ket
bilan ulashing
1. Oʻz turgan joyini tark etmoq, oʻz turgan joyidan boshqa tomonga yoʻl olmoq; bormoq.
-
Bu yerdan hech yoqqa ketmayman. Kelmoq ixtiyor bilan, ketmoq ijozat bilan. Maqol
-
[Yoʻlchi:] Unsin, bu oila qanday? Ketasanmi yo bu yerda qola turasanmi? Oybek, Tanlangan asarlar
-
Agar oralaringizga sovuqchilik tushadigan boʻlsa, sen oʻchakishib yurma, yaxshisi bu uydan ketish harakatini qil! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Mehmonlar uch kun turib, ketishdi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Gulnor, qishloqdan ketib, choʻlda oʻrnashib olsak, qulogʻim tinchir, deb oʻzini oʻzi yupatdi. S. Ahmad, Ufq
2. Biror mashgʻulot, xizmat yoki vazifani tark etmoq, tashlamoq.
-
Ishdan ketmoq. Uqishdan ketmoq.
-
Senday aqli raso, tushunadigan odam boʻlsa, zavoddan ketmas edim. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
-
Xotiningizni nega tashlab ketganingizni ayting Yarashasizmi yo institutdan ketasizmi, shuni ayting. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
3. Tamom boʻlmoq, tugamoq, oʻtmoq (vaqt haqida).
-
Boʻlinglar, vaqt ketyapti. Vaqting ketdi —
-
baxting ketdi. Maqol
-
Shunday rohat turmush im izdan, shunday shirin umrimizdan darrov bir yili ketdimi! Oh, dod deyman. A. Qahhor, Nutq
4. Yoʻq boʻlmoq, yoʻqolmoq, arimoq.
-
Dalalardan qor ketdi. Kiyimning dogʻi ketmadi.
-
Hasrat tugagandan soʻng, Otabekning yuzidagi boyagi yarim jiddiylik ketib, uning oʻrnini oʻychanlik oldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Qadah toʻxtab qoldi. Suhbatdan nechukdir fayz ketdi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
-
Kun boʻyi quloqlari ostidan juda gʻalati olis-olislarga chorlovchi ajib bir musiqa ketmadi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
5. koʻchma Olamdan oʻtmoq; oʻlmoq.
-
Men oʻn beshga kirganda, ayam oʻldi. Hali qirqqa bormagandi. Yosh ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ming martaba shukur boʻlsin parvardigorga, Mendan rozi ketgan ekan qiblagohlarim. A. Oripov, Jannatga yoʻl
6. Sarf boʻlmoq, ishlatilmoq.
-
Yoʻl xarajatiga hammasi boʻlib ellik soʻm ketdi. Bu ishni bajarishga koʻp vaqt ketadi. Roʻzgʻorga ketadigan narsalar.
-
Kuch koʻp ketadi, lekin ekinlar ichida bundan (paxtadan] serdaromadi yoʻq. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
7. so‘zlashuv tili Oʻtmoq, sotilmoq, pullanmoq.
-
Tez ketadigan mol.
-
Xullas, yer juda arzonga ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
8. Muayyan maqsad yoki sabab bilan biron joyga, ish-faoliyat va shu kabilar joyga tomon yoʻl olmoq; joʻnamoq.
-
Qishloqqa ketmoq. Armiyaga ketmoq. Ishga ketmoq. Toʻyga ketmoq.
-
Kuniga oqshom tushsa, Martindan qoʻrqib, koʻchaga chiqmay, tuzsiz makaron chaynab yurguncha, shahrimga ketaman. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Shirmonjon ona shu ahvolda tong ottiradi-yu, yana dalaga terimga ketadi. S. Zunnunova, Olov
9. Davom etmoq; bormoq, boʻlmoq.
-
Imtihon ketyapti. Majlis ketyapti.
-
Oʻrmonjon, odatda, ish sustroq yoki yomonroq ketayotgan uchastkalarga borar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Agar biz yerning doli-guliga kelishini kutib oʻtirsak, vaqtdan yutqazadiganga oʻxshaymiz, havo shunday ketavermas [dedi brigadir]. N. Safarov, Xadicha Ahrorova
10. koʻchma Ish-faoliyatning biror sohasi, yoʻnalishi bilan bormoq, davom etmoq.
-
Akasi uchuvchi edi, ukasi ham uning orqasidan ketdi. Bola otasi izidan ketib, oʻqituvchi boʻldi.
-
Butun oilasi bu yerga rezavor ekib, mumkin qadar eldan burunroq bozorga chiqarib, pul qilishga tirishar edi. Abdishukur bu yoʻldan ketmadi. Oybek, Tanlangan asarlar
11. Tarqamoq, borib yetmoq (ovoza, dovruq va shu kabilar haqida).
-
Shuhrati butun dunyoga ketdi.
-
Ammo nomi tildan-tilga oʻtib, butun frontga dovrugʻi ketgan bu qizning oʻyida faqat Normat kechardi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Uning taʼrifi uzoqlarga ketgan. T. Ashurov, Oq ot
12. so‘zlashuv tili Ishdan chiqmoq (masalan sinmoq, yorilmoq, yirtilmoq kabi maʼnolarni ifodalaydi).
-
Shimim tizzasidan ketdi.
-
Aravaning tagidan dehqonning ayanchli tovushi eshitildi: — Oʻqi ketibdi, ish pachava. Oybek, Tanlangan asarlar
13. so‘zlashuv tili Yarashib tushmoq (kiyim haqida).
-
Bu kostyum senga juda ketibdi.
14. Isteʼmol qilinmoq, yeyilmoq yoki ichilmoq; oʻtmoq.
-
Issiq kunda palov uncha ketmaydi.
-
— Chuchvaradan keyin choy juda yaxshi ketadi-da, — dedi Boqijon Baqoyev, yuzidagi terni artib. A. Qahhor, Adabiyot muallimi
15. so‘zlashuv tili (asosan boʻlishsiz shaklda — ketmaydi) Qoʻshilmaslik, maʼqul emaslikni bildiradi.
-
— Him, oqsoqol majlisni qadimgi zamon usulida tarafkashlikka aylantirmoqchi ekan-da. Ketmaydi, — dedi Abdurasul. P. Tursun, Oʻqituvchi
16. Sigʻmoq, joylanmoq.
-
Bu samovarga uch litr suv ketadi. Zalga ikki yuz kishi ketadi.
17. koʻm. fl. vzf. Ravishdoshning -(i)b yoki -a/-y qoʻshimchali shakllariga birikib, harakatning tugal, toʻsatdan, davomli bajarilishi kabi maʼnolarni bildiradi.
-
Qizarib ketmoq. Gʻovlab ketmoq. Charchab ketmoq. Qoʻrqib ketdi. Mashina birdan gʻuvullab yurib ketdi. Oʻz maqsadini tushuntira ketdi. Yoʻrgʻalay ketdi.
ket soʻzi qatnashgan jumlalar:
Besh ketmoq
Suv tekin ketdi
Oʻzidan (yoki hushidan) ketmoq
-
— Hushimdan ketib qoldim, keyin nima boʻlganini bilmayman, — dedi Hoji xola. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Zil ketmoq
-
Natijada yutuqlarimizni koʻrolmay, ich-ichidan zil ketayotgan dushmanlarimiz sharmanda-yu sharmisor boʻldi. N. Safarov, Olovli izlar
Mukkasidan ketmoq
-
U shaxmatga shunaqangi mukkasidan ketganki, agar Fargʻona vodiysida bu oʻyinga jonini tikadigan odam ikkita boʻlsa, shuning bittasi — Ahmadjonov. Guldasta
KET so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЕТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ket so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar