ruh
bilan ulashing
1. din. Kishi hayotligida u bilan birga, vafotidan keyin esa tanadan chiqib, abadiy qoladigan koʻzga koʻrinmas narsa, kuch; arvoh.
-
Ruh tanadan chiqqach, tana oʻladi. Fan va turmush
-
Hozir uning ruhi, Sidqiyning arvohi Madina orqasidan ergashib ketayotganday koʻrinardi. Mirmuhsin, Chodrali ayol
-
Xayolan uning ruhiga sigʻinadi, undan madad istaydi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
2. Kishining ichki holatini, psixik kechinmalarini, his-tuygʻularini aks ettiruvchi kayfiyati.
-
Koʻtarinki ruh. Uning ruhi koʻtarildi.
-
Ertalabki sof havo uning ruhini yengillatib yubordi. H. Nazir, Yonar daryo
-
Umidning ularnikida mehmon boʻlganini eshitgan Hafiza birdan ruhi koʻtarilib, xursand boʻlib ketdi. Mirmuhsin, Umid
-
Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmagan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
[Yoʻlchining] Koʻksi goh yupantiruvchi kechinmalar bilan, goh butun ruhiga singgan totli hasrat bilan toʻla edi. Oybek, Tanlangan asarlar
3. Kishining ichki dunyosini, maʼnaviy qiyofasini, oʻy-fikrlarini, maslak va maqsadlarini aks ettiruvchi kayfiyati.
-
Milliy ruh.
-
Saida Zunnunovaning ijodi ham boshdan-oyoq mana shunday iftixor ruhi bilan sugʻorilgandir. Gazetadan
-
Bolalarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalaydigan oʻyingohlar kerak. Saodat
-
[Hoji] Majlisning Niyoz qushbegi ruhida borganligini yaxshi sezdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Basila Nazarovna bu qizning ruhida boʻysunuvchanlik emas, isyonkorlik borligini koʻrib, tutaqib ketdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
4. Kibr-havo, dimogʻ.
-
Manmanlik ruhi. Kattalik ruhi.
5. Kishining umumiy kayfiyati, kayf-ahvoli.
-
Ruhi soʻlgʻinning ishi soʻlgʻin, Ruhi tetikning ishi tetik. Maqol
-
Shu kuni Gavhar lanj boʻlib uygʻondi. Uning ruhi tushib ketgan, nimadan xafaligini oʻzi ham bilmas, lekin hech ishga qoʻli bormasdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Rustam qorongʻi tushib qolgan qishloq koʻchasidan ruhi choʻkkan ahvolda yurib borarkan, hadeb shu savolni takrorlardi: — Nega oladi? Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Oʻjar ruhim, jangari ruhim, Bir zumgina oʻyga tolsang-chi. A. Sher, Qadimgi kuy
6. Aʼlo kayfiyat; bardamlik, tetiklik; huzur, zavq.
-
Otabek sunbul isli sochlardan ruh olar, Kumush goʻyo uning bagʻriga singib ketgan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. koʻchma Jonlilik, fayz.
-
Navoiy uy ichiga kirishi bilan majlisga ruh kirdi. M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
-
Oʻyin qizib borar edi, uyning daricha, eshiklari beklanib, tokchalarga sham yoqilgandan soʻng, bazmning ruhi yana oshdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
8. Ortiq zavq; pafos.
-
[Sultonmurod] Doʻstining sheʼrlarida boʻlgan nuqsonlarini yedirib ketish uchun koʻproq zavq va ruh bilan oʻqishga tirishdi. Oybek, Navoiy
9. Ish-harakat, voqea-hodisa va shu kabilarning borishidagi, yoʻnalishidagi xarakterli xususiyat.
-
Zamon ruhi.
-
— Inshoollo, shu yigit mirzaboshi boʻlar! — dedi Safar boʻzchi suhbatning ruhini bilmagan holda. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Yaxshi asar yaratish uchun avvalo zamon ruhini tushunmoq kerak. Shukrullo, Javohirlar sandigʻi
-
Izlanish va ijodkorlik ruhi laboratoriya muhitini belgilaydi. Gazetadan
-
Adabiyot hamisha navqiron kuchlardan quvvat oladi, ular hisobiga boyib, yangicha ruh va yoʻnalishlar kasb etadi. Yoshlik
10. Maslak, taʼlimot, hujjat va shu kabilarning asosiy mohiyati, ular negizidagi belgilovchi gʻoya.
-
Qonunning ruhi. Konstitutsiyaning ruhi.
11. fls. Maʼnaviy-ruhiy, nomoddiy ibtidoni ifodalovchi falsafiy tushuncha; onglilik va ongsizlik birligini ifodalovchi falsafiy kategoriya.
ruh soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ruhi pok
-
Shu kuni doshqozonda osh damlanib, oʻtgan ulugʻ ajdodlarimiz ruhi pokiga duoyi fotihalar qilindi. Gazetadan
Ruhi ravon
-
Tuygʻularim tugʻyonidan bexabarsan, Tegma bir dam, goʻzal, ruhi ravonimga. T. Toʻla, Asarlar
Ruhi yengil tortmoq (yoki yengillashmoq)
-
Bugungi osoyishta uyqu Poʻlatjonga ancha quvvat kirgizdi, oʻzini tetik, ruhini yengil seza boshladi. Oydin, Sadagʻang boʻlay, komandir
-
Atrofga suqlanib qararkan, koʻngli nimadandir shodlanib, ruhi yengillashdi. Yoshlik
-
Samandarning ruhi ancha yengil tortdi, yana chorbogʻga oʻtdi. S. Karomatov, Bir tomchi qon
-
Sergey Petrovich uning koʻnglini koʻtarib hazillashar, u yerdan Adolatning ruhi yengil chiqardi. S. Zunnunova, Gulxan
Ruhi tetik
-
Uch kundan beri Alimardon shod, ruhi tetik edi. Butunlay sogʻayib qoldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bunaqa obroʻ kimning tushiga kiribdi deysiz. Ruhim tetik, bir gapirib, oʻn kulaman. S. Ahmad, Saylanma
Ruhi tushmoq yoki ruhini tushirmoq
-
Birovga aytib, tushuntirib boʻlmaydigan hasrat uyquni, darmonni qochirib, ruhini tushirib, bir holatga keltiradi odamni. A. Muxtor, Tugʻilish
RUH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
РУҲ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ruh so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar