ko‘z
bilan ulashing
1. Tirik mavjudotning koʻrish aʼzosi.
-
Koʻz kosasi. Koʻz oqi. Koʻz qorachigʻi. Qora koʻz. Koʻk koʻz. Xumor koʻz. Ayagan koʻzga choʻp tushar. Maqol
-
Qargʻa qargʻaning koʻzini choʻqimaydi. Maqol
-
Koʻz qoʻrqoq, qoʻl botir. Maqol
-
Maston, unga eʼtibor qilmay, otning tumshugʻidan koʻtarib, uning ochiq qolgan koʻzlariga qaradi. A. Qahhor, Maston
-
Gavhar oʻrtadagi simyogʻoch uchida osilib turgan lampochka yorugʻidan qamashgan koʻzlarini kafti bilan pana qilib, yogʻoch zinalardan chiqib keldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Koʻzi yoshli odamni Koʻzim aslo koʻrmasa. Shuhrat.
2. Nazar, nigoh; qarash.
-
[Kumushning] Koʻzlari oʻynaguvchi qizlarda boʻlsa ham, haqiqatda boshqa bir narsani koʻrgandek. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Gulnor buzuq qiz boʻlsa, koʻzimizdan uzoqroq joyga yoʻqolgani yaxshi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Zulfizarni esa odamlarning yomon koʻzlaridan oltinlarni yashirganday yashirasan. K. Yashin, Hamza
-
Mansur hamon indamas, koʻzlarini bir nuqtadan uzmas edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
3. Koʻrish qobiliyati.
-
Koʻzi xira. Koʻzi oʻtkir. Koʻzi ojiz. Koʻzi yaxshi emas.
-
Bir vaqtlar doʻppi tikdim, koʻrpa qavidim endi unday ishlarga koʻzim oʻtmaydi. Oybek,Tanlangan asarlar
-
Yozuvchining koʻzi ham, dimogʻi ham, qulogʻi ham hech kimnikiga oʻxshamaydi. Shukrullo, Javohirlar sandigʻi
4. koʻchma Baʼzi narsalarning biror belgi bilan ajralib, koʻzga oʻxshab ketadigan qismi, boʻlagi.
-
Derazaning koʻzi. Yogʻochning koʻzi. Buloqning koʻzi.
ko‘z soʻzi qatnashgan jumlalar:
Koʻz gavhari
Koʻz koʻrib (yoki koʻrmagan)
-
Birdan koʻz koʻrib, quloq eshitmagan bir jonivorni koʻrgandek, hayron boʻlib, sekin oʻrnidan turdi. Guldasta
-
Oʻris tabib Achaxonning qornini yorar emish Koʻz koʻrib, quloq eshitmagan kasofat ish. K. Yashin, Hamza
Koʻz nurini toʻkmoq
-
— Men., yigirma yil xalifa uchun koʻz nuri toʻkib ishlabman — dedi Chorgul bibi. S. Ayniy, Qullar
Koʻz oldi yoki koʻz oʻngi
-
Hammaning koʻz(i) oldida.
Koʻz qiri bilan qaramoq
-
Gavhar koʻzi qiri bilan Zulayhoga, keyin Abduxalilga qaradi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Koʻz qismoq
-
Mullajon amaki qih-qihlab kulib, keyin menga qarab, koʻzlarini qisdilar. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Jiyanim menga koʻz qisib, qoʻyavering degandek ishora qildi. Guldasta
-
Garchi yigʻilganlar orasida luqmalarga bitta-yarimta koʻz qisishib oʻtirganlar boʻlsa ham, koʻpchilikning boshlari egik edi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Koʻz oldi (yoki oʻngi) qorongʻilashmoq
-
Yodgorning koʻz oʻngi qorongʻilashdi-yu, yiqilib ketmaslik uchun, stul oʻrindigʻini changallab oldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Koʻz tashlamoq
-
U yoq-bu yoqqa diqqat bilan koʻz tashladi-da, zinadan ohista yuqori koʻtarildi K. Yashin, Hamza
-
Mohim koʻz tashlab, bir koʻrishda yuragi jiz etdi. Guldasta
Koʻz tikmoq
-
Katta xotinlari yoʻliga koʻz tikib oʻtirganliklarini boyvachcha xayoliga ham keltirmas edi. K. Yashin, Hamza
-
Mehri uning qoʻlini mahkam qisib, yuziga koʻzini tikib qolgan edi. K. Yashin, Hamza
Koʻz tutmoq
-
Kelasiz deb koʻz tutdim, boʻlmadi xabar. Gʻayratiy
Koʻz uzmaslik (yoki olmaslik)
-
Yaxshi boʻldi, deb oʻyladi Mansur, undan koʻz uzmay Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Hayot to uyga kirib ketguncha, Gʻulomjon koʻzlarini olmadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Koʻz urishtirmoq
-
Sakson yoshligi nishonlanayotgan kuni ustozim begona bir kampir bilan koʻz urishtiribdi, oʻsha kampir bir quchoq gul keltirgan ekan. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Koʻz yugurtirmoq
-
Yoʻlchi atrofiga koʻz yugurtirib, qizga tomon ikki-uch qadam bosdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Naziriy uni [qogʻozni] buklogʻidan ochib, koʻz yugurtirdi. K. Yashin, Hamza
Koʻzga tashlanmoq
-
uzoqda choʻqqilar koʻzga tashlanar edi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Koʻzdan kechirmoq (yoki oʻtkazmoq)
-
Qoʻlyozmani koʻzdan kechirmoq.
-
Hamza: “Bularning gunohi nima? degan maʼnoda yonida Sadoyi Fargʻonaning bugungi sonini koʻzdan kechirib oʻtirgan Olchinbekka qaradi. K. Yashin, Hamza
-
Qurbon aka-ukalari, xesh-aqrabolarini xayolan koʻzdan oʻtkazdi. I. Shamsharov, Toshqin
Koʻzdan qochirmoq
-
Kimda gumoning boʻlsa, koʻzdan qochirma, iziga tush. Oybek, Tanlangan asarlar;
-
Bu janjallar bir yoqli boʻlguncha, uni koʻzdan qochirib turish kerak.
Koʻzi tushmoq
-
Abduqodirboy bu payt bolalar ichidan oʻgʻlini qidirardi. Unga koʻzi tushdi-yu, soʻroqqa tutdi. K. Yashin, Hamza
Koʻzdan qolmoq
-
Kechalari koʻzdan qolib tikkan doʻppingni oʻzing kiyolmaysan. A. Muxtor, Opa-singillar
Koʻzni oladi
-
Koʻzing olur — ipaklari tillodan. T. Toʻla.
-
Zangori osmon ham shunday tiniq, shunday begʻuborki, koʻzni oladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Tizzaning koʻzi
-
Yuragi gupillab urar, shamoldan quloqlari shangʻillar, tizzasining koʻzi muzday yerga tegib turganini sal-pal sezardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Uzukning koʻzi
Xurjunning koʻzi
Aqli koʻzida
-
Aqli koʻzida boʻlgan bir xumsa savlatimga poʻrt uchdi. A. Qodiriy, Gʻirvonlik Mallavoy
Boshga tushganini koʻz koʻradi
-
Boshga tushganini koʻz koʻradi. T. Ashurov, Oq ot
Dunyo koʻziga qorongʻi
-
Talʼat birinchi kursdanoq Hamida degan qizni sevib qolgan, shu qiz boʻlmasa, dunyo koʻziga qorongʻi, bemaʼni koʻrinib ketardi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Yomon koʻz
-
Dutfiniso dam oʻtmasdan kelib, goh yomon koʻzdan saqlasin uchun, isiriq tutat-tirar, goh qizini quchib yigʻlar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Yana aytaman, faqat ehtiyot boʻl, yomon koʻzdan oʻzi asrasin. T. Ashurov, Oq ot
-
Oʻz qadrini bilgan xotinga erkak kishi yomon koʻz bilan qaragani botinolmaydi. A. Qahhor, Xotinlar
Jonini koʻziga koʻrsatmoq
-
Umar polvon bosh egmadi Ergashga qarab gʻoz turaverdi. — Islom, men bu itning vangillashini eshitmoq-chiman, jonini koʻziga koʻrsatib qoʻy, — dedi gʻazabdan koʻzining paxtasi chiqib ketgan Ergash. K. Yashin, Hamza
Ishning koʻzini bilmoq
-
Ishning koʻzini biladigan qarindoshlarimdan birining huzuriga borib, oʻgʻlimga munosib yengilroq ish topib berishlarini iltimos qildim. Mushtum
Koʻz boʻyamoq
-
Mehmonlardan biri, yosh bolalarni toʻplab, sheʼr oʻqib berayotgan bir juvonga taʼna qildi: — Musobaqada koʻz boʻyash bilan yutgan ekansiz-da, Toʻtixon! A. Qahhor, Mirzo
Koʻz(ni) olaytirmoq
Koʻz ostiga (yoki tagiga) olmoq
-
Sodiqjon boyvachcha uch tanob yer, katakdek chorbogʻni anchadan beri koʻz ostiga olib yurar, lekin buni Poʻlat otaga aytishga yuzi chidamay kelar edi. K. Yashin, Hamza
Koʻz ochib koʻrgan
-
Norjon ona Boydoda muallimning koʻz ochib koʻrgani. J. Abdullaxonov, Xonadon
-
Bu mol-u davlatning barchasini oʻsha koʻz ochib koʻrganining bitta harom tukiga olmaydi. K. Yashin, Hamza
Koʻz ochib yumguncha
-
Toʻntarish koʻz ochib yumguncha yuz berdi. K. Yashin, Hamza
-
Oʻsha koʻz ochib yumguncha oʻtgan vaqtlarda Aʼzamjon Dildorning husniga ham, shoʻshigiga ham toʻyolmay qolgandi. S. Ahmad, Ufq
Koʻz ochirmaslik
Koʻz tanish
Koʻz tegmoq
-
Toʻqqiz qanotli, guldor keragali oq uyning tepasida qoʻchqor shoxi osigʻliq Allonxoʻja uni xonadonimga koʻz tegmasin, deb irim qilib osgan ekan. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Sen bilmaysan, bolam, bizga koʻz tegdi xonadonimizga shayton oralab qoldi. K. Yashin, Hamza
Koʻz yummoq
Koʻzga dori
-
Tirikchilik qiyin, qumaloq ham koʻzga dori. Oybek, Tanlangan asarlar.
Koʻzga ilmaslik
-
Ayo toʻram, aytmaguncha bilmading. Yo bilmayman, bizni koʻzga ilmading. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli.
Koʻzga ishonmaslik
-
U [Oʻrmonjon] ikki qoʻlida uchtadan oltita choynak koʻtarib, hovuz boʻyidagi choyxoʻrlar oldiga ketayotgan Sidiqjonni koʻrib, xuddi koʻziga ishonmaganday, turib qoldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Koʻzga koʻringan
-
Koʻzga koʻringan olim.
Koʻzga surtmoq
Koʻz(i)ga choʻp solmoq
-
— Hazilingni qoʻy, bolam, koʻzga choʻp solib boʻladimi! — dedi muloyim Zebi xola. S. Abduqahhor, Koʻzlar
-
Falonchining avlodi, deb koʻzimga choʻp solishmoq-chi boʻlishdi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
Koʻzga yaqin
-
Qoʻqonning koʻzga yaqin oʻgʻil-qizlarini otlariga oʻngarib chiqib ketishdi. K. Yashin, Hamza
Koʻzda tutmoq
-
Gektaridan koʻzda tutilganidan koʻproq don va koʻkpoya olindi. Gazetadan
Koʻzi yetmoq
-
Otamurod oxiri kiyik oyoqqa tura olmasligiga koʻzi yetib, oʻrnidan turdi-da, pichogʻini qinidan chiqarib, Sultonovga uzatdi M. Mansurov, Yombi
-
Umrida qalbakilik nimaligini bilmay oʻsgan qiz uchun yolgʻon bilan til topishish qiyin edi. Bu vaziyatda yashay olmasligiga koʻzi yetdi. J. Abdullaxonov, Xonadon
Koʻzi yorimoq
-
Oʻgʻil muborak boʻlsin, bolam! Hozirgina koʻzi yoridi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Koʻzi ilinmoq (yoki ketmoq)
-
Hoji xola koʻzi ilinib, endi xurrak ota boshlagan edi, Toʻraxon gap qotib qoldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Endi koʻzi ilindi deguncha, zambilda bemajol yotgan haligi bolaning nursiz basharasi koʻz oldiga kelar edi-da, uyqusini qochirib yuborardi. K. Yashin, Hamza
Koʻzi moshdek ochilmoq
-
Haligina otish, qirib tashlash kerak, deb bu kuchni mensimayotgan Kitayevning koʻzi moshdek ochilib, ahvolning nihoyatda murakkabligini fahmladi. K. Yashin, Hamza
Koʻzi och
Koʻzi ochilmoq
-
qoʻshnimni bir karra tanqid qilaylik, intil, ilmingni boyit, deylik. Intilmasa, oʻzidan koʻrsin, ishi chippakka chiqqanda, koʻzi ochiladi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Mendan xavotir olmang, ogʻa, achchiq-chuchukni totib, koʻzim ochilib qolgan. M. Osim, Ibn Sino qissasi
Koʻzi ochiq
-
Yaralarimizga, dardlarimizga malham qidirgan va olamdan xabardor, koʻzi ochiq odamlarimiz bor. Yurt qaygʻusiga ular chora koʻradi. Oybek, Tanlangan asarlar;
-
xudoga ming qatla shukur, koʻzim ochiq paytda qizginamning toʻyini koʻradigan boʻldim. A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
Koʻzi ochiq ketmoq
Koʻzi pishmoq
-
Boydoda muallim boshliq qurilish ishida koʻpdan koʻzi pishib ketgan keksalar yoshlarga maslahatgoʻy. J. Abdullaxonov, Xonadon
-
Erlarining har bir xatti-harakatlari maʼnosini ular bilishadi, bunga ularning koʻzlari pishib ketgan. K. Yashin, Hamza
Koʻzi tinmoq
-
boshi aylanib, koʻzi tinib, yerga yiqildi. K. Yashin, Hamza
Koʻzi tor
-
— Oʻzlariyam oʻlguncha koʻzi tor, ziqna, — dedi Jilamun. Gʻ. Gʻulom, Shum bola
Koʻzi toʻrt (boʻlmoq)
-
Shukur, oʻgʻlim, shukur, keldingmi? Seni keladi, deb oying ikkalamizning bir oydan beri koʻzimiz toʻrt. H. Ahmar, Kim haq?
Koʻzi oʻynamoq
-
Oʻrtoqlari koʻrib, koʻzlari oʻynadi.
Koʻzi qattiq
-
Biroq qiz qurgʻur ota-onasiga oʻxshamaydi-da: koʻzi qattiq, tili tez, dimogʻdor qiz boʻlibdi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar.
Koʻzi qiymaslik
-
Manovi kuchukni oʻldirishga koʻzim qiymay turibdi. Qaramaysanmi, chiyaboʻriday yopishib olganini. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Koʻzga issiq koʻrinmoq
-
Dalidan beri tikilaman, koʻzimga issiq koʻrindiz, soʻraganning aybi yoʻq, deyishadi, qayerdansiz? S. Karomatov, Oltin qum
Koʻziga koʻrinmaslik
-
Achaxonning joni ham uning koʻziga koʻrinmadi-ku. Oʻlimiga rozi boʻldi uning. K. Yashin, Hamza
Koʻzingga qara
Koʻzini yogʻ bosmoq
-
Men koʻzini yogʻ bosgan bandalarga elanmayman, arzimni xudoga aytaman. K. Yashin, Hamza
Koʻzini shamgʻalat qilib
-
Tong otar paytda, toʻrtinchilarning koʻzini shamgʻalat qilib, toʻqayzor ichidan yoʻlga chiqishlari lozimligini tayinladi. K. Yashin, Hamza
Koʻzining oq-u qorasi
-
Nainki bitta shu qizi deb umrini oʻtkazsa, koʻzimning oq-u qorasi deb avaylasa oʻstirsa-yu, u yuziga tik qarasa. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Otamning ham, onamning ham bitta-yu bitta koʻzining oq-u qorasi men edim. Gʻ. Rasul, Adolat
Koʻzining paxtasi chiqmoq
-
— Islom jonini koʻziga bir koʻrsatib qoʻy, — dedi gʻazabdan koʻzining paxtasi chiqib ketgan Ergash. K. Yashin, Hamza
Koʻrgani koʻzi yoʻq
-
Ular oʻsha duma saylovidan keyin sizni koʻrgani koʻzlari yoʻq, hatto joningizga qasd qilishdan ham toyishmaydi. K. Yashin, Hamza
-
Aslida ularni uncha xushlamayman, koʻrgani koʻzim yoʻq. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarmoq
-
Men hazillashgan edim. Lekin qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarishimni oʻylamagan ekanman. K. Yashin, Hamza
Qoʻshning koʻr boʻlsa, koʻzingni qis
KO‘Z so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЎЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
ko‘z so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar