1. Biror narsa ichiga yoki ustiga joylamoq, qoʻymoq, tashlamoq.
Narsalarni chamadonga solmoq. Dastroʻmolni choʻntakka solmoq. Pichoqni singa solmoq. Samovarga olov solmoq. Miltiqqa oʻq solmoq.
Chol xoʻp deb, boʻrini qopga solib, ustiga poxol yopib bekitib qoʻyibdi. Chalpak yoqqan kun
Boʻzoʻgʻlonning nasihatin olmadim, Shu Mahmudni zindonimga solmadim. Yusuf va Ahmad
Bir baliqchi daryoga qarmoq solib oʻtirgan ekan. Ertaklar
Nasiba bolasini belanchakka solib allalamoqda. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
Laʼlixon soat beshni moʻljallab, oshning gurunchini soldi. Oydin, Koʻngil toʻldimi, yaxshi yigit?
2. Oʻrnatmoq, qoʻymoq.
Uzukka koʻz solmoq. Ramalarga oyna solmoq. Tish solmoq.
3. Oʻtirgʻizmoq.
[Xumorxon:] Marasul aka, mashinangizga solib, bir aylantirib kelsangiz-chi! A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
4. Meʼyori bilan qoʻshmoq; quymoq.
Ovqatga tuz solmoq. Yerga oʻgʻit solmoq. Samovarga suv solmoq.
Ertalabki nonushtaga beriladigan ovqatga sariyogʻ solinmaydi. S. Ahmad, Yulduz
5. Bermoq, tashlamoq (molga beriladigan ovqat haqida).
Toshtemir quduqdan bir necha marta suv chiqarib, otlarni sugʻordi, oxurlarga beda soldi. H. Gʻulom, Feruza
6. Biror holatga tushirmoq yoki biror holatni yuzaga keltirmoq, paydo qilmoq.
Yoqubjonni avvaliga laʼnatladim, keyin oqladim. Negaki, u mening mudroqqa moyil tanimga gʻulgʻula soldi, xayollarimni ostin-ustun qilib yubordi. M. M. Doʻst, Lolazor
Yigitalining bemahal kelishi Safaralining koʻngliga bir oz shubha solgan boʻlsa ham, u quvongan boʻlib: — Yigitali keldi, Muhabbat, — dedi. N. Fozilov, Diydor
Qizning qiygʻoch qoshi, jarangli kulgilari kimlarningdir yuragiga larzalar solgan. Saodat
Kumushning bu holi bechora onaning yuragini ezar, yuz xil vasvasalarga solar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. Biror tartib, yoʻnalish, oʻlchov, vaziyat va shu kabilarga tushirmoq; moslashtirmoq.
Ishni izga solmoq.
Chunki asarning tilini bezash, oʻz uslubiga solib tarjima qilishni uslublashtirish deymiz. OʻTA
8. Yopishtirib tikmoq, ulamoq.
Uloq solmoq. Yamoq solmoq.
9. Toʻshamoq, yozmoq.
Oʻrin solmoq. Koʻrpacha solmoq. Dasturxon solmoq.
Goʻroʻgʻli bilan Sherniyozning yoʻllariga poyandozlar solishdi, izzat-ikrom bilan Qosimxonning oldiga olib borishdi. Gulshanbogʻ
Kumushni oʻrin yozishga qoʻymay, oʻzi gap toʻshakni olib, yerga soldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
10. Toʻshamoq, yotqizmoq.
Yoʻllarga shagʻal solmoq.
11. Roʻpara qilib, qaratib qoʻymoq, tutmoq.
Xatni chiroqqa solib oʻqimoq.
Qiz oʻzini oynaga soldi. Sharq yulduzi
Karim, Ota pismiq, Qoraxoʻjalar Mirolim buvaning darvozaxonasida oʻzlarini oftobga solib oʻtiribdi [dedi Said]. E. Raimov, Ajab qishloq
Togʻay kutgan hol yuz berdi: otasi shishani yorugʻga solib koʻra boshladi. Yoshlik
12. Quritish, achitish, pishirish uchun qoʻymoq.
Mayiz solmoq. Qoqi solmoq. Vino solmoq.
Jannat xola shoshib un chalib, quymoq soldi-da, boltani qoʻliga olib, toʻqayga qarab ketdi. S. Ahmad, Ufq
13. Toʻlov majburiyatini yuklamoq, belgilamoq.
Soliq solmoq. Jarima solmoq.
Menga qolsa, bu kunlarda [xalqqa] oʻttiz ikki tanga emas, oʻttiz ikki qora pul solish ham ogʻirdir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
14. Biror kimsa yoki koʻpchilik muhokamasiga qoʻymoq, hukmiga topshirmoq, havola qilmoq.
U kishi majlisga solgan ish boʻlmay qolmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
15. Biror narsa yoki kimsaga yoʻnaltirmoq, qoʻymoq.
Ovga qush solmoq.
Dobil chalib, qushlar solib kelay deb, Yolgʻiz borib qoldim Xovdak koʻlina. Gulshanbogʻ
Navkar, ot solib bordi-yu, Hasan qaygʻichini uloqday azot koʻtarib, egarga oʻngarib oldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Kecha manavi kartaga Dildor traktor solmagan edi. S. Ahmad, Ufq
16. Biror ishga, harakatga tushirmoq, yoʻllamoq, tashlamoq.
Butun kuchlarni jangga solmoq.
17. Yollab ishga tushirmoq.
[Buxgalterning xotini] Oʻzi ishlamagani-ishlamagan, yana odam solib berasan, deb har kuni xarxasha qilgani ortiqcha. Q. Maqsudov, Saodatli chamanda
Menga qarang, uyga hech usta solganmisiz? Yoshlik
18. Arqon, zanjir kabi narsalar urib, tashlab band etmoq, bogʻlamoq.
Boʻyniga sirtmoq solmoq. Oyoqlariga kishan solmoq.
Eh-he, hali shundaymi? Nuri opangiz tushini suvga aytsin, zanjir solib sudrasalar ham, boshqa yoqqa bormayman. Oybek, Tanlangan asarlar
19. Qismlarini bir-biriga tushirmoq, oʻrniga qoʻymoq.
Mashinaga ip solmoq. Koʻylakning tugmasini solib olmoq.
Bolalar tezgina eshikni yopib, orqasidan zanjirni solib qoʻydilar. Oydin, Hazil emish
20. Barpo qilmoq, qurmoq, yasamoq.
Uya solmoq. Uy solmoq.
Hozir birov imoratini oʻxshatib solsa, boshqalar ham undan qolmay deb tirishadi. N. Norqobilov, Toʻqnashuv
Amudaryo va Sirdaryoning kuyi qismi baliqlarning urugʻ tashlaydigan, yovvoyi hayvonlarning urchiydigan, qushlarning uya soladigan joyidir. Fan va turmush
21. Hozirlamoq, tayyorlamoq; qurmoq.
Chilim solmoq. Argʻimchoq solmoq.
Darvozadan oʻn besh odimlar narida darvoza beklari gulxan solib, chilim chekib oʻtiradilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
22. Zarb bilan urmoq, tushirmoq.
Tarsaki solmoq. Musht solmoq. Aylantirib solmoq. Qilich solmoq. Quloq-chakkasiga solib qolmoq.
Qoʻling qichigan boʻlsa, biqiniga solmaysanmi, betigayam urasanmi, nodon! Yoshlik
Kuching yetmas ekan, nima qilarding bellashib, tosh-posh bilan jon joyiga solmaysanmi oʻxshatib. Yoshlik
23. Chizmoq, ishlamoq, yasamoq (gul, naqsh va shu kabilarni).
Rasm solmoq.
Hozirgi oʻsmirlar har xil narsalarning surati solingan kiyimlarni koʻproq yaxshi koʻrishadi. Gazetadan
24. Osiltirmoq, solintirmoq.
Er yigitning bosh solgani — oʻlgani. Maqol
Alimardon karavotga koʻllarini tiragancha, boshini kuyi solib oʻtirardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
25. Yechmoq, olib tashlamoq, tushirmoq (kiyimni).
Koʻylak yechar, — dedi Qumri turgan kuyi va koʻylagini yechib tashladi. — Ishton solar. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
26. bot. Tugmoq, guldan meva holiga oʻtmoq.
Qovoq beshta solibdi.
Uch tup tarvuzning har biri oʻntadan solgan ekan. Chalpak yoqqan kun
27. Qoʻshma feʼllar tarkibiga kiradi.
Asos solmoq, vahima solmoq, gapga solmoq, dam solmoq, dahshat solmoq, dod solmoq, esga solmoq, qorin solmoq, quloq solmoq.
[Fazilat ona] Toʻgʻri kelgan odamning koʻksiga oʻzini tashlab, uvvos soladi. M. Hazratqulov, Jurʼat
Gulnorpari oʻtkizdi-da, kanizini gapga soldi. Gulnorpari
Normat qoʻshiqqa quloq solib, ichkaridagi odamning chiqishini kuta boshladi. S. Ahmad, Ufq
28. -a/-y yoki -(i)b affiksli ravishdosh bilan kelib, shu ravishdosh orqali ifodalangan ish-harakatning batamom yoki roʻyirost bajarilganligini bildiradi.
Bor gapni aytib solmoq.
Yaxshiboyev indamay turdi. Sezdiki, Qoʻzziboyning dardlari choʻng, dardlarini tamom toʻkib solmoqchi — tasalli kor qilmaydi. M. M. Doʻst, Lolazor
Nizomjon chidamadi. Yuragida toʻlib-toshgan gaplarni uzil-kesil toʻkib solmoqchi boʻlib, qizni izlab, yana dalaga qarab ketdi. S. Ahmad, Ufq
29. -a/-y affiksli ravishdosh bilan koʻmakchi feʼl vazifasida kelib, shu ravishdosh orqali ifodalangan ish-harakatning darhol bajarilganligini bildiradi.
Bola tura solib, uyiga qochdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Zamon kela solib, u odamdan soʻradi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Yuziga solmoq
Yaxshiboyning yuragi shuv etib ketdi. Hozir yuzimga soladi, deb oʻyladi, men oʻgʻlingni oʻqishga kiritib soʻyuvdim, diplomatlikka oʻqiyotuvdi, endi nega rassomlik qilib yuriibdi, deb aytadi. M. M. Doʻst, Lolazor
Oʻt solmoq
Qoʻyniga qoʻl solmoq
Bir-biriga solmoq
Oʻrtaga solmoq
Albatta! Umumiy majlis qilamiz, oʻrtaga solamiz. A. Qahhor, Bek
Ikkinchi marta erga chiqishim haqida birinchi ogʻiz ochgan qaynonam boʻldi. Bolalarimni oʻrtaga soldi. H. Gʻulom, Mashʼal
Kapsanchilar Bahrobodda sobiq batrak va chorakordan tashkil topgan bir kolxoz borligini, ular yer-suv, ot-ulov, asbob-uskunalarini oʻrtaga solib, sheriklik dehqonchilik qilishlarini eshitgan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Boshiga solmoq
Bu yerlarga kelgan ketmaydi omon, Boshingga solarman oxirat zamon. Malikayi ayyor
-ga solmoq
Oʻzini uxlaganga solmoq.
[Maqsud qori:] Menga qara, eshon bola, oʻzingni goʻllikka solma. X. Toʻxtaboyev, Yillar va yoʻllar
— Oʻzingizni ovsarlikka solaversangiz, hujjatni biz koʻrsatamiz, — dedi nihoyat tergovchi Yoshlik
Toshpoʻlat uning tagdor gaplariga dafʼatan tushunmadi, oʻzini loqaydlikka solib, uni quvvatlagan boʻldi. K. Yashin, Hamza
-dan olib, -ga solmoq
Bordi-yu, ishing sal ertaga qolganini bilsa toʻradan olib, toʻraga soladi. A. Muxtor, Opa-singillar
Majlis tarqagandan keyin Naimiy Onaxondan uzr soʻradi, oʻzini nodondan olib, nodonga soldi. A. Muxtor, Opa-singillar
Yoʻlga solmoq
Ahmad mahalladagi bolalarni yoʻlga solib turardi. Yoshlik
Oʻgʻlimni shu odam yoʻlga solgan, xotining bilan ajrash, degan;
Meni aldab sololmaysan yoʻlingga Malikayi ayyor
Nazar (yoki razm) solmoq
Ikki pari yuzidan pardasini oldi. Goʻroʻgʻliga qarab, bir nazar soldi. Gulshanbogʻ
Samandar hayajon ichida qizga bosh-oyoq razm soldi. S. Karomatov, Bir tomchi qon
Ogʻiz solmoq
Shu yili koʻklamda Mirhamid mirobning bevasiga ogʻiz soldi. Yoshlik
Oʻzini u yoq-bu yoqqa solmoq
SOL so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
СОЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati 35 000 dan ortiq so‘zlarning ma’nolari ibora va misollar bilan keltirilgan.
Yillar davomida “O‘zbek tili kuni”ga bag‘ishlab, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar, jurnalistlar, tarjimonlar, kopirayterlar, blogerlar va boshqalar uchun foydali loyihalarni ishga tushirishni an’anaga aylantirganmiz. Bizning jamoa Lotin.uz, Imlo.uz, Sinonim.uz, Sarlavha.com loyihalarini hukmingizga havola qilgan.
Batafsil Izoh.uz loyihasi haqidaTVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.
TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.
O‘zbek Ismlarning to‘liq, batafsil ma’nosi, kelib chiqishi, shakllari. O‘zingiz va yaqinlaringizni ismlari ma’nosini bilib oling.
Полный смысл, происхождение, формы узбекских имён. Узнайте смысл своего имени и имён близких.
DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.
DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.
O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.
Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.
O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.
С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.
O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.