tush
bilan ulashing
1. Yuqoridan, balanddan yoki biror narsa ustidan pastga tomon harakat qilmoq; yoʻnalmoq.
-
Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, yoʻlda bittasi paydo boʻlib qolsami?! O. Moʻminov, Xiyobondagi uch uchrashuv
-
Mashina shundoqqina Mengliboyning yoniga kelib toʻxtadi-yu, undan eshikni tarsillatib ochib, Hazratqul bilan Temurlang tushdi. S. Ahmad, Yulduz
-
Sen baland togʻ uzra erding misli ohu yoki qush, Yolvorib men pastda derdim: Bir nafas yonimga tush. E. Vohidov, Muhabbat
2. Chiqib joylashgan, oʻtirgan, boʻlgan joyini tark etib, yerga inmoq.
-
Samolyotdan tushmoq. Aravadan tushmoq. Tomdan tushmoq. Avtobusdan tushmoq.
-
Kechirasiz, qayerda tushmoqchilar? X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Vagondan eng keyin tushgan Ahmadjon: — Stroy [saf] boʻlmasdan shunday ketaversak boʻlmasmikan, — dedi. A. Qahhor, Oltin yulduz
3. Oʻz joyidan chiqmoq, koʻchmoq; chiqib, koʻchib joyidan ketmoq, yoʻq boʻlmoq.
-
Sochi tushmoq. Ilonning poʻsti tushibdi. Molning tuyogʻi tushibdi.
-
Buning ustiga uning [ Nafisaning] tishi tushgan — bu homilador vaqtida sodir boʻlgan edi. Mirmuhsin, Topilgan husn
-
[Yara] Usti qora qoʻtir boʻlib qotadi, u tushib ketgandan soʻng, yana teri asli, sogʻ holiga qaytadi. Gazetadan
4. Mansab, lavozim va shu kabilardan ketmoq, boʻshamoq.
-
Men xizmatdan tushgandan soʻng piyoda yurish yaxshi boʻladimi? A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
ikki haftadan soʻng boʻshashganicha qaytib keldi — Oq poshsho taxtdan tushgani bilan, oq amin aminligidan tushmapti, — dedi. A. Qahhor, Asror bobo
-
Mana, mudirlikdan tushdi-yu, xiyla odamshavanda boʻlib qoldi. P. Tursun, Oʻqituvchi
5. Mavqe, daraja, qiymat va shu kabilar jihatdan darajasi pastlashmoq, boʻshashmoq.
-
Shashtidan tushmoq. Hovuridan tushmoq. Qadri tushmoq. Ruhi tushmoq.
-
Fakultetimiz institut boʻyicha umumiy roʻyxatda beshinchi oʻringa tushib qolibdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Dunyo bozorida terilarimizning narxi tushmasa deyman. S. Ahmad, Yulduz
6. Quyi tomon yoʻnalmoq, quyi sathdan joy olmoq.
-
Shaharga tushmoq. Bozorga tushmoq. Yerga tushmoq.
-
Ular majnuntollar orasidan oʻtib, soyga tushdilar. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Kampir javob boʻlmaganidan hayron qoldi shekilli, zinalardan avaylab qadam bosib, hovliga tushdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
7. Sathning biror tomoni, oʻrnidan joy olmoq, unda boʻlmoq.
-
Yalpi shovqin bilan tortishmachoq boshlandi: qiz tomondan gumbazdek yum-yumaloq xotin belini belbogʻ bilan mahkam bogʻlab, oʻrtaga tushdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Eshqobil bunaqa davralarga koʻp tushgan. M. Hazratqulov, Jurʼat
-
Shamsi Toʻrayevich uning gaplariga quloq ham solmasdan, oldinga tushgancha loʻmbillab ketaverdi. N. Aminov, Suvarak
8. Turli tomosha va boshqalar boʻladigan, koʻriladigan joyga kirmoq.
-
Teatrga tushmoq. Sirkka tushmoq. Stadionga tushmoq.
-
Ular faqat bir marta kinoga tushishdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
U hordiq oqshomi hammomga tushdi-yu, xodmigarlardan biriga haligi soʻrogʻini berdi. A. Qahhor, Asarlar
9. Davolanish, axloq tuzatish va shu kabilar maskanga olinmoq, unda boʻlmoq.
-
Qamoqqa (turmaga) tushmoq. Milisaga tushmoq.
-
U faqat bir narsani — otasi kasal-xonaga tushganini onasiga bildirmaslikni oʻylardi, xolos. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Ehtimol, koʻp ichib qoʻyib, hushyorxonaga tushgandir. Mushtum
10. Quyi tomon yoʻnalib, osilib, sathning maʼlum nuqtasiga yetmoq, oʻsha oʻrinda turmoq.
-
Gavharning egnida guldor koʻk koʻy-lak qop-qora, uzun sochlari taqimiga tushib turibdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Hirot yigitlariga xos ixchamgina salla oʻrab olgan, sallaning zar chiziqli pechi yelkasiga tushib turar edi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Yoqimli sadoning sehriga berilib, koʻzlari sekin yumildi, boshi yana quyiroq tushdi. Oybek, Tanlangan asarlar
11. Kelin boʻlmoq; erga tegmoq, kuyovga chiqmoq.
-
Singlim tushgan yerlarga Oy boʻlayin, yor-yor Qoʻshiqlar
-
U kishi mening yangam boʻladi, akamga tushgan. Guldasta
-
Hoy, Toʻraxon, Teshaboyga tushganingizga ham uch yil boʻp qoldi shekilli. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
12. Harakat, narsani bajarmoq, qilmoq maʼnosini bildiradi.
-
Gapga tushmoq. Maqtanishga tushmoq.
-
havaskor hofizlar qoʻshiq aytdi, shoʻx yigitlar oʻyin tushdi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
-
Kechalar tongotarga qadar Halimaxon qoʻshiq aytib, Tamaraxon raqsga tushgan joylarda boʻldik. Oʻzbekiston qoʻriqlari
13. Shaxs (kimsa)da shu feʼl birikkan soʻz bildirgan holat yuz berishi, uning shunday vaziyatda qolishi maʼnosini bildiradi.
-
Sarosimaga tushmoq. Dahshatga tushmoq. Talvasaga tushmoq. Hayratga tushmoq.
-
Bu manzarani koʻrib turgan xaloyiq bir lahza hayajonga tushib, sarosimalanib qoldi. K. Yashin, Hamza
-
Bashirjon ham akaxonining bu sukutidan noqulay ahvolga tushib, lom-lim demay, unga zimdan bir qarab qoʻydi-da N. Aminov, Suvarak
14. Borlikda shu feʼl birikkan soʻz anglatgan narsaning yuzaga kelishi, boʻlishi maʼnosini bildiradi.
-
Oqshom tushib, ziyofat yarimlaganda, hovliqib hudaychi kirdi. S. Siyoyev, Avaz
-
Oraga bir lahza jimlik tushdi. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Ular sovuq tushib qolmasdan koʻzlagan manzillariga yetish uchun tolmas qanotlarini betinim silkitardilar. Gazetadan
15. Biror ish, manbadan qoʻlga kirmoq, kelmoq (pul, daromad kabilar haqida).
-
Tuzukkina tushib turadi, yashirishning hojati yoʻq. O. Moʻminov, Xiyobondagi uch uchrashuv
-
Oshi halolga tushadigan ovqat ortib qola boshladi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Oʻgʻlimning qoʻliga pul tushdi deguncha yeb qoʻyadi. Mushtum
16. Maʼlum narsa, harakat-holatning biror kimsa yoki narsa uchun shu feʼl bogʻlangan soʻz anglatgan maʼnoda boʻlishini bildiradi.
-
Yulduzingiz naq bir-biringizga toʻgʻri tushgan ekan, ikkingizning ham bir-biringizdan kamligingiz yoʻq! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Bu yosh yigit, dunyoda muhabbatni har qanday qulfga tushadigan kalitga aylantirib olgan xotinlar ham borligini bilib qoʻysin A. Qahhor, Asarlar
-
Uning surati ham asosiy maqsadga, Alisherning tabiatiga xoʻb muvofiq tushadi. Oybek, Navoiy
17. Shaxs uchun biror narsa qandaydir qiymat, miqdor bilan tegmoq, qoʻlga kirmoq, toʻgʻri kelmoq.
-
Sarf-xarajat esa oltinning oʻzidan ham qimmatga tushayotgan edi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Lekin oʻsha oʻtni sigirga yedirib, qachon sut boʻlishini poylab oʻtirgandan koʻra, oʻtning oʻzidan olsa, ham arzon, ham oson tusharkan. Shukrullo, Saylanma
-
Oʻziyam [beda] suv tekin tushdi. Oybek, Tanlangan asarlar
18. Urilmoq, tegmoq (biror narsa bilan boʻlgan zarb haqida).
-
Shu shovqin-suron orasida Bektemirovning qorni va beliga bir-ikki tepki tushdi. S. Ahmad, Hukm
-
Birdan yelkamga tushgan mushtdan uygʻonib ketdim. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Uning shapalogʻi sharaq etib Gʻulomning chap yuziga tushdi. M. Hazratqulov, Jurʼat
19. Paydo boʻlmoq, yuz bermoq.
-
[Madraimboyning] Sariq-qoʻngʻir choʻqqi soqoliga birdan oq tushdi. J. Sharipov, Xorazm
-
— Jin-pin urganmi seni? — Ahmad brigadirning yuragiga gʻulgʻula tushdi S. Nurov, Narvon
-
Suv qoʻyibman jiyda maydon burchiga, Xol tushibdir kelinchakning yuziga Qoʻshiqlar
-
Bu fojia katta kemaga tushgan darzga oʻxshardi. Mirmuhsin, Meʼmor
20. Barpo etilmoq, qurilmoq.
-
Yertoʻlalar birin-ketin yoʻqolib, oʻrniga uylar tusha boshladi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
-
Sidiqjonning diqqati terib qoʻyilgan son-sanoqsiz gʻishtga jalb boʻldi
-
Shu yerga maktab tushadi [dedi xotin] A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Kanal tushmasdan ilgari bir odam Shahrixondan tuxum koʻtarsa, Uchqoʻrgʻondan koʻrinardi, shundoq yaydoq edi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
21. Band holatga duchor boʻlmoq, ilinmoq.
-
Tuzoqqa tushmoq. Qopqonga tushmoq. Toʻdadan ajralgan toʻrga tushar. Maqol
-
Bobur Shayboniyxonning qoʻliga tushsa, tirik qutula olmasligini biladi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Orqa tomonidan oʻq yogʻdirilayotganiga Durdi qilich hayron: Nahotki qurshovga tushib qoldik, deb garang edi. J. Sharipov, Xorazm
22. Olinmoq, berilmoq (xat, ariza va shu kabilar haqida).
-
Tinglovchilardan savol tushdi. Iltimos tushdi. Taklif tushdi.
-
Oradan koʻp oʻtmay redaksiyaga shunday xat tushdi. Mushtum
-
Majlisga yana oʻn toʻqqiz kishidan ariza tushdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
23. Oʻzga uchun sarf-xarajat qilmoq, shunday sarf-xarajatga ilinmoq.
-
Xotin kishi eriga xushomad qildimi bilingki, kattaroq bir narsaga tushirmoqchi. S. Siyoyev, Otliq ayol
-
hali bitta morojniy emas, limonadga ham tushasiz Mirmuhsin, Umid
24. koʻm. fl. vzf. Harakatning qoʻqqisdan, kutilmaganda bajarilishi maʼnosini bildiradi; maʼnoni kuchaytiradi.
-
Choʻchib tushmoq. Qoqilib tushmoq. Bu soʻzlar unga yoqib tushdi.
-
— Ahmadjon ogʻa, — deb chaqirganini eshitdi. Yuragi bir sapchib tushdi. S. Siyoyev, Avaz
-
Uning kaltagina moʻylovi, qop-qora qoshi oʻziga yarashib tushgan. H. Shams, Dushman
tush soʻzi qatnashgan jumlalar:
Asir tushmoq
Ayri tushmoq
-
Koʻzi xira tortib borardi, Ayri tushib yorugʻ olamdan. X. Davron, Bolalikning ovozi
Bosh(i)ga tushmoq
-
Boshga tushganni koʻz koʻrar. Maqol
-
Nizomjon oʻz boshiga tushadigan savdolarning xuddi shu daqiqadan boshlanishini qayoqdan bilsin. S. Ahmad, Ufq
-
Dunyoning ishlari shunaqa ekan, doʻstim. Boshingizga tushgan ishlarning hammasidan xabarim bor. K. Yashin, Hamza
-
Oʻn besh yashar chogʻimda, Roʻzgʻor boshimga tushdi. Oq olma, qizil olma.
Boʻyniga tushmoq
-
Shunday qilib, movut mening boʻynimga tushib turibdi, deng?! S. Zunnunova, Yangi direktor
Yodiga tushmoq
-
— Onamni xafa qilganim yodimga tushdi, — dedi xotini yana koʻziga yosh olib. Guldasta
Yoniga tushmoq
-
koʻzlarini yerga bir lahza qadab turdi-da, keyin shartta haligi yigitning yoniga tushib, oʻynab ketdi. K. Yashin, Hamza
Zimmasiga (yoki boʻyniga, gardaniga, yelkasiga, ustiga) tushmoq
-
Toʻydan keyin boybuvaning xizmatini ikki kishilashib qildi: tashqaridagi yumushlar Xolboyning, ichkaridagilari esa yangi kelinchak zimmasiga tushdi. K. Yashin, Hamza
-
Shartnoma mazmuniga koʻra, sizning gardaningizga tushadigan bir koʻp chiqimlarni men oʻz zimmamga oldim. Oybek, Tanlangan asarlar
Izga tushmoq
-
Shu tariqa maktabda oʻqish-oʻqitish ishlari mustahkam izga tushib ketdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Iziga tushmoq
-
Keyin hayot yana oʻz iziga tushadi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Demak, Badianing iziga tushganlar bor ekan, boʻlmasa, uning qiz bola ekanini avliyodan boʻlak hech kim bilmas edi. Mirmuhsin, Meʼmor
Ishga tushmoq
-
Zavod ishga tushdi.
Ishi tushmoq
-
Odamzodning hamma vaqt bir-biriga ishi tushib turadi. S. Zunnunova, Yangi direktor
Ichi tushgan
-
Tanishimning oʻgʻli boʻlganing uchun ham siylab, qovuningni oldim Bari yoʻlda urinib, ichi tushgan. S. Anorboyev, Hamsuhbatlar
Ishqi tushmoq
-
Buning chiroyliligiga Tojiboy oqsoqolning ham ishqi tushib qolgan. P. Tursun, Oʻqituvchi
Yoʻlga tushmoq
-
Yuk mashinasi changni ikkiga boʻlib, yoʻlga tushdi. N. Qobil, Bemorlar
-
Uni birov aynitdimi, mehnatdan sovib sayoqlik yoʻliga tushdimi, bilmayman. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Savodsizlikni tugatish boʻyicha oʻqish bir qadar yoʻlga tushib oldi. K. Yashin, Hamza
Koʻngli joyiga tushmoq
-
Uning kulayotganini koʻrib, Zoyirjonning koʻngli joyiga tushdi shekilli, qarshisidagi stulga oʻtirdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Endi singlingning akasini topib kel, oʻrgilsin onang. Koʻrsatmasang, koʻngli joyiga tushmayapti. N. Safarov, Olovli izlar
Nazarga tushmoq
-
Intizomi yaxshi, ishiga ham bajonidil kirishadi-yu, nazarga tushmaydi. Shuhrat, Jannat qidirganlar
Nazardan tushmoq
-
Dastlabki kunlarda qishloq aholisining diqqati jalb boʻlgan yangi domla bora-bora nazardan tushib qoldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Terga tushmoq
-
Otlar terga tushib, kishnaganlaricha yiqila boshladi M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
Til(i)dan tushmaslik
-
Fattoh polvonning qizi Hurixon koʻzga chalinib, qirqbuloqlik yigitlarning tilidan tushmay qoldi. A. Eshonov, Bir ogʻiz soʻz
TUSH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ТУШ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
tush so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar