dunyo
bilan ulashing
1. Butun borliq; koinot, olam.
-
Bogʻ koʻrki — bodom, Dunyo koʻrki — odam. Maqol
-
Til kichik boʻlsa ham, dunyoni buzadi. Maqol
-
Dunyoda onadan aziz, onadan moʻtabar inson yoʻq. Gazetadan
-
Dunyoda eng dahshatli narsa — yolgʻizlik. T. Ashurov, Oq ot
2. Borliqning, mavjudotning ayrim boʻlaklari yigʻindisi, toʻplami.
-
Yulduzlar dunyosi.
3. Jonli tabiatning ayrim qismlari, ular yashaydigan muhit.
-
Hayvonot dunyosi. Oʻsimliklar dunyosi.
-
Tabiatni muhofaza qilish, jumladan, hayvonot dunyosini saqlash hozirgi davrda muhim ahamiyatga ega. Gazetadan
-
Darhaqiqat, bular [ilonlar] gazandalar dunyosining turqi eng sovuq, zahari eng oʻtkir vakillari hisoblanadi. Fan va turmush
-
Karib dengizida joylashgan Yamayka oroli nabotot dunyosining boyligi va rang-barangligi bilan mashhurdir. Fan va turmush
4. Ijtimoiy hayot yoki turmushda yuz bergan (mavjud boʻlgan) holatga nisbatan, unga qarama-qarshi boʻlgan boshqa bir holat.
-
Shu yoʻsin qizlar oʻzlarining bir oʻrtoqlarini xotinlik dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
5. Atrofimizni oʻrab turgan butun mavjudot; atrof muhit.
-
Torga — tor dunyo, kengga — keng dunyo. Maqol
-
[Otabek] Tush koʻrar edi: Dunyoni qorongʻilik bosgan emish. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Koʻzim ochding, men dunyoni keng koʻrdim, Oʻzimni ham odamlarga teng koʻrdim. H. Olimjon, Asarlar
6. Yer yuzi va undagi barcha odamlar, insoniyat.
-
Oʻzbek paxtakorining dovrugʻi dunyoga taraldi.
-
Butun dunyo seni olqishlar. U. Ismoilov, Saylanma
7. Yer yuzi, undagi barcha qitʼalar, mamlakatlar.
-
[Haydar ota:] Agar birov menga qolgan umringni dunyoni sayohat qilib oʻtkazasanmi? desa, hech oʻylab oʻtirmasdan, shu supani bera qol, der edim. A. Qahhor, Asror bobo
-
Agar dunyoning narigi burchagiga sizni opichlab borishga toʻgʻri kelsaydi, men sevina-sevina bajarardim. Oybek, Tanlangan asarlar
-
dunyo aholisining teng yarmi guruch bilan tirikchilik qiladi. K. Mahmudov, Qiziqarli pazandachilik
8. Hayot, tiriklik.
-
Bu dunyo oʻtar-ketar, yuzi qoralik qolar. Maqol
-
Dunyoning ishlari shunaqa ekan, doʻstim. K. Yashin, Hamza
-
Kim dunyodan toq oʻtibdiki, siz oʻtasiz? S. Ahmad, Ufq
-
Dunyo qiziq ekan. Qachon qarasangiz, yetdim deganda qoqilasiz. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
9. koʻchma Kishining maʼnaviy, ruhiy olami, hayoti.
-
Sehrlar dunyosi. Ruhiy dunyo. Xayollar dunyosi. Maʼnaviy dunyo. Tafakkur dunyosi.
-
Sherbekning dunyosi boʻm-boʻsh, huvillab qolgandek tuyuldi. Nigorasiz turmushida halovat boʻlarmidi! S. Anorboyev, Oqsoy
-
Soʻnagul oʻz dunyosi bilan band edi. A. Muxtor, Davr mening taqdirimda
-
Ayazarda onaning ruhiy dunyosi, farzandga boʻlgan muhabbati, orzu-oʻylari aks etadi. Saodat
-
Shu birgina soʻz uning [ Madumarning] butun ichki va tashqi dunyosini oʻzida aks ettirgan edi. M. Ismoiliy, Fargona t.o.
-
Xayollar dunyosi keng, oʻtkir fikrli bu hassos qiz berilib, kichik-kichik hikoyalar yozar edi. Oybek, Nur qidirib
10. Maʼlum bir ilm-fan, kasb-hunar, ijtimoiy hodisa sohasi.
-
Adabiyot dunyosi. Odamiylik dunyosi. Taʼlim-tarbiya dunyosi.
-
Adabiyot dunyosida ikki turli tanqid bor: jiddiy tanqid va hajviy tanqid. A. Qodiriy, Kichik asarlar
11. Maʼlum bir ijtimoiy tuzumga, oʻziga xos madaniy va ijtimoiy-tarixiy xususiyatlarga ega boʻlgan omillar bilan birlashgan kishilik jamiyati va u mavjud boʻlgan davr.
-
Qadimgi dunyo. Kapitalizm dunyosi. Sivilizatsiya dunyosi.
dunyo soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bevafo dunyo yoki dunyoyi bevafo
-
Pushti panohimizdan ayrilganimiz rostmi? Oh, bevafo dunyo! U. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Bu bevafo dunyoda istak va zaruratdan tashqari koʻngil degan narsa ham bor ekan. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Ey dunyoyi bevafo! Onangdan ayrilibsan, jiyan! Oybek, Tanlangan asarlar
Besh kunlik dunyo
-
Umr qisqa, besh kunlik dunyoda zavq surish gʻanimat. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Besh kunlik dunyoning loyqa suvini nima qilasan, jannatdagi havzi kavsarni oʻyla, ablah! Oybek, Tanlangan asarlar
Bu dunyo
-
Hammamiz ham bu dunyoga mehmonmiz. J. Sharipov, Xorazm
-
Uning vasliga yetgan yigitning armoni boʻlmasa kerak bu dunyoda! K. Yashin, Hamza
Dunyoga kelmoq
-
Bu bosh dunyoga kelib, nimalarni koʻrmadi-a? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Mohirabonudan ikki oʻgʻil va ikki qiz dunyoga kelib, toʻngʻichi — Azizbek toʻrtinchisi bizning Zaynab edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Dunyodan oʻtmoq (yoki ketmoq)
-
— Tarxon janoblari dunyodan oʻtibdilar, — dedi sardor yonidagi otliqqa. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Taqdir oramizga judolik savdosini soladigan boʻlsa, Iqbol dunyodan ketdi, deb qoʻya qoling. N. Safarov, Tanlangan asarlar
-
Polopon vaqtingizdayoq yorugʻ dunyodan ketdingiz. Mirmuhsin, Meʼmor
Dunyo ilmi
-
Kamina oxirat ilmiga, siz dunyo ilmiga mohirsiz. A. Qodiriy, Kichik asarlar.
Dunyoyi qoʻtir yoki qoʻtir dunyo
-
Bu qoʻtir dunyoda shunaqa odamxoʻrlar borligiga hech aqlim yetmaydi. M. Ismoiliy, Fargʻonat.o.
Dunyoni tanimoq
-
Oʻqituvchi dunyoni tanitadi, olamni chinakamiga tushuntiradi. Fan va turmush
-
Sen dunyo yuzini koʻrib, chaqaloq ovozing jaranglagan kun sodda qishloq xotinlari bilan uyimizda kichkina bir toʻy yasar edik. Oybek,Tanlangan asarlar
Yolgʻon dunyo
-
Aslini soʻrasangiz, hammamiz bu yolgʻon dunyoga mehmonmiz. K. Yashin, Hamza
-
Bu yolgʻon dunyoda qancha ot surib, nechogʻliq javlon urganimiz bilan bir kun borar yerimiz shul tuproq ekan, hayhot! S. Siyoyev, Yorugʻlik
Yorugʻ dunyo
-
Bu yorugʻ dunyoga nima uchun keldik? Hamza, Asarlar
-
Biz yorugʻ dunyoni koʻrish uchun tugʻilganmiz, Turgʻunoy! A. Qahhor, Asarlar
Ikki dunyo ayn. u dunyo-bu dunyo.
-
Oʻzi juda aqlli-da ustozimiz, bunaqangi aqlli odamni ikki dunyoda ham topolmaysiz. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Unday kelin endi ikki dunyoda ham bu jahonga kelmaydi. E. Rayimov, Ajab qishloq
-
Men ikki dunyoda rozi emasman. S. Ahmad, Yulduz
-
Jon birodar, xudo xayringni bersin, bu yaxshiligingni ikki dunyoda unutmasman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Miri (biri) kam dunyo
-
Bobolar: Dunyoniki miri kam ikki! deganlar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Biri kam dunyo. T. Ashurov, Oq ot
-
Bir kam dunyo emas bizning bu dunyo: Barcha hujayrasi tugal bir olam. B. Boyqobilov, Meni kuting, yulduzlar
U dunyo-bu dunyo
-
[Volidamiz:] — U dunyo-bu dunyo meni rozi qilaman desang, shu xotinni rozi qil! — dedilar. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Kimda-kim birovga qoʻl berib, ixlos qoʻysa, u dunyo-bu dunyo xor boʻlmaydi. Mushtum
-
Vasya Tyuminga: — Xayr endi, uka, bu qilgan yaxshiliging u dunyo-yu bu dunyo esimdan chiqmaydi, — dedim. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Sartarosh u dunyo-bu dunyo xor boʻlmaydi. E. Rayimov, Ajab qishloq
-
Bordi-yu, turmush quradigan boʻlsang, u dunyo-bu dunyo sendan rozi emasman. S. Karomatov, Oltin qum
U (yoki narigi) dunyo
-
U dunyoda shuncha narsa boʻlsa ham, hech kim bu dunyodan ketkisi kelmaydi-ya. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bir-ikki kunning ichida koʻzlari ich-ichiga tushib, narigi dunyoga ravona boʻldi. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
Foniy dunyo
-
Usta goʻr va jahannam azobini foniy dunyoda bir martaba boʻyniga olib qoʻygani uchun uncha tan tortmadi. A. Qahhor, Asarlar
-
Xoʻsh, siz bu foniy dunyo lazzatidan kechgan tarki dunyo qilgan piri murshidlardan biri ekansiz K. Yashin, Hamza
Qaytib kelmas dunyo
-
Oʻzbek oyim boʻlsa, eski gina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga joʻnatdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻtar (yoki oʻladigan) dunyo ayn. foniy dunyo
-
Qani, ayt, bu oʻtar dunyo zeb-u ziynatlari, bu mozordagi omborlarda yotgan hisobsiz baytulmollar faqat senga kerakmi? K. Yashin, Hamza
-
Farmon, kel, oʻladigan dunyoda bir otamlashaylik. U. Ismoilov, Saylanma
Bir dunyo
-
— Oh, dadajon, men shoʻrli qarigan chogʻingizda sizga bir dunyo tashvish boʻldim, — dedi Eʼzozxon. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Gʻalaba! Olti harfdan iborat bu soʻzda bir dunyo qaygʻu, quvonch va maʼno bor! N. Safarov, Olovli izlar
-
Hovliga chiqdim. Meni bir dunyo yumush kutib turgan edi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Dunyoga ustun boʻlarmiding
Dunyodan toq oʻtmoq
-
Na xotin, na bola-chaqa bor. Dunyodan toq oʻtdik hisob. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Endi er degan shu boʻlibdimi? Bundan koʻra dunyodan toq oʻtgan yaxshiroq, yolgʻiz yurgan tinchroqdir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Dunyodan chiroqchisiz bormoq (yoki oʻtmoq)
-
Yoshim oltmish toʻrtga yetdi, oʻgʻlim-qizim boʻlmadi Dunyodan chiroqchisiz boraman. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Dunyo koʻziga qorongʻi boʻlmoq (yoki koʻrinmoq)
-
Talʼat birinchi kursdanoq Hamida degan qizni sevib qolgan, shu qiz boʻlmasa, dunyo koʻziga qorongʻi, bemaʼni koʻrinib ketardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Dunyo koʻrgan
-
Birodar Ikirom, siz dunyo koʻrgan bir kishisiz. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Dunyoni suv bossa, toʻpigʻidan kelmaydi (yoki toʻpigʻiga chiqmaydi)
-
Bu odamlar toʻrt ishkali but, dunyoni suv bossa, toʻpigʻiga chiqmaydigan kishilarday bamaylixotir, huzur qilib kulishardi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Dunyoni tanigan yoki dunyodan xabardor
Dunyo turguncha turing (yoki tursinlar)
-
Dunyo turguncha turing, asti gʻam koʻrmang. K. Yashin, Hamza
Ikki dunyo bir qadam
-
Sayoq uchun ikki dunyo bir qadam. Oybek, Tanlangan asarlar
Ikki dunyoda
-
— Men u bilan ikki dunyoda chiqisha olmayman, — dedi Tojiboy. P. Tursun, Oʻqituvchi
Tarki dunyo qilmoq
-
Asli oʻzim tarki dunyo qilganman. Oʻzbek xalq dostonlari
DUNYO so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДУНЁ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
dunyo so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar