och
bilan ulashing
1. Yoʻlni toʻsib turgan narsani bir tomonga surib, koʻtarib qoʻyib, kirish yoki chiqishga imkon tugʻdirmoq.
-
Darvozani ochmoq. Derazani ochmoq. Eshikni ochmoq.
-
Oʻgʻillarga tayinlab qoʻygan edim, borib darvozani lang ochishdi. M. M. Doʻst, Lolazor
2. Olish-qoʻyish yoʻlini, ogʻzini bekitib turgan tiqin, qopqoq, qulf va shu kabilarni koʻtarib, surib qoʻymoq, ipini boʻshatmoq, yechmoq yoki olib tashlamoq.
-
Chemodanni ochmoq. Shishaning ogʻzini ochmoq. Qopni ochmoq.
-
U [Ahmadjon] eshik yoniga choʻnqayib oʻtirdi-da, miltigʻining zatvorini bir necha martaba ochib yopdi. A. Qahhor, Oltin yulduz
-
Qori tugunchani ochib, oʻrikdan ikkitasini Sidiqjonga uzatdi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
3. Oʻralgan, qoplangan, panalangan yoki koʻmilgan narsalarni bekitib, oʻrab, qop-lab turgan narsadan xoli qilmoq, yalangʻochlamoq.
-
Tok ochmoq. Koʻkrakni ochmoq.
-
[Gulandom] Atlas koʻylakning keng yengini tirsakka qadar shimarib goʻzal bilaklarini ochib, dutorni chertdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Hamma kulib yubordi, Koʻrpani bir oz ochib qaragan Gulshan ham ichi qotib kuldi. A. Qodiriy, Mehrobdan chayon
-
Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib, Kumushning boshiga keldi, yuzini ochib, manglayini bosdi va oʻpdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
4. Koʻtarmoq, surmoq yoki olib tashlamoq (parda, niqob va shu kabilarni).
-
Pardani ochmoq.
5. Toʻsiqni, gʻovni olib tashlamoq, tahqiqni bekor qilib, oʻtish, yurish uchun imkon bermoq.
-
Yoʻlni ochmoq. Chegarani ochmoq.
-
Mirvali, Jayrona qochib ketgandan keyin, yoʻlni portlatib, boshqa tomondan yoʻl ochgan edi. S. Ahmad, Jimjitlik
6. Biror narsaning harakatiga yoʻl bermoq, yoʻl qoʻymoq, qoʻyib yubormoq, boʻshatmoq.
-
Gazni ochmoq. Joʻmrakni ochmoq.
-
Yana kechagidek suvni ochib, oʻzi urib ketdi, deb oʻltiradigan boʻlsang, sen mendan yaxshilik kutma! N. Safarov, Uygʻonish
7. Yozmoq, yoymoq, kermoq (taxlangan, buklangan, yigʻilgan, yumilgan narsalar haqida).
-
Zontikni ochmoq. Kaftini (qoʻlini) ochmoq. Qanotini ochmoq. Yomondan qoch, yaxshiga quloch och. Maqol
-
Kumush ayvon tomonga qaytar ekan, oshiqib xatni ochdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Rejissyor yana daftarini ochib, bir nimalarni yozib qoʻydi. A. Qahhor, Kartina
8. Qurib, solib, bitirib, ishga tushirmoq; rasmiy ravishda ishga tushirmoq.
-
Maktab ochmoq. Sanatoriy ochmoq. Yangi yoʻl ochmoq. Koʻrgazmani ochmoq.
-
[Hasanali] guzardan baqqollik doʻkoni ochgan edi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Meni gʻaflat uyqusi bosmagan boʻlsa, nega bir gazlik paxsani kesar emishlar-da va boshimdan tuynuk ochar emishlar-da, men hech narsa sezmas emishman! A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
9. Yangi bir narsa yaratmoq; kashf etmoq, topmoq.
-
Yangi yulduz ochmoq. Kon ochmoq.
-
Axir siz bilan biz katta ish qilyapmiz, oʻzbek xotin-qizlari hayotida butun bir davr ochyapmiz. A. Muxtor, Opa-singillar
10. Koʻpchilik ishtirokida biror ishni boshlab bermoq, boshlab yubormoq; ochiq deb eʼlon qilmoq.
-
Munozara ochmoq. Mitingni ochmoq.
-
Oʻzbek oyim qora kiyib, taʼziya ochdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Majlisni Ibrohimov ochdi va kun tartibini eʼlon qildi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Buvisi aza ochib, hovlida xotinlarning chuvvos yigʻlagani hamon qulogʻida. Mirmuhsin, Qahramonnoma
11. Narsa, voqea, hodisa va shu kabilarning qandaydir tomonlarini yoritib bayon, oshkor qilmoq, aniqlamoq.
-
Masalaning mohiyatini ochmoq. Asar qahramonlarining xarakterini ochmoq. Haqiqatni ochmoq. ■ Gapning tagini gap ochar. Maqol
12. Ochiq izhor qilmoq, maʼlum qilmoq, aytmoq.
-
Yoʻlchi aksar vaqt, ishdan qutulgach, u [Qoratoy] bilan vaqt kechirar, qaygʻusini, sevinchini unga ochar edi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Agar ular [Teshaboylar] bu maqsadlarini ochib aytmayotgan boʻlsalar, balki bunda bir sirlari bordir. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
13. Fosh qilmoq, hammaga maʼlum qilmoq.
-
Jinoyatni ochmoq. Kamchiliklarni ochmoq. Sir uchini soʻz ochar. Maqol
-
Ola tovuq somon sochar, oʻz aybini oʻzi ochar. Maqol
-
Yoʻq, bunda bir sir bor. Men bu ishni, albatta, ochaman, deb oʻylar edi Nuri. Oybek, Tanlangan asarlar
14. tarixiy Paranji tashlatmoq, paranjisiz yurishga imkon yoki ruxsat bermoq.
-
Mulla Norkoʻzi jahl bilan uning [xotinining] alamini bosmoqchi boʻldi: — E, hali men seni ochaman deb yuribman-ku. A. Qahhor, Mayiz yemagan xotin
-
Yaqin orada xotin-qizlarning yoppa ochilishini tashkil qilish kerak, tushundingizmi? S. Zunnunova, Olov
15. Husniga husn qoʻshmoq, goʻzallashtirmoq, koʻrk bermoq.
-
Lovullagan gilam uyni juda ochib yubordi. Kiyim qiz husnini yanada ochibdi. Er yuzini yer ochar, yer yuzini er ochar. Maqol
16. Kuchaytirmoq, rivojlantirmoq, oʻstirmoq.
-
Kishi fikrini kitob ochadi. Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar. Maqol
-
Maktab, anjuman borgʻil, unda fikr ochib gohi, Ilm-u fan tigʻi birlan jahl bagʻrini qon qil. Hamza
17. Tuxum bosib, undan joʻja chiqarmoq.
-
Tovuq oʻnta joʻja ochibdi. Musicha bola ochibdi.
-
— Biz yorugʻ dunyoni koʻrish uchun tugʻilganmiz, Turgʻunoy!— dedi Maston. — Biz tovuq emasmizki, qanday tuxum bostirsa, shuni ochib chiqarsak. A. Qahhor, Maston
och soʻzi qatnashgan jumlalar:
Gap ochmoq
Yuragini (yoki dardini) ochmoq
-
Kimga suyansam, dardimni ochsam, u ham menga oʻxshagan chiqadi. S. Ahmad, Ufq
Amerika ochmoq
Biqiningdan (yoki qulogʻingning tagidan) darcha ochib qoʻyaymi
Ochdi qilmoq
-
Butun gaplarni orada ochdi qilmasak, taʼna-tavbalardan qutulmaydiganga oʻxshayman. H. Nazir, Oʻtlar tutashganda
Fol ochmoq
-
Odamlar aniq bir tasavvurga ega boʻlmagani uchun, har kim oʻz holicha fol ochardi. N. Safarov, Olovli izlar
Qorni ochmoq
Qoʻriq ochmoq
-
Qoʻriqlar ochilib, hali sizot suvlar oqib ketadigan quvurlar yotqizilmay turib, ularga ham chigit ekildi. M. M. Doʻst, Lolazor.
OCH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ОЧ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
och so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar