kut
bilan ulashing
1. Moʻljallangan narsa yoki shaxsning paydo boʻlishini, kelishini yoki uchrashini umid qilgan, unga koʻz tikkan holda maʼlum vaqt biror joyda turmoq; poylamoq.
-
Samolyot kelishini kutmoq. Seni koʻp kutdim.
-
Yusufbek hoji sipohlardan birining qoʻltiqlashi bilan otiga minib, narida kutib turgan Hasanaliga qarab yurdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Barno yoʻq ekan, bir oz kutdi, kelavermagach, oʻtirishga sabri chidamay, idoradan chiqdi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
2. Biror narsaning boʻlishini eʼtibor-da tutib, nimadandir oʻzini tiyib, toʻxtatib turmoq.
-
Avaz zaldagi pichir-pichirlar tinishini kutib, bir oz jim qoldi-da, davom etdi: — Mirzayev Charosning tirnogʻiga ham arzimaydi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
U Vaqqos otaning taklifini kutmay, Abdubilolni ichkariga boshladi. S. Yunusov, Kutilmagan xazina
-
Ahmadjon pulemyotni darhol okop boʻyiga oʻrnatdi va nemis piyoda askarlarining yaqinroq kelishini kutdi. A. Qahhor, Oltin yulduz
3. Keluvchini hurmatlab, yoʻliga, istiqboliga chiqmoq.
-
Gʻulomjon hokimni kutgani bormadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Uni hech kim kutgani chiqmadi. S. Ahmad, Ufq
-
Erta bilan vokzalga keldi. Yoʻq, uni kutadigan ham, kuzatadigan ham odami yoʻq edi. Shunchaki boshi aylanib kelib qoldi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
4. Birovning (masalan, mehmonlarning) koʻnglini olish uchun xizmatida boʻlmoq; uni ziyofat qilmoq, xursand qilish uchun unga xizmat qilmoq, koʻnglini olmoq.
-
Mezbon mehmonlarni yaxshi kutdi.
-
Pechak-guldek boʻlib, eriga chirmashganini koʻrarmiz hali, xudo koʻrsatsa; bor, oʻynab-kulib, mehmonlaringni kut! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
[Hoji, javob kutmasdan:] — Qudalaringni nima bilan kutishni boʻlsa, oʻzing bilasan: tuya soʻyib chorlaganingda ham kelmaydirgan kishilar! — dedi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Bizning eshigimiz doim ochiq. Shu uyga kelibmanki, mehmon kutaman. H. Gʻulom, Feruza
5. Biror narsaning boʻlishini umid qilmoq, shunday boʻladi deb oʻylamoq; ilinjida boʻlmoq.
-
Yaxshilik kutmoq. Nodondan aql kutma, beburddan — nomus. Maqol
-
Adovat urugʻini sepib, adolat mevasini kutma.
-
Kotib xatni oldi-yu, Elmurod kutgandek, oʻqib oʻtirmadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Gulsum ona bunaqa gaplarni kutmagani uchunmi, sarosimaga tushib, Fyodorovnaga koʻz tashladi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
6. koʻchma Yoʻlida, hayot yoʻlida roʻpara boʻlmoq, istiqbolida boʻlmoq; qarshilamoq.
-
Darhaqiqat, bizning qarshimizga yoʻlbars chiqsa, biz qattiq qoʻrqamiz, chunki bizni oʻlim kutadir. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
dehqonlarning bu isyoni yaxshilikka olib kelmasligini, qonun, qurol sipohiylar qoʻlida ekanligini, isyonchilarni beshafqat jazo kutishini ham biladi. S. Siyoyev, Avaz
kut soʻzi qatnashgan jumlalar:
Kutib olmoq
-
Yubileyni yaxshi kutib olmoq.
-
Darvoza oldida hazrati Alisherni qoʻlida supurgi ushlagan jikkakkina faqir bir chol kutib oldi. N. Aminov, Suvarak
-
Choyxonachi uni IAvazni] ayricha iltifot bilan kutib oldi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
KUT so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КУТ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
kut so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar