duo
bilan ulashing
1. din. Xudoga yolvorib, unga iltijo qilib, oʻzi yoki boshqalar uchun yaxshi, ezgu tilak tilash.
-
Koʻpchilikning duosi koʻl boʻlur. Maqol
-
Duo qiling, boʻlsin mening farzandim. Erali va Sherali
-
— Xudoyo xudovando, qizlarimni oʻz panohingda asragin! — deb duo qildi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Toʻrt mulla choʻkka tushib olib men bilmagan duolarni oʻqib dam solishyapti. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Buvim xavotirga tushib, duo oʻqidilar. Saodat
-
Uch toifa kishilar bordirki, ularning qilgan duolarini Tangri ijobat qilmaydi. Hadisdan
2. din. Fotihada oʻqiladigan Qurʼon surasi.
-
Duoyi fotihadan keyin hammalari oʻrinlaridan turib, yoʻl hozirligini koʻra boshladilar. M. Osim, Ibn Sino qissasi
-
Domla Niyoz Anvar tarafidan duoga qoʻl ochdi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Shundan soʻng ikkinchi xutba oʻqilib, duoyi fotiha qilindi. Mushtum
3. Kishining sogʻligi, oʻlimi, baxtsizligiga sababchi deb hisoblanuvchi turli yovuz kuchlar, ins-jinslarni qaytarish, kimsani kimsaga isitish va shu kabilar uchun azayimxonlar, duoxonlar tomonidan oʻqiladigan yoki tumor va shu kabilarga yozib beriladigan matn, xat.
-
Oʻzbek oyimning miyasi aynadimi yoki sehrchi hinduning duosi asar qildimi, har nuchuk, uch yillik adovatlar va gina-kuduratlar barchasi ham allaqayoqqa qarab uchib ketdilar. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Siz tugʻmas ekansiz, baxtingiz bogʻlangan, farzandtalablar mening duoyim bilan toʻqqiz oy deganda farzand koʻradilar. K. Yashin, Hamza
4. Umuman kishilar bir-birlariga tilaydigan yaxshiliklar; yaxshi niyatlar.
-
Oltin olma, duo ol, Duo oltin emasmi. Maqol
-
Mehnat bilan yer koʻkarar, Duo bilan — el. Maqol
-
Enasidan duo oldi. Nurali
-
Elga xizmat qilib, bolam, duo ol. Malikayi ayyor
-
koʻp odamlarning toʻyida xizmat qilgan, yurtning duosini olgan kishi. S. Ahmad, Saylanma
duo soʻzi qatnashgan jumlalar:
Duoyi bad yoki bad duo
-
Devonayi darvesh duoyi bad qilib, yuziga fotiha tortibdi-yu, joʻnab qolibdi. S. Anorboyev, Oqsoy
-
Bermasang, duoyi bad qilib, ishingni xurjunlashtiraman. K. Yashin, Hamza
-
Nega koʻzingni loʻq qilib, serrayib turibsan? U shakkokni duoyi bad qil, duoyi bad! K. Yashin, Hamza
Duoyi jon
-
Topganimni xaltaga [yondaftarga]
-
jamlab, duoyi jonlarini qilib yuribman. K. Qahharova, Chorak asr hamnafas
-
Meni bu yerdan chiqarib yuborsangiz, oʻla-oʻlguncha duoyi joningizni qilar edim. K. Yashin, Hamza
Duoyi xayr
-
Onaning yigitga duoyi xayri, Erini kuzatgan goʻzal labidan. M. Shayxzoda, Chorak asr devoni
Duo demoq (yoki aytmoq)
-
— Xudoga shukur, tinchlik, azamatlar zoʻr berib ishlab yotibdi, duo deyishdi, — dedi Alim buva. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha.
-
Normat akangga duo deb qoʻy, qizim. I. Rahim, Chin muhabbat
-
Qudrat akam duo deb yubordilar. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha.
Duoda boʻlmoq
-
Shod-u xurram boʻlib, oʻynab kul endi, Xafa boʻlmay, sen duoda boʻl endi. Malikayi ayyor
Duoyi salom
-
Oʻgʻlingiz sizga bir duoyi salom yuborgan edi.
-
— Bolasi tushkur, — dedi kulib Norbobo,
-
duoyi salom yozishga noʻnoqroq ekan, necha bor yozib, necha bor oʻchirib tashladi! Oydin, Hikoyalar
-
Mirzo arizalar va oʻqishga ketgan farzandlarga duoyi salomlar yozish bilan kun oʻtkaza berdi. A. Qahhor, Asarlar
-
Xolmat akalarga koʻpdan-koʻp duoyi salomimizni yetkazing. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
DUO so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ДУО so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
duo so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar