bos
bilan ulashing
1. Ustiga oyoq qoʻymoq.
-
Bemahal yurgan goʻng bosar. Maqol
-
Qurbaqani bossang, vaqirlaydi. Maqol
-
Ot bosgan yerni toy bosadi. Maqol
-
Koʻrmayin bosdim tikanni, Tortadirman jabrini. Oq olma, qizil olma
-
Muhiddin asfalt yuzidagi oq muz donachalarini bosib, telefon stansiyasi tomon yurib ketdi. R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi
-
Zulayho yalang oyoqlari bilan poyani chip-chip bosib, uning tepasiga keldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
2. Ustidan yurib, oʻtib ezmoq, shikastlamoq yoki oʻldirmoq
-
Bu qanday maynabozlik! Bosib-yanchib oʻtabermaysanmi? Oybek, Tanlangan asarlar
-
Mashina olganiga ikki oy boʻlgan boʻlsa, shu ikki oy ichida naq beshta tovuq, yettita mushuk bosdi. S. Ahmad, Togʻlarda
-
Mansur kuz chechaklarini bosib borarkan, tagʻin Gavharni oʻyladi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
3. Qoʻl bilan ushlab turmoq, ezgʻilamoq, boʻgʻmoq.
-
Chap qoʻlim bilan qattiq bosib turdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Polvon uni bir tepib, yerga agʻanatdi-yu, boʻgʻzidan bosib turaverdi. S. Siyoyev, Avaz
-
Engashibroq ikki qoʻllab Sheralining toʻpiqlari atrofini bosib turdi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Tabib darrov koʻzini yumib, barmogʻi bilan bosdi. A. Qahhor, Asarlar
4. Kuch bilan itarmoq, siqmoq.
-
Tugmani (tugmachani) bosmoq. Qoʻngʻiroqni bosmoq.
-
Sulaymonov trubkani qoʻyib, tantanali ravishda knopkani bosdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Kabir Otaqulovich ikki tavaqali koʻk eshik chekkasidagi tugmachani bosdi. U. Usmonov, Sirli sohil
-
Ahmad odati boʻyicha qoʻngʻiroqni uch marta ketma-ket bosdi. F. Musajonov, Himmat
-
Jahl bilan duch kelgan tarafga qarab tepkini bosdi. S. Ahmad, Ufq
5. Kuch bilan siqib, iz tushirmoq, qoldirmoq.
-
Muhr bosmoq. Tamgʻa bosmoq. Chitga gul bosmoq.
-
Avvaliga pochta muhr bosishni unutgandir, dedik. S. Siyoyev, Yorugʻlik
6. Tiramoq, siqib itarmoq.
-
Ziyodulla tomogʻi qirilib, quruq yoʻtaldi, koʻkragini stolga bosib, oʻyga toldi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Uzoq qish kunlari davomida oppoq siynasini yerga bosib yotgan qor bahor quyoshining iliq taftiga dosh bera olmay singib ketdi. Gazetadan
7. Zarb bilan urib yasamoq, zarb qilmoq.
-
Tanga, chaqa bosmoq
8. fizika Oʻz ogʻirligi yoki elastik kuchi bilan taʼsir qilmoq, siqmoq.
-
Suyuqliklar har tomonga baravar kuch bilan bosadi.
9. Maʼlum bir narsani boshqa bor narsa ustiga qoʻymoq, tegizmoq; toʻsmoq.
-
Nazirqul uning yelkasini ishqadi, latta hoʻllab, peshonasiga bosdi. S. Ahmad, Hukm
-
Qizning qoʻllariga asta qoʻlimni bosdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Rustamjon Mehrixonning yumshoq qoʻllarini, binafshalarni yuziga bosdi. Saodat
-
Kam pir doka roʻmolining uchini labiga bosib, yerga qaradi. A. Qahhor, Asarlar
-
Xalcha xola boʻlsa, bir chekkada gung boʻlib, roʻmolining uchini ogʻziga bosib turibdi, bir akamning aftiga, bir oyoqlariga qaraydi. M. Mansurov, Yombi
10. Chop qilmoq, nashr etmoq.
-
Kitob bosmoq. Matnni mashinkada bosib koʻpaytirmoq. Suratini bosib chiqarmoq.
-
— Bu yerda oʻtgan mojaroni Qumrixonga aytib bering, hikoya qilib yozsin, albatta, bosib chiqaramiz, — dedi. A. Qahhor, Bek
-
Shundan keyingina gazetalarda podsho taxtidan tushganligi xabarini bosib chiqarishga ruxsat tegdi. K. Yashin, Hamza
11. Koʻp miqdorda ustma-ust qoʻymoq, taxlamoq, zichlab yigʻib qoʻymoq, zichlab joylamoq yoki ortmoq.
-
Qanorga un bosmoq. Aravaga beda bosmoq.
-
Bizning Qalandarboy kuzda kambagʻallarning paxtasini arzon-arzon sotib olib, saroyiga bosib qoʻyadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Haydar ota qarasa, shu yalanglikka yantoq bosib qoʻyishibdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Uy egasi oshga sabzi bosib, Otabek yoniga keldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
12. Toʻshamoq, yotqizmoq; toʻsmoq, berkitmoq.
-
Yoʻlga shox bosmoq.
-
Suvni uch-toʻrt chaqirim yuqoridan ikki yogʻiga chim bosib, koʻtarib kelish lozim boʻladi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Shartta fufaykamni yechdim-u, oʻpirilgan joyga bosdim. E. Raimov, Ajab qishloq
13. Qoʻymoq, surtmoq, tortmoq.
-
Bu kim boʻldi? Yuzlari xuddi olmaday tarang. Bir juft quralay koʻzi surma bosganday qora. Hamza, Boy ila xizmatchi
-
Bir vaqt qarasam, surma bosgan koʻzlari gʻamgin boʻlib qoldi. S. Ahmad, Hukm
14. Ilgari surilmoq, ilgarilab bormoq, yurmoq.
-
Yoʻlchi oldingi qatordagi erkak va ayollar bilan birga hayqirib, yana mahkama sari bosib bordi. Oybek, Tanlangan asarlar
15. Qoplamoq, oʻrab olmoq, qamramoq; egallamoq; elitmoq.
-
Ter bosmoq. Tuman bosmoq. Qorongʻilik bosmoq. Zulmat bosmoq. Ajin bosmoq. Uyqu bosmoq.
-
Mahmudjonni muzdek ter bosdi. Mushtum
-
Ranglari oqardi, koʻz oldini quyuq tuman bosdi. J. Abullaxonov, Oriyat
-
Atrofni gʻira-shira qorongʻilik bosgan, qamishlar vahimali shitirlar edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Zulmat bosgan atroflar goʻyo qiron yetgan oʻlkaday besas. Sh. Rahmon, Yurak qirralari. U
-
Nasimlarning eshigiga yetganda, bir zumda yuragini hayajon bosdi. F. Musajonov, Hukm
-
Uning [Onaxonning] vujudini qoʻrquv bosdi. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Qoʻllari titradi, koʻzlarini hasrat bosdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Gulnorning yuragi kuchli toʻlqinlandi, butun gavdasini totli bir titroq bosdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shamol turdi, qum koʻcha boshladi, yer-koʻkni qum bosdi. K. Yashin, Hamza
-
Qop-qora is bosgan shipidan qamishlar osilib turardi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Otliqlar qor bosgan qirgʻoq boʻylab yarim soatcha kezishdi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Toʻxtabuvaning ajin bosgan yuzida gʻurur va baxt porladi. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Hamma yoqni ogʻir sukunat bosdi. T. Rustamov, Mangu jasorat
-
Yonbosh qoʻygan hamon, koʻzi yumilib, uyqu bosardi. T. Rustamov, Mangu jasorat
-
qoʻlimga qogʻoz-qalam oldim deguncha, esnoq bosadi. Mushtum
16. Tinchlantirmoq, tinchitmoq, tiymoq; hovuridan tushirmoq, epga keltirmoq.
-
Janjalni bosmoq. Toʻpolonni bosmoq.
-
Samandarov qalamining orqasi bilan stolni qoqib, gʻovurni bosdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Orifjon xotinini bosib qoʻydi. S. Ahmad, Saylanma
-
Xalqni bosish kelmay-dimi qoʻlingdan? H. Olimjon
17. Kamaytirmoq, pasaytirmoq yoki toʻxtatmoq; qondirmoq.
-
— Ogʻriqni bosadigan yaproq topib kelaman, — dedi Majid. — Shu bilan ovunaman, Hovrimni bosaman, aka. N. Safarov, Olovli izlar
-
Bu uqubatli kunlarning alamini devor oshib kelgan yigitning erkalashlarigina bosa olardi. S. Ahmad, Hukm
-
Shaftolining sersharbat etlari yozning issiq kunlarida chanqoq bosdi boʻladi. K. Mahmudov, Mevalar
-
Haydarboyning koʻrimsiz choynaklaridagi quyuq va suyuq choylari oʻtgan-ketgan yoʻlovchilarning ham chanqovini bosib turadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
18. Kuch (zoʻrlik) bilan bostirib kelmoq, egallamoq, ishgʻol qilmoq.
-
Yigitning sarasi yov bosganda bilinar. Maqol
-
Kunlardan bir kun mana shu boyning uyini kuppa-kunduz kuni namozgar paytida oʻgʻri bosdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Dod! Voy dod! Qaroqchilar bosdi!!! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Dushman bosgan ona yurt uchun Yasalgandek qilich-u nayza. X. Davron, Bolalikning ovozi
-
Birdan bosdi johil olomon. Guldasta
-
Dushmanlar kechuvdan oʻtib, shaharni bosib olishibdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
19. Toʻsatdan kelmoq, koʻpchilik boʻlib kelib qolmoq.
-
Uyni mehmon bosdi.
-
Iye, Xolmat akani mehmon bosgan, shekilli. Oʻzbekiston qoʻriqlari
20. Qulamoq, agʻanamoq.
-
Bu ogʻil bosib qolmasa, deb qoʻrqaman. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ikki boʻlmali kichkina pastqam uy, tom bosay deb turibdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Yoʻlkalarni bosib qolgan xarobalar ustida bolalar irgʻishib yurar edi. A. Qahhor, Asarlar
21. Ushlab, chegirib qolmoq.
-
Ishlagan haqini qarziga bosib qolibdi.
22. Ustun kelmoq, ustun kelib oshib tushmoq.
-
Asta-sekin boshlangan chapak tobora avj olib, soz ovozini bosib ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Haligi gajakdor juvon ikki qoʻlini ham, ovozini ham baland koʻtarib, gʻala-gʻovur, shovqinni bosib tushdi. A. Muxtor, Opa-singillar
23.
-
Dasturxonning chetini bosmoq.
-
kim yoniga borsa, Zebini maqtab gapirar, uning dutor chalishi, chok tikishi, toʻppi bosishlarini hikoya qilar edi. Choʻlpon, Kecha va kunduz
24. aynan Taxtakachlamoq 1.
25. Maxsus usulda (toʻqimasdan) tayyorlamoq (kigiz, jun mato haqida).
-
Kigiz bosmoq.
26. -ib Ravishdoshning shaklida kelib, biron-bir ish-harakatning surunkasiga, toʻxtamay, ketma-ket, paydar-pay boʻlishini, amalga oshishini bildiradi.
-
Kechgacha bosib uxladim, juda toliqdim. Gʻ. Gʻulom, Tirilgan murda
-
Men bari bir niyatimdan qaytmadim. Bosib sovchi qoʻyaverdim. T. Murod, Ot kishnagan oqshom
-
achchiq choyni bosib ichib qoniqqach, izvoshni qoʻshdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Bir hafta bosib yoqqan yomgʻir qora tuproqni koʻpchitib yuborgan. Oʻzbekiston qoʻriqlari
bos soʻzi qatnashgan jumlalar:
Yelkasidan bosmoq
-
Hamma oʻrnidan turdi. Asqar ota ham turmoqchi boʻlgan edi, oqsoqol yetib kelib, yelkasidan bosdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Bu ogʻir yuk uning yelkasidan bosdi. U uy ostonasini hatlab ichkari kira olmadi. N. Safarov, Olovli izlar
Mola bosmoq
-
Uning oʻrniga Mamajon dalaga borar, mola bosar, xirmonda maydachilik qilardi. S. Nurov, Narvoy
Oyogʻini bosmoq
-
— Shart shu: maktabda mening oyogʻimni bosadigan hech kim boʻlmasligi kerak. Avj olganini chekanka qilib, kemtib turaman, — dedi oʻzicha Mirsalim. Shuhrat, Oltin zanglamas
Barmoq bosmoq
Lab bosmoq
-
Shahzodani shart bagʻriga tortib, chanqagan lablarini mana, meni oʻp deb turgan gʻuncha lablariga qattiq bosdi. K. Yashin, Hamza
-
Bu kun suratingga soʻzsiz bosdim lab, Shu senmi, yolgʻizim, shu senmi, ona A. Oripov
Tishini tishiga bosmoq
Bosib oʻtmoq
-
Maston necha kilometr yoʻl bosib oʻtga-nini va yana necha kilometr bosish kerakligini bilar edi. A. Qahhor, Asarlar
-
Biz Toshkentni bosib oʻtdik.
-
Sultonali mirzo Solih maxdum koʻchasini bosib, toʻgʻriga oʻtdi, oʻn qadamcha yurib toʻxtadi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
kasalxonani bosib oʻtolmadim: kirib, tanish hamshiradan soʻrasam, Mastura bir soatdan keyin operatsiyaga yotarkan. A. Qahhor, Asarlar
-
Nafis soddalikka erishish uchun yozuvchilar mashaqqatli va uzoq yoʻl bosib oʻtadilar. F. Musajonov, Himmat
-
U yoʻlida uchragan har qanaqa gʻovni bosib-yanchib oʻtishga, doimo gʻolib chiqishga oʻrgangan edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Domlaning bosib oʻtgan qaynoq umr yoʻli, samarali ish faoliyati universitet hayoti bilan chambarchas bogʻlangan. Nazarmat, Joʻrlar baland sayraydi
Yoʻl bosmoq
Olgʻa (yoki oldin, ilgari) bosmoq
-
Xalq toʻlqini olgʻa bosdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Avaz beixtiyor bir qadam olgʻa bosdi. S. Siyoyev, Avaz
-
Bashirjon undan ham soʻrab koʻrish uchun bir-ikki qadam ilgari bosdi. N. Aminov, Suvarak
-
Soat sayin ishlaring oldin bossin. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Oʻzini bosmoq
-
Bir amallab oʻzimni bosdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Hamdam aka bir qizishdi-yu, oʻzini bosib oldi. R. Fayziyev, Choʻlga bahor keldi
Oʻpkasini bosmoq
-
— Oʻpkangni bos! — dedi Sapoyev unga oʻshqirib. Mushtum
-
— Yigʻlama, qizim, yigʻlama, — dedi Onaxon, oʻpkasini zoʻrgʻa bosib. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Vo bolam, deb oʻpkasini bosolmay, Sochin yoyib, betin suyib yigʻlaydi. Oysuluv
Bagʻriga (yoki koʻksiga) bosmoq
-
Dadamat aka Asadni mahkam quchoqlab, bagʻriga bosdi. F. Musajonov, Himmat
-
Muqaddam uning qoʻlidan oʻgʻilchasini oldi, mehr bilan bagʻriga bosdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bu, Ergashga uni xuddi koʻksiga bosganday boʻlib koʻrindi. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Bashorat kitobchani ikki qoʻli bilan oldi. Unga uzoq tikildi-da, koʻksiga bosdi. A. Muxtor, Opa-singillar
Yem bosdi
-
— Otimning bir odati bor edi: ikki xuftondan keyin yem yerdi soʻngra maydonda yem bosdi odati bor edi, — dedi Murodxon Goʻroʻgʻliga. Zulfizar bilan Avazxon
-
Avazxon, sen yigitlarga xabar bergin, otlariga qarasin, yem bosdi qilib, qantarib qoʻysin. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli
Yon bosmoq
Oyoqqa bosmoq
Salobati bosdi
Tosh (yoki palla) bosmoq
-
Poʻkak tosh bosmaydi.
-
— Ha, siz aytganingizdek, — dedi Oliyaxon, — pallasi ham tosh bosmaydi. N. Safarov, Oliyaxon Sultonova
-
Kuy bilan qoramol boshqa gap,- tosh bosadi. Mushtum
-
Tarozining mahsulot qoʻyilgan pallasi bosib ketdi, plan ortigʻi bilan bajarildi. Gazetadan
Tuxum bosmoq
Falokat bosdi
Oʻrnini bosmoq
Qadam (yoki oyoq) bosmoq
-
Yoʻl adirning eng yotiq yeridan tushgan boʻlsa ham, Turgʻunoy tizzasini ushlab, zoʻrgʻa qadam bosardi. A. Qahhor, Asarlar
-
Yoʻlchi atrofiga koʻz yugurtirib, qizga tomon ikki-uch qadam bosdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
U biznikiga qadam bosmadi.
-
Bugun sakkiz kun boʻldi, qadam bosmaysiz-a. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Yoʻq, amaki, uyga endi bir umr qadam bosmayman. S. Ahmad, Ufq
-
Tikanning zahrini tortgan oyogʻini bilib bosadi. Maqol
-
U baʼzan Urmonjondan biron qadam oldinda yurishga intilar, shuning orqasida baʼzan nojoʻya qadam ham bosib qoʻyar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Oʻgʻri endi oʻylab qadam bosadi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Qamchi bosmoq
BOS so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОС so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bos so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingFoydalanuvchilar tomonidan BOS so‘ziga berilgan ma’nolar
bos so‘ziga yangi izoh qo‘shing
Siz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar