de
bilan ulashing
1. Oʻz fikrini ogʻzaki yoki yozma ravishda ifoda qilmoq, aytmoq; soʻzlamoq, gapirmoq.
-
Men senga nima degan edim. Bu haqda kitoblarda nima deyilgan? Oʻgʻlingiz sizga salom dedi. Bedardning oldida dardim bor demagin. Maqol
-
Osh kelsa, yegin, Gap kelsa, degin. Maqol
-
Toʻqlik nelar dedirmas, Ochlik nelar yedirmas. Maqol
-
Shunday deyishingizni biluvdim. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Eng oqil mavjudot inson deymiz-u, baʼzan odamning arzimagan narsaga aqli yetmay qoladi. Oʻ. Hoshimov, Nur borki, soya bor.
2. Biror tovush, un chiqarmoq.
-
Mushuk miyov dedi.
-
Imm degan ovoz eshitildi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Qayerdadir qizilishton qarilladi, popushak pu-pu-pup-pishsh deb qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Atalmoq, nomlanmoq; otga, nomga ega boʻlmoq; atamoq.
-
Marhamat degan olti qiz bor ekan. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Avaz Sayfiy degan tanish mullavachchani topdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Keyin Hikmatulla degan novcha yigit soʻz oldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Bari bir, taqdir degan narsa, payti kelib, oʻzini koʻrsatib qoʻyarkan. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Biz tomonlarda mayna degan qush boʻladi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. Hisoblamoq, sanamoq; bilmoq, oʻylamoq.
-
Odami ersang, demagil odami. Oni kim yoʻq xalq gʻamidan gʻami. Navoiy, Xamsa.
-
[Famiddin:] Sakkiz yuz soʻmni siz bilan biz pul demaymiz. Chindan ham pul emas. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Axir kim ham onasini, volidasini sevmaydi deysiz! Gazetadan
5. Deb oʻylamoq, faraz, mulohaza qilmoq.
-
Shunday ham deyaylik. Boring, ertaga samolyot uchmaydi deyaylik. Xayr, shunday ham deng
-
Shovqin solmang, birov eshitsa, nima deydi! A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Ha, endi bitta-yarimta oʻrtogʻinikida qogandir-da, dedik. S. Siyoyev, Yorugʻlik
6. Istamoq, xohlamoq.
-
Nima desang, albatta muhayyo qilaman. Dushman nima demay-di, tushga nimalar kirmaydi. Maqol
-
Um
-
ajratamiz dedingiz-u, men yoʻq dedimmi? Oybek, Tanlangan asarlar
-
Dasturxonga noz-neʼmat toʻlsin deyman. Guldasta
-
xalq uchun ishlaganlarga jonimni bersam deyman. U. Ismoilov, Saylanma
7. Tanlamoq, biror kimsaga yoki narsaga tarafdor boʻlmoq, moyillik bildirmoq.
-
Yo meni de, yo uni de.
-
Men sening tenging emasman, Omonim bor, seni demasman. H. Olimjon
-
Oʻzingiz yoʻling ochiq, keta ber, men ota-onamni deyman, degan edingiz-ku. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
8. (shart mayli shaklida) Biror ish-harakatni bajarishga urinmoq.
-
Gilamni koʻtaray desam, juda ogʻir ekan.
-
Ilgarilari urib yengar edim, endi uray desam, qochib, tomga chiqib ketadi. A. Qahhor, Ayb kimda?
-
Koʻzini ochay desa, qovoqlari ogʻirlashib ketganday tuyuldi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
9. Hisobga olinmoq, istisno qilinmoq.
-
Otlarning pishqirgani, hasharotlarning chirillashi bilan soy suvining mayin shildirashi demasa, atrof jimjit edi. N. Fozilov, Diydor
-
Sal chimirilgan qoshlari demasa, Avazning raftoridan bir nima anglab olish qiyin edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
10. Ravishdosh shaklida qoʻshma gaplarni bogʻlash uchun xizmat qiladi.
-
Endi Avaz xalqni kurashga chorlovchi sheʼrlar bitar deb, umid qilamiz. S. Siyoyev, Yorugʻlik
11. Buyruq va shart mayli shakllarida kirish soʻz vazifasida keladi.
-
Onam bechora, deng, mulla, oʻzi juda kam borar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Bechora kapsanchilar, deyman, yer oʻzlariga qarashli boʻlganda, shu ariqni oʻsha vaqtda chiqarishsa ham boʻlar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Yana, desangiz, ikkita, sutlik oq echkilari bor. S. Siyoyev, Yorugʻlik
12.
-
deganda boʻlganda, boʻlgach, oʻtgach.
-
Soat oʻn ikki deganda yetib kelasan.
-
Bir oy deganda, nihoyat, menbop bir shtat topilib qoldi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
13. Degani degan Oʻz fikri, mulohazasini qabul qildiradigan, aytganini boʻldiradigan.
-
U kishining degani degan, hech kim bas kelolmaydi. A. Muxtor, Tugʻilish
de soʻzi qatnashgan jumlalar:
Gʻing demoq
Lom-mim demay
Nima deysiz?
-
Balki gʻami, hasrati ozayar, nima deysiz? Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shariat oʻzi yoʻl topib beradi. Yoʻlni xotiningizning oʻzi topib kelib, sizni opchiqib ketsa, nima deysiz? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bir (yoki hech) nima demay
-
Bunisiga ham bir nima demayman, har kimning goʻri boshqa, menga nima. A. Qahhor, Qizlar
.deganday
-
Oʻz uyim, oʻlan toʻshagim deganday, siz ham qaytib kelibsiz-da;
-
U xoʻp deganday, bosh irgʻitdi.
-
Nima ishing bor edi? degandek, unga tikildi. S. Karomatov, Oltin qum
.deguncha
-
Keldi deguncha, menga xabar ber.
.demay yoki demasdan
-
Boshi-koʻzi demay uraverdi. Yoz demasdan, qish demasdan ishlamoq.
-
Qistab ketib boradi. Kecha demaydi, kunduz. Ravshan
Koʻp deganda
-
Bu ishga koʻp deganda oʻn kun kerak.
Koʻrdim demaydi
-
Bir-ikki kosa ovqatni koʻrdim demaydi;
-
Uncha-muncha ogʻir mehnatni koʻrdim demaydigan shu yigit ham toliqar edi. A. Qahhor, Oltin yulduz
Menga desa
-
Mayli, menga desa, bu yil mehnat kunimiz bir miridan tushsin! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Nimaga (yoki nega) desangiz
-
— Qoyil,— dedim labimni chapillatib, nega desangiz, shu payt qovun yegim kelib qolsa boʻladimi? X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Nimaga desangiz, har bir musulmonga maʼlumki, Muhammad alayhissalomning qabri shariflari bor u yerda. Oybek,Tanlangan asarlar
Shunday deng
Hash-pash deguncha
DE so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДЕ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
de so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar