edi. Oybek, Tanlangan asarlar ;
-
— Qaygʻurma, Oftob kuyoving bunchalik suluv boʻlsa chimildiqda pechakguldek boʻlib, eriga chirmashganini koʻrarmiz! — Oh, opajon, — dedi umidsizcha oyim, — mening bunga koʻnglim chopmaydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Koʻngli choʻkmoq
-
Bolaning koʻngli choʻkdi.
-
Hayotning koʻngli choʻkib ketdi, lekin umid ipini uzgisi kelmadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngli yumshamoq
-
Mehri yurak-yuragidan ezilib, dadasining koʻnglini yumshatish yoʻllarini qidirardi. Sh. Rashidov, Boʻronday kuchli
Koʻngli yumshoq yoki yumshoq koʻngil
Koʻngli yarim (ta)
-
— Qoʻy endi, ozor berma, koʻngli yarimta, — degan edi, Asrorqul qayta avj oldi: — Koʻngli yarimta boʻlsa, miyasi ham yarimtami? A. Qahhor, Asror bobo
Koʻngli oʻksimoq
-
Qizning atrofga javdirab turgan koʻzlari xomush yerga boqdi. Qiz koʻngli oʻksidi. S. Ahmad, Mehribon
Koʻngli qattiq yoki qattiq koʻngil
-
Shu yoshga kelib, otalik mehrini juda kam koʻrsatgan qattiq koʻngil otaning yuragi birdan erib ketdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻngli qora ayn. ichi qora
-
Qaysi koʻngli qoradan chiqdi bu gaplar? A. Muhiddin, Koʻngillar
Koʻngli gʻash
-
Koʻngli gʻash, boyagi quvonchli, shirin, ammo tagi yoʻq xayollardan asar ham qolmagan edi. O. Yoqubov, Muqaddas
Koʻngliga kelmoq
-
Zoʻrlikni koʻngilga keltirmang. Sh. Toshmatov, Erk qushi
-
Oʻzing bilasan. Axir shunday boʻladi, deb koʻnglimga keltiribmanmi?! P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bu gapingiz notoʻgʻri, qori, sizning ilmingiz eskicha ilm Koʻnglingizga kelmasin-u, izvoshga eshak qoʻshib boʻlmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻngliga ogʻir olmoq
-
Qoʻying-chi oʻzingiz har bir narsani koʻnglingizga ogʻir ola berar ekansiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Qalmoqlarning koʻzicha, sen mendan zoʻr boʻlgin, qanday siyosat qilib gapirsang ham, men koʻnglimga ogʻir olmayman. Alpomish
Koʻngliga tegmoq (yoki urmoq)
-
Bular hammasi ham koʻngilga urdi, shekilli, gulzorlar boʻylab bogʻni aylana boshladi. Oydin, Fonar tagida.
Koʻngliga qaramoq
-
Mana shunaqa-da, bolaning koʻngliga qarayversangiz, haddidan oshib ketadi. Oydin, Oʻzi monand
Koʻngliga qil (ham) sigʻmaydi
Koʻngliga qoʻl solib koʻrmoq
Koʻnglida kiri yoʻq
-
Yuragida bori yuziga tepib turadigan bunday kishilarni, koʻnglida kiri yoʻq, deb maqtaydilar. P. Qodirov, Uch ildiz
Koʻnglidan kechirmoq (yoki oʻtkazmoq)
-
Endi bu hayot nimaga kerak? degan fikrni koʻnglidan kechirgandi. O. Yoqubov, Tilla uzuk
-
Tegirmonga tushsa, tirik chiqadigan odam, deya koʻngildan oʻtkazardilar. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Koʻnglidan chiqarmoq
-
Aslida esa Xolmurod sevgan qizidan hali-veri judo boʻlishni ham, u ni koʻnglidan chiqarib yuborishni ham istamasdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bola bechoraning dilini ogʻritgan edim Oʻlmasam. bir yaxshi ish qilib, koʻnglidan chiqarib yuboraman. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
Koʻnglini buzmoq
-
Bir yosh ayolning gʻam va hasrat bilan toʻla yor-yori alohida eshitilar, odamning koʻnglini buzar edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Koʻnglini koʻtarmoq (yoki oʻstirmoq)
-
Bemorning koʻnglini koʻtarib, kechqurun uyiga qaytdi. T. Ashurov, Oq ot
-
Birovi yillab saqlagan yilqi moyi topib kelib, toʻpigʻini silaydi, birovi qiziq-qiziq gaplar aytib, koʻnglini koʻtaradi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
— Xafa boʻlmang, Toʻxta xola, koʻpga kelgan toʻy, — dedi Bozorov, uning koʻnglini koʻtarish. uchun. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Bu gap Jumanning koʻnglini oʻstirib yubordi. A. Muxtor, Tugʻilish
Koʻnglini olmoq
-
Men birov bilan oshnachilik qilsam, undan jonimni ham ayamay, koʻnglini olmoqqa tirishaman. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
[Sidiqjon:] Bunaqa qoʻshmachilik sizlardan keladi. Inʼomjonga Qizimning koʻnglini ol, eridan chiqarib, senga beraman, degan kishidan keladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻnglini ogʻritmoq
-
Uka, men uch-toʻrt kundan keyin Fargʻonaga joʻnayman. Lekin san cholning koʻnglini zarracha ogʻritma, durustmi? Oybek, Tanlangan asarlar.
Koʻnglini topmoq
-
Kattarogʻini aka de — qoʻltigʻiga kir, kichikrogʻini uka de — qoʻltiqqa ol, koʻnglini top. P. Tursun, Oʻqituvchi
Koʻnglini eritmoq
Oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas
KO‘NGIL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЎНГИЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ko‘ngil so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar