o‘rin
bilan ulashing
1. Biror kimsa yoki narsa ishgʻol qilib turgan yoki ishgʻol qilishi mumkin boʻlgan yer, sath yoki fazo; joy.
-
Toshni oʻrnidan qoʻzgʻatib boʻlmadi. Oʻtirgan oʻrin topadi. Maqol
-
Baʼzilari oʻtirgan oʻrinlarida mudrab qolishibdi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Maktab qishloqning qoq oʻrtasida boʻladi. Hu, ana u yerga idora, klub tushadi. Mana bu toʻqayning oʻrni bogʻ boʻladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Safar boʻzchi turgan oʻrnidan jilmadi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
U oʻtirgan oʻquv zalida hamma oʻrinlar band. P. Qodirov, Uch ildiz
2. Uxlash, yotib dam olish uchun toʻshab qoʻyilgan koʻrpa, yostiq va shu kabilar majmui; joy.
-
Muhabbat chiroy tanlamas, uyqu — oʻrin. Maqol
-
Ona-bola bir oʻrin yozib yotdilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Komil ketgandan keyin Boʻronbek uyiga kirib, chinni kosada toʻldirib boʻza simirdi-da, oʻrin solib yotdi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Oʻrin yigʻilmagan, tosh-oyna oldidagi kursida Munisxonning ichki koʻylagi yotardi. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
3. Yashash uchun boshpana, turarjoy, maskan.
-
[Qutidor:] Uyatsizga mening uyimda oʻrin yoʻq. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Kishining, narsaning hayotda oʻziga xos fazilat, mavqe va shu kabilar bilan belgilanuvchi holati, mavjudlik maqomi.
-
Kun hisobin oy olar, bedov oʻrnin toy olar. Maqol
-
— Bu qizdan bir balo chiqadi. Oʻnta oʻgʻilning oʻrnini bosadi, — deyishardi. S. Ahmad, Ufq
-
Tushunib turibman, oʻlganlarning oʻrni mana shunaqa ulugʻ ayyomda yoʻqlanadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
5. Biror narsaning maʼlum bir joyi, qismi, boʻlagi.
-
Ertakning baʼzi oʻrinlarini qoldirib ketmoq. Maqolaning ayrim oʻrinlariga tuzatish kiritildi.
-
Kumushbibi xatning bu oʻrniga yetganda qizarinib, bir oz oʻqishdan toʻxtab oldi va davom etdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
6. Ish-harakat, faoliyat va shu kabilarning belgi-darajasi jihatidan koʻrsatkichi, band etgan holati, darajasi.
-
Bir vaqtlar Toshkent shahri dov-daraxtlar boʻyicha jahon-da ikkinchi oʻrinda turardi. Gazetadan
-
Oʻylaymizki, yigitlar sovrinli oʻrinlardan birini olishga harakat qilishadi. Gazetadan
7. Vazifa, lavozim.
-
Oʻrnini egallamoq. Oʻrnidan bekor qilmoq. Eski raisning oʻrniga yangisi saylandi.
-
Xalq ishi boʻlgandan keyin oʻrinning katta-kichigi boʻlmas ekan, Ergashvoy. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Asqar ota erkaklar qoshida koʻp muhtaram xotinlarni koʻrgan, lekin bularning koʻpchiligi rais, mudir, direktor deganday rahbarlik oʻrindagi xotinlar edi. A. Qahhor, Xotinlar
8. 3-shaxs egalik shaklida) (Biror ish-harakatni bajarish uchun qulay fursat, payt, mavrid; xonasi.
-
Oʻrni kelsa, otangni ham ayama. Maqol
-
Boʻlak gaplarni oʻrni bilan gaplasharmiz. Biz tomonlarga ham boring. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Oʻrni kelmaganda, men ham gapirmas edim. A. Qahhor, Xotinlar
-
Hozir inodning oʻrni emasligini harchand uqtirmoqchi boʻldim, koʻnmadi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
9. Biror ish, harakat uchun zarurat, asos; hojat, ehtiyoj.
-
Mehnatsiz pul topish yoʻliga tushgach, choʻntakni qappaytirib olgandan soʻng, ishni ham, kollektivni ham hurmat qilishga oʻrin qolarmidi? Mushtum
-
Vasvasalanishning oʻrni yoʻq, mundan soʻng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga mushtoqman A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
10. bu ( shu soʻzi bilan) Muayyan fursat, holat maʼnosini bildiradi.
-
Shu oʻrinda yana bir narsaga eʼtiborni qaratmoqchiman.
-
Rafiqam Mukambarxonning tadbirkorligi bu oʻrinda ham jonimga ora kirdi. N. Safarov, Olovli izlar
11. Muayyan mavqe, holat.
-
Shaxsning hazil-mutoyiba, yumorga moyilligi ham muhim oʻrin tutadi. OʻTA
-
Oʻtmishdagi sanʼatkorlar ichida qiziqchilar alohida oʻrin egallab kelganlar. T. Obidov, Yusufjon qiziq
-
Bu oddiy traktorchi juvonga boʻlgan ehtirom uni ayrim oʻringa qoʻyar edi. A. Qahhor, Asarlar
12. Makon maʼnoli grammatik terminlar tarkibida qoʻllanadi:
-
Oʻrin kelishigi. Oʻrin holi. Oʻrin ergash gap.
13. 3-shaxs egalik va joʻnalish oʻrin-payt kelishiklari shaklida (— oʻrniga, oʻrnida) koʻm. vzf. Zidlik, qiyos kabi munosabatlarni, kabi, evaz, koʻra koʻmakchilariga xos maʼnoni bildiradi.
-
Lekin yechinish oʻrniga shoshilib portfelini oldi. S. Zunnunova
-
Yangi direktor. Sening oʻrningga it boqsam boʻlmasmidi! S. Ahmad, Ufq
-
Bu kunki qorachopon va qipchoq nizolarini sizga bir timsol oʻrnida koʻrsatayin A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Nima qildi? — degan edi, opasi oʻrniga singlisi javob berdi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
14. Oʻrin (erkaklar ismi).
o‘rin soʻzi qatnashgan jumlalar:
Issiq oʻrnini sovitmoq (yoki tashlamoq, kechmoq)
-
He yoʻq, be yoʻq issiq oʻrnimni sovitib, ishimdan olib tashlasang Gazetadan
-
Sababiki boʻlmasa, kim issiq oʻrnini tashlab, qum tepaliklari orasida sargardon boʻlib yuradi?! Mirmuhsin, Meʼmor
Koʻngli oʻrniga (yoki joyiga) tushmoq
-
Xoʻsh, koʻngling joyiga tushdimi? O. Yoqubov, Chin muhabbat
Oʻrin yoʻq
-
Koʻngil yaqin joyda bunday gaplarga oʻrin yoʻq. S. Zunnunova, Yangi direktor
Oʻrniga keltirmoq
-
[Qodirov] Kolxozchilar yoʻl-yoʻlakay qoʻl qovushtirib salom berishlarini, izzat-hurmatini hamisha oʻrniga keltirishlarini istaydi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Oʻrniga oʻtmaydi
-
Mamajon polvon ishga tushishdan oldin patefonni bir qoʻyib, muzika eshitib olmasa, oʻrniga oʻtmaydi. Gazetadan
Oʻrniga qoʻymoq
-
Toshkent xalqaro anjumanlarni oʻrniga qoʻyib oʻtkazishda boy tajribaga ega. Gazetadan
-
Gʻulom aka unga ish buyurib qolgudek boʻlsa, boshi osmonga yetar, sevinganidan chopqillab borib, dastyorchilikni oʻrniga qoʻyardi. R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi
Oʻrnida koʻrmoq
-
Mardikorni, xizmatkorni, kosibni odam oʻrnida koʻrishmaydi bu zamonda. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shu ikki yildan beri menga boʻlgan aloqangiz bir zarra ham oʻzgargan emas meni xotin oʻrnida koʻrmaysiz! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
O‘RIN so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЎРИН so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
o‘rin so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar