pish
bilan ulashing
1. Oʻsib, rivojlanib, tarkibi yaxshilanib, isteʼmol qilish yoki ishlatish uchun yaroqli holga kelmoq, yetilmoq (meva, sabzavot, don, suv kabilar).
-
Qulupnay pishdi. Pomidor pishgani yoʻq.
-
Mol oʻtmaydigan balandlikdagi devorlari ham nuragan, bogʻ ichidagi olma va togʻolchalar esa pishib yotibdi. Sh. Xolmirzayev, Yoʻllar, yoʻldoshlar.
-
Mana bu uzumni oling, juda yaxshi pishibdi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Qora giloslar gʻarq pishib, shoxlari tomga tushib turar edi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha.
-
Oqar suvlarning barchasi pishgan, yer ostidagi kam harakatdagi suvlar xomdir. Gazetadan
2. Rivojlanib yetilmoq.
-
Pishmagan novda. Pishgan urugʻ.
-
Egatlardagi tutlarning novdalari pishibdi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
3. Qaynatish, qovurish, dimlash va shu kabilar natijasida isteʼmol uchun tayyor boʻlmoq.
-
Palov pishdi. Tuxum pishdi. Non qizarib pishdi. Bermasning oshi pishmas, pishsa ham, qozondan tushmas. Maqol
-
Pishgan oshning umri qisqa. Maqol
-
Kechki norin uchun katta qozonda yogʻli qazi pishadi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Qurbonning bir tomonida pishib qotib ketgan kaboblar ustma-ust taxlab qoʻyilgan. E. Usmonov, Yolqin
-
Feruz birla bir xonada oʻtirib gurung etmakka, bir qozonda pishgan taomni yemakka op qilganimi bu? S. Siyoyev, Yorugʻlik
4. Oʻtda ishlov yeb, zarur texnologik xususiyat kasb etmoq.
-
Gʻisht yaxshi pishibdi.
5. Toblanmoq, qoraymoq; chiniqmoq.
-
Oftobda rosa pishdik.
-
— Oho, agronomcha, — dedi Hamdam qoshini chimirib, — dalada rosa pishibsan-ku. H. Ahmar, Kim haq?
-
Yoshlar ishlasin, pishsin, endi bizlar charchab qoldik, desak ham, qari bilganni pari bilmas, deb yuz baloga roʻpara qilishaveradi. S. Nurov, Narvon
-
Shukurovning oftobda pishgan qoracha yuzi, sal qisilgan qoʻy koʻzlariga chuqur oʻychanlik choʻkkan edi. O. Yoqubov, Diyonat
6. so‘zlashuv tili Toʻlishib, yorilish darajasiga kelmoq (yara-chaqa haqida).
-
Malham qoʻyilsa, chipqon tez pishadi.
7. koʻchma Umri oxiriga yetib, qartayib, oʻlimi yaqinlashmoq.
-
— Oʻzi pishib qolganday-ku, Nazar aka, — dedim.
-
— Qoʻying, uch-toʻrt kunligi bormi-yoʻqmi. M. M. Doʻst, Lolazor
-
Eshon ayaning birdan-bir niyati — qoʻlda qolgan qoʻr-qutlarni saqlab qolish, pishib, hilvirab turgan eshonni oʻz maskaniga qoʻyib, boyliklarga ega boʻlish. S. Ahmad, Hukm
8. koʻchma s. t. Hal boʻlmoq, tayyor boʻlmoq.
-
Ish pishdi — Teshaboyning oʻrniga sizni brigadir qilmoqchi boʻldik. Uygʻun, Doʻstlar
-
[Egam xotiniga:] Gapni boʻlma! Hoy, nari bor! Ish pishdi. Shukrullo, Saylanma
-
Munavvar, Nazokat fojiasini oʻz fojiasiday yuragiga yaqin oldi. Shungami, postanovka tez pisha qoldi. S. Anorboyev, Mehr
9. koʻchma Mukammal holga kelmoq.
-
Fikrlar pishib, yetilib, yurakdan toʻlib chiqmasidan asar yozishga, ayniqsa, uni nashr etishga shoshilish kerak emas. Shukrullo, Javohirlar sandigʻi
-
Bu hol Oybekning dastlab oʻz xayolida pishib yetilgan epizodlarnigina yoza boshlaganini koʻrsatadi. OʻTA
10. koʻchma Oy-kuni yaqinlashmoq.
-
Shuni yaxshi bilingki, ishingiz endi koʻp boʻladi. Pishib turgan xotin koʻp. Uyma-uy yurib, konsultatsiya berasiz. S. Ahmad, Choʻl shamollari
pish soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ichi pishmoq
-
Qoʻziboyning ichi pishib ketayotgan edi. U choʻqqiga chiqib, Toshbuloqni topishga ham, boshqa vaqtdagiday, birinchi boʻlish payida edi. H. Nazir, Soʻnmas chaqmoqlar
Ichidan pishgan
-
Aslida Toʻpori judayam unchalik toʻpori emas, ichidan pishgan, oʻlguday quv, quvligi shunchalikki, biror oʻn besh yildan beri Oshnoga dovdirroq boʻlib koʻrinmoqning uddasidan chiqyapti. M. M. Doʻst, Lolazor
Kalla pishmoq
-
— Kalla pishdimi, polvon? — dedi Toʻlanboy sabzi taxtadan bosh koʻtarmay. S. Ahmad, Ufq
Koʻzi pishmoq
-
Mahkam ustanikida mustaqil ishlamagan boʻlsa hamki, koʻzi pishgan, qoʻli koʻp narsaga oʻrganib qolgan edi. R. Fayziy, Hazrati inson
-
Jang koʻrib, qon toʻkib koʻzi pishib ketgan Anvar., bunday paytda aytiladigan bir ogʻiz soʻz, hatto bir imo taqdirni hal qilib yuborishini ham bilardi. Sh. Xolmirzayev, Qil koʻprik
Suvga, suyuqlikka botirib hoʻl qilmoq.
-
Doʻppisini suvga pishdi.
-
Oyim aralashsa ham, Solih qoʻyvormay, meni hovuzchaga pishmoqchi boʻlyapti. H. Nazir, Yonar daryo
-
Uning ochiq yoqali uzun koʻylagi, ustidagi olacha yaktagi suvga pishganday jiqqa hoʻl boʻlgan. Oybek, Tanlangan asarlar
PISH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ПИШ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
pish so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar