chiq
bilan ulashing
1. Yuqoriga, balandga yoki biror narsa ustiga koʻtarilmoq.
-
Tepaga chiqmoq. Daraxtga chiqmoq. Toqqa chiqmoq.
-
Qorovul tepalikka chiqib, har tomonni diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Yoshlik
-
Alpinistlar shu choʻqqiga chiqib, uni zabt etishga ahd qildilar. Gazetadan
2. Biror transport vositasiga tushmoq, oʻtirmoq, minmoq.
-
Avtobusga chiqmoq.
-
Fosih afandi soʻriga emas, izvoshga chiqdi. M. Ismoiliy, Fargʻona, tong otguncha
3. Biror harakatni amalga oshirish yoki biror narsaga erishish maqsadida muayyan joyga bormoq.
-
Doʻkonga chiqdi. Suvga chiqdi.
-
U bir kuni sakkiz yuz yigit bilan ovga chiqibdi. Bulbuligoʻyo
-
— Nega yana Erali bilan toʻyga chiqding? — dedi er. N. Aminov, Qahqaha
-
Erining namoz oʻqish uchun masjidga chiqishi yangilik emas. Sharq yulduzi
4. Biror maqsadda uzoq joyga bormoq, turgan joyidan uzoqlashmoq.
-
Bir soatdan soʻng uzoq yoʻlga chiqaman. E. Samandar, Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq
-
Muqbil bir qalandar suratiga kirib, safarga chiqibdi. Chalpak yoqqan kun
5. Tabiiy yoʻnalishini oʻzgartirmoq, toshmoq.
-
Suv toshib, qirgʻoqqa chiqdi.
-
Faqat anhor oʻz oʻzanidan chiqolmadi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
6. Koʻtarilib, balandlashib, biror darajaga yetmoq (turli jarayonlar haqida).
-
Issigʻi qirqqa chiqdi. Qon bosimi yuzga chiqdi.
7. Umrning maʼlum bir muddatiga, paytiga yetmoq.
-
Yoshim qirqqa chiqdi.
-
— Hisoblasam, bir kam toʻqsonga chiqibman, — dedi chol. Yoshlik
8. Biror harakat, urinish natijasida yangi bir holatga oʻtmoq, erishmoq, yetmoq.
-
Ozodlikka chiqmoq.
-
Oyning oʻn beshi qorongʻi boʻlsa, oʻn beshi yorugʻ — biz ham yorugʻ kunlarga chiqamiz. Yoshlik
-
Susambilliklar endi tamom erkinlikka chiqib sal kunda semirib ketibdilar. Chalpak yoqqan kun
9. Ichkaridan tashqariga yoʻnalmoq, ichkaridan tashqariga harakatlanib, maʼlum joyga yetmoq.
-
Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqar, Yomon gap bilan pichoq qinidan chiqar. Maqol
-
Lip etib bir qora sharpa uydan chiqib ketdi. E. Samandar, Daryosini yoʻqotgan qirgʻoq
-
Joʻra qiziq indamay, boshi egilganicha, kabinetdan chiqib ketdi. S. Karomatov, Bir tomchi qon
-
Kelin uydan hovliga chiqdi. Yoshlik
10. Chuqur joydan yuqoriga harakatlanib, uni tark etmoq.
-
Oʻradan chiqmoq. Jardan chiqmoq.
-
Bu orada Hasan akalar ham chuqurlikdan chiqib olishadi. Sh. Xolmirzayev, T. Usmonov, Soʻnmas oʻt.
11. Belgilangan yoʻldan, yoʻnalishdan toymoq, chekinmoq.
-
Mashina izdan chiqdi. Oʻquvchi daftar chizigʻidan chiqib ketdi.
12. Boʻshalmoq, qutulmoq, ozod boʻlmoq (hayvon va parrandalar haqida).
-
Tulki qopqondan chiqib, qochib qoldi. Gazetadan
-
Burgut changalidan chiqish oson emas. M. Mansurov, Yombi
-
Erinmasdan toʻr toʻqiyman, ilingan joyga tuzoq yozaman toki oʻlja qoʻldan chiqmasin. M.M. Doʻst, Lolazor
13. Sugʻurilmoq, ajralib ketmoq.
-
Mashinaning gʻildiragi chiqib ketdi.
14. Qiyin sharoitdan yoki biror mavsumdan oʻtib olmoq.
-
Qirq oltinchi yil ogʻir keldi Urushdan yangi chiqilgan, odamlar ezilgan. Oʻ. Hoshimov, Ikki eshik orasi
15. Bunyod qilinmoq, yasalmoq, ishlov berilmoq.
-
[Taqinchoqning] Tilla simdan toʻqilgan ikki juft shokilasi, xuddi kecha zargar qoʻlidan chiqqandek, yarqiraydi. M. Mansurov Yombi.
-
Shoir qalamidan chiqqan misralar qogʻozga shiddat bilan bitilmoqda edi. Gazetadan
16. Biror faoliyat doirasidan chetda qolmoq; faoliyatni toʻxtatmoq.
-
Urfdan chiqmoq.
-
Hoy Abdumajid, nima balo, xotining odamgarchilikdan chiqib qolganmi, deyman. S. Ahmad, Ufq
-
Hozirga kelib grammatikalizatsiya asosidagi usullar isteʼmoldan chiqqan. OʻTA
17. Biror joydan, tabaqadan paydo boʻlmoq, yuzaga kelmoq, biror darajaga yetishmoq.
-
Ishchidan chiqqan yozuvchi. Sendan yaxshi futbolist chiqadi.
-
Musavvirning Sharq xalqlari orasidan chiqqan mashhur kishilar qiyofasini aks ettirgan asarlari ham tomoshabin eʼtiborini tortadi. Gazetadan
-
Tamaki asli Hindistondan chiqqan. K. Qahhorova,Chorak asr hamnafas
-
Sen kallavaramdan kosmonavt tugul, shofyor ham chiqmaydi. N. Norqobilov, Toʻqnashuv
18. Biror ruhiy holatdan qutulmoq.
-
U gazetani yoniga qoʻyib, bir necha minut stolni chertib, hozir oʻqigan narsalari taʼsiridan chiqolmay turib qoldi. S. Ahmad, Ufq
19. Biror narsadan bezor boʻlmoq, zerikmoq yoki koʻtara olmay qolmoq.
-
U oshdan chiqib qoldi. Yosh bolalarning xarxashasidan juda chiqibman.
20. Tamom boʻlmoq, oxirlamoq, oʻtmoq, tugamoq, kechmoq.
-
Chilla chiqdi.
-
— Ha, endi qish chiqdi, — deyishdi koʻzli dehqonlar. R. Rahmon, Mehr koʻzda
21. Vujudga kelmoq; paydo boʻlmoq.
-
Mashinaning Matiz degan yangi xili chiqibdi.
22. Topilmoq.
-
Yoʻqolgan narsa uyimizdan chiqdi. Gʻordan chiqqan boylik.
-
Uch kundan keyin ming soʻmga oluvchi xaridor chiqadi. A. Qahhor, Sarob
-
Oʻtirganlardan biri irgʻib oʻrnidan turdi-yu, dahlizning eshigini ochib, qattiq shivirladi: — Moʻydin, kir, arizang chiqdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
23. Yuzaga kelish eʼtibori bilan biror manbaga mansub boʻlmoq.
-
Rasmiy doiralardan chiqqan xabar.
-
— Bunaqa gaplar kimdan chiqadi? — dedi Ahmedov miyigʻida kulib. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
24. Nashr boʻlmoq, chop etilmoq, bosilmoq.
-
Kitob bosmadan chiqdi.
-
— Maqola vaqtida chiqdi, — dedi Safarov, — ayni vaqtida chiqdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
25. Mahsul, samara, natija sifatida yuzaga kelmoq.
-
Quruq gapdan foyda chiqmaydi. Besh kilogramm gilosdan necha kilogramm murabbo chiqadi? Soʻnggi pushaymondan naf chiqmas. Maqol.
-
Har qutidan yetmish sakkiz kilodan pilla chiqsa boʻladimi! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
26. Biror ish, joy, tashkilot va shu kabilardan ajralmoq, uzilmoq, ajralib, uzilib qolmoq; tashlab ketmoq.
-
Tashkilotdan chiqmoq. Xalqqa suyansang, boʻlasan, Xalqdan chiqsang, soʻlasan. Maqol.
-
Musulmonqulga tarafdorlaringiz boʻlsa, tinchlikcha qoʻshindan chiqsin! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
27. Aloqani uzmoq, ahdni buzmoq, ajralishmoq.
-
Oʻrtoqchilikdan chiqmoq. Erdan chiqmoq.
28. Uchramoq, yoʻliqmoq, paydo boʻlmoq.
-
Sarvinozning qarshisidan kutilmaganda oʻsha yigit chiqib qoldi. Yoshlik
-
Bogʻning bir chekkasidan chiroyli kiyik chiqib qolibdi. Bulbuligoʻyo
29. Qazish, kovlash natijasida topilmoq, koʻrinmoq.
-
Neft chiqdi. Gaz chiqdi. Yerni qazimasang, oltin chiqmas. Maqol
-
Tuproq qatlami tagidan tarix guvohlari — har xil ashyolar chiqdi. Gazetadan
30. Oʻrnidan qoʻzgʻalmoq (boʻgʻim suyaklari haqida).
-
Qoʻlim chiqib ketdi.
-
Lutfulla qalʼa devoridan sakrab, oyogʻi chiqdi. Mirmuhsin, Qahramonnoma
31. Roʻy bermoq, sodir boʻlmoq.
-
Toʻpolon chiqdi. Kelishmovchilik chiqdi.
-
Azizxon bu suratni koʻrib qolib, oynani sindirib, suratni yirtib tashlagan, katta janjal chiqib, zoʻrgʻa militsiya qoʻlidan qochib qolgan edi. S. Ahmad, Ufq
32. Osmonda koʻrinmoq, paydo boʻlmoq (osmon jismlari haqida).
-
Hali quyosh chiqmagan, suv yuzida nozik tuman pardasi silkinib turardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Togʻ-u toshni qoplaydi sukut, Oy bulutga oʻranib chiqar. Yoshlik
33. Turtib, boʻrtib turmoq.
-
Yonoqlari chiqqan qiz.
-
Uning [Bashirjonning] yelkalari chiqib, qomati oldinga engashib qolgandek edi. N. Aminov, Qahqaha
34. Toshmoq, sirtga tepmoq.
-
Yara chiqdi. Soʻgal chiqdi.
-
[Qizning] Lablariga uchuq chiqib ketibdi. Sharq yulduzi
35. Sirtga tepmoq, ajralib namoyon boʻlmoq, koʻrinmoq.
-
Isitmasi chiqdi.
-
[Karimning] Peshonasiga ter chiqdi. Sharq yulduzi
-
Koʻzlaridan yosh chiqib ketdi. A. Koʻchimov, Halqa
36. Tepaga koʻtarilib, atrofga yoyilmoq; toʻzgʻimoq (chang haqida).
-
Yor yurgan koʻchalarni supuray sochim bilan, Changi chiqsa, suv sepay koʻzdagi yoshim bilan. Qoʻshiqlar
37. Muayyan tarzda eshitilmoq (tovush, ovoz haqida).
-
Torning ovozi jaranglab chiqdi.
-
— Bas qil, hoy! — Mahmudaning ovozi battar xirillab chiqdi. Yoshlik
-
Ovozi yigʻi aralash qaltirab chiqdi. Sharq yulduzi
38. Natija sifatida yuzaga kelmoq.
-
Chizgan suratim notoʻgʻri chiqdi. Yoshlik
-
Dalvarzintepadan topilgan qurollar ham antiqa chiqib qoldi. Fan va turmush
-
Direktorning gapi aks boʻlib chiqdi. Yoshlik
-
Ammo uning taxmini notoʻgʻri chiqdi. Yoshlik
39. Biror belgi-xususiyati yuqori darajaga yetmoq.
-
Uvadasi chiqqan toʻn.
-
barxanlar orasida yagʻiri chiqqan toʻrtta oʻtov qad rostlagan. Gazetadan
40. Tarqalmoq, taralmoq (hid haqida).
-
Mansur chemodanni ochgan edi, uyga handalakning hidi chiqib ketdi. Yoshlik
41. sprt. Mot boʻlish vaziyatini oʻzgartirib, undan qutulmoq (shaxmat oʻyiniga nisbatan).
-
Oqlar yurishni oʻzgartirib, vaziyatdan chiqib ketdi. Gazetadan
42. Televizor yoki radio orqali soʻzlamoq, biror harakatni bajarmoq.
-
Televizorda ashula aytib chiqdi. Radioda chiqdi.
43. Chekiga, nomeriga va shu kabilarga toʻgʻri kelmoq.
-
Lotereyaga mashina chiqdi. Chiptasiga jekpot chiqdi.
44. Unmoq, koʻkarmoq (oʻsimliklar haqida).
-
Boychechak chiqibdi, navroʻz ekan Qoʻshiqlar
45. Tabiiy taʼsir natijasida matodan ajralib, uning sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoq (gazlamaning rangi haqida).
-
Rangi chiqadigan chit. Koʻylagini yuvgan edi, rangi chiqib, ola-bula boʻlib qoldi.
46. Koʻmakchi feʼlli soʻz qoʻshilmalari tarkibidagi -i(b) qoʻshimchali ravishdoshlar bilan kelib, ish-harakatning toʻliq bajarilganligi va tugallanganligini bildiradi (masalan,
-
qarab chiqmoq, koʻrib chiqmoq, sanab chiqmoq).
-
Ertalabgacha mijja qoqmay, oʻylab chiqdim. Sharq yulduzi
-
[Qora qoplon] Xonaning u yoq-bu yogʻiga koʻz tashlab chiqib, karavot ustida yotgan kitobni koʻrib qoldi. K. Yashin, Hamza
47. Qoʻshma feʼllar tarkibida keladi. Masalan,
-
soʻzga chiqdi, olib chiqdi, qarshi chiqdi.
chiq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Abjagʻi chiqmoq
-
Fashistni ur, abjagʻini chiqar, u yogʻi bilan ishing boʻlmasin. Oybek, Tanlangan asarlar
Avj(i)ga chiqmoq
-
Qiy-chuv qilishib, kulgilar avjga chiqdi. Sharq yulduzi
Boshiga chiqmoq
Boshingiz toʻydan chiqmasin
-
Boshingiz toʻydan chiqmasin, deb tilar ekanlar-u, ammo bu tilak hamma vaqt ham amalga oshavermas ekan. N. Safarov, Olovli izlar
Gapdan gap chiqib
-
Gapdan gap chiqib: — Abdullajon, — dedilar Izzat Otaxonovich, — Namangandan Sanjar Tilla kelgan. K. Qahhorova, Chorak asr hamnafas
Daragi chiqdi
-
Uch kun deganda opasining daragi chiqdi. Sharq yulduzi
Joyi chiqmoq
-
Yangang ham [qizlarning] joyi chiqsa, uzatmoqchi birin-ketin. S. Nurov, Narvon
Jon(i) chiqmoq
-
Chiqmagan jondan — umid. Maqol
-
boʻridan bir qoʻzini ajratib olgan edi. Joni chiqmagan ekan. S. Anorboyev, Oqsoy
-
Menga nasihat qilaverib, jonimni chiqarmang. Oydin, Koʻngli toʻldimi, yaxshi yigit?
Izdan chiqmoq
-
Mehnat intizomi izdan chiqdi. Sharq yulduzi
Ishdan chiqmoq
-
Agar mashina va uskunalardagi tebranishlar oldi olinmasa, bora-bora ular ishdan chiqishi mumkin. Fan va turmush
Yoʻldan chiqmoq
-
Toʻgʻri yoʻldan chiqma, zinhor adashma. Habibiy
Misi chiqdi
Narxi osmonga chiqdi
-
Kartoshkaning narxi dehqon bozorida osmonga chiqib ketdi. Gazetadan
Ogʻzining bir chekkasidan chiqib ketaveradi
Pulingga chechak chiqqanmi?
Soʻz(i)ning ustidan chiqmoq
-
Oshno soʻzining ustidan chiqdi. M. M. Doʻst, Lolazor.
Tili chiqmoq
-
[Bola] Tili chiqib, chuldirab qoldi. Sharq yulduzi
Turmushga chiqmoq
-
Qizimiz turmushga chiqib ketdi. Mirmuhsin, Umid
Uddasidan chiqmoq
-
Odilbekdan boshqa kishi bu ishning uddasidan chiqolmaydi. Bulbuligoʻyo
Umidi puchga chiqmoq
-
Yoʻq, Qizgulning bu umidi ham puchga chiqdi. Sharq yulduzi
Figʻoni falakka chiqmoq
-
Hojining figʻoni falakka chiqdi. Fan va turmush
Chuvi chiqmoq
Yuz joyiga pichoq ursang, bir joyidan qon chiqmaydi.
Enka-tenkasi chiqdi
-
otni toʻxtatib, qayirib olguncha, Qudratning enka-tenkasi chiqdi. H. Nazir, Koʻkorol chiroqlari
-
Jamilaning oʻz yonidan gʻoyib boʻlganini payqamay qolibdi. Birdan enka-tenkasi chiqib, oʻrnidan turgan edi yiqilib tushdi. Mirmuhsin, Jamila
Yuzaga chiqmoq
Yuragi qinidan chiqmoq
-
Yuragi qinidan chiqib, qotib qoldi. Sharq yulduzi
Quyushqondan chiqmoq
-
— Quyushqondan chiqmang-da bunday, joʻrajon! — dedi Zarif Sayfining yelkasiga qoʻl tashlab. Gazetadan
Hasratidan chang chiqadi
CHIQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЧИҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
chiq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar