iz
bilan ulashing
1. Biror narsa sathida (yuzasida) boshqa narsaning tegishi, bosilishi va shu kabilar natijasida undan qolgan, uni bildiruvchi aksi.
-
Barmoq izi. Oyoq izi. Gʻildirak izi.
-
Bu yerda giyoh ham qolmabdi. Faqat mol tuyoqlarining tartibsiz izlari koʻrinadi. I. Rahim, Chin muhabbat
-
[Sodiq:] Boʻynidan boʻgʻilgan.
-
[Nodir:] Panja izlari bor. N. Safarov, Hayot maktabi
-
Tunda qalin yoqqan qor izlarni berkitishga ulgurgan edi. Gazetadan
2. Biror narsadan yoki kimsadan qolgan asar, belgi.
-
Hamma yoqda dahshatli zilzila izlari koʻrinadi: yiqilgan uylar, urilmagan devorlar, vayrona jinkoʻchalar M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
-
— Samarqandda har qadamda asrlarning izi bor, — dedi Ahrorov. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Qotillar murdaning shagʻal tagida qolib ketib, umrbod izi yoʻqolishini moʻljallagandilar. Gazetadan
-
Rahim Saidov surishtirishga qaror qildi Balki izi chiqib qolar. Oʻ. Umarbekov, Yoz yomgʻiri
3. koʻchma Biror narsaning (uni ifodalovchi) kichik bir aksi; nishonasi.
-
Yuzida eski goʻzallikning izlari hali saqlangan qirq yoshli xotin mehribonlik bilan qiziga qaradi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
yuzlarida tabassum izlari koʻrina boshladi-yu, bir zumda tarqalib ketdi. Oydin, Hikoyalar
4. Maʼlum yoʻnalishdagi harakat (yurish) tufayli yer sathida qoladigan uzun iz, yoʻl.
-
U, oʻng tomonga qiyshaygancha ingrab, tepalikka koʻtarilayotgan mashina izidan odimlab ketdi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Soylik daryoning bahorgi toshqin vaqtidagi izi boʻlib, Kichik daryo nomini olgan, kichik daryo paydo boʻlganda, haligi toʻqay orolga aylanar ekan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
5. Bosib oʻtilgan (oʻtilayotgan yoki kelinadigan) tomon, yoʻl.
-
Poyezdning qorasi oʻchguncha, moʻltirab qarab turdim, keyin yigʻlab-yigʻlab, izimga qaytdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Izingda termilib qoldi keksa chol, Koʻzda tavajjuhi, duosi tilda. A. Oripov, Yillar armoni
-
Koʻzim izingga, qulogʻim tovushingga zor boʻlib oʻtiribman. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
6. Ish-harakat, faoliyatdagi yoʻl, yoʻnalish.
-
Men ham siz oʻsha tasvirini qilgan tabarruk zotlar izidan boryapman. K. Yashin, Hamza
-
Bu uyda ikki xotin olish bir rasm boʻlib qolgan ekan. Erim otasi, akasi izidan ketib, ustimga xotin olsa-ya. Oybek, Tanlangan asarlar
7. Tramvay, poyezd va shu kabilar gʻildiraklari ostiga (yurish uchun) yotqiziladigan maxsus qurilma.
-
bu yigitlar olomonning oldiga tushib, temir yoʻlni bosdilar va bir soatda bir necha chaqirim temir yoʻlning iz va shpallarini buzib tashladilar. S. Ayniy, Qullar
iz soʻzi qatnashgan jumlalar:
Iz olmoq
-
Poshsholikda iz oladigan izchilarni shaharning toʻrt tarafiga joʻnatdi. Nurali
Iz quvmoq
-
Suvonjon bir qadam ham chetga chiqmasdan, jilgʻaning ogʻzigacha iz quvib bordi. S. Anorboyev, Oqsoy
Izga tushmoq
-
Sherbek qidirgan narsasini Toshkentdan topib kelgan, bu yerdagi ishlari izga tushib ketgan bir payt edi. S. Anorboyev, Oqsoy
Izdan chiqmoq
-
Tramvay izdan chiqibdi;
-
Mehnat intizomi izdan chiqqan, hamma tarmoqda boshboshdoqlik, egasizlik hukm suryapti. Mushtum
-
Koʻzboʻyamachilik va xushomadgoʻylik yoʻliga oʻtib olib, qancha rahbarlar izdan chiqmadi, jamiyatga qancha zarar keltirmadi. E. Yusupov, Istiqlol yoʻlida
Iziga tushmoq
-
Keyin hayot yana oʻz iziga tushib ketadi. O. Yoqubov, Er boshiga ish tushsa
-
[Saodat:] Uying kuygur mirshablar izingga tushib quvladimi? Oybek, Qutlugʻ qon;
-
[Navoiy:] Koʻrinib turibdiki, raqiblar izimga tushib, menga chuqur qazimoqdalar. M. Osim, Ajdodlarimiz qissasi
Iziga qaytmoq
-
Borgin-u izingga qayt;
-
Ishlar yana iziga qaytdi.
IZ so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ИЗ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
iz so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar