joy
bilan ulashing
1. Biror kimsa yoki narsa ishgʻol qilib turgan yer, yuza, fazo; oʻrin, makon.
-
Zolimning joyi — jahannam. Maqol
-
Bozor kuni boʻlganiga qaramay, bozor joyi butunlay boʻsh edi. S. Ayniy, Qullar
-
Miltigʻini joyiga qoʻydi-yu kitob mutolaa qilib oʻtirgan Elmurod oldiga keldi. Shuhrat, Shinelli yillar
-
Otabek rahmat aytib, joyidan qoʻzgʻalmadi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Maʼlum bir voqea-hodisa roʻy bergan yer; ish-harakat, jarayon oʻrni.
-
Xizmat joyi. Avtobus toʻxtaydigan joy.
-
Sidiqjon bolaligi oʻtgan tor koʻchalarni, qishloq, anhor boʻylarini, sigir boqqan joylarini borib koʻrdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Maʼlum bir narsa yoki ish-harakat uchun eng qulay, mos yer, oʻrin.
-
Mutaxassislarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish. Ogʻriq joyini topsa, olti oy qishlaydi. Maqol
-
Bu yer hazilning joyi emas. A. Qahhor, Ogʻaynilar
4. Yer yuzining, fazoning belgili, biror xususiyati bilan ajralib turadigan yeri, nuqtasi.
-
Pastqam joy. Bahavo joy. Past-baland joylar. Tor joyda tomosha. Maqol
-
Erta kuz jalasi togʻlik joylarga juda hafsala bilan quyar edi. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Soʻqmoq katta yoʻlga tutashgan joydan bepoyon dala boshlanar edi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Bu joydan boyning butun paxta dalasi koʻzga tashlanib turar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
5. Geografik yoki maʼmuriy hudud; taraf, tomon, oʻlka; yurt.
-
Bizning joylarda anor koʻp.
-
Yoʻq, u [Elmurod] bu joylarni tushida ham, oʻngida ham koʻrgan emas. P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Bu joyni xalq qadim zamonlardan beri Kultepa deb atar edi. Sh. Rashidov, Gʻoliblar
6. Biror narsaning ayrim qismi, yeri, boʻlagi.
-
Goʻshtning yogʻli joyi. Kosaning darz ketgan joyi. Ipning tugilgan joyi.
-
Biror joying ogʻriydimi, Kumush? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
7. Badiiy asar, musiqa va shu kabilarning biror kerakli, qiziqarli yeri, oʻrni.
-
Abdishukur boyvachchaning qoʻlidan kitobni olib, kerakli joyini topdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Baʼzan sevgan qizlaridan kelgan xatning qalbga borib teggan joylarini bir-birlariga oʻqib berardilar. Shuhrat, Shinelli yillar
8. Gap, ish, xatti-harakat yoki belgilarning shaxsiy baho berish uchun asos, dastak boʻladigan yeri, oʻrni.
-
Bu ishning hech qiyin joyi yoʻq. Mening qoʻrqadigan joyim yoʻq.
-
Men sizga aytsam, qiyomatli oʻrtoqmiz-u, mendan xafa boʻlgan joyi bor. A. Muxtor, Opa-singillar
9. Yashash, hayot kechirish, yotish-turish uchun xizmat qiladigan yer; uy-joy, hovli-joy, boshpana.
-
Joy olma, qoʻshni ol. Maqol
-
Yoʻlchi biznikiga ishlagani kelgan, ishlasin. Puli yoʻq, joyi yoʻq xotinni nima qiladi. Oybek, Tanlangan asarlar
10. Oʻtirish yoki yotish uchun qilingan, solingan, toʻshalgan oʻrin; oʻrindiq.
-
Vagonda beshta boʻsh joy qoldi. Bugungi seanslarga joy yoʻq.
-
Hojimirsiroj avtobusda joy talashib, bolali bir xotin bilan aytishib qoldi. A. Qahhor, Yillar
-
Xolida kichik qizi Ranoni uyga yotqizib, eriga joy solgani ayvonga chiqdi. I. Rahim, Chin muhabbat
11. Meros sifatida qolgan, biror kimsaga tegishli yer-mulk, hovli-joy.
-
Rakat mavzeyida otadan qolgan uch tanob joy bor edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Mana shu joylar burun Abduvaqqos degan bir eshonga qarashli ekan. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
12. Ish, xizmat, vazifa, oʻrin.
-
U yaxshi joyda ishlaydi.
-
Jonfigʻon xotiniga necha-necha tavba-tazarrular qilib, endi biron joyga kirib ishlashga soʻz beribdi. A. Qahhor, Jonfigʻon
13. Oila, xonadon.
-
Bir kun tuz ichgan joyga qirq kun salom ber. Maqol
-
Iqbolingga koʻp yaxshi joydan qalliq chiqdi, bolam. Hammalari biram sipo, biram salobatli odamlar ekan. P. Tursun, Oʻqituvchi
joy soʻzi qatnashgan jumlalar:
Gapni (yoki soʻzni) bir joyga qoʻymoq
Gap (yoki soʻz, fikr) bir joydan chiqdi
Joy qilmoq
-
U [Asrorqul] atrofga suv sepib, supaga joy qildi. A. Qahhor, Asror bobo
Joyini topdi
Joyiga keltirmoq (yoki qoʻymoq)
-
Hurmatini joyiga keltirmoq.
-
[Muxlis:] Durust, hamma ishni joyiga qoʻydim. Qadrli mehmonlarimizning koʻngillariga putur yetmasa, bas. Z. Said, N. Safarov, Tarix tilga kirdi
Kutmagan (yoki kutilmagan) joyda
-
Boshlanishda anchayin hazilga oʻxshab koʻringan bu ginaxonlik kutilmagan joyda jiddiy bir tus olib ketdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Koʻngli joyiga tushmoq
Koʻnglidan (yoki yuragidan, qalbidan) joy olmoq
-
Men xotinim bilan ancha yildan beri turib, undan koʻp yaxshiliklar koʻrganman, bu yaxshiliklarning har qaysisi koʻnglimdan alohida-alohida joy olgan. A. Qahhor, or, Oltin yulduz.
Oʻtirgani (yoki oʻzini qoʻygani) joy topolmay qolmoq
-
Gʻulomjon hokimni kutgani bormadi. Uning kelishini eshitgandan beri nafrati qoʻzgʻab, oʻzini qoʻygani joy topolmay qoldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Oʻtqizgani joy topolmay qolmoq
-
Oftob oyimni boʻlsa Oʻzbek oyim oʻtqizgani joy topolmas, quda soʻzi oʻrniga singlim deb xitob qilar, oshni ham uning raʼyini soʻramasdan buyurmas edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Hushini joyiga keltirmoq
rvsh. shv. Bafurja, bamaylixotir; kech, keyin; aniq.
-
Bugun ishga joyroq boraman. Dam olish kuni ertalab joyroq turishadi.
-
Boʻlgan ishni joyroq gapirish kerak, toki haqiqat yuzaga chiqsin. H. Gʻulom, Toshkentliklar
JOY so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ЖОЙ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
joy so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar