bo‘l
bilan ulashing
1. Yuz bermoq, voqe boʻlmoq.
-
Kecha majlis boʻldi. Bugun bir qiziq voqea boʻldi.
-
Bir oydan keyin xuddi mana shu katta bogʻda dangʻillama toʻy boʻldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Boʻldi kulgi! Ayniqsa, Mirrahimov zavq qilib kuldi A. Qahhor, Asarlar
2. Kelmoq, boshlanmoq; oʻtmoq, kechmoq (fasl, davr, payt va shu kabilar haqida).
-
Bahor boʻldi. Kech boʻldi. Vaqt boʻldi.
-
Buvaydadan chiqib ketganimga yigirma yildan oshgandir, koʻp ham boʻlgandir. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Baholanmoq, biror narxga olinmoq yoki sotilmoq.
-
Sigir qancha boʻldi? — Arzon boʻldi. Boʻlishi qancha? — Olavering, ot bilan tuya boʻlarmidi!
4. Amalga oshmoq, bitmoq.
-
Boʻladigan ish. Boʻlmaydigan ish. Hamma ish bir haftada boʻladi. Oʻqish qanoat bilan boʻladi.
-
Shunaqasiz-da, boʻlmaydigan gapga ishonib, boʻladiganiga ishonmaysiz. S. Ahmad, Hukm
-
Endi boʻlar ish boʻldi, Asrorqul otaga aytmang. A. Qahhor, Asarlar
5. Taxt holga kelmoq, tayyor boʻlmoq, bitmoq.
-
Qishligimizni hozirdan gʻamlab oldik. Kiyim-kechagimiz boʻldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
6. Yetarli boʻldi deb hisoblamoq; toʻymoq.
-
Oshni oling! — Rahmat, men boʻldim
7. koʻchma (chiqish kelishigidagi soʻz bilan) Toʻymoq; koʻrib-bilib hafsalasi qaytmoq; joniga tegmoq.
-
Men doridan boʻldim. Men hammalaringdan ham boʻldim.
8. Tugatmoq, oxiriga yetkazmoq.
-
Ishim koʻp emas, bir-ikki soatda boʻlib qolaman.
-
— Mana, boʻldi, — Muqaddam igna oʻrnini spirtli paxta bilan artib jilmaydi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
9. Yaramoq; toʻgʻri, muvofiq kelmoq.
-
Bu ish menga boʻlmaydi Bu palto senga boʻladi. Oʻziga boʻy boʻlmagan, oʻzgaga yeng boʻlmas. Maqol
10. Ega boʻlmoq; bor, mavjud boʻlmoq.
-
Boʻlgani shu, boshqa yoʻq. Bunday yordamchining boʻlganidan boʻlmagani yaxshi.
-
Buning oʻrniga hidlar tarkibida boʻlgan zarralardan foydalansa boʻlmasmikin? X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Dehqonning oti boʻladi-yu, ishga solinmaydimi? M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
11. Biror joyga borib, tashrif buyurib, maʼlum vaqt turmoq, qoʻnmoq, yashamoq.
-
Xorazmda koʻp boʻlganman. Hayvonot bogʻida boʻlmaganman.
-
Siz bizning hovlida boʻlganmisiz? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
— Koʻp martalab mehmon boʻlgandim, — dedi qutidor, — ul vaqtda bobongiz ham hayot edilar, A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Dadang bu yerda ham, shahar hovlimizda ham boʻlgan. Oybek, Tanlangan asarlar
12. Biror-bir tadbirda ishtirok etmoq, qatnashmoq, hozir boʻlmoq.
-
Toʻyda boʻldingizmi?
-
Yaxshi, sen bu toʻrtovining oʻtirishlarida boʻlganmiding? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
13. Oʻsmoq, bitmoq (oʻsimlik, hosil haqida).
-
Bizning yerlarda xurmo boʻlmaydi. Oʻzbekistonda paxta yaxshi boʻladi. shl Bu yerga anjir ek, laganday boʻlmasa, kallamni ol. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
14. Biror darajaga yetmoq, oʻz nasliga tortmoq.
-
Odam boʻlmoq. Oʻqib injener boʻlmoq. Otang bolasi boʻlma, odam bolasi boʻl. Maqol
-
◆ Universitetni bitiraman, kandidat, doktor boʻlaman. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
15. (chiqish kelishigidagi soʻz bilan) Dunyoga kelmoq, tugʻilmoq.
-
Choʻridan boʻlgan bola., uning ustiga — qiz, biyning shaʼniga isnod edi. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
— Hoy, mingboshining haromidan boʻlgan qizi, qanisan, bu yoqqa kel! — oʻshqirdi boyvachcha. K. Yashin, Hamza
16. (chiqish kelishigidagi soʻz bilan) Kelib chiqmoq, tugʻilmoq.
-
Salomat Namanganning Chortoq qishlogʻidan boʻladi. S. Ahmad, Hukm
17. Biror harakat yoki narsaning yetarli boʻlganini, meʼyordan oshganini, qoniqqanlikni, mamnunlikni ifodalaydi.
-
Boʻldi, ketmonlarni bir yerga toʻplanglar, ketdik. S. Karomatov, Oltin qum
-
— Boʻldi, — qiz kula-kula kafti bilan yuzini toʻsdi. — Boʻldi, Marat aka, tavba qildim Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
E, boʻldi-boʻldi. Shodibekning oʻgʻliman, deng? E. Raimov, Ajab qishloq
-
Mana, Ermat ota, mana bu ish boʻpti-da. P. Tursun, Oʻqituvchi
18. Biror harakat, tadbirni maʼqullamoq, unga qoʻshilmoq.
-
Boʻpti, boradi! Biroq Xoʻjabekova koʻnarmikan? S. Anorboyev, Oqsoy
-
Boʻpti. Sizning tashabbusingizni quvvatlaymiz. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
— Xoʻp boʻladi, — dedim-u, oʻrnimdan turdim. E. Raimov, Ajab qishloq
19. Sifat turkumidagi soʻzlar bilan birikib, qoʻshma feʼl hosil qiladi, masalan,
-
hayron boʻlmoq, xursand boʻlmoq, kir boʻlmoq. Oz boʻlsin, oz boʻlsa ham, soz boʻlsin. Maqol
-
Jonim bilan, Rustamjon aka. Bundan koʻnglingiz toʻq boʻlsin. K. Yashin, Hamza
-
Shov-shuv koʻtarma! Dadang xabardor boʻlib qolsa, yaxshi boʻlmaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
20. -(a)r, -(a)digan, -(y)digan, -moqchi affiksli feʼllar bilan qoʻshilib, istak, mayl maʼnolarini bildiradi.
-
U [Otabek] koʻz yoshlarini toʻxtatmoqchi boʻlar edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Shundan keyin chetdan kelgan odamlarga hushyor koʻzim bilan qaraydigan boʻldim. Mushtum
-
Uy qiladigan boʻlsangiz, mening koʻnglimga ham qarang-da. A. Qahhor, Asarlar
-
Gulsumbibi qizi dam olgandan keyin, kechasi yoki ertaga astagina bildirmoqchi boʻldi. Oybek, Tanlangan asarlar
21. -day, -dek affiksli feʼllar bilan qoʻshilib, ish-harakatning jarayoni, holatini bildiradi.
-
Hamroqul suvni ichib, bir oz oʻziga kelganday boʻldi. A. Qahhor, Asarlar
-
Nogoh Bektemir dahshatli tushdan uygʻongandek boʻldi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Turib-turib, goho uni tushimda koʻrganday boʻlaman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
22. -(i)b affiksli ravishdoshdan keyin koʻmakchi feʼl vazifasida kelib, ish-harakatning tugallanganligini bildiradi.
-
Samandarov xatni oʻqib boʻldi, uning ustiga kaftini qoʻyib, Toʻlagan akaga qaradi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Ayol paxtasini toʻkib boʻlguncha, Gʻulomjon unga yer ostidan razm solib turdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
23. Boʻlishsiz shakllarda kelib, ish-harakatning amalga oshirilishi qiyinligini yoki mumkin emasligini bildiradi.
-
It ogʻzidan suyak olib boʻlmas. Maqol
-
Soʻz chumchuq emas, Ogʻizdan chiqsa, tutib boʻlmas. Maqol
-
Yoz yomgʻiri loy boʻlmas, Oʻgʻri aslo boy boʻlmas. Maqol
-
U yigʻlab yubormaslikka har qancha harakat qilsa ham, boʻlmadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
24. Ot kesim tarkibida bogʻlama vazifasida keladi.
-
Oʻktam Abdullayev maktabga direktor boʻldi. Bu kishi bizning togʻamiz boʻladilar.
-
Erkak odam bir soʻzli boʻladi. S. Ahmad, Ufq
-
Bola vujudi nozik boʻladi. Gazetadan
-
Xotin kishining koʻz yoshi shirin boʻladi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
/Qushbegi:] Qutidor bilan Otabekning kimi boʻlasiz, singlim? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
bo‘l soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bor boʻling
Boʻlgan ekan
-
Iya-iya, ulugʻ, siz ham shu gapni aytdingizmi? Sizki shundoq desangiz, rosa boʻlgan ekan-da. S. Ahmad, Hukm
Yoʻl boʻlsin
Muborak boʻlsin
Osh boʻlsin
Shu-shu boʻldi-yu
Qutlugʻ boʻlsin
Bilan boʻlmoq
-
Yo men bilan boʻl, yo u bilan boʻl;
-
Toʻpaniso Sidiqjonning soʻzini eshitmagan va oʻz uyi ʼbilan boʻlib, boshqa yoqqa qarab oʻtirgan edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-sa boʻlgani
-
U kelsa, boʻlgani. Yomgʻir yogʻmasa, boʻlgani.
-sa boʻladimi
-
Saharga yaqin Achchida ketayotgan edim, roʻparamdan yoʻlbars chiqib qolsa boʻladimi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Rohilabuvi oʻlgur, tikib kiyib olsa boʻladimi! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
1. Butunni (sindirib, qirqib, yorib yoki biror boshqa yoʻl bilan) boʻlaklarga ajratmoq, boʻlak-boʻlak qilmoq.
-
Patirni toʻrt boʻlmoq. Qogʻozni ikkiga boʻlmoq.
-
Sherzod qilichi bilan sherni ikkiga boʻlib tashladi. Ertaklar
-
Yuk mashinasi changni qoq ikkiga boʻlib, yoʻlga tushdi. N. Qobul, Bemorlar
2. Maʼlum qismlarga, guruhlarga ajratmoq, taqsimlamoq.
-
Asarni boblarga boʻlmoq. Bolalarni guruhlarga boʻlmoq.
3. mat. Boʻluv amalini bajarmoq, yechmoq.
-
Katta sonni karrali kichik songa boʻlmoq.
4. Oʻrtada taqsim qilmoq, ulashmoq.
-
Daromadni boʻlmoq. Merosni boʻlmoq.
-
Xotinlar dasturxondagi tuz, may iz va choyni boʻlib olishdi. S. Ahmad, Hukm
-
Yigitlar istehkomga borishib, oʻq-dorilarini boʻlib olishdi. Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi
5. Tashkilot, muassasa, korxona va shu kabilarni kichikroq mustaqil qismlarga, boʻlimlarga ajratmoq.
-
Institutni ikkiga boʻlmoq.
6. koʻchma Gap, soʻz, suhbat va shu kabilarni toʻxtatib yoki kesib qoʻymoq.
-
Eshikdan kirib kelgan maxdum ularning soʻzini boʻldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Bektemirov gapini tugatmagan ham ediki, Tursunboy ota kelib, suhbatni boʻldi. S. Ahmad, Hukm
7. Shaxsning xayoli, fikri, oʻyi va boshqalarga xalaqit bermoq, uni chalgʻitmoq.
-
Yoqimsiz, jirkanch kulgi Ahmadning xayolini boʻldi. F. Musajonov, Himmat
-
Hamisha ish chogʻida kelib, fikrimni boʻlasan. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Gʻayrat uning fikrini boʻlmaslik uchun, miq etmay bormoqda. M. Hazratqulov, Jurʼat
BO‘L so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БЎЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bo‘l so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar