bozor
bilan ulashing
1. Aholi savdo-sotiq qiladigan maxsus joy, maydon.
-
Otang — bozor, onang — bozor. Maqol
-
Aql bozorda sotilmas. Maqol
-
Yurt boy boʻlsa, uning bozori ham toʻkin boʻladi. U. Normatov, Talant tarbiyasi
-
Bir aylanib kelay, deb Quva bozoriga chiqdim. S. Ahmad, Ufq
2. Shunday joyda savdo-sotiq qilinadigan kun.
-
Oyda-yilda bir bozor, uniyam yomgʻir buzar. Maqol
-
Bugun bozor boʻlgani uchun Yodgor kech uygʻondi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Qoʻyavering, bugun bozor-ku, birpas dam olsinlar. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
3. koʻchma Gʻala-gʻovur, chugʻur-chugʻur, shovqin-suron, shoʻxlik holati.
-
Bolali uy — bozor, bolasiz uy — mozor. Maqol
-
Bugun dala shiyponida bozor boʻldi. Hamma sizdan dargʻazab, raislikdan tushirmoqchilar. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
-
Munira tugʻruqxonadan chiqqan kuni uy bozor boʻlib ketdi. F. Musajonov, Himmat
-
Tong yorishib, gujumlarda qushlar bozori boshlangan edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. iqt. Sotuvchilar bilan xaridorlar oʻrtasidagi tovar ayirboshlash munosabatlari.
-
Jahon bozori. Tashqi bozor. Ichki bozor. Bozor islohotlari. Bozor xoʻjaligi.
-
Bozor ishtirokchilari tovar va xizmatlarni pul vositasida ayirboshlash yuzasidan munosabatlarga kirishadilar. OʻzME
-
Dunyo bozorida terilarimizning narxi tushmasa deyman. S. Ahmad, Yulduz
5. koʻchma Taqdir, qismat.
-
Izinda joʻrasi koʻrmakka zordir, Maʼshuqlik deganing qiziq bozordir. Qoʻshiqlar
-
Qurilganda ishq savdoning bozori, Oʻynab-kulib shu kun tursa dildori. Erali va Sherali
6. koʻchma Biror harakat yoki faoliyatning haddan oshishi, avjiga chiqishi, qizishi.
-
Oʻlim bozori (urush).
-
Gap bozori.
-
Feruza bilan Norqoʻzining toʻyi ovoza boʻlgandan beri Mehnat — rohat qizlarining gap bozori qizidi. H. Gʻulom, Senga intilaman
-
Xuroson mamlakatida oʻlimning bozori qizib, xarob boʻlgan binolar ustida boyqushlar sayrashga kirishdi. M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
-
Ajalning bozori shunday qizidi, Qizil qonga tulpor otlar toʻzidi. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli
-
Bazmi jamshidlarda, koʻnglim tilamagan davralarda, safsata bozorlarida kunlarim tamaki tutuniday koʻkka uchdi. X. Sultonov, Onamning yurti
7. Bozor, Bozorxon (erkaklar va ayollar ismi).
bozor soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bozor qilmoq
-
Siddiqa bozor qilgani ketdi. S. Zunnunova, Koʻzlar
-
Nusratbek ikki kun ertalab oʻzi bilan toʻrva olib ketib, ishdan keyin bozor qilib keldi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
Bozor(i) kasod
-
— Ammo, — davom etdi Gulandom, — bozor kasodligidanmi yo ishi yaxshi unmaganligidanmi, dadam toʻquvchilikdan yolchimadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Bozor kuni
-
Bozor kuni, odam qalin. Oybek, Tanlangan asarlar
Bozor koʻtarmaydi
-
ishxonalarda, ayniqsa koʻpchilik bilan muomala qilinadigan joylarda dagʻallik va maynavozchiliklarni bozor koʻtarmaydi. T. Alimov. Iljaying, asakangiz ketmaydi
Bozor non(i)
-
Hayal oʻtmay, bir choynakda koʻk choy, siri koʻchgan patnisda toʻrtta bozor noni koʻtarib keldi Qudrat. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Bozor qaytdi
Bozorga solmoq
-
Gajdumbek bozorga borsa, Hamza bir qulni bozorga solib turibdi. Goʻroʻgʻli
-
Erta barcha xaloyiqlar keladi, Kuli, choʻrisini bozor soladi. Nurali
-
Bozor qizigandan keyin, otni minib, u yoq-bu yoqqa chopib, qamchilab, sakratib oʻynatib, bozorga sola berdi. Hasanxon
-
Oʻz ishini bitirish uchun tuygʻularini bozorga solishdan toymaydi. S. Karomatov, Oltin qum
Bozori chaqqon
-
— Margʻilonda gazmol bilan poyabzalning bozori chaqqon, — dedi Homid. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Turkistonda oʻrik bozori chaqqon ekan, sotib kelay, deb bahona qildim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Imomlikning bozori chaqqon boʻlib ketganidan bizga oʻxshash oʻrtacha ahli ilmlarga shafqat koʻzi bilan boquvchi boʻlmay qolgan edi. Gʻayratiy, Dovdirash
-
Tabibning bozori chaqqon hovlisida kamdan-kam boʻlar ekan. Mirmuhsin, Meʼmor
Bozori oʻtmadi
Bozor(ini) olmoq yoki bozor qilmoq
-
Bozoringni oʻzing qil, tegirmoningni oʻzing tort! Maqol
-
Kech bilan bozorni olib, somon sotib qaytgan tuyachining tuyasiga ikkita-ikkita mingashib, chopon bozorga qarab yoʻl soldik. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
Boriga bozor
Oʻzini bozorga solmoq
-
Agar sevgining nimaligini bilsangiz, yuzingizdagi pardani yirtib tashlab, oʻzingizni bozorga solib oʻtirmas edingiz, Joʻraxon! M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Lof urib, oʻzini bozor solarmi? Lof bilan qoʻlidan bir gap kelarmi? Alpomish
Bozor iqtisodiyoti
Bozor muvozanati
BOZOR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
БОЗОР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
bozor so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar