uz
bilan ulashing
1. Kuch bilan tortib, yulqib, butundan ajratmoq, butunni qismga boʻlmoq.
-
Hoʻkiz bir siltab, arqonni uzib yubordi.
-
Joʻra poshsha boʻynidan marvarid marjonini chiqardi-da, ipini shart-shart uzib, marvaridlarni kigizga toʻkdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
Dutorchi dutorning qulogʻini jahl bilan qattiq burab, torini uzib yubordi. A. Qahhor, Qanotsiz chittak
-
Ziyodaxon, zuvala uzar ekan, hazilomuz javob berdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Palak, novda yoki tupidan ajratib olmoq, kesmoq.
-
Qovun uzmoq. Pomidor uzmoq. Uzum uzmoq. Olma uzmoq.
-
Gulga termilib oʻtirishni emas, oʻsha gulni uzib, iskab yurishni yoqtiradi. S. Siyoyev, Otliq ayol
3. Kesib, qirqib, joyidan boʻlak qilmoq.
-
Qilich bilan boshini uzmoq.
-
Gluxovning ikkala oyogʻini naq sonidan snaryad uzib ketdi. T. Rustamov, Mangu jasorat
4. Turgan, yopishgan joyidan ajratmoq, xoli qilmoq.
-
Bu xarsangni yerdan uzib boʻlmaydi. Tandirdan non uzmoq.
-
Japaq qizchani bagʻridan zoʻrgʻa uzib, otilib tashqariga chiqdi. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
-
Yunus tizzalarini ogʻriq kemirib yeb tashlayotgan boʻlsa ham, boshini yostiqdan uzib, qimirlatib qoʻydi. S. Anorboyev, Oqsoy
5. Davom qildirmaslik; toʻxtatmoq, kesmoq.
-
Gapni uzmoq. Suhbatni uzmoq.
-
[ Saodat:] Qoʻrqmasim ham bormi, oʻzingga ehtiyot boʻl, xatingni uzma. N. Safarov, Saodatning qissasi
-
Boʻy yetgan qiz, hozir sen bilan aloqani uzgan, uzmasa ham, boʻshashtirgan boʻlar edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
6. Qarzni toʻlamoq, evazini bermoq (qaytarmoq).
-
[Gʻofir:] Shuncha qarzim bor ekanmi? Men buni qanday uzaman, boy ota? Hamza, Boy ila xizmatchi
-
Olgan omonatini batamom uzdimi? K. Yashin, Hamza
-
yurtdan yegan oshlarini uzish niyatida toʻy taraddudiga tushdi. S. Ahmad, Xazina
7. Qattiq tishlamoq yoki chaqmoq; tishlab yoki chaqib yaralamoq.
-
Itning ishi — uzmoq, Yomonning ishi — buzmoq. Maqol
-
Atrof-da gʻuv-gʻuv pashsha: oyoqlarga yopishadi, burun kataklariga suqiladi, quloqni uzadi. Oybek, Tanlangan asarlar
8. koʻchma Qattiq taʼsir qilib azob bermoq, ogʻritmoq, achishtirmoq (issiq, sovuq, zarb, gap-soʻz va shu kabilar haqida).
-
Qizilqumda qish izgʻirini badanni uzib ola boshlagan kezda, kechagi student trassaga kelib, kolonna mexanigi boʻlib ishga tushgan edi. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
-
Shudgor, qizigan misday, oyoqni jizillatib uzib oladi. F. Gʻulom, Tirilgan murda
-
Pishiq oʻrilgan charm qamchin bilan Yoʻlchining ochiq koʻkragini va boʻynini uzib oldi Oybek, Tanlangan asarlar
-
oʻrtoq Debilov shu gaplari bilan Farmonqul akani bir uzib oldi. S. Mahkamov, Shogird
uz soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ichagini uzmoq
-
Oʻtov ogʻasi Sulaymon oqsoqolni kuldirib ichagini uzdi. K. Yashin, Hamza
Koʻz (yoki koʻzini) uzmoq
-
Hasan uzoqlashib ketgan mashinadan koʻzini uzmay qotib turardi. S. Zunnunova, Koʻk chiroqlar
-
Yoʻlchi goh-goh koʻzlarini yerdan uzib, qisqa-qisqa javob berib turardi. Oybek, Tanlangan asarlar
Koʻngil uzmoq
-
Ammo bilimga chanqoq bolalar maktabdan koʻngillarini uzmay, oʻqishda davom etdilar. K. Yashin, Hamza
Oyoq (yoki oyogʻini, qadamini) uzmoq
-
Huv oʻsha Mohiroʻyjahonda oʻqilgan taʼrixdan keyin u Tabibiyning uyidan oyoq uzib ketgan edi. S. Siyoyev, Avaz
-
Nega biznikidan qadam uzib ketdingiz yo koʻngil qolarlik gap oʻtdimi bizdan? K. Yashin, Hamza
Tutgan joyini (yoki yerini) uzadi
-
Yumshoqqina gapiradi-yu, tutgan yerini uzaman deydi-ya R. Fayziy, Choʻlga bahor keldi
Umid (yoki umidini) uzmoq
-
Hasan polvon umid uzdi oʻzidan. Ergash Jumanbulbul oʻgʻli
-
Avaz oʻgʻlon koʻnglin buzib boradi, Dunyodan umidin uzib boradi. Malikayi ayyor
Oʻq uzmoq
-
Mingta oʻqni kamonidan uzadi Nurali
Quloq uzmay
-
Tagʻin bir necha daqiqa quloq uzmay turib, oʻrnidan qoʻzgʻalmoqchi boʻlib turgan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
UZ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
УЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
uz so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar