qora
bilan ulashing
1. zid. Rang-tusi mavjud ranglarning barchasidan toʻq; qozonkuya, koʻmir tusidagi; oq.
-
Qora qozon. Qora soch. Qora koʻz. Qora siyoh.
-
Moʻttixon bugʻdoyrang, qora qosh ayol edi. S. Zunnunova, Olov
-
Chayla qamishlari allaqachon yonib bitib, yogʻochlarigina qora koʻmir boʻlib, chars-chars qilib tutab yotardi. N. Fozilov, Diydor
2. Shu tusga moyil toʻq rangli; qoramtir.
-
Qora non. Qora gilos. Qora tuproq. Qora bulut.
-
Nimqorongʻida ruxsoridagi noʻxatdek qora xolini aniq koʻrdi. S. Karomatov, Oltin qum
-
Qorani qora demanglar, Qoraning ori keladi. Qora mayiz yeganda, Qandday shirin keladi. Qoʻshiqlar
-
Mulla Obid boʻlsa, aftiga qora balchiq sachratib, oʻzining mashhur ketmoni bilan ish koʻradi. A. Qodiriy, Obid ketmon
3. Is, qurum bosgan, qoraygan yoki oqlanmagan, pardozlanmagan.
-
Qora uy.
-
Dolonning oʻng tarafidagi kichik qora hujrada Polvonning ota-onasi va bobolari umr kechirgan. J. Sharipov, Xorazm
4. zid. Qorongʻi; nursiz, ziyosiz; yorugʻ.
-
Bu kungi kech Otabek bilan Homidning hayot va mamot masalalarini oʻzining qora quchogʻiga olgan qorongʻi bir tun edi A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
-
Demak, yuzimning bir tomoni kundek yorugʻ-u, bir tomoni tundek qora ekan. X. Toʻxtaboyev, Shirin qovunlar mamlakati
-
Uch qadrdon, uch opa-singil Zulmat quchgan qora oʻrmonda. X. Davron, Qaqnus
5. Shaxmat, shashka kabi oʻyinlarda oqqa zid donalar va shu donalar bilan oʻynovchi tomon.
-
Qora bilan oʻynamoq. Qoralar yutdi.
6. ot Qora yoki qoraga moyil narsa (kiyim, mato va shu kabilar).
-
Bayroqlarga qora tutmoq (taqmoq), Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar Maqol
-
Keng qishloqni partizanning Motami qoplab oldi: Qora taqdi har bilak. A. Umariy
7. ot Biror narsaning uzoqdan yoki qorongʻidan koʻzga tashlanuvchi aksi, ifodasi; sharpa.
-
Oppoq qorda odamlarning qorasi yelib-yugurardi. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Mashina yorugʻidan ham talvasaga tushib, oldinda chopib borayotgan jayron qorasiga koʻzi tushib, yuragi hapriqib ketdi. M. Mansurov, Yombi
-
Koʻp oʻtmay havo burchida azamat havo laynerining qorasi koʻrindi. S. Ahmad, Jimjitlik
8. ot Moʻljalga olingan yoki olinadigan narsa, nishon; moʻljal.
-
Qoraga olmoq.
-
Birinchi otgan yoy qoradan bir quloch yuqori ketdi. Latifalar
-
Mergan boʻlsang, oʻshal ogʻochni qoraga olib otgʻil. M. Osim, Oʻtror
9. koʻchma Umuman, salbiy belgini, sal-biy belgiga egalikni bildiradi; yomon.
-
Qora niyat. Qora kuchlar.
-
Kechirasiz, men shiringina bazmingizni qora xabar bilan muzlatib qoʻydim. Oybek, Oltin vodiydan shabadalar
-
Paranji qursin, meni shunday qora kunlarga soldi. Hamza, Paranji sirlari
-
Kalladan qora xayollarni quvish kerak, tushkunlik — eng yomon dushman. F. Musajonov, Himmat
-
Shu gap bilan boshqalar Qoldi yer chizib. Qora, shum tilaklari Har yonni kezib. Gʻayratiy
10. ot koʻchma Notoʻgʻri, yomon, yaramas narsa, ish.
-
Aroqning oʻzi oq, qilmishi — qora. Qanotli soʻzlar
-
Gulnor endi man tortmadi. Sof nomusiga otilgan qorani butunlay yuvib tashlashga jazm qildi. Oybek, Tanlangan asarlar
-
Akangizga qora yuqtirmaslik uchun Oʻktamni ham oqlayapsizmi endi? S. Zunnunova, Koʻzlar
11. Baʼzi soʻzlar bilan qoʻllanib, ular anglatgan narsaga xos belgi-holatning kuchli darajasini bildiradi.
-
Qora sovuq. Qora qon yigʻlatmoq.
-
Qora qishda toʻy qilmay, Battar boʻlgur nokas gov A. Oripov, Yillar armoni
-
Nima qiladi oʻzini qora qiynoqqa solib?! A. Muxtor, Tugʻilish
-
Shundan keyin terlab-pishib, qora terga tushib ketdi. M. Mansurov, Yombi
12. koʻchma esk. Maʼlum miqdordagi yaxlit summa.
-
Bir qora choʻzsak, kifoya deb oʻylayman, ozmi, ming soʻlkavoy. Oybek, Ulugʻ yoʻl
13. Qora (erkaklar ismi).
qora soʻzi qatnashgan jumlalar:
Ichi (yoki dili, koʻngli, yuragi) qora
-
Dili qoraning qilmishi — qiyiqlik. Maqol
-
E-e-e, bu ham boylar singari oʻz nafsini oʻylaydigan, ichi qora odam ekan-da! H. Tursunqulov, Hayotim qissasi
Yuzi (yoki beti) qora
Qora yer boʻlmoq
-
Kimsanoy u yoqda, kuyov boʻlmay qora yer boʻlgur na oʻligini koʻrsatadi, na tirigini. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
Qora kiymoq
-
Yusufbek hoji xatmi qurʼon qilib, yurtga osh berdi. Oʻzbek oyim qora kiyib, taʼziya ochdi. A. Qodiriy, Oʻtgan kunlar
Qora kursi (yoki stul)
-
Qora kursiga oʻtirayotgan jinoyatchiga oʻxshab qolganidan, yuzlari lovullab ketdi. Oʻ. Hoshimov, Qalbingga quloq sol
-
Unda [suratda] qora stulda hukm qilingan gunohkorlar oʻtirardi. Gazetadan
Qora mehnat (yoki ish)
-
Manglayimizga bitilgani shu qora mehnat ekan, netamiz. S. Siyoyev, Yorugʻlik
-
oʻquv haqi jamgʻarish uchun har qanday ogʻir, qora mehnatdan hazar qilmadim. Oybek, Nur qidirib
-
— Tortinma, Komiljon, — dedi u jiddiy, — qora ishga ham tayyorman. I. Raxim, Ixlos
Qora tortmoq
-
Men sizni qora tortib keldim, Oʻrmonjon aka. Sizdan boshqa hech kimga gapira olmayman. A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari
-
Keyin bobomizni qora tortib, bu yerga keldik, xotinliyam boʻldik. Yoshlik
-
Gʻayrati ichiga sigʻmagan jon borki, bari qishloq biqinidagi tepalikni qora tortgan. N. Norqobilov, Bekatdagi oq uycha
Qora xalq (yoki odam)
-
Qora xalqda tobelik, ikrom, andisha qolurmi? S. Siyoyev, Avaz
-
Qora xalq uni qarsaklar bilan olqishladi. K. Yashin, Hamza
-
Ogʻayni, men qora odamman. Zargar Yodgorbek boshimni aylantirgan ekan. N. Safarov, Sharq tongi
Qora chaqam yoʻq
-
Ammo yonida qora chaqasi yoʻq odamga bu [sakkiz yuz soʻm] — jahannamning qilkoʻprigiday mudhish narsa. Oybek, Tanlangan asarlar
Qora qilmoq
-
Qarindoshlarini qora qilib, bu yerlarga kelib qolgan;
-
Ular ot izini qora qilib, boʻri uchragan tepalikka borishdi S. Nurov, Narvon
-
Ular ertalab oʻtgan koʻy suruvlarining izini qora qilib tepaliklar osha yurishdi. A. Hasanov, Chiroqlar
Qorasi oʻchmoq
-
Poyezdning qorasi oʻchguncha moʻltirab qarab turdim, keyin yigʻlab-yigʻlab, izimga qaytdim. S. Siyoyev, Yorugʻlik
Qorasini koʻrsatmoq
-
Polvon bolam-ku, qorasini koʻrsatmay, suvga tushgandek gʻoyib boʻldi. S. Ahmad, Ufq
Qorasini olmoq
-
Kunning oʻzi peshin vaqti boʻlganda, Poygachilar qorasini oladi. Alpomish
QORA so‘zining sinonimlarini Sinonim.uz saytida qidirib ko‘ring.
ҚОРА so‘zining kirillcha yozilishi Lotin.uz sayti tomonidan taqdim qilingan.
qora so‘zi ishlatilgan saytlarni internetda qidiring
Google Яндекс BingSiz uchun qiziq bo‘lishi mumkin bo‘lgan so‘zlar