qoch
bilan ulashing
1. Taʼqib, xavf-xatar va shu kabilardan qutulish uchun (odatda, chopib-yugurib) mavjud joyini tashlab joʻnamoq.
-
Boʻrilar oʻrmonga qarab qochdi. Ot boʻshalib qochib ketibdi. Koʻpchilikdan quyon qochib qutulmas. Maqol
-
Majlis oʻtkazsak, bolalar qochib ketmasin, deb eshik oldiga qorovul qoʻygudek boʻlamiz. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Koʻchada yugur-yugur, shovqin, itlar vangillagan, tovuqlar qiyqillab qochgan. A. Qahhor, Bashorat
-
Fashistlar dastlab sarosimaga tushdi-da, soʻng birdan tiraqaylab qochdi. Oybek, Quyosh qoraymas
2. Yashirinish, xavf-xatardan xoli boʻlish maqsadida oʻz (turgan) joyi, makonini yashirincha tark etmoq, boshqa yerlardan joy-makon qilmoq, boshqa yerlarga ketmoq, oʻzga yerlarda boʻlmoq, yurmoq.
-
Asrorqul oʻshandan beri qishloqma-qishloq qochib yurar ekan, A. Qahhor, Asror bobo
-
Hech boʻlmasa, jonni saqla endi san, Bir yoʻl topib qochmoq kerak bu eldan. H. Olimjon
-
Nega uydan qochding? Yoshlik
3. Biror nuqtadan (joydan) nari yoʻnalmoq, siljimoq.
-
Markazdan qochuvchi nervlar.
-
Boshi gir-gir aylanar, devorlar undan qochayotgandek edi. Yoshlik
4. Oraliq joy paydo boʻlmoq yoki ochiq oraligʻi uzaymoq (yonma-yon, qator joylashgan narsalar haqida).
-
Pol taxtalari bir-biridan qochibdi. Tishlari bir-biridan qochibdi.
5. Oʻzini chetga olmoq, daxl qilmaslik; chetlanmoq; ajralmoq; saqlanmoq.
-
Ish ishtaha ochar, dangasa ishdan qochar. Maqol
-
Qarang, bu yerda ham ishdan qochganlar topilibdi. X. Toʻxtaboyev, Sirli qalpoqcha
-
Oʻz qoʻli bilan tuproqqa qoʻyishdan qochgan yaramas! S. Ahmad, Ufq
-
[Otabek] Bunday boʻlmagʻur taklifni eshitmas(lik) uchun oʻzini chetga olib, otasi, ayniqsa, onasiga yoʻliqishdan qochib yurishga majbur boʻldi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
[Sidiqjon:] Yaxshi xotindan odam qochadimi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
U falokatdan bilib qochgan ekansiz-da, bolaga, oʻz bolasiga mehri shu boʻlsa, undan nima umid qiladi kishi? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
6. koʻchma Tiyilmoq, saqlanmoq.
-
Umuman, adabiyot fani oʻqitilganda, siyqalikdan qochish kerak. Gazetadan
-
Yurakni charchatadigan va zaiflashtiradigan hollarning hammasidan ham qochish kerak. Anatomiya
7. Urishish, olishishda yengilmoq (aso-san, hayvon, parrandalar haqida).
-
Qoʻchqor urishtirdik. Meniki qochdi.
-
Nega qochgan bedanaday, pisib chirqillaysan ? A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
8. etn. Begona erkakdan yuzini berkitmoq, yashirinmoq (xotin-qizlar haqida).
-
Toʻgʻrisi, Soraxon kishidan qochadi. A. Qahhor, Sarob
-
[Eʼzozxon] Oʻtap bilan qiyomatli aka-singil tutinib, undan qochmay qoʻydi. H. Gʻulom, Mashʼal
-
Nazirqul tuz bergan eshonga astoydil xizmat qildi. Eshon aya undan qochmaydigan boʻlib qoldi. S. Ahmad, Hukm
9. Yoʻqolmoq, yoʻq boʻlmoq, ketmoq.
-
Yerning nami qochibdi. Suvi qochgan non. Uning rangi qochdi.
-
Hasrat, alam, kudurat butunlay qochgan. Gʻayratiy
-
Xonadan fayz qochib, birdan xarobaga aylandi. F. Musajonov, Himmat
-
Elmurod shunday oʻylar selida gʻarq boʻlib, uyqusi qochdi. Shuhrat, Shinelli yillar
10. Uchi ichkari tortilib yoʻqolmoq (lippadan, parda, qop ogʻzi va shu kabilarning teshigidan oʻtkazilgan ip, bogʻ va shu kabilar haqida).
-
Bogʻi (ipi) qochib ketgan xalta ogʻzini boʻgʻib ushlamoq.
11. yoki (kelgusi zamon shaklida — qochmas qochmaydi) Oʻzi bogʻlanib kelgan soʻz yoki soʻz birikmasi anglatgan narsaning oʻrni (vaqti) bilan amalga oshishini, yoʻq boʻlmasligini bildiradi.
-
Ziyofat qochmas (qochmaydi), avval ishlarni bir yoqlik qilib olaylik.
-
Choy qochmas Xayr, esingdan chiqmasin S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
Paxtani terib olaylik, dam olish boʻlsa qochmas. N. Safarov, Hayot maktabi
-
Zuhra hali yosh, erga tegish qochmaydi. S. Zunnunova, Yangi direktor
qoch soʻzi qatnashgan jumlalar:
Aravani quruq olib qochmoq
Goʻshti qochgan
-
Hojiya xola goʻshti qochgan kafti bilan Svetlananing peshonasini siladi. V. Gʻofurov, Vafodor
Kayfi qochmoq
Koʻzdan qochmoq
-
[Zokir ota:] Men sizga aytsam, katta koʻrmaganni kichik koʻradi, kichik koʻrmaganni katta koʻradi, ikkalasi birlashib qarasa, hech narsa koʻzdan qochmaydi, deydi xalq. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Mazasi qochmoq
-
Mening sal mazam qochib turibdi. Gʻayratiy, Unutilmas kunlar
-
Daromadning mazasi qochdi.
-
Dalada ishning mazasi qochdi. S. Ahmad, Hukm
Olib qochmoq
Orada gap qochmoq
Ogʻzining tanobi qochmoq
Safar qochdi
Tobi qochmoq
Xayol (yoki oʻy) olib qochdi
-
Qimmat xolani xayoli olib qochdi: — Oʻzim oʻylaganim kelib chiqdi Saodat shunday dangʻillama uyda bir oʻzi turarmishmi? N. Safarov, Saodatning qissasi
-
Bir oʻy olib qochmasin, zanjir halqalaridek bir-biriga ulanib, chiqib kelaveradi. T. Ashurov, Oq ot
Oʻzini olib qochmoq
-
Kulib turib, qizlarga yarashib tushgan bir uyatchanlik bilan oʻzini olib qochmoqchi boʻldi. M. Ismoiliy, Fargʻona tong otguncha
Qochib ketmagan yoki qochib ketibdimi
-
Ohangaron qochib ketmagan boʻlsa ham, borishga imkoniyat topa olmayapti. S. Karomatov, Oltin qum
-
Qoʻshariq qochib ketibdimi, qosh qorayguncha yetib olaman S. Zunnunova, Gulxan
Boʻgʻoz, homilador boʻlmoq (hayvonlar haqida).
QOCH so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚОЧ so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qoch so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar