hukm
bilan ulashing
1. huquq Sud, huquqiy mahkama yoki shaxsning jinoiy ish yuzasidan chiqargan uzil-kesil, qatʼiy qarori; shuningdek, biror ish yuzasidan boʻlgan ajrim xulosasi, qarori.
-
Ijobiy hukm. Salbiy hukm. Qatʼiy hukm. Qozining hukmi. Hukmni ijro etmoq.
-
Sidiqjon sudning hukmidan juda xursand boʻldi-yu, lekin Sharofatning shikoyat qila olish huquqidan xavotirga tushdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Hozir Nikolayning fuqarosiman, xoningning hukmi oʻtmaydi menga S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
— Bizni kimning hukmi bilan oʻldirmoqchi boʻlayotirsiz? — dedi xatirchilik bandi mirshab odamiga. S. Ayniy, Qullar
-
Faqat ayblov hukmi bilan sudlanuvchi aybdor deb topiladi va jazoga tortiladi. OʻzME
2. Umuman, bir ish, masala yuzasidan boʻlgan, xulosa tarzidagi fikr; qaror.
-
Barotning haqqoniy soʻzi, hukmi mingboshini yerga kirgizib yubordi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha.
-
Otaning hukmi vojib, uning irodasiga boʻysunmay iloji yoʻq. S. Siyoyev, Otliq ayol
-
Ergash Sottining bugungi kirdi-korini koʻpchilik hukmiga tashlamoqchi boʻlsa ham, gapni nimadan boshlashni bilmay oʻylanib qoldi. I. Rahim, Chin muhabbat
3. Kishi yoki narsaning biron ish qilish izm-ixtiyori (toʻgʻri va koʻchma maʼnoda).
-
U hozir juvonning hukmida boʻlib, uning xohishiga qarshi hech narsa deyolmas edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Senga zulm qilgan shu ikki ogʻang sening hukmingda! Oltin beshik
-
Yer-suv, boshqa moddiy boyliklar bir toʻda boylar hukmida boʻlgan N. Safarov, Olovli izlar
-
Oyoqdan ajralgan paytimda, umr yoʻldoshim meni taqdirning achchiq hukmiga tashlab joʻnab qolganda, men nima qilmogʻim kerak? S. Karomatov, Bir tomchi qon.
4. koʻchma Buyruq, amr.
-
Sening hukming oʻtmaydi.
-
Shu kemachi qoʻrqib, boʻzarib Dedi Omon yoniga borib: — Daryo teran, tayov yetmaydi, Suvga, oʻgʻlim, hukm ketmaydi. E. Rahim
-
Din va oltin hukm ila, Koʻp uy buzildi. Hisobsiz maʼsum boshlar Tandan uzildi. Gʻayratiy
5. mnt. Narsa va uning belgisi haqidagi tasdiq yoki inkor mazmunli fikr.
6. eskirgan, aynan Kesim 3.
hukm soʻzi qatnashgan jumlalar:
Hukm qilmoq (yoki etmoq)
-
xalq sudi Sobir Saydarovni oʻn besh yil, Mirzajonovni oʻn yil qamoq jazosiga hukm qildi. Gazetadan
-
Sud Nasibalini Sidiqjon Sohibjonovga hukm qildi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Hukm yuritmoq
-
Ehtimolki, uning topgan davlati oʻgʻrilik orqasidadir, kishining davlatiga qarab hukm yuritish qiyin. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Hukm qilmoq
-
Bu ham oʻshalardan boʻlsa kerak — hukm qildi oʻzicha chol. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Bu narsaga oldindan hukm etish toʻgʻri emas, har bir ish olloning buyrugʻi bilan boʻladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Odat hukmiga kirmoq
-
Uyqu va halovatning bahridan kechib, har bir tup gʻoʻzani xatosiz undirib olish Qurbonali polvon zvenosida odat hukmiga kirib qoldi. N. Safarov, Tanlangan asarlar
Hukm surmoq
-
Boburning Turkiston va Afgʻonistonda yashagan va hukm surgan vaqtida yozgan sheʼrlari Parijdagi milliy kutubxonada mavjud ekani aniqlandi. OʻTA;
-
Bemor koʻzini ochgan mahal xonada sokinlik hukm surardi. J. Abdullaxonov, Oriyat
-
Uyda gʻalati bir tantana hukm surardi. S. Zunnunova, Yangi direktor
Hukmini oʻtkazmoq
-
Men valiyman, deb podshohlarga hukmini oʻtkazib, juda katta boylik orttirgan edi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
-
Hozir eng qizgʻin palla boshlanmoqda —
-
bahor oʻz hukmini oʻtkazishga kirishmoqda. Gazetadan
HUKM so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҲУКМ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
hukm so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar