o‘qi
bilan ulashing
1. Soʻz, jumla, gap, matn va shu kabilarning yozma shaklini ichda yoki ogʻzaki ifodalamoq.
-
Maqolani oʻqimoq. Qadimiy yozuvni oʻqimoq. Tovush chiqarib oʻqimoq. Oʻqib eshittirmoq. Roʻyxatni oʻqimoq. Notoʻgʻri oʻqimoq. Qiynalib oʻqimoq. Birinchi savolni oʻqidi.
-
Koʻp oʻtmay, u durustgina oʻqiydigan va uncha-muncha yozadigan boʻlib qoldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Sheʼriy yoki nasriy matnni yoddan aytmoq.
-
Yigit forscha bir bayt oʻqidi. — Bobo Uryoniy bu, bilaman! — dedi Avaz. — Boshqa oʻqi! S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Choyxonada uzun quloqli qalandar koʻzlarini yumib, yangroq ovozini baland qoʻyib, Mashrabdan gʻazallar oʻqiydi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Buvijon, duolaringizni oʻzimizning tilimizda oʻqiyversangiz, xudo tushunmasmikin-a? Guldasta
3. Diqqat bilan, tahlil qilib nazardan oʻtkazmoq; mutolaa qilmoq.
-
Diqqat bilan qayta-qayta oʻqimoq.
-
Koʻp oʻqigansiz, lekin kam bilasiz, singlim! Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Fuzuliyni yaxshilab oʻqish kerak! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Oʻzi birikib kelgan soʻzni yoki unga xos maʼnoni (mazmunni) bildiruvchi soʻzlarni, iboralarni aytmoq.
-
Laʼnat oʻqimoq. Tasannolar oʻqimoq.
-
Bu yerda ishlayotgan ekskursovodlar hamda qayiqchilar mahorati va matonatiga ofarinlar oʻqidik. Gazetadan
-
bugun Erboʻta bilan yoʻlda kelayotib, bolani esdan chiqarib qoʻyganda ham, Hayoti dilrozini oʻqiyotganda ham shu oʻy miyasida, tilining uchida edi. M. Ismoiliy, Fargʻona t. o.
5. Diniy tushunchalarni ifodalovchi baʼzi soʻzlar bilan qoʻllanib, shu soʻz ishtirokidagi jumla, gap va shu kabilarni aytmoq, unga oid holat, marosimni oʻtamoq maʼnosini bildiradi.
-
Nikoh oʻqimoq. Fotiha oʻqimoq. Duo oʻqimoq. Namoz oʻqimoq.
-
— Shariat boʻyicha nikoh xutbasi oʻqilgan, — dedi shayx K. Yashin, Hamza
-
Mansur onasining qabri tepasida uzoq oʻtirdi. Qorovul chol qurʼon oʻqiganidan keyin huvullab qolgan hovliga qaytdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
6. koʻchma Oʻz tilida soʻzlamoq (shaxsdan boshqa narsalarga nisbatan).
-
Tong yorishgani, dunyoga nur toʻlgani uchun quvonayotgandek, osmonda toʻrgʻaylar hamd-u sano oʻqiydilar M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Bir necha qaldirgʻoch Salor oqimi boʻylab uchar va uchgan koʻyi valfajri oʻqir edilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. Shaxs yoki narsaning qiyofa, holatidan biror maʼnoni anglamoq, bilmoq, tushunmoq, uqmoq.
-
Goʻyo bu sehrgar chol hamma sirni betdan oʻqib olar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Uning koʻzlarida, seni suyganimdan joʻrttaga noz qilyapman, deganday bir maʼno oʻqidi Komila. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Tabiat oʻz tilida roz aytib shuvullar ekan, yigit bundan oʻz quvonchining madhini oʻqirdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
8. Oʻquv yurtlarida tahsil olmoq.
-
Maktabda oʻqimoq. Litseyda oʻqimoq. Madrasada oʻqimoq. Beshinchi kursda oʻqimoq.
-
Qunt bilan oʻqidi. Oliy maʼlumotli boʻldi. X. Yodgorov, Hayot toʻlqinlari
-
Boʻldi! Teatr-rassomchilik institutida oʻqiydigan qiz. Xuddi oʻshaning oʻzi! Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
9. koʻchma Biror maqsadga koʻndiruvchi, ogʻdiruvchi gaplarni qilmoq, miyasiga quymoq.
-
Biz ham anoyi emasmiz, axir. Muxbirni oʻrtaga olib, rosa oʻqiymiz Mushtum
-
Keyin asta ustidan suv sochdim, tushungan xotinlar tugun koʻtarib yurmaydi, bir kilo — ikki kilo shirinlik yoki biror kiyimlik oladi-qoʻyadi, deb rosa oʻqidim. T. Alimov, Dashshoʻ
O‘QI so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЎҚИ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
o‘qi so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar