o‘l
bilan ulashing
1. Hayoti tugamoq, yashashdan toʻxtamoq, qazo qilmoq.
-
Oʻz ajali bilan oʻlmoq. Yiqilib oʻlmoq. Botir oʻlsa, nomi qolar, Nomard oʻlsa, nesi qolar. Maqol
-
Kechga yaqin yoʻl ustida yarador leytenant oʻldi. Oybek, Quyosh qoraymas
-
Buning ustiga kutilmaganda bir suruvdan ustma-ust ikkita qoʻy kasallanib oʻldi. P. Qodirov, Qora koʻzlar
2. Yoʻq boʻlmoq, barham topmoq.
-
Havasi oʻlmoq. Ishtahasi oʻlmoq.
-
Muhtasham saroylarning ziyosi ketgan, Oʻlayotgan sinfdek ziyosi ketgan. Gʻayratiy
-
Yer yuzida oʻlmasin, nomingni saqlab qolgin. U. Ismoilov, Saylanma
3. Biror sifati, xususiyati va shu kabilarni yoʻqotmoq, yaroqsiz holga kelmoq.
-
Oʻlgan ohak.
-
Robiya xola qaynogʻi oʻlib qolgan choydishga oʻt qalab yubordi. S. Zunnunova, Olov
4. Biror harakat-holat taʼsirida juda nochor, ogʻir ahvolda qolganlikni bildiradi.
-
Mirmurodov soatni bir amallab olti qilguncha oʻlayozdi. Guldasta
-
E, vokzalning oldida oʻldim-charchadim, aftimning kuyasini koʻr. Oybek, Bolalik
5. koʻm. fl.vzf . Yetakchi feʼl bildirgan harakatni kuchaytirib ifodalaydi, ortiq darajasini qayd etadi.
-
[ Toʻybeka:] Meni erga berganlarida, senga oʻxshash men ham yigʻlagan edim, ammo ichimda nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta oʻlgan edim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Qimmatxon har kelganida, ona sigirday yalab-yulqab oʻladi. Shuhrat, Jannat qidirganlar
o‘l soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ajalidan besh kun burun oʻlmoq
-
[ Kumush:] Oʻgʻrilar teshib, oldimga chiqqanlarida, men nima qilar edim? Oh, otajon! Men ajalimdan besh kun burun oʻlar edim. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Uyatga (yoki nomusga) oʻlmoq
-
Sidiqjon nomusga oʻlib, gʻazabidan koʻziga qon toʻlib, nima qilishini bilmay, xiyla turib qoldi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Eti oʻlmoq
-
Darra kelguncha etim oʻlib, darra yeganim bilinmaydi. Latifalar
-
Yo gʻirt sodda, yo anoyi yoki ayollarni koʻraverib Pochchayev achchiq hazil, kinoyali gaplar, hatto kalaka qilishlar ham kor qilmaydigan boʻlib, eti oʻlib qolgan edi. A. Muxtor, Tugʻilish
Oʻlay agar
-
Oʻlay agar, koʻrganim yoʻq.
-
oʻlay agar, bor-yoʻq pulim shu, men musofirman. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Oʻlganning kunidan
-
Oʻlganimning kunidan rozi boʻldim.
-
Oʻlganimning kunidan cholga tegib boraman. Qoʻshnilar
Oʻlganning ustiga koʻmgan
-
Bunisi oʻlganning ustiga koʻmgan boʻldi. Mushtum
Oʻlganning ustiga (chiqib) tepmoq
-
Xudoyga shukur, qoʻlingda xating bor, oʻlganning ustiga chiqib tepgandek xat-xabarsiz qoʻyma! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Oʻlib boʻldim yoki oʻlar boʻlsam, oʻlib boʻldim
-
Uh, oʻlib boʻldim, qizim! Yolgʻiz qoʻyni haydash nuqul azob! Oybek, Tanlangan asarlar
-
Yupatgunimizcha er-xotin oʻlib boʻldik. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Sharifjon, oʻlar boʻlsam, oʻlib boʻldim. Bu pochchang meni ado qildi. E. Raimov, Ajab qishloq
Oʻlib turgan (yoki yurgan) ekan
-
doʻndiqchangni muhayyo qilib beraylik, dedim. Jonkeldi oʻlib turgan ekan, quloq qoqmay, xoʻp, dedi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Birorta hamyoni kattaroqqa pullasam, deb tomogʻi qaqrab oʻlib yuribdi. P. Tursun, Oʻqituvchi
Oʻlmagan mening jonim (yoki sening joning)
-
Voy, Marasul aka-yey, oʻlmagan sizning joningiz! Bu shallaqi bilan qanaqa umr qilib kela-yotibsiz? A. Qahhor, Ogʻriq tishlar
Oʻlsa ham
-
Oʻz otasini siylamagan, oʻlsa ham bizni odam oʻrnida koʻrmas! Yodgor
O‘L so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЎЛ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
o‘l so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar