kes
bilan ulashing
1. Tigʻ bilan tanasi, etini tilmoq, tilib ichiga kirmoq.
-
Betini ustara kesmoq. Tovonini shisha kesmoq.
-
Qoʻlingizga nima qildi, Shokirbek? — Pichoq kesib ketdi —
-
Yomon kesdimi? A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
2. Tigʻli asbob bilan boʻlaklarga ajratmoq, boʻlaklamoq; qirqmoq.
-
Nonni kesmoq. Qovunni kesmoq. Qazini kesmoq.
-
Har vaqt maqtaydigan pichogʻini qinidan sugʻurib, tarvuzni kesdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Ziyodaxon shitob bilan ugra kesar ekan, unga [Sidiqjonga] bir qarab qoʻydi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Ortiqcha, keraksiz qismni tigʻ bilan olib tashlamoq.
-
Tok kesmoq. Gul kesmoq.
-
Odatda, kuchuk bolaning qulogʻini, dumini kesishadi. Chunki buning ularga foydasi bor. Sh. Xolmirzayev, Ogʻir tosh koʻchsa
-
Choʻloq boʻlib yurtimga qaytganimdan qaytmaganim beriroq emasmi?. Qarorim shu: oyogʻimni kesmaysizlar. N. Safarov, Olovli izlar
-
Ogʻrisa ham, yarani oʻz vaqtida kesib tashlagan yaxshi. A. Muxtor, Boʻronlarda bordek halovat
4. Kanal, yoʻl va shu kabilar qurish uchun yoki yer ochish maqsadida balandlikni kovlab, qazib, yorib, orasini ochmoq.
-
Adirni kesib, yoʻl qurmoq.
-
Oqboʻra olislik qilsa, togʻni teshib oʻtirmay, kesib oʻtkazardik [suvni]. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
5. koʻchma Biror joyning oʻrtaroq qismidan, orasidan tikkalab yoʻl olmoq, yoʻnalmoq.
-
Hushi oʻziga kelgan Boʻta, birovning qoʻrgʻoniga bemahal moʻralab turganidan xijolat boʻlib, tolzorni kesib, orqasiga qaytdi. S. Ahmad, Hukm
-
Bular [jangchilar] shagʻal toʻkilgan katta yoʻlni kesib oʻtib, adirga tomon chiqib ketayotganda, botayotgan quyoshning horgʻin nuri roʻparadagi qorli togʻ choʻqqisini bir lahza qizartirdi-da, soʻndi. A. Qahhor, Oltin yulduz
6. Badanga (uning biror aʼzosiga) qattiq, taʼsirini oʻtkazmoq (asosan, sovuq haqida).
-
Kuchli izgʻirin quloqlarni kesadi, sovuqdan oyoqlarning barmoqlari uvushadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Keyin Yigitali, badanlarini suv kesib yubordi shekilli, erinibgina qirgʻoqqa chiqib chalqancha tushib yotdi. D. Nuriy, Osmon ustuni
7. koʻchma Oraga luqma tashlab, gapni boʻlmoq, toʻxtatmoq.
-
Yoʻlchi hali gapini bitirmagan edi, Mirzakarimboy uni kesdi: — Bir terining ichida qoʻy necha ozib, necha marta semiradi, — dedi salmoqlanib boy. Oybek, Tanlangan asarlar
8. so‘zlashuv tili Belgilamoq (masalan, narxni).
-
Ulgurji savdogarlarga sotiladigan mollarning narxini Hoji Hamdam kesib berardi. M. Osim, Elchilar
9. so‘zlashuv tili Jazoga hukm qilmoq.
-
Sud oʻgʻrini besh yilga kesdi.
-
[Amaki Fotimaga:] Endi eshikdan bir qadam nari jilma, pichoqni toʻrt joyingga uraman Keyin, mayli, hukumating meni kesadimi, osadimi, nima qilsa qilaversin! P. Tursun, Oʻqituvchi
-
Prokuror, otib oʻldirilsin, degan edi, sud., yetti yilga Sibirga kesdi. Choʻlpon, Kecha va kunduz
10. koʻchma Pasaytirmoq, qaytarmoq, yoʻq qilmoq.
-
Kun misday qizib ketgan, faqat adir va soylardan kelgan shabada kunning taftini kesib, odamlarga orom berib turmoqda. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
-
Achchiqni achchiq kesadi degandek, dadasining bu soʻzlari tashqaridagi sovuqni kesdi shekilli, Suvonjon eshikni kuch bilan ochib, oʻzini boʻronning quchogʻiga otdi. S. Anorboyev, Oqsoy
11. etn. kam qoʻll. ayn. Kestirmoq 2.
-
Lekin mahallamizda gazeta oʻqiydigan bir shumtaka bor, u haromi: — Sultonbekdek bir davlatmand oʻz oʻgʻlini mavlud toʻyi bilan kesdi, deb gazetaga yozaman, — deydi. Oybek, Tanlangan asarlar
kes soʻzi qatnashgan jumlalar:
Bir kesar
-
— Juda bir kesar ekansiz-ku! — Qobilovning soʻzini boʻldi Farmonqul aka. S. Mahkamov, Dala tongi
Yoʻlni kesmoq
-
— Faqat togʻni teshib chiqarasanlar, — deb hokim yoʻlimizni kesib qoʻydi M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Tutgan joyini (yoki joyidan) kesmoq
-
Zulfiya Ziyayeva ham mana shunaqa, tutgan joyini kesadiganlardan. Mushtum
-
Otasi oʻz bilganidan qolmadi, onasi tutgan joyini kesdi. I. Ahmedov, O. Tolipov, Kim aybdor?
Qoʻlini kesmoq
-
Bu gʻamlar yetmaganday, uning yagona koʻmakchisi boʻlgan shogirdini yaqinda boshqa bir usta aynitib olib, bechora cholning qoʻlini kesdi. Oybek, Tanlangan asarlar
KES so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
КЕС so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
kes so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar