o‘tir
bilan ulashing
1. Ketni biror joyga qoʻyib, biror joyni ishgʻol etib oʻrinlashmoq; choʻkmoq.
-
Chordana qurib oʻtirmoq. Choʻkka tushib oʻtirmoq. Oyoq uzatib oʻtirmoq. Divanda oʻtirmoq. Koʻrpachada oʻtirmoq. Stulda oʻtirmoq.
-
Bu holdan achchigʻlangan Qayum yonimga kelib oʻtirdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Gulnor deraza ostiga koʻrpacha solib, qizni oʻtqazdi va oʻzi yaqin oʻtirdi. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Asosan shunday (oʻtirgan) holda biror joy, makonda boʻlmoq.
-
Choyxonada uzoq oʻtirmoq.
-
Saodatxon oldingi qatorda oʻtirgan Lolaxonga qaradi. S. Zunnunova, Yangi direktor
-
Yoʻlchi bu yerda ikki soat qadar oʻtirib, yukka ilinmagach, bozor aylanish uchun turib ketdi. Oybek, Tanlangan asarlar
3. Oʻtirib bajariladigan biror ishga unnamoq, shu ishni bajaradigan vaziyatni egallamoq.
-
Fotihadan soʻng har kim oʻz ishiga oʻtirdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Oftob oyim Toʻybekani mehmonxonaga buyurdi va oʻzi xamir qilishga oʻtirdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Fayzulla oʻziga xos muloyimlik bilan kulib, asta bosh silkidi-yu, rulga oʻtirdi. Gazetadan
4. Transport vositasiga tushmoq, chiqmoq; minmoq.
-
Samolyotga oʻtirmoq. Tramvayga oʻtirmoq.
-
Kecha u [
-
Abdishukur] xoʻjayini bilan izvoshga oʻtirib, bu yerga mehmon boʻlib kelgan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Birinchi aravaga Meʼmor oila aʼzolari bilan chiqib, ikkinchi va uchinchi aravalarga Zulfiqor, Zavrak, Gʻavvoslar oʻtirishi kerak edi. Mirmuhsin, Meʼmor
5. so‘zlashuv tili Biror lavozimni egallamoq,,.boʻlib ishlamoq, tayinlanmoq.
-
U rektor boʻlib oʻtiribdi. U raislik lavozimiga oʻtirdi.
-
Xon ikki marotaba taxtdan haydalib uchinchi martaba taxtga oʻtirishi rus istibdodining Toshkentni olib, Xoʻjandga qoʻl uzatgan sanalariga toʻgʻri kelgan edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
6. so‘zlashuv tili Biror joyda maʼlum vaqt boʻlmoq; turmoq, yashamoq.
-
Uzoq yillar ularga qoʻshni boʻlib oʻtirdik.
-
Sartaroshlik yomon kasb emas. Oppoq xalatlarni kiyib ozoda xonada oʻtirasan E. Raimov, Ajab qishloq
-
Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: Ayajonimning bagʻrida oʻtiribman-da, shoshmasalar ham boʻlar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
7. Jazo muddatini oʻtamoq.
-
Turmada oʻtirmoq. Qamoqda oʻtirmoq. Zindonda oʻtirmoq.
-
Shoʻxligi boshiga yetib, bir-ikki yil oʻtirib ham chiqibdi. R. Rahmon, Mehr koʻzda
-
Gʻarazli manfaat, nafs balosi yoʻlida orttirgan hamtovoqlarining yoʻrigʻiga yurgan Sodirning ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi marta oʻtirib chiqishiga toʻgʻri keldi. Gazetadan
8. Inmoq, yopishmoq, oʻrnamoq.
-
Kitoblarga chang oʻtiribdi. Qish keldi-yu, novdalarga oʻtirdi qirov.
-
Yigitning uzoqqina yoʻldan kelganligi uning kiprik va qoshlariga, ham endigina chiqa boshlagan soqol-murtlariga oʻtirgan toʻzonlardan belgili edi. A.Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Issiq kunning oʻtli haroratini pasaytirib, togʻ shabadasi esib turar, har tomondan atirgul, rayhon, jambillarning yoqimli islari dimoqqa oʻtirardi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
9. so‘zlashuv tili Mos boʻlib tushmoq; yarashmoq.
-
Bu kostyum sizga juda oʻtirdi.
-
Oyogʻidagi qizil saxtiyon etigi oʻziga juda oʻtirgan. Sh. Toshmatov, Erk qushi
-
Zuhra Karimovnaning koʻylagi oʻziga juda oʻtirgan edi. S. Anorboyev, Oqsoy
10. Xush kelmoq, yoqmoq.
-
Inspektor Orif Saidov uning [Ochilovning] didiga oʻtirmay qolgan. A. Muhiddin, Hadya
-
Kecha majlisda jiyanim toʻgʻrisidagi oʻtib ketgan gapni pardozlaganingiz menga uncha oʻtirmadi. Mushtum
11. Taraqqiyot yuz bermay, past, quyi darajada toʻxtab qolmoq.
-
Urush tufayli kolxozimiz ancha oʻtirib qolgan ekan, shunday boʻlishi ham tabiiy N. Safarov, Olovli izlar
12. koʻm. fl. vzf. Yetakchi feʼldagi harakatning davomliligi, maʼqul koʻrilmasligi kabi maʼnolarni bildiradi.
-
Choy damlab, kutib oʻtiribman. Kap-katta bola choynakni sindirib oʻtiribdi-ya! Arzimagan gapga arazlab oʻtiribsanmi?
-
Qassob labini burdi: — Be! Biz nimani tushunamiz. Tushunsak, sizdan soʻrab oʻtirarmidik. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
— Bu kishi hidlab oʻtirmaydi, toʻgʻri yeydi-qoʻyadi, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchi-nor chiroqlari
-
Mening uyim sizning ham uyingiz. Ayttirib yuborishimni kutib oʻtirmay, bor-yoʻgʻimda ham kelib turing. S. Ahmad, Hukm
o‘tir soʻzi qatnashgan jumlalar:
Oʻtirib qolgan
-
Oʻtirib qolgan qiz.
O‘TIR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЎТИР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
o‘tir so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar