daraja
bilan ulashing
1. Ish-harakat, xususiyat yoki holatning meʼyori, chegarasini anglatadi; koʻpincha aniqlovchilar bilan ishlatiladi.
-
Traktor quloqni qomatga keltiradigan darajada tarillab ishlaydi. E. Usmonov, Yolqin
-
Odamlar uyni boshlariga koʻtarar darajada xandon tashlab, qattiq kuldilar. S. Ayniy, Esdaliklar
-
Otabek qiziq holatda qoldi, bir turli titrab ketdi, koʻzlari qinidan chiqar darajaga yetdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Tomogʻi qirilar darajaga yetdi. Sharq yulduzi
-
Ular [suratlar] orasida mukammal darajaga yetganlari ham oz emas. M. Xayrullayev, Tilla marjon
-
Uning xotirasi hayratda qolarli darajada boy va tiniq edi. Gazetadan
-
Darslarning oson-qiyinlik darajasini oʻquvchining oʻzi aniq-lagani yaxshi. Fan va turmush
-
Bolaning yigʻisi bu motamsaro muhitda yuraklarni tilka-pora qilarli darajada ayanchli edi. F. Musajonov, Himmat
-
Unga shu darajada pul vaʼda etilgan ediki, bu pulga uch arava sotib olish mumkin edi. Mirmuhsin, Meʼmor
2. Tadrijiy yoki nisbiy taraqqiyot, rivojlanish pogʻonasi; saviya, yuksaklik oʻlchami.
-
Bilim darajasi. Turmush darajasi. Texnikami hozirgi zamon talablari darajasiga koʻtarmoq.
-
Boʻsh vaqt ishlab chiqarish kuchlarining taraqqiyot darajasiga bogʻliq boʻlib, oʻzi bu taraqqiyotning bevosita natijasi hisoblanadi. Fan va turmush
-
Fan va texnika, sanoat shu darajada tez taraqqiy etyaptiki, uni tovush emas, yorugʻlik tezligi bilangina qiyoslash mumkin. Gazetadan
3. eskirgan Mansab pogʻonasi, rutba, martaba.
-
Anvar bosh munshiylik darajasini olgandan keyin, maxdum ilgarigi siyosat ni davom ettirish va ettirmaslik toʻgʻrisida ikkilanib qoldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Zarbof toʻn kiygan, beliga tilla kamar bogʻlagan sersoqol eshikogʻa birinchi vazir darajasidagi katta bek edi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
4. Ilm-fan sohasidagi ishlari uchun maʼlum qoidalar va talablar asosida beriladigan ilmiy unvon.
-
Ilmiy daraja. Fan nomzodi darajasi. Fan doktori darajasi.
-
Ilmiy kengash kashfiyotimni koʻrib chiqib, yaxshi baholabdi va menga meditsina fanlari doktori darajasini berishga qaror qilibdi. X. Tuxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Shu kuni Umidning qilmoq xoʻjalik fanlari nomzodi darajasini olishi uchun berilgan yashirin ovoz natijasi eʼlon qilindi. Mirmuhsin, Umid
5. Oʻz ixtisosi boʻyicha erishilgan malaka pogʻonasi.
-
Urta darajadagi tibbiyot xodimlari. Beshinchi darajali payvandchi.
6. Jamiyatda, hayotda, kishilar oʻrtasida tutgan oʻrin, martaba, eʼtibor.
-
Darajalari baland boʻlsin! (duo, yaxshi tilak)
-
Har kim oʻz darajasiga koʻra har vaqt oʻtiradigan oʻrnida qaror topdi. Oybek, Navoiy
-
Hovli yuziga toʻshalgan sholcha va kigizlarda ikkinchi darajadagi odamlar oʻtirishi kerak edi. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
U oʻtirganlar bilan ularning amal va darajalariga qarab, kuyuk-suyuq koʻrishib chiqdi. S. Ahmad, Qadrdon dalalar
7. Sira, karra, bor, marta.
-
Oʻtirishdilar, fotihadan soʻng yana bir daraja ahvol soʻrashildi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Dahshati yuz daraja ortgan holda Kumushni koʻtarib olib, ichkariga kirdi. A. Qodiriy,
-
Onasining lutf qilib aytgan soʻzlari Boburning hujradan olgan zavqini yana bir daraja oshirdi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
8. Bir oz, ozgina, andak.
-
Hoji shu javobdan keyin oʻgʻlidan bir daraja qanoatlandi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Biz yuqorida yosh Xushroʻy bilan oʻquvchini bir darajada tanishtirgan edik. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Anvar., yaxshigina forsixon va bir darajada arab tiliga oshna edi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
9. mat. Burchak va aylana yoyining oʻlchov birligi; toʻgʻri burchakning 90 dan bir yoki doiraning 360 dan bir boʻlagi; gradus.
-
70 darajali burchak.
10. fizika Termometr, barometr va shu kabilar oʻlchov asboblari shkalasidagi chiziqlar va raqamlar bilan belgilangan boʻlimlar hamda shu boʻlimlar ifodalaydigan harorat miqdori.
-
Suv 100 darajada qaynaydi. Bugun sovuq 20 darajaga yetgan. Kasalning isitmasi 38 darajadan oshibdi.
-
Harorat hozir qirq darajadan tushyapti. N. Safarov, Olovli izlar
-
Umuman bakteriya 160-180 daraja issiqqa chidaydi. Fan va turmush
11. mat. Teng koʻpaytuvchilarning koʻpaytmasi, bir sonning oʻzini oʻziga koʻpaytirishdan olingan natija.
-
Oʻnning ikkinchi darajasi yuz.
12. tilshunoslik Belgi-xususiyatning ortiq-kamligini ifodalovchi grammatik kategoriya, shakl.
-
Sifat darajalari. Ozaytirma daraja.
-
Daraja kategoriyasi maqolachasida sifat darajalari bosh daraja, orttirma daraja, ozaytirma daraja, deb uchga boʻlinadi. OʻTA
DARAJA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДАРАЖА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
daraja so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar