yer
bilan ulashing
1. (Y — katta) Quyoshdan keyingi uchinchi planeta.
-
Yer shari. Yer aylanasi. Yer Quyosh atrofida aylanadi. Yerning sunʼiy yoʻldoshi.
-
Agar Yer sharining yarmi tilla, yarmi yer boʻlib, birov mendan qaysi tomonida yashaysiz, deb soʻrasa, men ikkilanmay, yer tomonini tanlagan boʻlardim. N. Fozilov, Qush — qanoti bilan
2. Shu planetaning quruqlik qismi (suv bilan qoplangan qismiga qarama-qarshi qoʻyilganda).
-
Yer planetamizning oltidan bir qismini tashkil etadi.
3. Planetamiz qobigʻining sirtqi qatlami.
-
Yer bagʻri. Yer osti boyliklari. Qora (qaro) yerga kirgur! (qargʻish). Yer yutgur! (qargʻish). Osmon uzoq, yer qattiq. Maqol
-
Bir vaqt yer osti dukullagandek boʻldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
4. Narsalar turgan, tirik organizmlar hayot kechirayotgan yuza, sath (shaxs yoki boshqa narsalarga nisbatan).
-
Yerga palos solmoq. Tomdan yerga qulamoq. Kosa stoldan yerga tushib sindi. Yerga tushgan — yetimniki. Maqol
-
Sidiqjon boʻsagʻadan bir qadam ichkarida choʻnqaydi-da, bolani yerga qoʻyib, onasiga yoʻlladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
5. Yer sathining muayyan bir qismi; joy, hudud.
-
Toshloq yer. Obod yer. Haydalgan yer. Baland-past yerlar.
-
Yigit ufqlarga tutash yerlarni koʻzdan kechiradi. Gazetadan
-
Yaradorlarni tezda xavf-xatarsiz yerga olib chiqish zarur boʻlib qoldi. T. Rustamov, Mangu jasorat
6. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan tuproq qatlami, ekin, daraxt va shu kabilar ekiladigan joy, maydon.
-
Men ham dehqon bolasiman Otam Odil koʻr degan qoʻqonlik boyning yerini jar edi. A. Qahhor, Asarlar
-
Mehnati-la gullatar Bir tanobcha yerini. Gʻayratiy
-
Choʻl odami xuddi yantoqqa oʻxshashi kerak oyogʻi ostidagi rizqi sochilgan yerga chuqur tomir otishi lozim. Gazetadan
-
Yering boʻlsa, mehnati ham, rohati ham oʻzingniki boʻladi. Oybek, Tanlangan asarlar
7. Biror narsa band qilib turgan, egallagan oʻrin, joy; makon.
-
Daraxt bir yerda koʻkaradi. Maqol
-
Hokim choʻzilib yotgan yeridan turib, tashqari chiqdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Ofitser yiqildi va yotgan yerida qoʻlini koʻtardi. A. Qahhor, Oltin yulduz
8. Biror mamlakat, davlat, xalq, xoʻjalik va shu kabilarga qarashli hudud.
-
Qoni, eti., yeri, tili., bir boʻlgan bir xalq nima uchun ikki dushman guruhga boʻlinib, bir-birining qonini toʻkadi? Oybek, Navoiy
-
Oʻn uch xoʻjalik yerini qoʻshibdi traktor bir yarim kun ishlab, tizza boʻyi haydab beribdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
9. Biror narsaning yoki aʼzoning ayrim qismi, oʻrni, nuqtasi, joyi.
-
Gilamning bir yerida dogʻi bor. Haq — yerini topar. Maqol
-
Xat sakkiz buklanib, qizil ipak bilan bir-ikki yeridan chatilgan va Otabekka atalgan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Besh yeridan oʻq yeganiga qaramay yer bagʻirlab ketishdi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Hoji xola oʻz tarjimayi holining juda koʻp yerlarini tashlab ketdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
10. Ish joyi, muassasa, tashkilot.
-
Ish-lagan yeridan hujjat keltirmoq. Biror yerga arz qilmoq.
-
[Badriy:] Sizlar bilan boshqa yerda gaplashaman! Z. Said, N. Safarov, Tarix tilga kirdi
11. koʻm. vzf. (joʻnalish, oʻrin-payt, chiqish kelishigi shaklida) Payt, oʻrin, sabab kabi munosabatlarni bildiradi.
-
Kutilmagan yerda shaharning aʼyonlaridan boʻlgan Salim sharbatdor deganning Komilbek ismli oʻgʻlidan sovchilar kelib qoldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Roʻzimat aytmoqchi, gap boshqa yerda boʻlishi ham mumkin. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Sariq atlasni kiyishga chogʻlab koʻrgan boʻlsa-da, biroq koʻylakni olgan yerida bu fikrdan qaytdi. K. Yashin, Hamza
yer soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yer bilan yakson boʻlmoq
Yer boʻlmoq
-
Elga qoʻshilsang, er boʻlasan, eldan ajralsang, yer boʻlasan. Maqol
-
Koʻp ogʻiz bir boʻlsa, bir ogʻiz yer boʻlar. Maqol
Yerga urmoq
-
Men nomus-orimni yerga urgan dushmanimning qonini oʻz qoʻlim bilan toʻkishim kerak K. Yashin, Hamza
-
Qoʻysangiz-chi. Oʻzingizni juda ham yerga urib yubordingiz-e. K. Yashin, Hamza
(Yuzini) Yerga qaratmoq
-
El-yurt ichida olamga dovrugʻi ketgan otamning yuzini yerga qaratdi. K. Yashin, Hamza
-
Vatanning amri shu, burchingni bajar, Oxiri yuzimni yerga qaratma! Gʻayratiy
-
Uyalmaysanmi Men falonchiga tegaman, deb ota-onangni yerga qaratib qoʻyishga! Hamza, Paranji sirlari
Yer ostidan qaramoq
-
Ertoyev yigitlarga yer ostidan bir qaradi-yu, peshonasidagi ajinlari yozilib, kutilmaganda xushnud jilmaydi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Yer(ning) tagida(n) boʻlsa ham
-
Ma, laylak, yer tagidan boʻlsayam, ikkita vino topib ke. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Yer tishlamoq
-
Bombardimonda yuzlab fashist soldat, ofitserlari yer tishladi.
Yer chizib qolmoq
-
Kamol qozi ancha past tushib, Safoxon toʻra oldida yer chizib qoldi. K. Yashin, Hamza
Yer yuzi
-
Bu xabar butun yer yuziga tarqaldi. Yer yuzidan kelayotgan xabarlar.
Yer qilmoq
-
Siz rahbarsiz! Meni bir imo bilan yer qilib qoʻyishingiz mumkin. S. Nurov, Narvon
Burnini yerga ishqamoq
Gapni bir yerga qoʻymoq
Osmon yiroq (uzoq), yer qattiq
-
Ibn Yamin tabiblik, Jahonbuvi doyalik qilishdi. Lekin bu bilan ham murod hosil boʻlmadi. Osmon uzoq, yer qattiq edi! Sal kunda olti bola olamdan oʻtdi. K. Yashin, Hamza
Soʻzini (yoki gapini, iltimosini) yerda qoldirmoq
-
Oyim buvimning soʻzini yerda qoldirmadi-yu, oʻylab-oʻylab, oxiri Damirni topdi. H. Nazir, Yonar daryo
-
Gavhar uning qorongʻida gʻira-shira koʻrinib turgan mehribon chehrasidan bu safar ham iltimosini yerda qoldirolmaganini tushundi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Tuyaning dumi yerga tegganda
Qolgan yeridan
-
Ana endi uyquni qolgan yeridan olavering S. Siyoyev, Yorugʻlik
YER so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЕР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
yer so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar