1. Tananing boʻyindan yuqorigi, oldingi (odamda, hayvonlarda) qismi; kalla.
Bosh kosasi (anatomiya). Bosh miya. Bosh kiyimlar magazini. Doʻst boshga boqar, Dushman — oyoqqa. Maqol
Oʻzbek oyim boshi bilan keliniga rizolik bildirib, barakalla! deb qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
— Badanim oʻt boʻlib yondi, boshim ogʻrib, koʻzlarim tindi, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
U shoshib, ot boshini chap tarafga burdi. S. Ahmad, Ufq
2. koʻchma Aql-hush, miya.
Bosh bilan ish qilmoq. Togʻning koʻrki tosh bilan, odamning koʻrki bosh bilan. Maqol
Agronomga oʻz boshi bilan ish qilishga ruxsat berish kerak. S. Nurov, Narvoy
Qoratoy Yoʻlchining yelkasini doʻstona qoqib dedi: — Rosa boshing bor, inim Yoʻlchi, oltin boshing bor. Gaplaring — bari haq. Oybek, Tanlangan asarlar
3. Boshliq, rahbar.
Yaxshi yigit — davraning boshi. Maqol
Yaxshi xotin erni elga bosh qilur, Yomon xotin erini gado qilur. Maqol
Yomonga bosh boʻlguncha, yaxshiga yoʻldosh boʻl! Maqol
Qirq yigitga bosh boʻladigan xotin edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Singlingning toʻyiga sen bosh boʻlasan, sening toʻyingga Robiya bosh boʻladi. Oʻ. Hoshimov, Ikki eshik orasi
4. sft. Lavozim, mansab jihatdan katta, yuqori turuvchi.
Bosh vrach. Bosh agronom.
Rustam Surxondaryo viloyatidagi kolxozda bosh agronom boʻlib ishlayotibdi. Mushtum
Direktorning bu gapi bosh injenerga qaymoqday yoqib ketdi. Mushtum
Uning otasi bosh choʻpon, oʻzi esa choʻpon yordamchisi boʻlib ishlay boshladi. Gazetadan
Bundan soʻng ham bosh mirzoligingizni emas, mirza Anvarligingizni ehtirom qilamiz. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
5. Ulkan, katta, asosiy.
Ozgina yurgach, Bogʻizogʻonning bosh arki oldidan chiqdilar. Oybek, Navoiy
Mana Xorazmning janubiy bosh darvozasi. I. Jabborov, Koʻhna xarobalar siri
Bosh sovrin taʼsis etildi Gazetadan
6. sft. Eng muhim, asosiy, yetakchi.
Bosh masala. Bosh sabab. Paxta — bosh vazifa.
Keyinchalik maktab sahnasida oʻynaladigan spektakllarda hamisha bosh rollarni ijro etadigan boʻldi. S. Karomatov, Hijron
— Huzuringizga kelishimning bosh sababi shundadir! — dedi Hasanali. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. sft. Eng oldingi, birinchi.
Bosh bola. Bosh kelin.
Qutidor boʻlsa, koʻz ochib koʻrgan qudamiz, xotining boʻlsa, bosh kelinimiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yoshi ulgʻayganda uylanganidan, bosh bolasi men edim. Oybek, Tanlangan asarlar
8. koʻchma s.t. Odam, kishi.
Bir boshga bir oʻlim. Maqol
Bir boshga yuzta xoʻjayin bor. S. Nurov, Narvoy
Bu bosh dunyoga kelib nimalarni koʻrmadi-a! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
9. (sanoq sonlar bilan) Chorva hisobida har bir adad jonivor.
Oʻn bosh ot. Ikki bosh qoʻy. Har bosh sigirdan ikki yarim ming litrdan sut sogʻib olindi.
Kolxoz chorvasiga bir yuz oʻn toʻqqiz bosh mol qoʻshildi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
10. Tik narsalarning tepa qismi, uchi, choʻqqisi.
Shamol boʻlmasa, daraxtning boshi qimirlamaydi. Maqol
Toqatliga togʻlar egar boshini, toqatsizning birovlar yer oshini. Maqol
Quyosh tik koʻtarilib issiqdan maysalarning boshi egildi. Shuhrat, Shinelli yillar
Gul ochilgay qonlarning boshida, Lolalar bor buloqlarning toshida. H. Olimjon
11. Biror marosim, tadbir, voqea-hodisaning roʻy berish, amalga oshish jarayonidagi dastlabki bosqich.
Yusufbek hojining oʻzi ish boshida turib, Oybodoqqa tashqari hovlini tozalatardi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Yuring, xolajon, qizni oʻzim topa-man, toʻyning boshida oʻzim boʻlaman, yor-yorni ham oʻzim aytaman O. Yoqubov, Pyesalar
Bildimki, bu igʻvolarning boshida oʻzi bosh-qosh. K. Yashin, Hamza
12. Yon, old, tomon.
Saidmurod aka xashakchilar boshiga borganda, ular tushlikka chiqishgan ekan. N. Qobul, Bemorlar
Tez-tez boshimga borib tur. S. Ahmad, Yulduz
13. Oʻrin, karavot va shu kabilarning bosh qoʻyiladigan yuqori tomoni; shunday oʻrinda yotgan kishining beldan yuqori tomonidagi joy.
soʻri ustiga yozilgan oʻrinning bosh tomonidagi uchi tepaga choʻnqaytirib qoʻyilgan yostiqlar ozoda hayotdan xabar berardi. Shuhrat, Shinelli yillar
oʻrnidan dik etib turib, karavot boshiga tashlab qoʻyilgan shimning kamarini sugʻurib oldi. M. M. Doʻst, Lolazor
Asqar ota borib, sagʻananing bosh tomoniga choʻkka tushdi va baland ovoz bilan quron oʻqidi. A. Qahhor, Asarlar
Hoji Kumushning boshiga kelib oʻtirdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
— Bir vaqt hushimga kelsam, otam boshimda yigʻlab oʻtiribdi, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
14. Baʼzi otlar bilan birikib, shu ot orqali ifodalangan narsaning oʻzini yoki u oʻrnashgan joyni, yon-atrofini bildiradi.
Nigor oyim oʻchoq boshida ovqat pishirish bilan mashgʻul edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Mullanavroʻz xirmon boshida qoldi. S. Ayniy, Qullar
Otam mashʼalani tutib, oxur boshiga bordilar. Sh. Xolmirzayev, Ogʻir tosh koʻchsa
Haydar ota shu bahona bilan u yoq-bu yoqni ham koʻray deb, aylanishroq boʻlsa ham, bozor boshidan yurdi. A. Qahhor, Asarlar
15. Choʻziq, davomli, boʻyli narsalar, joy, maydonlarning boshlanish joyi yoki oxiri, etagi; shunday narsalarning ikki uchidan, chekkasidan, tomonidan biri.
Daryo boshlangan joy daryo boshi deyiladi. Geografiya
Yormat Yoʻlchini sudrab, koʻchaning boshiga, aravalar toʻxtagan joyga yugurdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Xiyobonning bu boshida naqshdor, havorang baland ayvonning bir chekkasi koʻrinib turardi. A. Qahhor, Asarlar
Avaz dala boshida, omonat bir chayla soyasida soch olib turardi. S. Siyoyev, Avaz
Xonaning u boshidan bu boshiga yurdi. Shuhrat, Shinelli yillar
16. Voqea, hodisaning, biror muddat yoki faslning, asar, matn va shu kabilarning boshlanish joyi, payti, avvali, muqaddimasi.
Hikoyaning boshi. Yilning boshi. Ishimning boshi yoʻq, Oshimning moshi yoʻq. Maqol
Toʻyning boshi — boshlanguncha. Maqol
Qiz soʻzning boshini eshitib iljaydi, oxirini eshitib, qoʻrquvdan boʻzardi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Mamlakat urushning boshidayoq otadan ayrilib, ona qoʻlida qoldi. Oʻ. Umarbekov, Sirli sohil
Toʻti bu xatning boshini eshitiboq, oʻzini yerga koʻtarib urgan edi. S. Zunnunova, Olov
— Men, boʻlmasa, gapni boshidan boshlay, — dedi Abdurasul. P. Tursun, Oʻqituvchi
Sentyabr boshlarida polk gʻarbga tomon yoʻl oldi. Oybek, Tanlangan asarlar
Homidning sovchisi boshqa sovchilarning muqaddimasi, yoz boshida keladigan qaldirgʻochlarning yoʻlboshchisi edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
17. Voqea, hodisa va shu kabilarning boshlanishi uchun bahona boʻlgan narsa, dastlabki sabab.
Qoʻshnimning oshi — janjalning boshi. Maqol
Qumriniso Sobiraxonga koʻz qisib: — Oʻyin-kulgimizning boshi Bahrixonning toʻyi boʻladi, — dedi. A. Qahhor, Xotinlar
Baxtni birovlarning ostonasidan qidirishning oʻzi baxtsizlikning boshi! A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
18. Baʼzi oʻsimliklarning kalla yoki chochoq shaklidagi hosili, mevasi.
Bir bosh uzum. Bir bosh karam. Topgan gul keltirar, topmagan — bir bosh piyoz. Maqol
Pesh-taxta oldiga borib, savatdagi uzumdan bir bosh tanladi-da, tarozi pallasiga qoʻydi. K. Yashin, Hamza
Qayoqdan ham bir bosh koʻknor topib ichirdik, ogʻziga jiydaning suvini tomizib koʻrdik. S. Siyoyev, Yorugʻlik
19. (sanoq sonlar bilan) Karra, hisob.
Besh bosh qilib olmoq. Oʻn bosh qilib toʻlamoq.
20. 3-shaxs egalik va joʻnalish kelishik, oʻrin-payt kelishik, chiqish kelishik affikslari bilan koʻmakchi vazifasida qoʻllanadi (boshiga, boshida, boshidan).
Boshga tushgan (yoki kelgan)
Boshga tushganni koʻz koʻrar. Maqol
Oʻzbek oyim ham boshiga tushgan bu kulfatni koʻrishga majbur edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Uf Muhabbat nima ekanini boshingga tushganda bilasan! A. Qahhor, Asarlar
Boshimizga tushgan neki kulfat boʻlsa, falokat, badbaxtlik, zulm, xorlik boʻlsa, bari shundan — nafsimizdan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Boshda bor
Gulsumbibining yoniga Xonimbibi qoʻshilishdi: — Koʻp oʻylashmang, oʻrtoqlar! Bari bir, bu gap hammamizning boshimizda bor. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
— Taqdiri aza/i, oʻgʻlim, xafa boʻlma, hammaning boshida bor gap, — deb yupatdi. S. Karomatov, Oltin qum
Boshdan kechir(il)gan (yoki oʻtgan)
Tabib tabib emas, boshidan oʻtgan — tabib. Matal
Sayid Jalolxon butun boshdan kechirganlarini inqillay-inqillay hikoya qilib berdi. A. Qahhor, Koʻr koʻzning ochilishi
Bekmurodov boshidan oʻtgan voqealarni oʻzi aytib bergan edi. S. Ahmad, Yulduz
Kishi hayot yoʻlida boshdan kechirgan voqealar orasida baxtli deb oʻylagan zamonlarini yodlashdan har choq zavqlanadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshiga yogʻilgan
Nogahoniy boshiga yogʻilgan falokatni oʻzing daf qilgin. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Boshiga solmoq
Jonim, man muncha baxti qora yaratilgan ekanmanki, xudo shoʻrlik boshimga shuncha kulfatlarni soldi. Oybek, Tanlangan asarlar
bundan keyin koʻrgan azobimni xudo hech bandaning boshiga solmasin. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshim kal, koʻnglim nozik
Bosh ogʻritmoq (yoki qotirmoq)
Hayotni mukammal qilaman, deb sizdan oldin ham ne-ne odamlar bosh qotirgan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Hosil Yoqubov nozikroq bir narsa ustida bosh qotirib oʻtirgan ekan Mushtum
Har narsaga aqlingiz yetadi Loaqal bu baxtsiz singlingiz uchun birgina bosh ogʻritsangiz-chi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Agar boshni ogʻritmoqchi boʻlsangiz — katta koʻcha; toʻrt tomoningiz qibla. H. Gʻulom, Mashʼal
Nima uchun boshimni ogʻritganingizga tushuna olmadim, oʻrtoq rais. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Soʻz bilan dehqonning boshini qotirib, nihoyat, toʻrt yarim soʻmga koʻnishga majbur qildi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshiga kelmoq
Shu savol boshiga kelganda, koʻziga toʻsatdan Kanizak koʻrinib, Sidiqjonning yuragi oʻynab ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bosh harf
Yozuvda har bir gap bosh harf bilan boshlanadi. Oʻzbek tili darsligi
Kimning nomiga xat yoki boshqa narsa kelsa, pochtalon adresat nomining bosh harfida yozilgan yashikka qoʻyib, yuboriladigan xat boʻlsa, olib ketar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bosh gap
Oʻzicha mustaqil, boshqa gapga ergashmagan gap bosh gap deb ataladi. Oʻzbek tili darsligi
Bosh maqola
Bosh maqolada ilgʻor kolxozchilarning ish tajribalari umumlashtirilgan edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bosh toʻgʻon
1940 yilning may oyida bosh toʻgʻon bitdi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
Bosh barmoq
Sal narida qayerdandir Shukrulloni bosh barmogʻi bilan imlab chaqirardi. Yoshlik
Eshagini tepganda, chap oyogʻining bosh barmogʻi chiqib ketgan ekan. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Bosh xotin
Najmiddinboyning bosh xotinidan Abdullaboy, kichik xotinidan Fazliddin tugʻilgan. Oybek, Tanlangan asarlar
Qilich xalifaning bosh xotini Qumribibi juda tashvishga tushgan edi. S. Ayniy, Qullar
Ul kishiga kuyovga chiqsang, sen bosh xotin, barcha xotinlari sening choʻring boʻladilar. M. Osim, Karvon yoʻllarida
Jon boshiga
Bizning ferma mudirimiz jon boshiga sut isteʼmol qilishda Amerikadan allaqachon oʻtib ketgan. Mushtum
Soʻqqa bosh (toʻgʻrisi soʻqqabosh)
Hidoyat qori, soʻqqabosh boʻlgani sababli onasini ishga chiqarardi. Mirmuhsin, Mixlar va poʻpanaklar
Boshi berk koʻcha
Izvosh boshi berk koʻchada toʻxtadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bu boshi berk koʻchada u uzoq qamalib qolmaydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Otabek boshi berk koʻchada qolgandek boʻldi, javobiga qiynaldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Axir hali biz boshi berk koʻchaga kirib qolganimiz yoʻq-ku. Ular bilan olishib koʻramiz. S. Ahmad, Ufq
Boshi-keti yoʻq (yoki koʻrinmaslik)
Transheya qirgʻogʻi boʻylab yaltiroq yoʻgʻon quvur choʻzilib ketgan, boshi-keti koʻrinmaydi. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
boshi-keti yoʻq mehnat davom etmoqda. P. Tursun, Oʻqituvchi
Avval boshi
Bu gapni avval boshda oʻzi kovlab qoʻyganligi uchun jim turishga majbur edi. K. Yashin, Hamza
Bu savolga avval boshi Boʻtaboy akam javob berishlari kerak: A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Avval boshi oʻzimizning kolxozchilarga tushuntirish kerak. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bir boshdan
Men hadeb savol beraverganimdan keyin injener hamma voqeani bir boshdan gapirib berdi. H. Nazir, Choʻl havosi
U oʻz boshidan kechirgan kulfatlar qanchalik ogʻir boʻlsa ham, bu jonajon doʻstlariga bir boshdan soʻzlab berishga tayyor edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Provodnik koʻzoynagini burun chetiga tushirib olib, bir boshdan biletlarni tekshirishga kirishdi. Z. Fatxullin
Oyimxon unga [Gulsumga]: — Mayli, qiynalib oʻtirma, senga bir boshdan hamma harflarni oʻrgatib qoʻya qolay, — debdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Xat (yoki satr) boshi
Xat boshidan takror oʻqimoq. Qayta boshdan Qaytadan, yangidan
Ayol (yoki xotin) boshi bilan
Endi xotin boshi bilan Margʻilonga murojaat qilsinmi? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Ayol boshi bilan mistovoqdek ketmonda ishlaganda, biz yuramizmi kaftdek ketmon tutib. T. Ashurov, Oq ot
Beva (yolgʻiz) boshi bilan
Nainki bitta shu qizi deb umrini oʻtkazsa, koʻzimning oq-u qorasi deb avaylasa, beva boshi bilan shunchalik oʻstirsa-yu, u yuziga tik qarasa? Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Seni sevmasam, yarim kechada, qorongʻi koʻchada yolgʻiz boshim bilan orqangdan yugurib yurarmidim?! S. Ayniy, Qullar
Bir yostiqqa bosh qoʻymoq
Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Bir yoqadan bosh chiqarmoq
Koʻpchilik bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsa, uning kuchi okean toʻlqinidan ham zoʻr boʻladi. S. Mahkamov, Shogird
Endigi gap oʻzlaringda qoldi. Bir yoqadan bosh chiqa-ringlar. S. Ahmad, Ufq
Biror ishning boshini ushlamoq (yoki tutmoq)
Bundoq dalalarga chiqib, biror foydaliroq ishning boshini tutsangiz boʻlmaydimi? S. Nurov, Karvon
Vaqti-soati kelsa, oʻqib olarman undan koʻra bir ishning boshini tutay. M. Hazratqulov, Jurʼat
Bosh burmoq
Men shu qilgan yaxshiligingga sendan ruxsatsiz bosh bursam, oʻttiz pora kalomullo ursin! Hamza, Tanlangan asarlar
Boshga bitgan balo
Oʻrtogʻingiz boshimga bitgan bir balo boʻldi. A. Qahhor, Asarlar
Boshga qoʻymoq
Boshga qoʻndirmoq
Kurtkani yelkamga tashladim, doʻngalak gruzincha shapkani boshga qoʻndirdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Boshi bilan
Olimjon koʻpdan kutilgan ishga boshi bilan koʻmilib ketgan edi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
agar bundan bir xiyonat chiqmasa, hammadan burun men bunga boshim bilan javob beraman. S. Ayniy, Qullar
Qoratoy boshi bilan yoʻq dedi. Oybek, Tanlangan asarlar
Oʻzbek oyim boshi bilan keliniga rizolik bildirib, barakalla! deb qoʻydi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Boshi bogʻliq
Achchiqlanma, bek yigit, oʻzi uyatchan qiz, yana boshi bogʻliq. Oybek, Navoiy
Boshi buzuq yoki buzuq bosh
Mana senga, uyingga boshi buzuqlarni yigʻganing uchun! S. Siyoyev, Yorugʻlik
Amir qoziga buyruq yuborib, boshi buzuq oyoqyalanglarni va eski qullarning avlodini tutib qama, degan. S. Ayniy, Qullar
Boshiga yetmoq
Otangning boshiga yetgan oʻshalar. A. Koʻchimov, Halqa
Oʻpkasida qolgan oskolka oʻn yilgacha azob berib, oxiri boshiga yetdi. H. Tursunqulov, Hayotim qissasi
Hozirgacha oltmish tugunning boshiga yetdingiz. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Boshiga koʻtarmoq
Sharaflarga burkab ota nomini, Boshiga koʻtardi onajonini. B. Boyqobilov, Sadoqat
Qani endi boshqa otalardek boʻlsa, boshimga koʻtarmasmidim. S. Ahmad, Ufq
tovoqning jinday joyi uchgan ekan. Qaynanam shuni koʻrib qoldi-yu, butun hovlini boshiga koʻtardi. Mushtum
Shuncha erkakning orasida uyalmaysanmi hovlini boshingga koʻtarib baqirgani, sharmanda!!! K. Yashin, Hamza
Toʻyib-toʻyib shoʻxlik, beboshlik, jinnilik qilsang, vodiyni boshingga koʻtarib qahqaha ursang. F. Musajonov, Himmat
Qizlar uyni boshlariga koʻtarib, yor-yor aytishayotgan paytda, Sano-barga yaqin kelib, uning kiftiga qoʻlini qoʻydi. K. Yashin, Hamza
Boshiga suv quymoq
Hash-pash deguncha brigadaga berilgan 14 ming soʻmning boshiga suv quydi. Mushtum
Sendan nima koʻryapman? Qaytanga topgan-tutganimning ham boshiga suv quyayapsan. E. Raimov, Ajab qishloq
— Manavi-ku, —buvim meni koʻrsatdilar, — oʻqishning ham boshiga suv quydi. E. Raimov, Ajab qishloq
Boshiga uradimi?
Opoqijon, unday demang, boshingizga urasizmi oʻsha betayin qizlarning mol-u dunyosini? X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
He, izzatini bilmagan pastkashlar, ikki mingni boshimga uramanmi? Mushtum
Boshiga chiqib (yoki minib) olmoq
Bunday yigitning esa u boshiga minib olishi turgan gap edi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
Senlarda oʻzi insof degan narsa bormi? Pensionerman deb boshimizga chiqib olasanlar, shekilli. S. Ahmad, Yulduz
Choʻri qiz boshimizga chiqib, bizlarni oyoq uchi bilan koʻrsatadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshiga oʻtqazib qoʻymoq
Yosh, chiroyli xotinga yoqish, uning koʻnglini koʻtarish uchun uni hammamizning boshimizga oʻtqazib qoʻydi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshida yongʻoq (yoki tosh) chaqmoq
Keyin Gulnorga xudo beradi, u erka-arzanda xotin boʻlib koʻngliga nima kelsa, shuni qiladi boshimizda yongʻoq chaqadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Uch kun oʻtmay [kundoshim] boshimda tosh chaqishga boshladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshida kaltak (yoki tayoq) sinmoq
mudirning tayogʻi koʻproq uning boshida sina boshladi. Guldasta
Boshidan zar quymoq
Boshida qolmoq
Qarab turing, toʻyiga ham bormayman, toʻyi boshida qolsin. T. Alimov, Sovgʻa
Topib kelgan matohing boshingda qolsin. S. Ahmad, Yulduz
Boshi yostiqqa tegmoq
Boshi ketmoq
toʻgʻri gapir, boʻlmasa boshing ketadi. U. Ismoilov, Saylanma
Boshimiz ketsayam, qaytmaymiz bu yoʻldan. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Boshi koʻkka (yoki osmonga) yetmoq
Masalani shunday hal qilish kerak edi. Karimqul akadan eshitib, boshim koʻkka yetdi. Oybek, Oltin vodiydan
shabadalar
Toʻsatdan kirib borsam, onam bechoraning boshi koʻkka yetar Guldasta
Boshing toshdan boʻlsin
Ha, ishqilib, boshi toshdan boʻlsin. A. Qahhor, Asarlar
Xayr, oʻgʻlim, qayerda boʻlsang ham, omon boʻl, boshing toshdan boʻlsin. Guldasta
Boshini aylantirmoq
Oilali boʻla turib, yosh qizning boshini aylantirishga uyalmadingizmi? Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Boshini bogʻlamoq
Biz Otabekni Toshkentdan uylantirib, boshini bogʻlamasak, kun sayin uning Margʻilon yugurishidan qutula olmasmiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
— Ikkala tomonning keli-shuvidan soʻng fotiha qilinib, qizning boshi bogʻlandi. Mushtum
Boshini bukmoq
Sekin gapir, sekin sharmanda qilding, boshimni yerga bukding, sen juvonmarg! Oybek, Tanlangan asarlar
— Turing, qizim, — ellikboshining tovushi birdan muloyimlashadi, — ota-onaning boshini bukmang. Oybek, Tanlangan asarlar
Oʻyla, Qoratoy. Ishqilib, Yoʻlchi bolamga tayanch boʻl, yolgʻizlatma, yigitning koʻngli buzilmasin, boshi bukilmasin. Oybek, Tanlangan asarlar
Qarz kishining boshini bukadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Boshini yemoq
Husning boshingni yeydi A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
Ota-onasining boshini yegan shum yetim. P. Tursun, Oʻqituvchi
Boshini ikkita qilmoq (yoki qoʻshmoq)
— Biz ham orzu-havas koʻrmay oʻtmasak: koʻzimizning ochiqligida boshingni ikkita qilib qoʻysak deymiz-da, oʻgʻlim, — dedi chol. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Bir amallab qishdan chiqsak, Polvonboyning boshini ham qoʻshib qoʻyarmiz. J. Sharipov, Xorazm
Boshini silamoq
Yoʻlchi Gulnorning boshini silab, voqeani qisqacha aytib berdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Nozim Zuhraning boshini asta silab, oʻz, koʻz yoshini belbogʻi uchiga artdi. Guldasta
Elga bersang oshingni, erlar silar boshingni. Maqol
Nodira onasi oʻrnida Anvarning boshini silab, istiqboli uchun qaygʻurdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Boshini tikmoq
Nega endi mehnatkash musulmon uchun boshini tikkan yigitni jallod boltasiga topshirar ekan? K. Yashin, Hamza
Ha, Homid aka, siz jonni ayamasangiz, men ham yoʻlingizga boshimni tikdim A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Boshini xam qilmoq
El-yurt oldida boshimni xam qilib ketding, orqangdan quvmadim. S. Ahmad, Ufq
Arzimagan ish deb boshini xam qilmang. S. Ahmad, Ufq
Boshini qovushtirmoq (yoki biriktirmoq)
Boshini qotirmoq (yoki ogʻritmoq)
Bemaʼni savollaring bilan boshimni qotirma;
Bu azliy jumboq ustida ne-ne amomalar bosh qotirmadi deysiz. Fan va turmush
Bukun ham xuddi shu maqsadda yigʻilishib, dekcha qaynatish gʻamida bosh ogʻritishardi. Oybek, Navoiy
Boshi ochiq (yoki boʻsh)
Endi u [Munavvar] boshi ochiq qiz bola emas. Oilali. S. Anorboyev, Mehr
— Bugundan boshing ochiq. Uch taloq qoʻydim. Yoshlik
Oʻzbeklarning yaxshi qizi bor boʻlsa, Boshi boʻshmi deyin, avval soʻrayin. Alpomish
Boshi chiqmaslik
Uning boshi kasaldan chiqmay qoldi.
Ana shundan boshlab tashvishdan boshi chiqmay qoldi. J. Abdullaxonov, Xona-don
hech yaxshilik qilmay deyman-u, koʻngil boʻshlik qilib qoʻyaman, keyin boshim gʻalvadan chiqmaydi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
Boshi qorongʻi
Uning anorga boshi qorongʻi. Boshi qorongʻiga olam qorongʻi. Maqol
Vika homilador, uning ittifoqo koka-kolaga boshi qorongʻi boʻlib qoldi. Mirmuhsin, Hikoyalar va qissalar
Boshi qotmoq (yoki shishmoq)
Bu bitmaydigan savdodan Elchiyevning ham boshi qotib yurardi. E. Aʼzamov, Javob
Yosh jurnalist topshiriqni olishga olib qoʻyib, boshi qotib qoldi. Mushtum
Eshitdim, lekin nima chora? Shu kunda hammaning boshi shishgan. Oybek, Tanlangan asarlar
Bosh koʻtarib yurmoq
Siz esingizni yeb qoʻyibsiz, oʻgʻlingizni margʻilonlikka topshirib qoʻyib, yana el ichida boshingizni koʻtarib yurmoqchi boʻlasizmi? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Qizingizni deb shaharda bosh koʻtarib yurolmaydigan boʻldim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Bosh koʻtarmoq
Bemor kasaldan bosh koʻtardi;
Professor Sherzodning kasallik varaqasidan bosh koʻtardi-da, negadir jilmaydi. Oʻ. Hoshimov, Nur borki, soya bor
— Yaxshi, — dedi Tursunboy ishidan bosh koʻtarmay. S. Ahmad, Ufq
Koʻklam kelishi bilan begona oʻt bosh koʻtarmasin deb yer molalandi, chizellandi. H. Nuriy, Yashil xirmon
Qishloq yomgʻirdan yuvilib, yashnab ketgan edi. Devorlar tagida adashib bosh koʻtargan munis maysalar ertaga qor ostida qolishidan bexabar yashnab turardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Quyosh ufqdan asta bosh koʻtarib, oʻzining zarrin nurlarini socha boshladi. Yoshlik
Qishloq qizlariday loʻppi yuzli oy Boshini koʻtardi, kuldi sahro, soy. Gʻayratiy
Toshkent hokimi boʻlgan Azizbek Qoʻqonga qarshi bosh koʻtargan. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Kambagʻal bosh koʻtarsa, boy tosh koʻtaradi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bir vaqt kelib, dadamning kuni yetsa, Gulnorning churvaqalari bosh koʻtaradi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bosh olib ketmoq
Oʻz akamga men sigʻindi boʻlguncha, Bu oʻlkadan boshim olib ketayin. Alpomish
Bugun u saroydan mutlaqo bosh olib ketdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Mehri kasalxonadan chiqqandan keyin, Niso buvi ikkala qizi bilan nomaʼlum tomonga bosh olib ketdi. A. Qahhor, Asarlar
Bosh oqqan tomonga ketmoq
U koʻchaga chiqdi, qayoqqa borayotganini bilmay, boshi oqqan tomonga yurib ketdi. K. Yashin, Hamza
Bechora ish qidirib, boshi oqqan tomonga borar ekan. Oybek, Nur qidirib
Bosh ogʻrigʻi
Rostini aytsam, shu zamonda gap-soʻz qaynab ketgan, lekin birovining ham maʼnosi yoʻq, borida ham maza-matra yoʻq. Hammasi bosh ogʻrigʻi gaplar. Oybek, Tanlangan asarlar
Boʻlsa boʻlar, boʻlmasa yoʻq-da. Bekorga bosh ogʻrigʻi qilib, ichingdan oʻrtanib yurasanmi? P. Tursun, Oʻqituvchi
Bosh suqmoq (yoki tiqmoq)
Kampir enam qiz qidira-qidira tinkasi quridi, qaysi eshikka bosh tiqsa, soʻrasharmish: savdogarmi, bogʻi bormi, uy-joyi bormi? Oybek, Tanlangan asarlar
Sen oʻlgur bu uyga bir marta ham boshingni tiqmading. Oybek, Tanlangan asarlar
Xonaga Ergash bosh suqadi: — Mumkinmi? Guldasta
Sherbek kechki payt ogʻilxonadan qaytib kelayotib, idoraga bosh suqdi. S. Anorboyev, Oqsoy
U aytgan tollar qulabdi, bosh tiqmoqchi boʻlgan maktab-maorif sohasiga tamoman yangi odamlar, olov nafasli yoshlar kelibdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Sobirjon birovlarning gapiga kirib, shunaqangi ishlarga bosh suqmasa edi. A. Muxtor, Opa-singillar
Siz ham meni bolam desangiz, shu bugun mening ishimga bosh suqmang. O. Yoqubov, Pyesalar
Ular eshik tirqishlaridan moʻralaydilar va qiya ochib, boshlarini suqadirlar. Oybek, Tanlangan asarlar
Tohir pastki qavatdagi ochiq eshiklarga bosh tiqib qaradi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
Gulnor boshini Yoʻlchining koʻkragiga suqib yigʻladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bosh tortmoq
Sizni ogʻzi qon boʻri dedim, chunki siz yangi ochilgan gullarni, endi bosh tortgan lolalarni vaqtsiz soʻldirasiz, ochilib bitmay oʻldirasiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Armani usta qora marmar lavhadagi soʻzlarni oʻchirib, qayta yozishdan keskin bosh tortdi. N. Aminov, Suvarak
Qoʻydek yuvosh musulmonlar bugun mardikorga borishdan bosh tortmoqdalar. N. Safarov, Tanlangan asarlar
Bosh toʻlgʻamoq
Bu taqdirda itoatdan bosh toʻlgʻagan Toshkent ustiga, albatta, Musulmonqul zolim qoʻshin tortar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Bosh urmoq
Yoʻlchi qayoqqa bosh urishini, kimning yoqasidan tutishini bilmay, ancha vaqtgacha koʻchalarda tentirab yurdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Sening uchun azizlarga bosh urdim, Borgin, bolam, seni haqqa topshirdim. Malikayi ayyor
Axir farzand uchun ona nimalarga bosh urmaydi?. Guldasta
Nega oʻylamay-netmay, eshigiga bosh urib kelgan bir yigitni quvlab soladir? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Bosh ustiga
Uchrashganingiz toʻgʻrisida menga maʼlumot yozsangiz, tagʻin minnatdor qilardingiz. — Bosh ustiga. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Tabibiyning gapi nojoʻya boʻlib, bir chalamulla bolaning soʻzlari eʼtiborga loyiq desangiz, minnatdormiz, bosh ustiga, xonim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Bosh egmoq
Qoʻshiq tamom boʻldi-yu, u boyagiday tabassum bilan ohista bosh egib qoʻydi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Ahmad Husayn boshini sal egdi, uning tusi ham allanechuk oʻzgardi. Oybek, Nur qidirib
Qachongacha endi biz yotlarga bosh egamiz, pora berib kun koʻramiz. N. Safarov, Tanlangan asarlar
Amirga boshini egmagan keksa shoirni otga bogʻlab, qurib yotgan oʻt ustida yoqib yuborishgan. Gazetadan
Kimdir tosh otsa ham goho ortimdan, Qoshimda bosh egdi, kelib soʻnggi dam. A. Oripov, Yillar armoni
Erkak boshimni egib qaytib boramanmi, unaqada xotinim boʻynimga chiqib oladi, derdi. S. Ahmad, Ufq
Mungli doʻppaygan qabrlar ustida bagri qon qizgʻaldoqlar bosh egdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Bilki u kun boshim uzra Doʻstlar bosh ham egadir. A. Oripov, Yillar armoni
Bosh qashimoq
Hovli oʻrtasida bosh qashib qoldi va koʻzini qisib, xotiniga qaradi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
Bosh qoʻshmoq
Boy, men oʻylagan bu ishga siz ham bosh qoʻshsangiz, savob boʻlarmidi? N. Safarov, Tanlangan asarlar
Ukalarimning kir-chirini yuvib, bagʻriga olib oʻtirsin deb, bu ishga men oʻzim bosh qoʻshdim. Oybek, Tanlangan asarlar
Meningcha, muhimi ishni boshlab olish, u yogʻiga xalqning oʻzi bosh qoʻshadi. K. Yashin, Hamza
Bosh harf
Ishi boshidan oshib yotibdi
Nabirali boʻladigan Oʻzbek oyimning ishi boshidan oshgan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Katta boshini kichik qilib
Ammo-lekin xatosini tan olyapti, kechirim soʻrayapti katta boshini kichik qip. A. Koʻchimov, Halqa
Mening senga boshim qorongʻi edimi?
Oyogʻiga bosh qoʻymoq
Dushman qursin, eslarimni shoshirdi, Mirza Mahmud oyogʻiga bosh urdim. Yusuf va Ahmad
Agar koʻchada boʻlmasa edi, Yoʻlchi shu onda bu goʻzal, toza yurakli, jasur, vafodor qizning oyoqlariga bosh qoʻyishga tayyor edi. Oybek, Tanlangan asarlar
Erkak boshi bilan
Erkak boshi bilan koʻchada ogʻziga soʻrgʻich tiqib, bola koʻtarib yursinmi?! T. Alimov, Ishqilib oʻqimagan boʻlsin-da
Erkak boshlari bilan ogʻizlari gʻiybatdan boʻshamaydi. S. Siyoyev, Otliq ayol
Oʻz boshiga
— Bu oʻtirganlarning koʻpi yer olib, oʻz boshiga dehqon boʻlib oldi, — dedi Abdurasul. P. Tursun, Oʻqituvchi
BOSH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОШ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
Izoh.uz — O‘zbek tilining xalqona izohli lug‘ati 35 000 dan ortiq so‘zlarning ma’nolari ibora va misollar bilan keltirilgan.
Yillar davomida “O‘zbek tili kuni”ga bag‘ishlab, o‘zbek tilini o‘rganuvchilar, jurnalistlar, tarjimonlar, kopirayterlar, blogerlar va boshqalar uchun foydali loyihalarni ishga tushirishni an’anaga aylantirganmiz. Bizning jamoa Lotin.uz, Imlo.uz, Sinonim.uz, Sarlavha.com loyihalarini hukmingizga havola qilgan.
Batafsil Izoh.uz loyihasi haqidaTVinfo.uz — Bugun, ertaga va keyingi hafta uchun to‘liq teledasturlar.
TVinfo.uz — Телепрограмма на сегодня, завтра и ближайшую неделю.
O‘zbek Ismlarning to‘liq, batafsil ma’nosi, kelib chiqishi, shakllari. O‘zingiz va yaqinlaringizni ismlari ma’nosini bilib oling.
Полный смысл, происхождение, формы узбекских имён. Узнайте смысл своего имени и имён близких.
DostavkaInfo — Taomlar, dorilar, kitoblar va boshqa uy uchun kerakli bo‘lagan narsalarni yetkazib berish xizmatlari bor servislar.
DostavkaInfo — Каталог сервисов, предлагающих доставку еды, лекарств, книг и товаров для дома.
Lotin.uz — foydalanuvchilarga berilgan matnni lotindan kirillga va aksincha o‘girish xizmatini taklif etadi.
Lotin.uz — поможет транслитерировать с узбекской кириллицы на латиницу и обратно. Легко!
Maqol va naqllarning eng katta kolleksiyasi. Har bir maqol uchta tilda (o‘zbek, rus, ingliz).
Самая большая коллекция пословиц и поговорок на трёх языках (узбекский, русский, английский).
Har kuni eng sara latifalar va kulguli rasmlar. O‘zbek tilidagi kulgu markazi!
Ежедневно только отборные анекдоты, смешные картинки. Кузница юмора на узбекском языке!
Valyutani yuqori kursda almashtirish uchun yaqin punktlarni aniqlab beruvchi servis. Punkt joylashuvini kartada ko‘rsatadi.
Сервис, помогающий найти ближайшие пункты обмена валюты с выгодным курсом. Покажет местоположение пункта прямо на карте.
O‘zbekcha telegram kanallarining eng katta katalogi. Faqt faol kanallar, ruknlarda va batafsil statistikasi bilan.
Самый большой каталог телеграм каналов в Узбекистане. Только активные каналы по категориям и с подробной статистикой.
O‘zbek tilida savodli yozishni biz bilan boshlang.
С нами вы научитесь грамотно писать на узбекском языке.
O‘zbek tilining sinonimlar lug‘ati. Saytda 3300 tadan ortiq so‘zlar, 900 ga yaqin sinonim so‘zlar to‘plamiga jamlangan.
Словарь синонимов узбекского языка на нашем сайте содержит более 3300 слов и 900 синонимов.