og‘ir
bilan ulashing
1. Vazni katta boʻlgan, tosh bosadigan; vaznli, vazmin.
-
Ogʻir yuk. Ogʻir ot. Yuki ogʻir arava. Ogʻir vaznli kurashchi. Oltin kumushdan ogʻir.
-
Ogʻir toshni suv eltmas Maqol
-
Yana jimlik hukm surdi. Bu sukunat ogʻir tegirmon toshi boʻlib, mulla Norqoʻzini yanchib yubordi. A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
-
Boyvachcha kavakchadan choʻp tiqib, zanjirni tushirdi, kattagina ogʻir darvoza gʻurr etib ochildi. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Koʻp kuch yoki bilim talab qiladigan; qiyin, murakkab; mashaqqatli, sermashaqqat.
-
Ogʻir ish.
-
U [Yoʻlchi] har xil ogʻir yumushlarni qilib oʻrgangan boʻlsa ham, toʻnka kovlamagan edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Shunday qilish kerakki, xalqning peshona teri bilan, ogʻir mehnati bilan chiqariladigan suv bitta yo bir necha baloxoʻr qoʻliga oʻtib ketib qolmasin. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Bu savol avvalgi ikkita savoldan ogʻirroq edi. S. Ahmad, Ufq
3. Mushkul; masʼuliyatli.
-
Ogʻir masala.
-
— Bahor-da, qizim, bundan buyon kun isiyveradi, — qizini ogʻir holatdan chiqarishga tirishdi ona. Shuhrat, Shinelli yillar
-
El-murodga mashgʻulotlar ogʻir tuyulmadi. Shuhrat, Shinelli yillar
-
Yil ogʻir keldi-yu, brigadir shiyponda tunab qoladigan boʻldi. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
4. Salmoqli, salobatli.
-
Gʻoʻlabirdan kelgan, qop-qora, semiz kishi ogʻir yurib, davraga chiqdi. N. Aminov, Qahqaha
-
Hovli ichkariroq boʻlganidan, hamma uxlab qolganidan, darvozaning ogʻir gumburiga ichkaridan hech kim chiqmadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
— Bunisini qoʻyavering, qori, xudo ishingizni oʻnglasa, hech gap emas, gard yuqtirmay chiqib ketasiz, — deyar edi ogʻir, salmoqli tovush. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
5. Sekin, shoshmasdan qilingan; bosiq, vazmin.
-
Ogʻir qadam.
-
Qora terga tushib, hassasiga tayanib qolgan domla ufqdan koʻzini olib, ogʻir bosh chayqadi. M. Mansurov, Yombi
-
Gʻulomjon boshini ogʻir koʻtarib, usta Bahromga qaradi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
6. koʻchma Oʻzini tuta biladigan; sipo, vazmin, bosiq.
-
Aminjon, oʻzi yosh boʻlsa ham, juda pishiq, ogʻir, gʻayratli. A. Qahhor, Xotinlar
-
Kamtar va kamsuxan, goʻzal Iskandar quloq solib, jiddiy va ogʻir oʻtirardi. Oybek, Nur qidirib
7. koʻchma Muayyan meʼyori buzilgan, meʼyorga, talabga javob bermaydigan.
-
Xonaning havosi ogʻir: chang, ovqat, tamaki hidlari bir-biriga aralashib-quralashib ketgandi. S. Nurov, Maysalarni ayoz urmaydi
8. koʻchma Yomon oqibatlarga olib borishi mumkin boʻlgan; jiddiy, xavfli.
-
Ogʻir jarohat. Ogʻir dard.
-
Otasi ogʻir kasallikdan soʻng vafot etdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
U
-
[Elmurod] hech narsani bilmas, ahvoli ogʻir edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
U
-
[Saltonbu] shunday baqirib yubordiki, uy burchida ogʻir yotgan oʻn uch yasharli qizi choʻchib ketar, deb ham oʻylamadi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
9. koʻchma Tashvish, iqtisodiy muammo.
-
[Hakim:] Ham ishlab, ham oʻqiyman, akamga ogʻirim tushmasin. Yoshlik
10. koʻchma Mashaqqatli, uqubatli, azobli; murakkab, mushkul.
-
Ogʻir kun. Ogʻir hayot.
-
Elmurod oilasi va oʻzining ogʻir oʻtmishini qisqacha tasvirlab kelib, oxirida shunday degan. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Otamurod uzoqdan boʻlsa-da, sezdi: boshliq ogʻir ahvolda qolibdi. M. Mansurov, Yombi
11. koʻchma Qattiq jazolashni talab qiladigan, juda katta.
-
Ogʻir gunoh, Ogʻir jinoyat
12. Notinch, tashvishli, hayajonli.
-
Ogʻir tush. Ogʻir xayol. Ogʻir oʻy.
-
Cholning yurak yaralarini ochishda oʻzini aybli sanagan Yoʻlchining koʻkragi ogʻir tuygʻular bilan toʻldi. Oybek, Tanlangan asarlar
13. koʻchma Qattiq tegadigan, xafa qiladigan, koʻngilsiz; malolli.
-
Raisning uni koʻrib, xuddi koʻrmaganday yonginasidan mashinasida koʻchani changitib oʻtib ketishi unga ogʻir tegdi. A. Koʻchimov, Halqa
-
Qambar birdan kulib yubordi. Uning kulishi Yoʻlchiga ogʻir tegdi. Oybek, Tanlangan asarlar
14. koʻchma Haddan ziyod, kishi bardosh berolmaydigan; qattiq.
-
Ogʻir alam. Ogʻir judolik. Ogʻir kulfat. Ogʻir musibat.yash
-
Inson hayotidagi eng ogʻir qaygʻu — onadan ayriliq qaygʻusi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
— Endi bildim, oshiqlik ogʻir dard ekan. Boshimga tushganda bildim, — dedi [yigit] P. Tursun, Oʻqituvchi
15. koʻchma Qahraton, sovuq, tashvishli.
-
Voha rahbari savolni kutmagan ekan, dabdurustdan dovdirab qoldi, soʻng shoshib: — Toʻgʻri, ustod, bu yil ancha ogʻir qish boʻldi — dedi M. M. Doʻst, Lolazor.
16. koʻchma Kuch keladigan, qiyin; dardli.
-
Ogʻir nafas. Ogʻir entikmoq.
-
Ziyodilla ketgandan keyin Botirali beshik tebratib oʻtirgan xotinining yoniga choʻkib, ogʻir uf tortdi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Qizil qoniga boʻyalgan qahramon pulemyotchi ogʻir nafas olmoqda edi. N. Safarov, Qahramonning tugʻilishi
17. koʻchma Mungli, gʻamgin, qaygʻuli; salmoqli, vazmin.
-
Ogʻir sukunat.
-
Ogʻir, yurakni ezuvchi kuy shamollar qanotida u yoqdan bu yoqqa suzib yuribdi. S. Ahmad, Ufq
og‘ir soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ogʻir suv
Ogʻir boʻl
-
Odamlar Tojiboyni tartibga chaqirishib chugʻurlashdi: Ha, ha, bir oz tishni tishga qoʻyish kerak. Ha, sal ogʻir boʻling. P. Tursun, Oʻqituvchi
Ogʻirini yengil qilmoq
-
— Xolboy boyning roʻzgʻoriga boʻlishib, uning ogʻirini yengil qilib turganligi uchun uyli-joyli boʻlib oldi. K. Yashin, Hamza
Koʻngliga ogʻir olmoq
Ogʻir botmoq
-
Nazarov eshitdingizmi, deganday qarash qildi. Nazarovning shu boqishi Sherbekka ogʻir botdi. S. Anorboyev, Oqsoy;
-
Bu xil palovlarni yosh goʻdaklardan tortib qariyalargacha va hatto bemorlar ham isteʼmol qilsa, ogʻir botmaydi. K. Mahmudov, Qiziqarli pazandalik
Ogʻir gap
Ogʻir artilleriya
Ogʻir karvon
-
— Yoʻq, menga sira oʻxshamaydi,— dedi Sharofatbibi shikoyatlangan ohangda. — Ogʻir karvon u. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
Ogʻir koʻchmoq
Ogʻir oyoq
-
Ikromjonning koʻngli notinch. Xotinining ogʻir oyoq boʻlganidan xayoli qishloqda, uyida edi. S. Ahmad, Ufq
Ogʻir sanoat
Tarbiyasi ogʻir
-
Boʻlgʻusi pedagoglar, tarbiyasi ogʻir oʻquvchilar bilan ishlash kabi masalalar ustida ish olib boradilar. Fan va turmush
Qulogʻi ogʻir
-
Qulogʻi bir oz ogʻir, tovushni birmuncha koʻtaribroq gapirishga toʻgʻri keldi. A. Qodiriy, Kichik asarlar
Havosi ogʻir joy
OG‘IR so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОҒИР so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
og‘ir so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar