yurak
bilan ulashing
1. anat. Odam va hayvonlar koʻkrak qafasi ichida joylashgan, ularning qon aylanish sistemasidagi muskul qopchiqqa oʻxshash markaziy aʼzo.
-
Sogʻlom yurak.
-
Yurakning urishi.
-
Yurak kasalligi.
-
Yurak klapani.
-
Yurak bir-biri bilan tutashmaydigan ikki qismdan iborat boʻlib, bu qismlar bir-biridan yaxlit toʻsiq bilan ajralgan. Anatomiya
-
Yurak — zarur narsa.
-
Yurak baquvvat boʻlsa, ish ham unumli boʻladi, kishi charchamaydi. Uygʻun, Soʻnggi pushaymon
-
Kumushning harorati kuchli, yurak urishi favqulodda tez edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. koʻchma Kishining his-sezgisi, ruhi, kechinmalarining ramziy markazi, ular saqlanadigan joy; qalb, dil.
-
Paxtazorda boʻlib oʻtgan janjal Oyqiz yuragida chuqur iz qoldirdi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Qisman u [Zebo] haqli edi. Zotan asrlar fojiasi va quvonchi boʻlgan muhabbat juda qadimiy narsa boʻlsa ham, har bir yurakda misli koʻrilmagan oʻziga xoslik bilan barq uradi. Shuhrat, Shinelli yillar
-
Xatolari, nuqsonlari koʻp boʻlsa ham, yuragi asl koʻrinadi. Uygʻun, Navbahor
-
Ahmad oʻrtadagi adovatni unutib, yuragini ochdi. F. Musajonov, Himmat
-
Yuragidagini dangal toʻkib solayotgan qizning haqqoniy soʻzlari Sherzod Qambarovichga ogʻir botardi. Oʻ. Usmonov, Sirli sohil
3. Qoʻrqmaslik, jasorat va shu kabilar ramzi.
-
Obbo siz-e, hali shu yurak bilan yuribsizmi Mushtum
-
Men uning Oʻtapboy qushbegiga qilgan muomalasini eshitib, yuragingga balli, degan edim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. koʻchma Biror narsaning asosi, markazi.
-
Axir Lekin shahri yangi xalq Xitoyining qudratli va ulkan mamlakatning yuragi-ku. T. Joʻrayev, Ulugʻ Xitoyda
-
Ha, ular Toshkent temir yoʻl ustaxonasi Turkistonda qoʻzgʻolonning yuragi ekanini tushunadilar. N. Safarov, Sharq tongi
5. so‘zlashuv tili Qorin, oshqozon.
-
Uning yuragi gʻijimlab ogʻriyapti.
yurak soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yuragi achimoq (yoki achishmoq)
-
Otabekni bu ahvolda koʻrib, Kumushning yuragi achidi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
oʻsishi mujmal, allaqanday kasalsimon gʻoʻzalarni koʻrar, yuragi achishar edi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Yuragi betlamaslik
-
Shundan-shunga chopib kelib, maktab direktoriga uchragani yuragim betlamadi. R. Azizxoʻjayev, Yashil chayla.
Yuragi yorilmoq
-
Uning vahimasidan yuragim yorilay dedi;
-
Baʼzi vaqt, Yoʻlchivoy, yuragim tars yorilguday boʻladi, dunyo koʻzimga qorongʻi koʻrinadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Yuragi jiz etmoq
-
Ertalab bu soʻzlar gʻashini keltirgan edi, hozir ham yuragini jiz ettirolmadi. O. Yoqubov, Izlayman
Yuragi jigʻ etmoq
-
Shunda koʻzlar koʻzga toʻqnashdi, Gʻulomjonning yuragi jigʻ etib ketdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
har kuni salomga kiradigan boʻlib qoldi. Har kirgan-da, soʻyib kelmadimikan, deb yuragim jigʻ etib ketadi. A. Qahhor, Asarlar
Yuragi zir etmoq
-
Tantiboyvachchaning yuragi zir etib ketdi. Asabiylanib, oʻzgargan tovush bilan bobilladi Oybek, Tanlangan asarlar
Yuragi yoʻq
Yuragi keng
-
Yuragingiz muncha ham keng boʻlmasa, koʻzingizga uyqu kelmaganiga hayronman. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Yuragi kuymoq
-
Issiqda uzoq yoʻl bosib, yuragim kuydi;
-
Yuraklari kuyib ketib Temurxon, Vo bolam, deb mayib norday yigʻlaydi. Hasanxon
Yuragi orziqmoq
Yuragi orqasiga tortmoq
-
Saroy mulozimini koʻrgach, uning yuragi orqasiga tortib, eti seskanib ketgan edi. M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
Yuragi poʻkillamoq
-
Har yili jiyda guli vaqtida, Soy toshib, yoʻl bekiladigan boʻldi, deb yuraklarimiz poʻkillab turadi. Mushtum
-
Yuragi yana poʻkilladi. Toshkentning toʻrt dahasi taniydigan davlatmand bu kishining oldiga qanday kiradi? Oybek, Tanlangan asarlar
Yuragi siqilmoq
-
oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas, Buxoroda yuragi siqilib, yolgʻizlik azobini torta boshladi. Mirmuhsin, Meʼmor
Yuragi taka-puka boʻlmoq
-
Shu kapalarga yaqinlashgan sayin Sidiqjonning yuragi taka-puka boʻla boshladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Yuragi tipirchilamoq
-
Aziza yuragi tipirchilab kiyindi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Yuragi tor
-
Anzirat xola ham yuragi torgina bir kampir, boʻlar-boʻlmasga xarxasha qiladigan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Yuragi toshmoq
-
Baʼzan yuragi toshib, butun dardini Unsinga ochishni istaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
Yuragi tutday toʻkilmoq
-
Xuddi birov: E, oʻl-a, shunaqa-da, chiroyli yigitni koʻrsang, yuraging tutday toʻkiladi — deb taʼna qila-yotganday qizardi. A. Qahhor, Sarob
Yuragi uvushmoq
-
Mana shuni oʻylasam, allaqanday boʻlib ketaman, yuragim uvushadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Yuragi chiqmoq
-
— Ot opqochdi, — dedi Badia. — Yuragimiz chiqib ketdi-ku! Mirmuhsin, Meʼmor
-
Bu xabarni eshitib, xursandlikdan yuragi chiqib ketdi.
Yuragi chopmoq
-
Ammo adresi tayinsiz bu kelinga ham yurak chopmay turibdi. Mushtum
Yuragi shuv etmoq (yoki shigʻ etmoq, shuvullamoq, shigʻillamoq)
-
Bashirjonning yuragi shuv etib, kayfi uchdi. N. Aminov, Suvarak
-
Bir odamning toʻnkarilib yotganini koʻrdi. Yuragi shigʻ etib, orqasiga tortib ketdi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Saodatxonning yuragi shuvullab ketdi. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Birov Qumrinisa, desa kampirning yuragi shigʻillab ketadi. Mirmuhsin, Bir xumcha tilla
Yuragi oʻynamoq
-
Otini qutidorning yoʻlagiga yetaklar ekan, negadir yuragi oʻynab ketdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Shu savol boshiga kel-gapda, koʻziga toʻsatdan Kanizak koʻrinib, Sidiqjonning yuragi oʻynab ketdi: Bordi-yu shu boʻlsa-chi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Vahima qilavermanglar, yuragim oʻynab ketyapti Mirmuhsin, Meʼmor
Yuragi qinidan chiqmoq
-
Margʻilon darvozasidan kirishi bilan uning holi oʻzgara boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yuragi qon
-
Ertadan beri toʻppi, qiyiqcha, jiyak tika berib, yuragi qon boʻlgan qizlar Oydin, Hikoyalar
Yuragiga sigʻmaslik
-
Yuragimga sigʻmaydi, sigʻmaydi yuragimga hech narsa! A. Qahhor, Asror bobo
Yuragiga qoʻl solmoq
-
Bir kuni u shu arteldagi Masʼuda degan qizning yuragiga qoʻl solib koʻrdi. Mushtum
Yuragida kiri yoʻq
Yuragini boʻshatmoq
-
Oʻrmonjon koʻp ham toʻlib-toshib yurgan ekan, yuragini rosa boʻshatdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Yuragini yormoq
-
Chernetsov jangchilar oldidan uzoqlashgach, Emin Normatga: — Nega yuragimni yorgan edingiz, komissar indamadi-ku, — dedi. I. Rahim, Chin muhabbat
Yuragini ochmoq
-
Albatta, u oʻz yuragini hech kimga ocha olmagan. Dardini oʻz ichiga yutgan. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Asqar polvon ham yuragini ochdi — yolgʻizgina qizchasini sogʻinganini soʻzladi. Oybek, Quyosh qoraymas
Yuragini tirnamoq
-
Oʻzini qayoqqa qoʻyishini bilmay, yuragini tirnagan kechinmalari bilan hovlida kezdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Yuragini changallamoq
-
Hayot qozonni yuvdi-yu, qopqogʻini yopib, kirib ketdi. Endi boʻsh sahn-u, uning etagida yuragini changallab oʻtirgan Gʻulomjongina qoldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Yuragini ezmoq
-
Kumushning bu holi bechora onaning yuragini ezar, yuz xil vasvasalarga solar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yuragini hovuchlab
-
Doim oyim bechora yuraklarini hovuchlab oʻtirardilar. E. Raimov, Ajab qishloq
Yurak oldirmoq
-
Bir doʻqqa shunchalik yurak oldiribsiz, yashang-ye, rais aka! S. Anorboyev, Oqsoy
Yurak tepishi
-
Jannat ona eshikni ochib, uyga kirganda, u ohistagina zambil ostidan chiqdi, uning yurak tepishi hali ham shiddatli edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yurak yutib
-
Nahot siz bu ishga bosh qoʻshib, yurak yutib, mening ostonamga kelsangiz? K. Yashin, Hamza
Yurak oʻynogʻi
-
Bir kuni uyda yotib, yaxshi uyqusi kelmay, yurak oʻynogʻisi qoʻzib chiqqan ekan. H. Nazir, Yonar daryo
-
Eʼzozxonning yurak oʻynogʻi hadeganda bosila bermadi. H. Gʻulom, Mashʼal
Yurak buruq
-
Sogʻliqni saqlash boʻlimidan choʻponlar oʻrtasida yurak buruqqa qarshi profilaktika oʻtkazish toʻgʻrisida koʻrsatma bor. S. Anorboyev, Oqsoy
Yurak ogʻrigʻi
YURAK so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЮРАК so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
yurak so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar