gap
bilan ulashing
1. Soʻzlar orqali bayon etilgan fikr; soʻz, nutq.
-
— Siz tushunmay yotibsiz! — dedi Kumush va eshikdan oyoq tovushini sezib, gapni shu yerda toʻxtatdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
— Bu yerda gapimga hech kim quloq solmasa, raykomga boraman! — Toʻpaniso shu gapni aytdi-yu, roʻmolini boshiga solib, uydan chiqib ketdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
2. Nutq vositasida ifodalangan fikr, oʻy, mulohaza.
-
Gʻulomjon gʻalati boʻlib ketdi. Koʻngliga: Nahotki, xudo balolarni menga goh pari, goh dev sifatida yuborsa! — degan gap keldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
3. Maʼlumot, shingil axborot, xabar; mish-mish.
-
Yodgor zamonaviy Italiya arxitekturasiga oid gaplarni yana oʻqishga tushdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
4. Umuman biron ish, voqea-hodisa va shu kabilar
-
Olamda nima gaplar?
-
Oʻlimdan xabarim bor-u, bu gapdan xabarim yoʻq.
5. Gina, kudurat.
-
Koʻnglingizda shunchalik gapingiz bor ekan, ota-onam shunchalik joningizga teggan ekan, bir ogʻizgina, hay xotin, men siqilib ketdim, uy ajratib chiqib ketaylik, desangiz boʻlmasmidi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
6. tilshunoslik Tugal fikr anglatgan soʻz yoki soʻzlar birikmasi.
-
Bosh gap. Sodda gap. Koʻchirma gap. Gap boʻlaklari.
7. Gap kelganda, otangni ayama!Tanqidiy fikr boʻlayotganda, hech kimni yuz-xotir qilma.
-
— Majlisda katta-kichik degan gap boʻlmaydi, gap kelganda, otangni ham ayama! — dedi Safarov. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
gap soʻzi qatnashgan jumlalar:
Gap bilan boʻlib
-
Bular gap bilan boʻlib, xiyla orqada qolib ketishdi. A. Qahhor, Xotinlar
Gap bir joydan chiqdi
Gap bu yoqda
-
Gap bu yoqda ekan-da! Halitdan yigitlarga salom xat yozishga uyalmagan zumrasha!
Gap bunday
-
Gap bunday, qani yaqinroq oʻtir-chi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Gap boʻlmoq
Gap yoʻq
-
Karimga gap yoʻq, u oʻz ishining ustasi
Gap kovlamoq
-
Nima qilasiz gap kovlab! Undan keyin, bu gaplar ham oraga sovuqchilik solsa solar-ku, lekin mening kolxozga kirish niyatim sovuqchilikni allaqachon solib qoʻygan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Gap koʻp
-
Endi paxtani nimaga kuzda sotmay, yozda sotayotganiga kelsak, buning tagida gap koʻp. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Gap koʻtara olmaydigan
-
Toʻgʻri, sizning gap koʻtara olmasligingizni bilaman. Lekin, nima qilay, gap kelganda, otamni ham ayamaydigan odatim bor. Mushtum
Gap oramizda qolsin
-
Men, albatta, ishonmadim. Rost boʻlgan taqdirda ham hi-hi bu gap oramizda qolsin A. Qahhor, Hi-hi
Gap otmoq (yoki qotmoq, tashlamoq)
-
— Horunbek, inim, siz nima deysiz? — gap qotdi meʼmor. Mirmuhsin, Meʼmor
Gap ochmoq
-
Sharof Rashidovich Otamurod bilan soʻrashgach, ipak paxta yetishtirish istiqbollaridan gap ochdi. Oʻzbekiston qoʻriqlari
-
Iftorni qilib chiqqan Mahmud Tohirga darvoza oldida uchradi. Robiyaning akasi boʻlgan bu kosib yigit Andijon qoʻrgʻoniga ketishdan gap ochgan edi: — E, bu niyatlar hammasi puchga chiqdi! — deb Tohir unga togʻasidan eshitganlarini aytib berdi. P. Qodirov, Yulduzli tunlar
Gap sotmoq
-
Bir jangchi hozirgina roʻy bergan shovqin-suron toʻgʻrisida gap sotarkan, u ovqatini bemalol yeb, oʻrnidan turgach, etigining qoʻnji qonga toʻlganini payqadi. Oybek, Quyosh qoraymas
Gap tagida gap bor
-
Yoʻq, Sofya Borisovna, siz sabr qiling, men taxminan fahmlayapman, gap tagida gap bor [dedi Ergash]. A. Muxtor, Opa-singillar
Gap talashmoq
-
Mana shunaqa gap talashib qolishsa, iljayib turib, bir-birini gap bilan savalab ketishadi. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Gap tamom!
-
Chavandoz gap tamom! degan maʼnoda qamchisini qoʻliga oldi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Gap tamom. Boshqa savolga oʻrin qolmadi. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Gap tashimoq
Gap tegizmoq (yoki tegdirmoq)
Gap tegmoq
-
— Qani Ha, undan keyin, oʻrtoqlar, — deb yana izoh berdi Alimqul, — qoʻl qoʻyish masalasida menga yuqoridan ham, pastdan ham bir oz gap tegib qolayotibdi P. Tursun, Oʻqituvchi
Gap toʻqimoq
-
Uning [Yoʻlchining] axloq-sizligi toʻgʻrisida [Salimboyvachcha] birmuncha gaplar toʻqidi. Oybek, Tanlangan asarlar
Gap bunda (yoki unda) emas
-
— Gap unda emas, — dedi hoji, — umr, murosa degan gaplar bor A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Gap shu yerda qolsin
-
— Lekin gap shu yerda qolsin, durustmi? — ellikboshi qorongʻi koʻchaga chiqdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Gap shu
-
— Siz mening koʻnglimni bilmaysiz, Oʻrmonjon aka. — Koʻnglingni bilib qolarmiz. Kolxoz nima ekanligini sen ham bilib olarsan. Gap shu: hech qayoqqa bormaysan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Gap eshitmoq
-
Seni deb oʻqituvchidan men gap eshitdim.
Gap oʻtmoq
-
Shu qiy-chuv ichida Mirzakarimboy bilan xotini oʻrtasida bir oz achchiq-tiziq gap oʻtdi. Oybek, Tanlangan asarlar
Gap oʻgʻirlamoq (yoki termoq)
Gap qaytarmoq
-
Gap qaytarganingiz uchun yana besh kun qoʻshaman. Yigirma kun ishlab berganingizdan keyin kelasiz. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Gap qilmoq
-
Boshlariga hech tushmasa mojaro, Hamma joyda gap qilmasa fuqaro. H. Olimjon
-
— Tagʻin odamlar buni ham gap qilib yurishmasin! — dedi Tojiboy. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
— Sizni Ziyodaxon bilan gap qildim, — dedi Qori Oʻrmonjonga. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Gap qistirmoq
-
— Roʻzimat uka, yaxshi, gapingga yana bitta gapni qistirib oʻtgin — dedi Qambarali aka. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Gapga bichgan yoki onasi gapga tugʻgan
-
— Abdishukurni xudo gapga bichgan, yengib boʻlmaydi, — dedi Jamolboy pixillab. Oybek, Tanlangan asarlar
Gapga kirmoq
-
Hazratqul yuvosh, nima desa, gapga kiradigan boladan bunaqa gap chiqishini sira oʻylamagan edi, gangib qoldi. S. Ahmad, Yulduz
Gapga solmoq
-
Ahmoqni urma, soʻkma, gapga sol. Maqol
-
Oʻtgan-ketgan kampirlarning qoʻliga choy tutqazib, gapga soladi. Mushtum
-
[ Kampir] Kelinlarni oʻsmoqchilab gapga solar, eshitganlarini eriga soʻzlar, chol esa darrov Qoratoyga yetkazar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
Gapga tun kiygizmoq
-
Obbo siz-ey Xoʻp gapga toʻn kiygizasiz-da N. Safarov.
Gapdan gap chiqib
-
Gapdan gap chiqadi, deganlaridek, nonushta paytida bek toʻsatdan meʼmorga murojaat etib, bu yerda biron oy qolish iloji yoʻqmikan, muhim bir iltimos, uzrimiz bor edi, dedi. Mirmuhsin, Meʼmor
-
Gapdan gap chiqib, odamzodning pastkashi qanaqa boʻlishiga borib taqaldi. S. Ahmad.
Gapidan ilinmoq
-
Uning gapi ogʻzida qoldi, koʻzlari xiyol kengayib, nim ochiq labi titradi. P. Qodirov, Uch ildiz
Gapim gap
-
Yoʻq, haligi gapim gap. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
Gapini birovga bermaydigan
-
Shaddod, gapini birovga bermaydigan, erkakshoda Asrora zvenoga boshliq edi. S. Ahmad, Ufq
Gapini ikki qilmaslik
-
Inoyat oqsoqol yoshligidan bir gapini ikki qilmagan qizini bunaqa xarjlardan tiyolmasdi. S. Ahmad, Ufq
-
Sohib qori yana poʻpisa qildi: — Gapimni ikkita qilsang, senday qizim yoʻq! Bilib qoʻy shuni. I. Rahim, Chin muhabbat
Gapini yoʻqotib qoʻymoq
-
— Yoʻq, men hammasi demoqchi emasman, baʼzi birlari, — dedi Boʻtaboy aka va gapini yoʻqotib qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Gapini olmoq
-
[Qosim:] Tezroq oʻzim borib, tergovchining gapini olay, falokat bosib, ishning misi chiqib qolmasin. Mushtum
-
Kampirdan boshqa ortiqcha gap ololmagach, u [qoʻshni xotin] ingichka boʻlib, burilib chiqib ketdi. Mirmuhsin, Umid
Gapini ogʻzidan olmoq (yoki ilib ketmoq)
-
— Bizlar bilan koʻlga ovga chiqinglar, — dedi u Japaqning gapini ogʻzidan olib. A. Muxtor, Qoraqalpoq qissasi
Gapni aylantirmoq
-
Alimardon hammasi tamom boʻlganini yanada chuqurroq his etdi. Gapni aylantirib oʻtirishdan foyda yoʻqligini bilib, koʻnglidagi bor gapni aytdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Gapni bir yerga (yoki joyga) qoʻymoq
Gapni (boshqa yoqqa) burmoq
-
Ikromjon gapni boshqa yoqqa burvordi. S. Ahmad, Ufq
-
— Gapni boshqa yoqqa burmoqchisiz-a, xap siznimi! Xotinlardek hiylakori boʻlmas ekan dunyoda, — deb uni gapga solmoqchi boʻldim. Oydin, Hikoyalar
Gapni boʻgʻmoq
-
Hikmatilla yana gapga kirishgan edi, Zoyirjonning yonida oʻtirgan Nargiza oʻrnidan turib ketdi. Oppoq yuzi jahldan qizarib, tez-tez gapirib tashladi: — Nega birovning gapini boʻgʻasiz. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Gapni chuvalamoq
-
Nuri bu yigit toʻgʻrisida koʻproq narsa bilishni istash bilan baravar, bu qizning unga munosabatini ochish kabi yashirin bir niyat bilan gapni chuvaladi. Oybek, Tanlangan asarlar
Gapning beliga tepmoq
Gapning magʻzini chaqmoq
-
Buvnisa xola, Saltanat Mahkam akalarnikiga kirib ketgandan soʻng, gapning magʻzini chaqdi. R. Fayziy, Sen yetim emassan
Gapning ochigʻi
-
Lekin, gapning ochigʻi, Karimovning ham ahvoli parishonroq edi. Mushtum
-
Gapning ochigʻi, mana shu hovli seniki. U. Ismoilov, Saylanma
Gapning poʻstkallasi
-
Gapning poʻst kallasi, doʻsting Xoʻjaqul ham Hamroqul Tursunqulov boʻlishni bir orzu qilgan edi-da, ogʻayni. O. Yoqubov, Uchrashuv
Gapning tagiga yetmoq
Gapning qisqasi
Ana shunaqa gaplar
-
— Ana shunaqa gaplar, Sidiqjon, shunaqa gaplar. Yigirma birni bir qilishimiz kerak, bir! — dedi va oʻrnidan turdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Bir gap bor
-
Izlanishlarim shunga kelib taqaldi, demak, mixda bir gap bor. Fan va turmush
-
— Bunda bir gap bor, — dedi Olga Petrovna, kursidan turib. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Bir gap boʻlar
-
Qani, turlaring, lapashanglar, qorinni toʻygʻazib olaylik, keyin bir gap boʻlar. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
Masalan, besh hoʻkizdan bir qoʻshni, bogʻli yerlarning yarmini oʻgʻliga ajratsa, uning yuki ancha kamayadi. Objuvoz boʻlsa, mayli, bir gap boʻlar. P. Tursun, Oʻqituvchi
Bir gap boʻldimi?
-
Mansur Muslim! Senga bir gap boʻldimi? shunday vaqtda ish koʻrsatmasak, qachon koʻrsatamiz?! N. Safarov, Tanlangan asarlar
Boshqa gap edi
-
Bu kampirning ustidan qayoqqa dod deb boraman, biron joyda ishlasa, boshqa gap edi. Mushtum
Bu bor gap
-
Chal boshini burib, nosini tufladi, soʻngra tamshanib turib, ishonch bilan dedi: — Bu bor gap! P. Tursun, Oʻqituvchi
Boʻladigan gap
-
— Nizomiddinov, — dedi rais oʻrnidan turib, — siz odamlarning vaqtini olayotirsiz axir. Boʻladigan gapni gapiring! A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Boʻlmagan gap
-
— Riyoziyot boʻlmagan gap, oʻzini bilgan kimsa bunaqa ishlar bilan boshini qotirib yurmay, harb-u zarbni mashq qilgani maʼqul, — dedi [Ibrohim Sulton]. Mirmuhsin, Meʼmor
Boʻladigan gap shuki
-
Boʻladigan gap shuki, kambagʻallar majlis qilib, sizning xoʻjaligingizni tugatishga, oʻzingizni Kapsanchilar qishlogʻidan badargʻa qilishga qoʻl koʻtarishdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Duv-duv gap
-
Kunlardan bir kuni mahallada duv-duv gap boʻlib qoldi: Muxtorxon domla uylanarmishlar! A. Qahhor, Toʻyda aza
Ikki gapning birida
-
Buvim ham, bolalar ham ikki gapning birida “kal“, Hojikal, deb kamsitishadi [dedi Said]. E. Raimov, Ajab qishloq
-
Ikki gapning birida peshonasiga urib, goh boʻgʻilib va goh qotib-qotib kulib, odamlarni kuldirib hikoya qildi. A. Qahhor, Ming bir jon
Katta gap
Koʻnglingizga (boʻlak) gap kelmasin
-
Mezbonlar dilsiyohlik kayfiyatini yashirishga urinishdi, ammo yotar mahaligacha bu bir necha martaba yuzaga chiqdi va, oqibat, mehmonning koʻngliga boʻlak gaplar kelmasin uchun, ikki orada oʻtgan gapni aytishga majbur boʻlishdi. A. Qahhor, Mirzo
Mayda gap
-
Qani, shulardan birini anhor boʻyiga tashlab, barcha mayda gaplarni unutib, koʻngilga yaqin chor ulfating bilan otamlashsang. Guldasta
Nima gap?
-
Qishloqlarda nima gaplar bor ekan? Bir suhbat qil. Asta-sekin soʻra sen. H. Olimjon
Nima gap-u nima soʻz
-
U allaqanday ofatni his qilib, xatga koʻz yugurtirdi. Sunnat: Meni armiyaga olishdi. Uch yilgacha nima gap-u nima soʻz, yoʻlingiz ochiq, erga tegib ketavering. Hozir eski zamon emas, bunaqa narsalarning unchalik ahamiyati yoʻq, degan mazmunda yozibdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
Ogʻir gap
-
— Menimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yoʻqdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz oʻgirdi: —Uylangan xotining taʼbingga muvofiq kelsa, bu juda yaxshi, yoʻqsa, munchalik ogʻir gap dunyoda boʻlmas. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Tayinli gap
-
Biroq doktor uni [Sidiqjonni] qoʻl uchidagina koʻrdi, dori bermadi, tayinli bir gap ham aytmadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Turgan gap
-
Fursat boy berildimi, ishning keyin ketishi turgan gap. N. Safarov, Jasoratning davomi
-
Ertaga, turgan gap, dalaga odam chiqmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Xunuk gap
-
Lekin kuzda, podani koʻchirib qishloqqa tushganimizda, Sayfidan xunuk bir gapni eshitdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Oʻzingizdan qolar (yoki oʻtar) gap yoʻq
-
Gap oʻrgatmoqchi emasman, oʻzlaridan qolar gap yoʻq. A. Muxtor, Opa-singillar
-
Bu ish kechasi boʻlgani maʼqul. Kunduzi boʻlsa, oʻzingizdan oʻtar gap yoʻq, xunukroq koʻrinadi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Oʻtgan gapga salavot
-
Qurbon ota Oʻrmon.jonning yoniga choʻkka tushib: — Oʻrmonjon, oʻgʻlim, bola bechoraga bir yordam qilgin, oʻtgan gapga salavot, — dedi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Oʻgʻil bola gap
-
— Ha balli! Mana bunisi oʻgʻil bola gap boʻldi, — dedi chol zavqlanib. O. Yoqubov, Qahramon izlab
Hech gap yoʻq
-
Bizning oramizda hech gap yoʻq, qasam ichaman. Hech gap yoʻq! Hech gap boʻlmaganidan keyin rashk ham boʻlmaydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Hech gap emas
-
Qurbon ota boshlab bersalar, u yogʻi hech gap emas. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Yosh olimning [Beruniyning] musofirchilikda boshidan kechirgan kulfatlari bu tashvishlar oldida hech gap emasdi. M. Osim, Jayxun ustida bulutlar
-
Qoʻshnilarga yordam berish siz uchun hech gap emas. Sh. Rashidov, Boʻrondan kuchli
Doʻst-tengqur, hamkasaba ulfatlar orasida navbati bilan hafta yoki oyda ulardan birinikida oʻtkaziladigan ziyofat; ulfatchilik.
-
Bugun juma boʻlgani uchun Hakimboyvachcha va Mirzakarimboy oʻz ulfatlarinikiga — gapga ketishgan. Oybek, Tanlangan asarlar
gap soʻzi qatnashgan jumlalar:
Gap bermoq
-
Yana bir haftadan keyin Salim akam gap berarmishlar. Oybek, Tanlangan asarlar
Gap yemoq
-
Qishning uzun kunlari bu yerda ulfatlar gap yeyishadi. P. Tursun, Oʻqituvchi
GAP so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ГАП so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
gap so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar