qoq
bilan ulashing
1. Zarb bilan kiritmoq (qoziq, mix kabilar haqida).
-
Yerga qoziq qoqmoq. Yogʻochga mix qoqmoq. || Ungur chuqurlashgan sari qoziqlar shu zaylda qoqib borilsa, yoʻldan adashmaymiz. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
[Unsin] Ichkari uyda oʻtirib, mahsilarga shon qoqadi, shondan tushiradi, pardozlaydi, qoragul, lok surkaydi. Oybek, Tanlangan asarlar
2. Mixlab yopishtirmoq, mahkamlamoq.
-
Pol qoqmoq. Otga taqa qoqmoq. Tomga tunuka qoqmoq.
-
Nima uchun devorlarga gilam qoqmadinglar? M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Nima boʻldi-yu, hech kim bilan kengashmay pravleniyening eshigiga shunday bir eʼlonnoma qoqib qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Urib ovoz chiqarmoq, taqillatmoq, dukullatmoq.
-
Hamma uxlaganda, u mullavachchaning hujrasini qattiqroq qoqsangiz, hammasini koʻrasiz. J. Sharipov, Xorazm
-
Samandarov qalamning orqasi bilan stolni qoqib, gʻovurni bosdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
[Sharofat] Uyning narigi devorini qoqib, qoʻshnini chaqirish uchun oʻrnidan arang turdi. H. Ziyoxonova, Arzanda
4. Yelkaga yoki orqaga kaft bilan sekingina urmoq, shappatilamoq.
-
Kerishayotgan jangchining yelkasiga panjasi bilan qoqib: — Ketdikmi, Dehqonboy! — dedi oʻzbek tilida bir jangchi. N. Safarov, Jangchi shoir
-
Bobom meni qattiq quchib, qoʻli bilan orqamni bir-ikki qoqadi, tagʻin ishga tutinadi. Oybek, Bolalik
5. Urib, chertib, silkitib va boshqalar yoʻl bilan ichidagi, ustidagi narsani tushirmoq, shu yoʻl bilan tozalamoq.
-
Gilamning changini qoqmoq. Iliq qoqmoq. Burnini qoqmoq. Dasturxonni qoqmoq. Kiyimlarni qoqmoq. Telpakning qorini qoqmoq.
-
U etakka ilashib qolgan paxtalarni qoqayotganda, boshidagi chopon birdan sirgʻalib, tushib ketdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Imom, toʻpolonda boshidan tushib, tuproqqa qorishgan sallasini qoqib-qoqib, qaytadan oʻrarkan, oʻz qavmiga vaʼz-nasihat qildi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Siz kelguningizcha, men koʻrpachalaringizni qoqib, supurib qoʻyaman. Mirmuhsin, Meʼmor
6. Urib yoki silkib, mevalarni tushirmoq.
-
Jiyda qoqmoq. Olma qoqmoq. Shaftoli qoqmoq.
-
Salomatning onasi ellikboshining bogʻidagi azim tup yongʻogʻini qoqayotganda, yiqilib yotib qoldi. S. Ahmad, Hukm
-
Men sizga aytsam, bahorda gul terib, kuzda oʻrik qoqib berib, koʻnglini olib yurdim. P. Tursun, Oʻqituvchi
7. Biror aʼzoni silkitmoq, qimirlatmoq.
-
Qoshini qoqmoq. Qanot qoqmoq.
-
Shakar buvi belini ushlab, kiftini qoqqancha bobilladi. H. Nazir, Tomosha
-
Rais darrov oʻrnidan turdi, bir qoʻlini orqasiga qoʻyib, ikkinchi qoʻlini boshi uzra kamalak qilib, ikki-uch yelka qoqdi-da, shunday yoʻgʻon gavdali boʻlishiga qaramasdan, bedanaday yoʻrgʻaladi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
8. koʻchma Holdan toydirmoq, toliqtirmoq.
-
— Yur biznikiga, — taklif etdi rais, — andak dam ol, birga ovqatlanaylik, mashina kishini qoqib qoʻyadi. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Yoʻl qoqib, oʻzi adoyi tamom boʻlgan-u, ketidagi Zulxumordan nomus qilganidan ham yoʻldan qolmay chidab boradi. M. Mansurov, Yombi
-
Kecha meni ot qoqqan ekan, oʻrnimga kirishim bilan qotib uxlabman. A. Qodiriy, Uloqsa
9. etn. Qoqim qilmoq, qoqim qilib davolamoq.
-
Hakka kelib choʻqisin, Mulla kelib oʻqisin, Qoqimchi kelib qoqsin, Koʻzing suv boʻlib oqsin. Folklor
qoq soʻzi qatnashgan jumlalar:
Jonimni qoqay
-
Oʻtiring, aylanay, oʻtira qoling, jonimni qoqay. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Jonini qoqmoq
-
Tabassum-la ikki yosh yerga boqib, Ona xizmat qilardi jonin qoqib. M. Alaviya
Im qoqmoq
-
Seitov sekretarga chaqiring, deganday im qoqdi. Mushtum
-
Qizlar bu nima ekan, deb bir-birlariga im qoqishdi. H. Nazir, Bir tup gʻoʻza
Kiprik qoqmoq
-
Sekretar qiz koʻzlarini suzib, bir-ikki kiprik qoqdi. S. Ahmad, Bosh ogʻrigʻi
-
Tong otganda kiprik qoqmasdan, Tagʻin qir bagʻrida hozir boʻlaman. Mirtemir
Mijja qoqmaslik
-
Boʻron boʻlib, kuchli yomgʻir quydi, brigadir mijja qoqmay dala aylandi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
Miyani (yoki quloq-miyani) qoqib qoʻlga bermoq
-
Toshkentdan yap-yangi mashina olib kelishi haqida maqtanaverib, miyamizni qoqib qoʻlimizga berdi. I. Rahim, Zangori kema kapitani
-
Birodarlar, Rixsiyev quloq-miyamni qoqib qoʻlimga berdi T. Murod, Ot kishnagan oqshom
Ogʻziga qoqmoq (yoki urmoq)
-
Darsiga tushunmay savol bersang, darrov ogʻzingga uradi. R. Azizxoʻjayev, Yashil chayla
Sim (yoki telefon) qoqmoq
-
Isfandiyorga sichqonning uyasi ming tilla boʻldi. U ketma-ket Toshkentga sim qoqar edi. S. Siyoyev, Avaz
-
Murodova Qosimovga, Qosimov esa boshqarmaga telefon qoqa boshladi. I. Rahim, Ixlos
Tanda qoqmoq
-
Tikuvchilik arteliga tanda qoqaverib, ishdan qoladigan boʻldi Gʻayratiy, Dovdirash
Chetga qoqmoq
-
Keyin Gulnorga xudo beradi, u erka-arzanda xotin boʻlib koʻngliga nima kelsa, shuni qiladi, bizni har narsadan chetga qoqadi, balki boshimizda yongʻoq chaqadi. Oybek, Tanlangan asarlar
Etak qoqmoq
-
— Tortaver aravangni oʻzlaring! — dedim-da, etak qoqib chiqib ketdim. M. Abdukarimov, Chigal yozildi
-
Koʻnsa, koʻndi, koʻnmasa, etagimni qoqib chiqaman-ketaman. S. Ahmad, Ufq
Eshik qoqmoq
-
Mashinadan tushib, oʻymakorli jigarrang bir eshikni qoqdim. U. Nazarov, Odamlar
-
Ilgʻorlar uchun buyruq kuzda berilgan edi bahor eshik qoqyapti, qanisiz, opa? deydi. N. Safarov, Xadicha Ahrorova
Qanot qoqmoq
-
Oʻy-xayolim Vatan boʻylab qoqadi qanot! Yo. Mirzo, Oʻgʻil mehri
Quloq qoqmoq
-
Yoshlaringga arz etarmishsan: “Qachon tugar yorimning jangi? Yosh demishki: Gʻarbga quloq sol, Kelayotir zafar ohangi. T. Toʻla
-
Dono xalqimiz ham bu haqda hamisha qulogʻimizga qoqib turadi: Goʻzallik yuzda emas, aqlda! M. Ismoiliy, Insonda hamma narsa goʻzal boʻlishi kerak
-
Hoji ona mening onam boʻladi! Kimki onamning soʻziga quloq qoqsa, xafa qilsa, unday xotin menga — taloq. Hamza, Boy ila xizmatchi
-
Jonkeldi, oʻlib turgan ekan, quloq qoqmay, xoʻp dedi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
QOQ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚОҚ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qoq so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar