qo‘y
bilan ulashing
1. Qoʻldagi yoki umuman koʻtarib olingan narsani biror joyga oʻrnashtirmoq, joylashtirmoq.
-
Kitobingni partaga qoʻy. Yelkangdagi qopni yerga qoʻy.
-
Chelakni shu yerga koʻying, Gulnor, suvni men oʻzim eltaman. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Hasanali iljaygan koʻyi qoʻltigʻidagi zarrin choponni olib, sandal ustiga qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Belgili holatda, tartibda joylamoq, joylashtirmoq.
-
Dasturxonga non qoʻymoq.
3. Biror joy yoki narsaga tirab, taqab, qoʻndirib oʻrnashtirmoq, oʻrnatmoq.
-
Boshga savat qoʻyib yurmoq.
-
Qarol aravaning orqasiga kichkina shoti qoʻyib, oʻzi otni ushlab turdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Maston, yuki ogʻir aravani tortib borayotgan otday, oyoqlarini tirab, yuqoriga intilar, Turgʻunoy esa engashib, ikki kaftini tizzasiga qoʻyib, zoʻrgʻa-zoʻrgʻa qadam tashlar edi. A. Qahhor, Maston
-
Yoʻlchi nayni labiga qoʻyib, butun zavqi bilan chala ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
4. Foydalanish uchun biror narsa bermoq.
-
Mehmonga stul qoʻymoq. Kampir bolalar oldiga issiq non va qaymoq qoʻydi.
5. Qurmoq, solmoq.
-
Qaldirgʻoch ayvonga in qoʻyibdi.
6. Quriladigan, oʻrnatiladigan narsa oʻrnini belgilamoq, unga oʻrin qoldirmoq.
-
Uyning eshigini shu tomondan qoʻyamiz. Moʻrini qayerdan qoʻyasiz?
7. Belgili joyga, oʻringa oʻrnatmoq, mahkamlamoq; solmoq.
-
Derazaga oyna qoʻymoq. Uzukka koʻz qoʻymoq.
8. Birga, yonida olib ketmay, biror joyda qoldirmoq, tashlab ketmoq.
-
U bolasini bogʻchaga qoʻyib, ishga boradi.
-
[Yormat] Yoʻlchining hozirgina qishloqdan qaytib, singlisini xoʻjayinnikiga qoʻyib, bu yerga hangomalashish uchun kelganini bilgach, yigitning koʻnglini parishon qilishga botin-may, ancha vaqtgacha qiynaldi. Oybek, Tanlangan asarlar
9. Saqlash uchun bermoq, topshirmoq.
-
Pulni omonat kassaga qoʻymoq.
10. Qoʻlidan, quchogʻidan, ixtiyori, tasarrufi va shu kabilardan chiqarmoq, boʻshatmoq.
-
Koʻr tutganini qoʻymas, kar — eshitganini. Maqol
-
Toʻtiqiz shoxni qoʻyib yuborib, boʻgʻotdan koʻchaga qaradi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Otabek Kumushni qoʻyib, yerdagi atalani oldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
11. Nazardan, eʼtibordan, navbat va shu kabilardan chetda qoldirmoq.
-
[Qudrat:] Amaldorning oʻzi kim? U boyni qoʻyib, kambagʻalni yoqlarmidi? N. Safarov, Uygʻonish
12. Nikohni bekor qilib, xotindan ajralmoq, xotinini taloq qilmoq.
-
Shundoq xotinni qoʻyib yuborgansiz-a, afandixon. Siz ham bir kunmas-bir kun shu xotinning uvoliga qolasiz. S. Ahmad, Hukm
-
Oʻgʻlingni oldingga olsang-da, undan soʻrasang: Qaysi xotining bilan boʻlishni xohlaysan? Xohlamaganingni qoʻy! — deb. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
13. Biror ish-harakatni bajarish uchun imkon, yoʻl, erk bermoq, ruxsat qilmoq.
-
— Oʻz qilmishingizdan gapiring! — Axir, shoshmang, aytguncha qoʻyasizmi, yoʻqmi? A. Qahhor, Munofiq
-
Doʻsti afandini ovqat yegani qoʻymasdan, ustma-ust savol bera boshladi. Latifalar
-
— Zaynabnisa, — dedi [Kumush], Zaynab qaradi, — bu kishini tashqariga chiqib yotishga qoʻymang, tuzukmi? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
14. Oʻstirmoq (soch, soqol, tirnoq va shu kabilar haqida).
-
Soch qoʻymoq. Soqol qoʻymoq. Tirnoq qoʻymoq.
-
Eshikning bir tabaqasi gʻiyqillab ochildi. Qoʻngʻiznusxa moʻylov qoʻygan qora qosh bir kishining boshi koʻrindi. S. Ahmad, Hukm
-
Har yili bayramda yasan-tusan qilib, gajak qoʻyib Beshariqqa tushadigan Shovardi qizlari bayram kunlarini ham erkaklar bilan bab-baravar ketmon urib, dalada oʻtkazishdi. A. Qahhor, Oltin yulduz
15. Yoʻlini ochib, biror tomonga, narsaga yoʻnaltirmoq, yubormoq(suv, gaz, bugʻ va shu kabilar haqida).
-
Ekinlarga suv qoʻymoq.
16. (faqat buyruq maylida) Tark etmoq, tashlamoq, toʻxtatmoq, barham bermoq, yigʻishtirmoq.
-
Qoʻying shunday gaplarni! Toʻyga borsang, toʻyib bor, yomonligingni qoʻyib bor! Maqol
-
Yoz yopinchigʻingni qoʻyma, qish — oʻzing bilasan. Maqol
-
Jinniligingni qoʻy, Mutal aka! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
17. Belgilamoq, aniqlamoq (baho, narx va shu kabilar haqida).
-
Baho qoʻymoq. Diagnoz qoʻymoq. Arzon narx qoʻymoq.
-
Aʼlo oʻqisam ham, oʻqituvchimiz yaxshi qoʻydi. A. Qahhor, Ayb kimda?
18. Nom, laqab qoʻymoq, nomlamoq.
-
Ot qoʻymoq. Sarlavha quymoq.
-
Nega bunga Chittak, deb laqab qoʻydilaring? A. Qahhor, Qanotsiz chittak
19. Deb bilmoq, hisoblamoq, fahmlamoq.
-
Oʻzini yuqori qoʻymoq.
-
Otabek Usta Olimni juda yuqori darajaga qoʻygandek, uning majlisi bilan ham ancha yengillashar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Gʻafforjonning feʼli maʼlum boʻlgani uchun koʻp kishi aybni Umriga qoʻyib yurar edi. A. Qahhor, Xotinlar
20. Biror ish, vazifaga tayinlamoq, belgilamoq.
-
Navbatchi qoʻymoq. Yomondan qorovul qoʻysang, yov yetti boʻlar. Maqol
-
Shu yigit meni olib kelib, MTSga qarashli choyxonaga qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
21. Vositachi, vakil sifatida yoʻllamoq, foydalanmoq.
-
Qizga sovchi qoʻymoq.
-
Bir kun haligi sudxoʻr meni bir savdogar oʻrtogʻiga soʻratib odam qoʻyibdi. Gʻ. Rasul, Adolat
-
[Podsho:] — Qizimni oʻshanga beraman, xaloyiqqa jarchi koʻyinglar, — dedi. Ertaklar
-
Shu qishdan qoldirma, oʻrtaga, albatta, boy togʻangni qoʻy. Oybek, Tanlangan asarlar
22. Biror narsani ishga solmoq, harakatga keltirmoq.
-
Patefon qoʻymoq. Radio qoʻymoq. Televizor qoʻymoq.
-
[Yoʻlchi] Katta hovliga ters boʻlgan kamgak-panaroq joyda samovar qoʻyish, oʻtin yorish bilan mashgʻul boʻldi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
U ashulani Koʻcha bogʻidan boshladi, ovozini baralla qoʻyib zoʻr ilhom bilan aytdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Ali bor tovushini qoʻyib ashula qildi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
23. Namoyish qilmoq, koʻrsatmoq.
-
Kino qoʻymoq. Konsert qoʻymoq. Tomosha qoʻymoq.
-
Hordiq kunlari shahardan chiqadigan avtomobil shu yerda [maktab sahnida] kartina qoʻyib berar edi. A. Qahhor, Asror bobo
24. Qoldirmoq; keyinga surmoq.
-
U sutning yarmini ukasiga qoʻydi. Sigir yemdan nishxoʻrt ham qoʻymabdi.
-
Oʻzimizning Mallavoy aka bir oʻtirganda bitta koʻyni kalla-pochasi bilan yeb, terisini nonushtaga qoʻyadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
[Sidiqjon] Toʻgʻon boshiga borishni ertaga qoʻyib, kunni shu yerda oʻtkazdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
25. Muhokama, munozara va shu kabilar uchun taqdim, taklif qilmoq.
-
Shior qoʻymoq. Masalani kun tartibiga qoʻymoq.
-
U yana Oyqiz oldiga qator-qator soʻroqlar qoʻyib, oʻqishga borishini quvvatlagani uchun chin dildan tashakkur bayon qilardi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
26. Surtmoq, surkamoq.
-
Qoshga oʻsma qoʻymoq. Yaraga dori qoʻymoq. Yod qoʻymoq. Xina qoʻymoq.
-
Surma qoʻymay muncha ham, jonon, qarodir koʻzlaring. Muqimiy
-
Peshonangga baxt bitgan ekan, bolam. Boʻyi boʻyingga teng, qoshi-koʻzi surma qoʻygandek qop-qora. P. Tursun, Oʻqituvchi
27. Biror usulda, biror vosita bilan urmoq, tushirmoq, solmoq.
-
Shapaloq (tarsaki) bilan qoʻyib yubormoq. Musht qoʻymoq.
28. Biror belgi, ishora tushirmoq.
-
Soʻroq alomati qoʻymoq. Ikki nuqta qoʻymoq. Qoʻl qoʻymoq.
29. Biror holatda tutmoq, qoldirmoq.
-
Birovni yolgʻiz qoʻymoq. Tinch qoʻymoq. Boʻsh qoʻymoq. Erkin qoʻymoq. Xoli qoʻymoq.
-
Mana Yoʻlchiboy. Togʻni ursa, tolqon qiladigan yigit. Qizimizni och-yalangʻoch qoʻymasdi. Oybek, Tanlangan asarlar
30. (joʻnalish kelishigi bilan) Duchor qilmoq, yoʻliqtirmoq; qoldirmoq.
-
Tashvishga qoʻymoq. Uyatga qoʻymoq. Xijolatga qoʻymoq.
-
Oʻzim bir balodan zoʻrgʻa qutuldim-u, domla meni yana baloga qoʻymoqchi. A. Qahhor, Sarob
31. (chiqish kelishigi bilan) Biror maqsad, ish-harakat va shu kabilardan qoldirmoq.
-
Yoʻldan qoʻymoq. Mashqdan qoʻymoq. Choʻmilishdan qoʻymoq. Oʻyindan qoʻymoq.
-
Shoqosimni ishdan qoʻymaslik uchun, u ikki-uch minutda voqeani soʻzlab berdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Yosh qizni olganing bir sari, endi buni oʻqishdan qoʻyib, kurortga olib ketayotganing nimasi? A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
32. bino qoʻymoq Baʼzi otlarga birikib, qoʻshma feʼl hosil qiladi, masalan, ixlos qoʻymoq, yoʻl qoʻymoq, koʻngil qoʻymoq, mehr qoʻymoq, tanda qoʻymoq, shart qoʻymoq, oʻt qoʻymoq, qadam qoʻymoq.
33. koʻm. fl. vzf. Yetakchi feʼl bildirgan harakatning bajarilishi bilan bogʻlik turli grammatik maʼnolarni ifodalaydi.
-
Aytib qoʻy. Bildirib qoʻy. Yoʻqotib qoʻyma. Qarab qoʻydi. Kulib qoʻydi. Ayt-qoʻy. Kelmayman-qoʻyaman.
-
Usta Bahrom tomogʻini qirib, sekin yoʻtalib qoʻydi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Yoʻlakda turgan Oʻzbek oyim darvozadan moʻralab qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Ergash ishni chatoq qilib qoʻydi-da. A. Muxtor, Opa-singillar
34. Boʻlishsiz feʼldan keyin boʻlishsiz shaklda kelib, birinchi feʼldan anglashilgan harakatning bajarilmay qolmasligini bildiradi.
-
Majlislarda, xususiy suhbatlarda qoridan soʻz ochgan har bir kishi Kanizak bilan Sidiqjon mojarosini aytmasdan qoʻymas edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Bu chechak qirlari oʻz bagʻrida suzib borgan bizning Otabekni ham oʻziga qaratmay qoʻymaydir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
qo‘y soʻzi qatnashgan jumlalar:
Kim qoʻyibdi
-
[Nuri:] Men uning koʻzini oʻyib olay, oshiq-maʼshuqlikni unga kim qoʻyibdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Ogʻiz ochgani qoʻymaydi
Oʻz ixtiyoriga (yoki erkiga, mayliga) qoʻymoq
-
Oʻz erkiga qoʻying, ortiq zoʻrlamang, Erka koʻngli erk bogʻida yayrasin. Gʻayratiy
-
[Otabek] Otning boshini oʻz ixtiyoriga qoʻygan, ilgarigidek yurak oshiqishlari ichida otni tez yurishga qistamay keta beradir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻziga qoʻyib bermoq
Qoʻymay yoki qoʻyarda-qoʻymay
-
Qoʻymay kinoga olib bormoq.
-
Bir necha oy mobaynida qiz oʻzi xohlabmi yo Sidiqjon asti qoʻymagani uchunmi, bogʻga yana bir necha marta tushib chiqdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bir yostiqqa bosh qoʻymoq
Boʻyniga qoʻymoq
Gapni (yoki maslahatni) bir joyga qoʻymoq
Otimni boshqa qoʻyaman
Tishini tishiga qoʻymoq
Yuziga oyoq qoʻymoq
Oʻzini qayerga qoʻyishni bilmay
-
Qoʻying, yigʻlamang, amakingizning feʼli oʻzingizga maʼlum. Sizni eslaganda, oʻzini qayoqqa qoʻyishni bilmay, xunob boʻlib yurguvchi edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Oʻzini qoʻygani joy topolmay
-
Gʻulomjon hokimni kutgani bormadi. Uning kelishini eshitgandan beri nafrati qoʻzgʻab, oʻzini qoʻygani joy topolmay qoldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Oʻzini qoʻymoq
-
Hali sovuqdan qisilib-bujmaygan gavdalar endi oʻzini qoʻydi, yayradi. Oybek, Tanlangan asarlar
Hol-joniga qoʻymay (yoki qoʻymasdan)
QO‘Y so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚЎЙ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qo‘y so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar